Sport
Angliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
Qizil va sariq kartochkalar joriy etilishiga sabab bo‘lgan voqea, «Asr o‘g‘riligi», Maradonaning qo‘lda urilgan goli, yuz yillikning eng yaxshi goli, Folklend urushi uchun qasos va Bekhemning karerasini barbod qilishi mumkin bo‘lgan chetlatish. Bularning barchasi Angliya – Argentina o‘yinlarida sodir bo‘lgan. O‘yinlardagi yuqori harorat tufayli futbolchilar bir-biriga og‘ir jarohat yetkazmasligi va tribunalarda qonli to‘qnashuvlar ro‘y berishidan qochish uchun bu jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilmaydi. Ammo bugun ular JCh yarimfinalida bir-biriga qarshi maydonga chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Foto: Mirrorpix via Getty Images
15 iyul kuni kechqurun jahon chempionatida ikkinchi yarimfinal o‘yini o‘tkaziladi: Amaldagi chempion Argentina Angliyaga qarshi. FQB ushbu o‘yinni «eng xavfli o‘yinlar» toifasiga kiritgan – stadion atrofida va jamoalar joylashgan mehmonxonalar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Buning sababi shundaki, bu futbol olamidagi milliy jamoalar darajasidagi eng mashhur va eng prinsipial qarama-qarshilik hisoblanadi: bu jamoalarning jahon chempionatlaridagi beshta uchrashuvidan uchtasi sport doirasidan tashqariga chiqib ketgan mojarolar bilan yakunlangan.
Argentina – Angliya
Jahon chempionati. 1/2 final
16 iyulga o‘tar kechasi, 00:00. Mercedes-Benz Stadium (Atlanta)
JCh-1966: «toj uchun o‘g‘rilik» va kartochkalar paydo bo‘lishi
Asosiy faktlar. Angliya – Argentina 1:0. 1966 yil 23 iyul, London, Angliya. Jahon chempionati 1/4 finali
Hozirgacha eslanadigan mojaro. O‘zaro dushmanlik tarixi 60 yil muqaddam Angliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga borib taqaladi. O‘shanda mezbonlar chorakfinalda Argentinaga qarshi o‘ynagan, o‘yinning 35-daqiqasida uchrashuv bosh hakami, germaniyalik Rudolf Kreytlyayn janubiy amerikaliklar jamoasi sardori Antonio Rattinni maydondan chetlatgandi. Hakam ispanchani bilmagan, lekin argentinalik futbolchini o‘ziga nisbatan «haqoratli so‘zlar» ishlatishda ayblagan – u bu qarorini futbolchining yuz ifodasi hamda ovozi ohangi bilan izohlagan.
1966 yilda hali futbolda sariq va qizil kartochkalar mavjud emasdi, shu tufayli hakam Rattinga shunchaki qo‘l ishorasi bilan tribunalar tomonni ko‘rsatadi. Futbolchi esa maydonni tark etishni istamaydi va keyingi 9 daqiqa mobaynida qarshilik ko‘rsatadi.
Afsonaviy Antonio Rattin 2026 yil 11 iyul kuni 89 yoshda vafot etdi
Antonio arbitrga o‘z e’tirozini rasmiy tarzda bildirish uchun tarjimon taqdim etishni talab qiladi. Vaziyatni hal qilish uchun «Uembli»ga nafaqat murabbiylar, balki FIFAning yuqori martabali mulozimlari, shuningdek, otliq politsiyachilar ham tushib kelishadi. Argentinaliklarning g‘azablangan sardori baribir kuch bilan tribunalar ostiga olib ketiladi, lekin u yo‘l-yo‘lakay futbol tarixiga abadiy muhrlanib qolgan bir necha namoyishkorona norozilik aksiyalarini uyushtiradi.
Rasmiylar Rattindan maydonni tark etishni so‘rashmoqda
Foto: Mirrorpix via Getty Images
Britaniya ramzlari tasvirlangan burchakdagi bayroqcha yonidan o‘tayotib, futbolchi bayroqchani qo‘llari bilan namoyishkorona g‘ijimlaydi, kiyim almashtirish xonasiga ketayotganida esa stadionda qirolicha Yelizaveta II o‘tishi uchun maxsus to‘shalgan hashamatli qizil gilamga o‘tirib oladi. Oyoq tirab olgan futbolchini tribunalardan uloqtirilayotgan pivo bankalari va boshqa turli buyumlar yomg‘iri ostida kuch bilan olib ketishga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchi bo‘limda ko‘pchilik bo‘lib o‘ynagan inglizlar Jyeffri Hyorstning yagona goli evaziga g‘alaba qozonadi – argentinaliklar bu golni yaqqol ofsayddan urilgan deb hisoblashadi.
