Jamiyat
“Avvaliga o‘ldirishadi deb qo‘rqdim, keyin o‘rganib qoldim” – Uychida o‘g‘irlab ketilib, 4 kun ushlab turilgan yigit hikoyasi
Uychi tumanida ertalab o‘qishga yo‘l olgan bolani maktab darvozasi yonida niqobli shaxslar o‘g‘irlab ketadi. 2 yil oldin sodir bo‘lgan ushbu shov-shuvli voqea haqida avvalroq lavha e’lon qilgandik. Jinoyatchilar 4 kun ushlab turib, otasidan 300 ming dollar talab qilgan yigit Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabasi Azizbek Lutfullayev bo‘lib chiqdi. U o‘g‘irlab ketilishi voqeasi va jinoyatchilar bilan yonma-yon yurib, qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirganini Kun.uz’ga so‘zlab berdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Ushbu jinoiy rejani tuzganlar o‘sha mashhur “Ishbilarmon odamlar” filmidan ilhomlanishgan ko‘rinadi. Albatta, jinoiy to‘da a’zolari hammasi xamirdan qil sug‘urganday oson kechadi, bolani o‘g‘irlab ketamiz, so‘ngra uning otasidan tovon puli talab qilamiz, qarabsizki, jaraq-jaraq dollarni qo‘lga kiritamiz, deb o‘ylashgan. Biroq ular filmdagi kabi o‘g‘irlangan bolani 4 kundan so‘ng o‘zlari uyiga jo‘natib yuborishlarini xayollariga ham keltirmagandi.
Azizbek Lutfullayevni o‘g‘irlab ketish rejasini Kosonsoy tumanida yashovchi 35 yoshli Eldor Qodirov tuzgandi. Unga Uychi tumanida yashovchi, 25 yoshli Oybek Shamshiddinov, 26 yoshli Abdulatif Sobirov hamda Namangan shahrida yashovchi 25 yoshli Abdulqodir Yo‘ldoshev sherik bo‘lgan.
Azizbekni o‘g‘irlab ketish rejasi 2023 yil 16 oktyabr kuni amalga oshirilgan. Ayni shu kuni soat 8:45 da o‘qishga yo‘l olgan Azizbek Lutfullayev maktab darvozasi oldida niqobli shaxslar hujumiga uchragan: Eldor Qodirov va sheriklari uning qo‘lini qayirib, Nexia’ga tiqadi va mashinani katta tezlikda haydab ketishadi. Barchasi soniyalar ichida yuz bergan, bola nimalar bo‘layotganini anglamay ham qolgandi.
Azizbek ushbu holat qanday sodir bo‘lganini shunday hikoya qiladi:
“2 yil oldin, 16 oktyabr kuni hayotimda unutishning iloji yo‘q bo‘lgan voqea yuz berdi. Ertalab uyg‘onib, uydan chiqdim. Ko‘chamizda qurilayotgan uy bor edi, hech kim yashamaydi u yerda. O‘sha yerda Nexia mashinasi turgan ekan. Ozgina e’tiborimni tortdi. Chunki u yerda mashina turmasdi hech. Qo‘shnilar qo‘ygandir, deya tabiiy ravishda qabul qilib, o‘tib ketdim.
Ko‘chamizdan bog‘chamiz tomonga burildim. Taxminan 50 metrcha yurgandim, yonimdan bir Nexia o‘tib ketdi. Uni ham tabiiy qabul qildim. Taxminan 100 metrdan so‘ng maktabimiz tomonga burilish bor. Nexia o‘sha burilishda sekin to‘xtadi. Shunda e’tiborimni tortdi va mashinaga shubha bilan qarab qo‘ydim. Maktabimizga taxminan 30 metr qolganda ichimda bir kuch yugur, qoch, deganday bo‘ldi. Soniyalar ichida Nexia ortimdan keldi va mashina to‘xtar-to‘xtamas undan bitta qo‘l chiqib, meni ushladi. Men o‘zimni har tomonga otib, chiqib ketishga harakat qila boshladim. Shu payt yuzimga urdi. Qarasam, niqob taqqan ikki kishi. To‘polon boshlanib ketdi. Bir qo‘lim gipsda edi, qimirlatish mumkin emasdi. Orada yerga yiqilib tushdim va ikkinchi qo‘lim bilan daraxtni ushladim. Shunda yuzimga 2-3 marta tepishdi va daraxtni qo‘yib yubordim. Mashinaga mindirishdi va haydab ketishdi. Darhol oyoq-qo‘limni, ko‘zimni bog‘lashdi. Qo‘rqib ketganimdan savollar bera boshladim. Ovozingni o‘chirib o‘tir, keyin bilib olasan, degan mazmunda javob berishdi. Teparog‘imizda kanal bor edi, hozir meni o‘sha kanalga olib borib tashlab yuborishadi, degan fikr o‘tardi xayolimdan”.
