Iqtisodiyot
Ayrim ilovalarda kartadan kartaga pul o‘tkazishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy bo‘ldi
Bir qator banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida kartadan kartaga pul o‘tkazish uchun bu amaliyotning maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talab etilmoqda. Foydalanuvchi ro‘yxatdagi 16 xil maqsaddan birini tanlashi kerak. Markaziy bankning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, foydalanuvchi kiritgan ma’lumot uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
O‘zbekistondagi bir qator banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar orqali P2P o‘tkazmalarni amalga oshirishda o‘tkazma maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talabini joriy etdi.
O‘tkazma yuboruvchiga mablag‘ yuborishda 16 ta toifadan birini tanlash taklif qilinadi:
Tovar yoki savdo uchun to‘lov;
Ovqatlanish va taom xarajatlari;
Qarzni qaytarish;
Yordam puli;
Oila yoki qarindoshlarga o‘tkazma;
Sovg‘a;
Yetkazib berish haqi;
Ijara to‘lovi;
Kommunal to‘lovlar;
Safar xarajatlari;
Ta’lim xarajatlari;
Tibbiy xarajatlar;
Xayriya;
Minnatdorchilik uchun (choypuli);
O‘yin-kulgi xarajatlari;
Investitsiya o‘tkazmalari.
Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishiga oid yangilanishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan.
“Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Foydalanuvchilardan o‘tkazmani tasdiqlashdan oldin rekvizitlarni diqqat bilan tekshirish, tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik hamda moliyaviy qarorlarni o‘ylab, shoshilmasdan qabul qilish tavsiya etiladi.
Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar funksionalini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Ushbu tavsiya servisni rivojlantirishga qaratilgan tavsiyaviy yondashuv hisoblanadi. Muhimi, hech qanday to‘lov yoki tranzaksiyalarga cheklov kiritilmaydi. O‘tkazmalarni amalga oshirish tartibi o‘zgarmaydi.
Mazkur tavsiyalarni har bir bank va to‘lov tashkiloti mustaqil ravishda, o‘z mobil ilovasi arxitekturasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqib belgilaydi”, deyiladi MB axborot xizmati izohida.
Hozircha yuqoridagi tavsiya ayrim ilovalardagina joriy qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 22 apreldan e’tiboran P2P amaliyotlari bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
Murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
Markaziy bank mijozlarning shikoyatlari asosida eng yomon ishlayotgan banklar ro‘yxatini ochiqladi. Regulyator baholash natijalariga ko‘ra, eng ko‘p shikoyat tushgan bank – «Biznesni rivojlantirish banki». Keyingi o‘rinlardan «Anorbank», «Mikrokreditbank», «AVO bank» va «TBC» o‘rin olgan.
Markaziy bank 2026 yil I chorak yakunlari bo‘yicha murojaatlar bilan eng yomon ishlaydigan banklar indeksini e’lon qildi.
Regulyator baholash natijalariga ko‘ra, eng ko‘p shikoyat tushgan bank — «Biznesni rivojlantirish banki». Keyingi o‘rinlardan «Anorbank», «Mikrokreditbank», «AVO bank» va «TBC bank» o‘rin olgan.
Markaziy bankka ko‘ra, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:
bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi;
murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etilmasligi;
takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarning saqlanib qolishi;
masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi;
iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligi.
Shu bilan birga regulyator mazkur banklarga quyidagi tavsiyalarni berib o‘tgan:
murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;
takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish;
murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish;
mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish;
iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirish.
«Mazkur indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi», deyiladi MB xabarida.
Iqtisodiyot
Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni Toshkentning yangi aeroportini qurish bo‘yicha bitim imzoladi
Shu kunlarda poytaxtda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Uzbekistan Airports» AJ hamda tarkibiga «Sojitz Corporation» (Yaponiya) va «Incheon International Airport Corporation» (Koreya Respublikasi) kompaniyalari kiruvchi, «Vision Invest» (Saudiya Arabistoni) boshchiligidagi xalqaro konsorsium o‘rtasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va kelgusida undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Bitim imzolanishidan oldin keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Xususan, xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholashlar o‘tkazildi, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ishlab chiqildi, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlandi hamda bo‘lajak aeroport hududini hozirlash ishlari boshlab yuborildi.