O‘yin yakunlanishi bilan argentinaliklar hakamga tashlanadi: himoyachi Roberto Ferreyro uni qattiq turtib yuboradi, yarimhimoyachi Ermindo Onega FIFA vitse-prezidenti Garri Kavananing yuziga tupurib yuboradi (keyinroq futbolchilar uchtadan o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi).
Inglizlar bosh murabbiyi Alf Ramsey o‘z futbolchilariga argentinaliklar bilan liboslarni almashishni taqiqlaydi, matbuot anjumanida esa raqib futbolchilarini «hayvonlar» deb ataydi.
«Podkatlar – bu normal holat. Ammo razil xatti-harakatlar ham bo‘lgan, – deb eslaydi inglizlar himoyachi Jorj Koen o‘sha o‘yinni. – Argentinaliklar yuzga tupurar, sochni yulishar, quloqdan tortardi. Ular bizni qo‘rqitishga harakat qilardi. Ular o‘z maqsadiga erisha olmasligini bilib, men ko‘rgan eng qabih ishlarga qo‘l urishdi. Sharmandalik, ular o‘z o‘yinini ko‘rsatmadi. Agar ular shunchaki chiqib, nimaga qodir ekanliklarini ko‘rsatishganida, biz yutqazishimiz mumkin edi».
Argentinadagilar esa bu o‘yinni va butun turnirni – «toj uchun o‘g‘rilik» deb eslashadi: ko‘pchilik arbitrlar turnir mezbonlari bo‘lgan Angliya milliy jamoasini qo‘llagan, deb hisoblaydi.
Futboldagi ahamiyati. Rattin hakamning og‘zaki talabi bo‘yicha maydonni tark etishdan bosh tortishi futbolchilar va tomoshabinlar uchun yanada tushunarli va ko‘rgazmali jazo tizimini joriy etish zaruratini yuzaga chiqaradi. O‘sha kuni o‘yinni tribunadan tomosha qilgan, sudyalar komissiyasi boshlig‘i Ken Aston uyga qaytishda svetoforda to‘xtab turganida Rattin bilan bo‘lgan epizodni o‘ylayotgandi. U ogohlantirish uchun sariq, maydondan chetlatish uchun qizil kartochka ko‘rsatishni taklif qiladi. FIFA bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. Shu tariqa, futbolda kartochkalar paydo bo‘ladi.
Uyog‘iga nima bo‘lgan. Angliya finalgacha yetib boradi va GFRga qarshi hal qiluvchi bahsning qo‘shimcha vaqtida g‘alaba qozonib, jahon chempioniga aylanadi. Hyorst finalda het-trik qayd etadi. Bu Angliya uchun hozirgacha yirik turnirlardagi yagona chempionlik bo‘lib qolmoqda.
Oradan ikki yil o‘tib, 1968 yilgi Qit’alararo kubok uchun kurashda «Estudiantes» va «Manchester Yunayted» to‘qnash kelganida, o‘zaro nafrat darajasi yanada ortadi. Buenos-Ayresdagi o‘yinda argentinaliklar inglizlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishadi: tunnelda futbolchilarga tupurishadi, maydonda esa «Yunayted» yetakchisi Bobbi Charlton uchun haqiqiy ov uyushtirishdi (oxir-oqibat uning boshini tikishga to‘g‘ri keladi).
Mezbonlar birinchi o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi, javob o‘yinida esa qo‘rqitish va provokatsiyaga asoslangan taktikasini davom ettiradi. Bu Jorj Best va Xose Medina maydonda mushtlashib ketishi bilan yakunlanadi, hakam ularning ikkisini ham maydondan chetlatadi. O‘yin 1:1 hisobida tugaydi va «Estudiantes» sovringa ega chiqadi. Ammo argentinaliklar «Old Trafford»da bayram qila olishmaydi, mahalliy fanatlar ularga qarata tangalar, shisha idishlar tosh va pomidorlar otib, haydab yuborishadi.