Azizbekning o‘g‘irlab ketilganini maktab o‘qituvchilaridan biri ko‘rib qoladi va qorovulxonaga yugurib borib, o‘sha yerda turgan direktor o‘rinbosariga aytadi. Direktor o‘rinbosari voqea joyiga qarab yuguradi. Ammo bola o‘g‘irlab ketilgan joyda xuddi kinolardagi kabi uning kiyimi va sumkasi yotardi. Direktor o‘rinbosari ularni olib, maktab qorovuliga tutqazadi va o‘zi ichki ishlar xodimlariga xabar beradi. Bu orada bolaning otasi Avazbek Abdullayevga ham qo‘ng‘iroq qilishadi. Xullas, hamma oyoqqa turgan, maktabda g‘ala-g‘ovur boshlangandi.
Bu paytda jinoyatchilar Azizbekni boshiga qop kiydirgan holda uni noma’lum tomonga olib ketishardi.
“Hozir meni qayergadir olib borishadi, kinolardagi kabi stolga o‘tqizib, urgan holda nimadir so‘rashadi, degan xayolda o‘zimni ruhiy tayyorlab ketyapman. Yo‘lda umrimdagi eng kuchli chanqoqni his qildim. Suv bermasanglar o‘lib qolaman hozir, deganman. Ammo berishmadi, suv yo‘q deyishdi. Ozgina vaqtdan so‘ng hushimdan ham ketib qoldim. Lekin uzoq yurganimizni sezdim.
Keyinchalik bilishimcha, Kosonsoyning qaysidir qismiga olib borishgan. Qirg‘izistonga chiqib ketish uchun yaxshi yo‘nalish bo‘lgan bu joylar. Ular xuddi meni Qirg‘izistonga olib chiqib ketmoqchiday bo‘lishganda, keyin ortga qaytishgan. Toshloq yo‘llardan yurishgan. Mashina qayerdadir to‘xtab, boshqa mashinaga olib chiqishgan meni. U paytda boshimdagi qopni olib tashlagandi. Lekin ko‘zim va qo‘l-oyoqlarim bog‘langan bo‘lgan.
Ikkinchi mashinaga mindirishgach, Eldor yo‘q bo‘ldi, boshqa odam keldi. Meni mashina orqa o‘rindig‘iga yotqizib qo‘yishdi. Yo‘lga chiqdik. Nimadir ma’lumot olish maqsadida so‘rayapman, biroq ulardan biri rosa yomon so‘kinib javob berdi va jim ketishimni, yo‘qsa o‘ldirib yuborishini aytdi. Rostdan meni haqiqiy mafiyalar olib ketyapti, deb o‘ylaganman.
Svetoforlarda ko‘p to‘xtalgan. Mashinaning eshigi qulflanmagandi. Avariya bo‘lsak, baribir atrofda odam to‘planadi-ku, qutulib qolaman, degan fikrlar o‘tgan. 4-5 ta svetoforlarni o‘tkazib yuborganman qo‘rquvdan. Oxiri tavakkal qilib, svetoforga to‘xtaganda o‘rnimdan turib, eshikni ushladim. Biroq uni ochmasimdan oldinda o‘tirgani meni tortib qoldi. Bu soniyalar ichida sodir bo‘ldi. Keyin kichkina pichoqni bo‘ynimga tirab, yana qo‘rqita boshladi. Taxminan 3-4 soat yurdik. Andijonga borgan ekanmiz. U paytda bilmaganman Andijonga borganimizni”, deydi Azizbek.