«Ta’kidlash lozimki, aeroport loyihasi mamlakat prezidenti tashabbusi bilan Hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan. Bugun barchamiz uni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam qo‘ydik. Toshkentning yangi xalqaro aeroporti o‘nlab yillar davomida yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladigan zamonaviy texnologik aviatsiya xabiga aylanadi. Yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik tufayli biz nafaqat sarmoya, balki eng so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda dunyodagi eng yirik aeroport majmualarini loyihalash, qurish va boshqarish bo‘yicha noyob tajribaga ega bo‘lamiz. Ishonchim komilki, ushbu loyiha O‘zbekiston aviatsiya sanoatini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi va mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi asosiy transport markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi», — dedi «Uzbekistan Airports» boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2025 yil 25 noyabrdagi 353-sonli qarori bilan qurilishi belgilangan poytaxtning yangi aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, umumiy maydoni 1310 gektar bo‘lgan maydonda joylashadi.
Loyihaning birinchi bosqichida har birining uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi va zamonaviy havo harakatini boshqarish dispetcherlik minorasi qurilishi ko‘zda tutilgan.
2030 yil oxirida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanayotgan aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga va 300 ming tonnagacha yuklarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imzolangan bitimga ko‘ra, xususiy sheriklar konsorsiumi yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi maydonini qurish hamda keyinchalik ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi, davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va ekspluatatsiya qilishni ta’minlaydi.
Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirishni boshlash, hududni tayyorlashni yakunlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
2026 yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi qariyb 10 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu davrda mamlakat mahsulotlari eng ko‘p Rossiya, Xitoy va Afg‘onistonga eksport qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida Rossiya 1,5 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan O‘zbekistonning eng yirik eksport hamkori bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarni Xitoy (919,6 million dollar) va Afg‘oniston (643,7 million dollar) egallagan.
Shuningdek, Fransiya (498,6 million dollar), Qozog‘iston (425,5 million dollar), Turkiya (361,4 million dollar), Birlashgan Arab Amirliklari (265,5 million dollar), Qirg‘iziston (254,2 million dollar), Tojikiston (213,3 million dollar) va AQSh (122,5 million dollar) O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan davlatlar qatoridan joy olgan.
Mutaxassislar fikricha, eksport geografiyasining kengayishi tashqi savdo aloqalarining diversifikatsiya qilinishi va mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan xalqaro talab ortib borayotganidan dalolat beradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
O‘zbekistonda 2025-yil yakunlari bo‘yicha 313,9 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1991-yilga nisbatan 12,3 barobarga oshgan.
Statistikaga ko‘ra, 1991-yilda qurilish ishlari hajmi 6,2 mlrd rublni tashkil etgan. Keyingi yillarda ko‘rsatkich izchil o‘sib, 2000-yilda 388,4 mlrd so‘mga, 2010-yilda esa 8,2 trln so‘mdan oshgan.
Qurilish sohasidagi eng katta o‘sishlar so‘nggi o‘n yillikda kuzatildi. Jumladan, 2015-yilda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 25,4 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu raqam 88,1 trln so‘mga yetdi.
Keyingi yillarda ham yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi. 2021-yilda qurilish ishlari hajmi 107,5 trln so‘mni, 2022-yilda 130,8 trln so‘mni tashkil qildi.
2023-yilda esa tarmoqda yangi bosqich kuzatilib, qurilish ishlari hajmi 222,9 trln so‘mga yetdi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 259,7 trln so‘mga oshdi.
2025-yilda qurilish ishlari hajmi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 313,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu bir yilning o‘zida qariyb 54 trln so‘mlik o‘sish qayd etilganini anglatadi.
Iqtisodiyot
investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi. Davlat rahbari yig‘ilishda investorlar bilan muloqot nafaqat maslahatlashuv maydoni, balki amaliy islohotlar mexanizmiga aylanganini ta’kidladi.
Prezident avvalo Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgani hamda kengash faoliyatiga samarali rahbarlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlariga ham alohida ehtirom izhor qilindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda kengash oddiy maslahat mexanizmi emas, balki Yangi O‘zbekiston bilan jahon investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylangan. Bugun kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, to‘laqonli institut sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan bir yil davomida kengash ishtirokchilari soni 54 tadan 85 taga yetgan. Ular iqtisodiyotning 23 ta tarmog‘ini qamrab olgan holda ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi kengashning Ijroiya qo‘mitasi tarkibida faol ish olib bormoqda.
«E’tiborli tomoni, barcha a’zolarimizning kengashdagi faolligi tobora oshmoqda. Bu mazkur investitsiya platformasiga bo‘lgan yuksak ishonchning yaqqol dalilidir. Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi», – dedi Prezident.
Davlat rahbari qayd etganidek, investorlar takliflari asosida Soliq kodeksiga qulay o‘zgartishlar kiritildi. Kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi.
Shuningdek, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun qator majburiy talablar bekor qilindi. «Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga moslashtirish dasturi tayyorlandi.
Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun teng va adolatli sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni qabul qilish yo‘lida ham yangi qadamlarni tashlamoqda.
-
Jamiyat3 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Iqtisodiyot3 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan4 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