JCh-1986: «Xudoning qo‘li» va asr goli
Asosiy faktlar. Argentina – Angliya 2:1. 1986 yil 22 iyun, Mexiko, Meksika. Jahon chempionati 1/4 finali
Hozirgacha eslanadigan mojaro. Bu o‘yin avvalboshdan prinsipial xarakterga ega edi: 1982 yil aprel oyida Argentinaning o‘sha vaqtdagi prezidenti, general Leopoldo Galteri Folklend orollariga bostirib kiradi. U Buyuk Britaniya hukumati olisdagi orollardan shunchaki voz kechishini kutgandi, ammo bosh vazir Margaret Tetcher britan armiyasiga orolni qaytarish vazifasini qo‘yadi. 74 kun davom etgan urush argentinaliklar to‘liq tor-mor qilinishi bilan yakunlanadi va 649 nafar argentinalik askarni hayotdan olib ketadi (britanlarda ham 255 harbiy xizmatchi halok bo‘lgan). Galteri esa iste’foga chiqqan, bir yil o‘tib qamoqqa olingan, Argentina zamonaviy tarixidagi prezidentlar ro‘yxatidan o‘chirilgan.
«Tottenhem»ning argentinalik legionerlari Osvaldo Ardiles va Rikardo Vilega ayniqsa qiyin bo‘ladi. Urushning dastlabki kunlarida Osvaldoning amakivachchasi, harbiy uchuvchi Xose Ardiles halok bo‘lgan, uning boshqaruvidagi Mirage qiruvchi samolyoti britanlar tomonidan urib tushirilgan. Ruhiy bosim va tribunalardagi hushtakbozliklar tufayli ikki legioner ham Angliya chempionatini tark etishga majbur bo‘ladi. Margaret Tetcher esa 1982 yil yozida Ispaniyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidan Argentinani chetlatishni talab qiladi, ammo London bilan Gibraltar masalasida bahslashib turgan Madriddagilar bu tashabbusni rad etadi.
1986 yil yozida Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatigaga Angliya va Argentina shunday kayfiyatda yetib boradi, ularning chorakfinaldagi to‘qnashuvi esa haqiqiy trillerga aylanadi. Britaniyadagi tabloidlarda «Argentina, biz sizni yana tubga cho‘ktiramiz!» qabilidagi sarlavhalar chiqariladi, Argentina mediasi esa inglizlarni «qaroqchilar» va «bosqinchilar» deb atab, Malvin orollarida (Folklendning argentinacha atalishi) halok bo‘lgan askarning fotosuratini o‘yin anonsi bilan birga e’lon qiladi. O‘yin boshlanishiga bir necha soat qolganida «Atsteka» stadioni atrofida ikki jamoa muxlislari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tadi, Argentina milliy jamoasi futbolchilari ham maydonga kuchli motivatsiya bilan tushishadi. Diyego Maradona keyinro avtobiografiyasida shunga iqror bo‘ladi: «Intervyularda biz siyosatni sport bilan aralashtirmaslik kerak, deganmiz. Ammo bu yolg‘on edi. Biz faqat Malvinda halok bo‘lgan yigitlar haqida o‘ylardik».
Inglizlar o‘sha kuni Maradonaga qarshi qo‘pol o‘ynagandi, ammo uni to‘xtata olmagandi
Foto: Allsport/Getty Images
O‘yinning 51-daqiqasida o‘sha mashhur voqea ro‘y beradi: Diyego Maradona jarima maydonida baland sakrab, to‘pni qo‘li bilan darvozaga kiritib yuboradi. Ingliz futbolchilarining keskin e’tiroz bildirishiga qaramay, gol inobatga olinadi – hakam argentinalik mushti bilan emas, boshda zarba bergan deb topadi. O‘yindan keyin Maradona gol «qisman Maradonaning boshi, qisman Xudoning qo‘li» bilan urilganini aytadi.
Futboldagi ahamiyati. Hisob ochilganidan to‘rt daqiqa o‘tib Maradona ikkinchi golni ham uradi, bu safar u maydonning ikkinchi qismidan yurish amalga oshirib, yo‘l-yo‘lakay inglizlarning besh futbolchisini va darvozabonni ortda qoldirib, bo‘sh darvozani ishg‘ol etadi. Bu golni hozirgacha jahon futboli tarixidagi eng chiroyli gollardan biri deb hisoblashadi. 2002 yilda esa FIFA uni rasman «yuz yillikning eng yaxshi goli» deb e’lon qilgan.