Jinoyatchilar mo‘maygina tovon pulini o‘ylayotgan bu paytda ichki ishlar xodimlari tezkor ravishda ishga kirishgandi. Maktab yonidagi savdo do‘koni kamerasiga tushib qolgan mashinaning davlat raqam belgisi aniq, u kimga tegishli ekanini bilish qiyin emasdi. Ko‘p o‘tmay mashina topiladi. Biroq uning haqiqiy egasi mashina yukxonasiga tiqib ketilgan edi.
Gap shundaki, Eldor Qodirov va uning sheriklari Azizbekni o‘g‘irlash uchun o‘z mashinalarida bormagan. Ular o‘sha kuni yarim tunda Namangan shahrining Davlatobod tumaniga Yandex ilovasi orqali taksi chaqirgan. Buyurtmani Jamshid Mamadiyev qabul qilib olgan va Nexia mashinasida chaqiruv manziliga borgan. Mijozlar taksida Uychi tumanining Tepasaroy mahallasi hududiga, shimoliy Farg‘ona kanali oldiga kelgan.
Shu yerda ular haydovchiga hujum uyushtirgan: orqa o‘rindiqda o‘tirgan Abdulatif Sobirov haydovchining bo‘ynidan arqon o‘tkazib, bo‘g‘a boshlagan, Oybek Shamshiddinov uning boshiga maxsus tayyorlangan shapkani kiydirgan. Eldor Qodirov esa bo‘yniga pichoq tirab, qarshilik qilsa o‘ldirishini aytgan.
Jinoyatchilar Jamshid Mamadiyevning qo‘l va oyoqlarini o‘zlari olib kelgan arqon bilan bog‘lab, og‘zini latta bilan berkitgan hamda uni mashinaning orqa yukxonasiga tiqqan. So‘ngra mashinani o‘zlari boshqarib, Azizbekni o‘g‘irlab kelgan.
Shu tariqa jinoyatchilar bolani kirakashning mashinasida Namangan shahri Yangi Namangan tumanidagi dala maydoniga olib borishadi. Shundan so‘ng uni Abdulqodir Yo‘ldoshevning Nexia-2 mashinasiga o‘tkazishadi. Shu tariqa, Abdulqodir Yo‘ldoshev va Abdulatif Sobirov Azizbekni Andijon shahrining Xo‘tan ariq mahallasidagi xonadonlardan biriga olib ketadi.
Eldor Qodirov hamda Oybek Shamshiddinov yukxonasida Jamshid Mamadiyev bo‘lgan mashinani Kosonsoy tumanining Bomraha mavzesi hududidagi dala maydoniga boshqarib boradi. So‘ng o‘zingni o‘zing qutqarasan, deya Jamshid Mamadiyev yoniga o‘zlari olib qo‘ygan telefonini qaytarib qo‘yib, voqea joyidan yashirinishadi. Haydovchi tishlari yordamida qo‘llaridagi arqonni yechib, ichki ishlar xodimlariga xabar beradi.
“Bitta “dom”ning oldiga olib borishgan ekan meni. Atrofni aylanib, kuzatib kelishdi, bir soatlar uyga kirolmasdan turdik. Qanaqadir chol turgan ekan eshik tagida, shuning ketishini kutishdi. Keyin shu joyga Eldor keldi. Menga umuman ovozimni chiqarmaslikni, agar baqirsam o‘ldirishini aytdi. Ilojim yo‘q, ularning buyrug‘iga bo‘ysunishim kerak, xo‘p dedim. Meni ko‘tarib, 4-qavatga olib chiqishdi. Kuchli qo‘rquv hisobiga hech narsa qilolmaganman.
