Iqtisodiyot
Ayrim ilovalarda kartadan kartaga pul o‘tkazishda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy bo‘ldi
Bir qator banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida kartadan kartaga pul o‘tkazish uchun bu amaliyotning maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talab etilmoqda. Foydalanuvchi ro‘yxatdagi 16 xil maqsaddan birini tanlashi kerak. Markaziy bankning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, foydalanuvchi kiritgan ma’lumot uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
O‘zbekistondagi bir qator banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar orqali P2P o‘tkazmalarni amalga oshirishda o‘tkazma maqsadini majburiy ravishda ko‘rsatish talabini joriy etdi.
O‘tkazma yuboruvchiga mablag‘ yuborishda 16 ta toifadan birini tanlash taklif qilinadi:
Tovar yoki savdo uchun to‘lov;
Ovqatlanish va taom xarajatlari;
Qarzni qaytarish;
Yordam puli;
Oila yoki qarindoshlarga o‘tkazma;
Sovg‘a;
Yetkazib berish haqi;
Ijara to‘lovi;
Kommunal to‘lovlar;
Safar xarajatlari;
Ta’lim xarajatlari;
Tibbiy xarajatlar;
Xayriya;
Minnatdorchilik uchun (choypuli);
O‘yin-kulgi xarajatlari;
Investitsiya o‘tkazmalari.
Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishiga oid yangilanishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan.
“Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.
Foydalanuvchilardan o‘tkazmani tasdiqlashdan oldin rekvizitlarni diqqat bilan tekshirish, tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik hamda moliyaviy qarorlarni o‘ylab, shoshilmasdan qabul qilish tavsiya etiladi.
Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar funksionalini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan. Ushbu tavsiya servisni rivojlantirishga qaratilgan tavsiyaviy yondashuv hisoblanadi. Muhimi, hech qanday to‘lov yoki tranzaksiyalarga cheklov kiritilmaydi. O‘tkazmalarni amalga oshirish tartibi o‘zgarmaydi.
Mazkur tavsiyalarni har bir bank va to‘lov tashkiloti mustaqil ravishda, o‘z mobil ilovasi arxitekturasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqib belgilaydi”, deyiladi MB axborot xizmati izohida.
Hozircha yuqoridagi tavsiya ayrim ilovalardagina joriy qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 22 apreldan e’tiboran P2P amaliyotlari bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.