O‘sha o‘yinda inglizlar darvozasini qo‘riqlagan Piter Shilton esa shu kunlarda ushbu gollarni esladi: «Agar o‘shanda VAR mavjud bo‘lganida, Maradonaning ikki goli ham hisobga olinmagan bo‘lardi: birinchisi – qo‘l bilan o‘ynalgani uchun, ikkinchisi – hujumning boshlanish fazasida Glenn Hoddlga ishlatilgan fol tufayli».
Uyog‘iga nima bo‘lgan: Yarimfinalda argentinaliklar Belgiyani mag‘lub etadi (Maradona yana ikki gol uradi), finalda esa GFR ustidan g‘alaba qozonib, ikki karra jahon chempionlariga aylanishadi. Maradonani turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topishadi. Ko‘p yillar o‘tib u golni qo‘li bilan urganini aytadi va buni Folklend urushidagi mag‘lubiyat uchun «ramziy qasos» deb ataydi.
JCh-1998: Bekhemning qizil kartochkasi va Ouenning debyuti
Foto: Bob Thomas Spors Photography / Getty Images
Asosiy faktlar. Argentina – Angliya 2:2 (penaltilar seriyasida 4:3). 1998 yil 30 iyun, Sent-Eten, Fransiya. Jahon chempionati 1/8 finali
Hozirgacha eslanadigan mojaro. O‘yinning ikkinchi bo‘limida 23 yoshli Devid Bekhem, argentinaliklar safidagi Diyego Simeonening provokatsiyasiga uchadi. Raqib uni oyog‘iga zarba berib yiqitgan, keyin tepasiga borib nimadir degandi, ingliz futbolchisi esa yotgan holatida uning oyog‘iga zarba beradi va maydondan chetlatiladi. Angliya ozchilik holatida 2:2 hisobini saqlab qoladi, ammo penaltilar seriyasida yutqazadi, ingliz matbuoti esa mag‘lubiyatda aynan Bekhemni ayblaydi (masalan, Daily Mirror muqovasida shunday sarlavha chiqqandi: «O‘nta qahramon sher va bitta ahmoq bolakay»). Bu epizod futbolchining karerasini barbod qilishiga sal qoladi: Bekhem vatanida nafrat to‘lqiniga duch keladi, uning o‘zi va oilasi doimiy tahdidlar ostida yashaydi, APLdagi har o‘yinda muxlislar unga hushtakbozlik qilishadi.
Futboldagi ahamiyati. Aynan o‘sha o‘yin Maykl Ouenni dunyoga tanitgandi. Jahon chempionatidan oldin faqat APL ixlosmandlari uchun tanish bo‘lgan (u vaqtlarda Angliya Premer-ligasi hozirgidek mashhur emasdi) 18 yoshli futbolchi o‘sha kuni ilk bor milliy jamoa safida boshlang‘ich tarkibda tushgandi va Bekhemning uzatmasidan foydalanib, o‘sha jahon chempionatining eng chiroyli gollaridan biriga mualliflik qilgandi (hozirgacha Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng chiroyli gol deb hisoblanadi).
Uyog‘iga nima bo‘lgan: Argentina keyingi bosqichda turnirni tark etadi. Bekhem esa muxlislar bosimidan chiqib keta oladi va katta yulduzga aylanadi. To‘rt yil o‘tib u Osiyodagi mundialga Angliya milliy jamoasini sardor sifatida boshlab keladi. Inglizlar guruh bosqichida Argentinaga qarshi o‘ynaydi va bu o‘yinda inglizlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi, o‘yindagi yagona golni Bekhem penaltidan uradi. Bu o‘yin Argentina va Angliya milliy jamoalari o‘rtasida katta turnirlardagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qolmoqda.
Keyingi davrda jamoalar faqat bir marta, 2005 yil Jyenevada o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. Bu o‘yinda inglizlar 3:2 hisobida g‘alaba qozongan, tribunalarda kichik to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, ammo maydonda jiddiy voqealar kuzatilmagan. Shunga qaramay, ushbu jamoalar shundan buyon o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishdan qochib kelishadi.