Uyga olib kirgach, yotqizib qo‘yishdi. Qo‘limni yechib, bir qo‘limni issiqlik quvuriga bog‘lashdi. Eldorga uyimdagilar bilan tezroq aloqaga chiqishni so‘radim. U hozir emas, keyinroq, dedi. Qolganlar jim o‘tirdi. Bu paytda menga so‘kingan haydovchi Qirg‘izistonga o‘tib ketgan ekan.
Kechqurun bo‘ldi, kartoshka qovurib chiqishdi. Ozgina yedim. Uniyam dori ichish uchun yedim, chunki boshim juda qattiq og‘riyotgandi, qoshim ham yorilgan ekan.
O‘sha kuni uyimdagilar bilan bog‘lanishmadi. Umuman olganda, holatim yomon emasdi. Biroq buni uyimdagilar bilishmasdi. Shu narsa ruhan ta’sir qilayotgandi. Qachon uyimdagilarni o‘ylasam, ko‘zimga yosh kelardi. Hayot meni go‘yo kichik bir qutiga solib qo‘yganday, hamma joy yopilib qolgandi.
Kun o‘tdi, kechasi hammasi yonimda yotdi. U paytda qo‘limni yechib qochishimni o‘ylab ko‘rmasam ham bo‘laverardi. Chunki ozgina qimirlasam ham sezib yotishdi. Shu bilan tong otdi”, deya hikoya qiladi Azizbek.
Jinoiy rejaning birinchi qismi amalga oshirilgan, endi bola uchun pul undirishgina qolgandi. Jinoyatchilarning nazarida barchasi oson kechayotgan edi. Eldor Qodirov bolaning otasi Avazbek Abdullayevga Telegram orqali aloqaga chiqadi va farzandini tirik ko‘rishni xohlasa 300 ming dollar berishi kerakligini aytadi. Agar pulni bermasa, bolasini o‘ldirib yuborish bilan tahdid qiladi. Isbot sifatida otaga o‘g‘lining ovozli yozuvi yuboriladi.
“Dadam bilan asosan ovozli xabarda gaplashganmiz: Eldor ovozli xabarni yoqib turgan, men gapirganman. Hamma gapni aytib turgan Eldor. U nima degan bo‘lsa o‘shani gapirishga majbur bo‘lganman. Eldor dadamga ichki ishlarga bormaslikni aytgan, pulni berasiz va bolangizni qaytaramiz, degan.
Dadam ham pulni yig‘ib beramiz, o‘g‘limga hech narsa qilmanglar, degan gaplarni jo‘natgan. Bular pulni kriptovalutada so‘rashgan. Uyimdagilar buncha pulni yig‘ildi, deb aytib turishgan. Keyinchalik bilishimcha, ular ichki ishlar vakillarining topshirig‘i bilan vaqtni cho‘zish uchun shunaqa deyishgan ekan”, deydi Azizbek Lutfullayev.
Jinoyatchilar izni yo‘qotish va ichki ishlar xodimlarini chalg‘itish maqsadida Azizbekni 18 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi xonadonlardan biriga, so‘ngra esa Chirchiq tumanidagi dalahovliga olib borishadi. Bu orada Toshkent shahriga kelib, aylanib ham ketishgan.
“Ikkinchi kunning ertalabi bo‘ldi. Meni uyg‘otishdi va ketishimiz kerakligini aytishdi. Ular Qirg‘izistonga o‘tib ketgan sheriklari ushlanib qolgan bo‘lishi mumkinligidan shubhalanishdi. Biz turgan manzilni esa u bilarkan. Ko‘zingni ochamiz, ammo keyinchalik ham bizni ko‘rganingni hech kimga aytmaysan, deyishdi. Rozi bo‘ldim.
Ko‘zimni ochishdi va men ularni ko‘rdim. Tasavvurimdagi inson boshqa edi, Eldor boshqacharoq ekan. To‘g‘risi, jinoyatchiga ham o‘xshamasdi. Birinchi qarashimda shunaqa taassurot qoldirgan menda.
Boshimga shapka berdi, o‘shani kiydim. So‘ngra “dom”dan chiqdik. Taksi chaqirishgan ekan. Taxminan yarim soat o‘sha ko‘p qavatli uy pastida aylanib yurdik. Taksi kelgach, mashinaga o‘tirdik. Men orqa o‘rindiqning o‘rtasiga o‘tirdim, ikki tomonimga ikkitasi mindi. Keyin Toshkent shahriga qarab yo‘lga chiqdik.
Yo‘lda mashina “metan-zapravka”ga kirib keldi. Tushib kutib turdik. Yonimda Eldor bor edi. Oddiy yo‘l, ko‘cha. O‘tiribmiz. Qo‘llarim va oyoqlarim yechib tashlangan u paytda. Qochaman desam o‘sha paytda ham vaziyat bor, ammo qo‘rqdim. Aslida qochishim mumkin bo‘lgan imkoniyatlar bo‘lgan, qo‘rquv shu darajada kuchliligidan hech narsa qilolmaganman.
Shu tariqa Toshkentga yetib keldik. Qayerdaligimizni so‘rasam, Mirzo Ulug‘bek tumanidamiz, dedi Eldor. Odamlar aylanib yuribdi, odatiy hayot, xilvat joy emas, shahar markazi: mendagi qo‘rquvni kimdir sezib qolarmikan, deya o‘tib-qaytayotganlarga qarayapman, lekin hech kimning ishi yo‘q, hamma o‘zi bilan ovora.
Eldor seni Qoraqalpog‘istonga olib ketamiz, dedi. Men bormasligimni aytdim. Baribir bularni topishadi va meni ortga qaytarishadi, imkon qadar uzoqlashib ketmaylik, degan fikr bor edi. To‘g‘risi, yig‘lab turib oldim Qoraqalpog‘istonga bormayman deb. Ozgina tortishdik. Keyin Eldor mashina chaqirdi va Chorvoqqa chiqib ketdik. Dalahovliga bordik. O‘tirib ovqatlandik, ular pivo ichishdi. Yana uyimdagilar bilan yozishdi. Shu bilan kech bo‘ldi. Qaysidir ma’noda bu vaziyatga ko‘nikib ham qoldim”, deydi Azizbek.
Ular bolani dalahovlida 20 oktyabr kuni soat 15:00 larga qadar g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilib, ushlab turishgan. Bu orada guruh a’zolaridan biri – Azizbekni o‘z mashinasida Andijon shahriga olib borgach, Qirg‘izistonga chiqib ketgan Abdulqodir Yo‘ldoshev qo‘shni davlatda qo‘lga olingandi.
“Keyin Chirchiq shahriga bordik. Eldorning bir tanishi bor ekan, o‘shaning uyiga bordik. Meni maxsus mashinada olib yurishmagan, qayerga borsak taksida yurganmiz.
Qanaqadir o‘g‘irlangan odamni keltirib, yashirib qo‘yadigan uy emas, odamlar yashaydigan oddiy uy, bolalar ham bor ekan. Bu endi uchinchi kun kechqurungi gap. Eldorning tanishi bo‘lgan ayol mehmonlar kelibdi-ku, deya ovqat tayyorladi. Yedik. Eldor yana uyimdagilar bilan bog‘lanyapti.
Shu payt Eldorga kimdir qo‘ng‘iroq qildi. U go‘shakni olishi bilan qo‘ng‘iroq qilgan odam Eldorni so‘ka boshladi. Qo‘rqib ketdim. Chunki men hali bularning qo‘lida edim. Eldor boshqa xonaga chiqib ketdi. Birozdan so‘ng xonadan chiqib keldi, u shok holatida edi, bo‘ldi, hammasi tugadi, dedi sheriklariga. Nima bo‘lganini tushunmay qoldim: vaziyat eng chigal nuqtasiga keldi-da, boshqa tomonga o‘zgarib ketdi. Eldor menga tur, ketamiz, dedi. Nima qilasizlar meni, deya so‘rasam, bo‘ldi, ketasan, deya javob berdi. To‘liq tushunmasam ham xursand bo‘lib ketdim”, deya hikoya qiladi Azizbek.
Shu tariqa, Eldor Qodirov va uning sheriklari Azizbek Lutfullayevni o‘zlari taksiga o‘tqazib, uyiga jo‘natib yuborishadi. Azizbek hozirda Toshkent xalqaro Vestminster universitetida tahsil olmoqda. U hayotida sodir bo‘lgan ushbu voqeani hech qachon unutmasligini, bu o‘zi uchun katta saboq bo‘lganini bildirdi.
Jinoyat jazosiz qolmagan: sud hukmi bilan Eldor Qodirov 17 yil-u 1 oy, Abdulatif Sobirov 11 yil, Oybek Shamshiddinov 10 yil-u 3 oy, Abdulqodir Yo‘ldoshev 7 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Yuqori instansiya sudlari dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Jamiyat
Izohlardagi nafrat. Xeyterlar psixologiyasi haqida
Futbol, siyosat yoki shou-biznes — qaysi mavzu bo‘lmasin, izohlarda haqorat ko‘payadi. Bu shunchaki odobsizlikmi yoki inson psixologiyasi haqida biror narsani ochib beradimi? Kun.uz ushbu mavzuni mutaxassis va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rgandi.
Tanqid emas, shaxsga hujum
18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Uchrashuvlar mag‘lubiyat bilan tugagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda futbolchilarga nisbatan haqoratomuz izohlar yog‘ildi.
Qizig‘i, kechagina terma jamoa mundialga chiqa olmayotgani uchun tanqid qilganlar bugun mundialga chiqqan futbolchilarni ham keskin tanqid qilmoqda. Bu esa muammo natijada emas, ayrim insonlarning voqelikni qanday qabul qilishida ekanligini ko‘rsatadi.
Psixologlar buni oddiy tanqid emas, balki onlayn agressiya, nafrat tili va toksik muloqotning bir ko‘rinishi sifatida baholaydi.
Olimlar: xeyterlar dalil emas, insonning o‘ziga hujum qiladi
2018 yilda Kaliforniya universiteti olimlari May Elsherif, Vivek Kulkarni, Dana Nguyen, Uilyam Yang Vang va Elizabet Belding yuz minglab ijtimoiy tarmoq izohlarini tahlil qildi. “Hate Lingo” deb nomlangan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, nafratomuz izoh yozuvchilar aksariyat hollarda asosli fikr bilan bahslashmaydi. Ular dalil keltirish o‘rniga insonning tashqi ko‘rinishi, kelib chiqishi yoki shaxsiyatini nishonga oladi. Bu nafrat tili deyiladi. Tadqiqotchilarning fikricha, nafrat tilining asosiy quroli bahs emas, qadrsizlantirishdir.
Psixolog: agressiya ko‘pincha ichki muammolarning aksidir
Psixoterapevt Guli To‘rayevaga ko‘ra, ular o‘z emotsiyalarini nazorat qila olmaydi:
“O‘z fikrini agressiya bilan bildiradiganlar o‘zining emotsiyasini nazorat qila olmayapti degani. Psixoterapevt sifatida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sog‘lom fikrlaydigan insonda, adekvat fikrlaydigan, shaxsiy yetuk insonda aql o‘sha hissiyotlarni nazorat qila oladi va u sog‘lom fikr bildira oladi. Inson emotsiyasini nazorat qila olmayaptimi, haddan ziyod agressiya qilyaptimi, demak, bu odamda nevroz holatlari bo‘lishi mumkin, yoki u odam juda ham qattiq charchagan, emotsional stress holatida. Hozir mana shu emotsional yonish sindromidagi insonlar juda ham ko‘p, yoki ularda shaxsiyat buzilishlari bo‘lishi mumkin. Deylik, bir insonning hayotda omadi yurishmay turibdi. U o‘zining mana shu muammosini yecha olmayapti. Bitta muvaffaqiyatli inson chiqdi. Uni shunchalik yerga urib haqoratlab tashlaydiki, chunki u o‘ziga muvaffaqiyatli bo‘lishga ruxsat bera olmagan. Ya’ni o‘zini bostirib qo‘ygan, o‘zini chiqara olmagan xususiyatlarini kimdadir ko‘rganda, bunda proyeksiyalar ishlab ketadi. Aynan o‘sha jurnalistga yoki blogerga qaratilgan emas, bu o‘zini aslida o‘zini ichida yotgan bostirilgan hissiyotlariga qaratilgan bo‘ladi. Deylik, bir inson qattiqqo‘l onaning qo‘lida tarbiya topgan, yoki bir ustoz unga o‘ta qattiqqo‘llik qilgan. Endi o‘ziga ishongan ayol chiqib gapirganini ko‘rganda, o‘sha ayolni haqoratlovchi izohlar yozadi. Bu aynan o‘sha ayolning shaxsiga qaratilmagan. O‘sha bolaligidagi qattiqqo‘l ayolga ayta olmagan, o‘sha bostirilgan hissiyotlari bu o‘sha jurnalist yoki blogerga qaratib chiqib ketishi mumkin”.
Izohlarda eng ko‘p uchraydigan toifalar
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda bir nechta tipik auditoriyani ajratish mumkin:
Doim norozi insonlar – ular uchun ijobiy yangilikning o‘zi mavjud emas.
Sarlavha bilan cheklanuvchilar – materialni o‘qimasdan izoh qoldiradi va feyk xabarlarning asosiy qurboniga aylanadi.
“Divan ekspertlari” – har bir sohada o‘zini mutaxassis deb hisoblaydi, ammo fikrlari ko‘pincha bilimga emas, shaxsiy ishonchga asoslanadi.
Agressorlar – tadqiqotlarga ko‘ra, ularning haqorati voqeaning o‘ziga emas, balki o‘z hayotidagi stress, charchoq yoki qoniqmaslik holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Trollar – ularning maqsadi haqiqatni topish emas, balki janjal chiqarish va muhokamani izdan chiqarishdir.
Mutaxassislar esa eng kam uchraydigan, ammo eng qimmat auditoriya hisoblanadi. Ular emotsiya emas, fakt va tahlil bilan bahslashadi.
Internet “xeyterlar armiyasi” haqidagi tasavvur hamisha ham to‘g‘ri emas
2021 yilda o‘tkazilgan yana bir yirik xalqaro tadqiqot millionlab onlayn izohlarni tahlil qildi. Olimlar kutilganidek internet doimiy nafrat bilan yashaydigan ulkan “xeyterlar armiyasi”dan ko‘ra, ma’lum vaziyatlarda toksiklashib qoladigan oddiy insonlar ko‘proq ekanini aniqladi.
Bu esa inson tug‘ma xeyter emasligi, muhit, emotsional holat va muhokama uslubi uni agressiv harakat qilishga undashi mumkinligini ko‘rsatadi.
Nafrat yuqumli bo‘lishi mumkin
Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: agressiya agressiyani chaqirishi mumkin. Bitta haqorat ortidan ikkinchisi, keyin uchinchisi paydo bo‘ladi. Natijada muhokama maydoni faktlarga emas, hissiyotlarga qurila boshlaydi. Bu esa jamiyat uchun xavfli jarayon. Chunki taraqqiyot haqorat orqali emas, madaniyatli bahs va dalil orqali yuzaga keladi.
Izohlar voqeadan ko‘ra insonning o‘zi haqida ko‘proq gapiradi
Psixologlar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar har doim ham voqeaga berilgan xolis baho emas. Ko‘p hollarda ularni yozgan insonning emotsional holati, hayotiy tajribasi va ichki kechinmalari izohlarda aks etadi.
Shuning uchun sog‘lom jamiyat uchun tanqid bilan haqorat o‘rtasidagi farqni anglash muhim. Chunki maydondagi futbolchilar mamlakatni qanday namoyon etsa, ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot madaniyati ham jamiyat qiyofasini shunday aks ettiradi.
Jamiyat
Profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati yagona tizimga birlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektoriga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi.
Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektoriga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, ayrim moddalar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 ga, masofaviy ta’lim kvotasini 300 gacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi
Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.
Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.
1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.
Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.
YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi
O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.
Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.
Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.
Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.
Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.
Jamiyat
Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.
U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.
U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
