Iqtisodiyot
AUIC bilan hamkorlik kimlar uchun qulay: asosiy mezonlar va yondashuv
Ozarbayjon – O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) 2023 yilda Ozarbayjon va O‘zbekiston hukumatlarining qo‘shma tashabbusi bilan tashkil etildi. 500 million dollar ustav kapitali bilan u ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda yangi yo‘nalishni kashf etmoqda.
AUICning asosiy maqsadi – har ikkala respublika iqtisodiyotining rivojlanishi va gullab-yashnashiga qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali ko‘maklashish. Shuningdek, turli miqyos va sohalardagi kompaniyalarni bevosita qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
AUIC asosiy diqqat-e’tiborini uzoq muddatli barqaror o‘sish dinamikasiga ega bo‘lgan kompaniyalar va loyihalarga qaratadi. Shu bilan birga, kompaniya har ikki respublika strategik manfaatlariga mos keladigan tashabbuslar bo‘lsa, boshqa mamlakatlardan ham takliflarni ko‘rib chiqishga ochiq. Kompaniya barqaror talabga ega bo‘lgan sohalarga, shuningdek, yuqori o‘sish salohiyatiga ega istiqbolli rivojlanayotgan tarmoqlarga sarmoya kiritadi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida moliyaviy sektor, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, logistika va qayta ishlash, farmasevtika, bioindustriya, fintex, IT va ta’lim sohalarini misol qilish mumkin.
Tarmoqlar va kompaniyalar bo‘yicha portfelni diversifikatsiyalash AUICning investitsion strategiyasining asosidir. Hamkorlarni tanlashda muhim mezonlar sifatida uzoq yillik muvaffaqiyatli tajribaga ega bo‘lgan tajribali boshqaruv jamoalari, shuningdek kompaniyalarning moliyaviy barqarorligi: ijobiy kredit tarixi, qarz/EBITDA koeffitsiyenti 3 dan past va qarz xizmatini qoplash koeffitsiyenti 2 dan yuqori bo‘lishini aytish mumkin. AUICning o‘ziga xos jihati – uchinchi shaxslarga mas’uliyatni tashlamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishdir. Bu, o‘z navbatida, investitsiya jarayonining barcha bosqichlarida tezkorlik va nazoratni ta’minlaydi.
Ozarbayjon — O‘zbekiston investitsiya kompaniyasining ish modeli 49 foizgacha ulush bilan minoritar ishtirok etish tamoyiliga asoslanadi. Bunday yondashuv AUICga xususiy kompaniyalar kapitaliga kirishga imkon beradi, ammo ular ustidan nazoratni da’vo qilmaydi. Demak, tadbirkorlarga boshqaruvni saqlab qolish va asosiy qarorlarni mustaqil qabul qilishdek maqbul sharoitni tug‘diradi. Shu asnoda kompaniyalar moliyaviy va strategik qo‘llab-quvvatlovga erishadilar. Zero, bu o‘sish va rivojlanish uchun o‘ta zarurdir.
Bu muvozanat – tasodif emas, balki ongli strategiyadir. Tasavvur qiling: hamkor 51% ulush va yetakchi rolni saqlab qoladi, strategik qarorlar uchun javobgar bo‘ladi, AUIC esa investor va yordamchi sifatida resurslar, tajriba, mintaqaviy imkoniyatlarga kirishni ta’minlaydi. Bunday hamkorlik tuzilmasi boshqaruv mustaqilligini, qarorlar qabul qilishda moslashuvchanlikni va tomonlar o‘rtasida mas’uliyatning samarali taqsimlanishini ta’minlaydi.
Kompaniyaning strategik maqsadlariga import o‘rnini bosish, innovatsion va qayta ishlovchi tarmoqlarni rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kiradi. Investitsiyalar hajmi $1 milliondan $25 milliongacha, ishtirok ulushi esa 49% dan kam. Kutilayotgan minimal daromadlilik (IRR) – 12%, kapital multiplikatori – 1,5–2,5x, chiqish muddati – 5–8 yil.
AUIC loyihalarni strategik boshqarishda faol ishtirok etadi: direktorlar kengashiga kiradi, yuqori menejmentni tasdiqlaydi, moliyaviy va operatsion majburiyatlarni belgilaydi, korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etadi, jumladan muntazam moliyaviy va operatsion hisobotlarni talab qiladi. Chiqish strategiyasining ustuvor yo‘nalishi – ulushni strategik hamkorga sotish. Muqobil variantlar – put-option, IPO va aksiyalarni ikkilamchi sotib olish. Qarorlar chiqish muddatlari, kutilayotgan daromadlilik va bozorning joriy holatini tahlil qilish asosida qabul qilinadi.
Moliyalashtirish uchun ariza topshirish uchun hujjatlarning to‘liq to‘plami kerak. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: mahsulot, bozor, jamoa va o‘sish strategiyasi haqida batafsil tavsiflangan loyiha biznes-rejasi, bozor tadqiqoti va texnik-iqtisodiy asos (TIA), loyiha asoslanganligi va istiqbolliligini tasdiqlovchi hujjatlar. Shuningdek, tashabbuskorning moliyaviy hisobotlari – iqtisodiy holati va barqarorligini aks ettiruvchi, tashabbuskor haqida qisqacha tuzilgan tuzilma – tajriba, loyihadagi roli va motivatsiyasi keltirilgan bo‘lishi lozim.
AUIC 80 million dollardan ortiq mablag‘ni tasdiqlangan loyihalarga sarmoya sifatida kiritish jarayonida. Hozirda yangi takliflarni faol ko‘rib chiqishda davom etmoqda. Har bir loyiha to‘liq va batafsil hujjatlar to‘plami asosida individual tarzda baholanadi. Arizalarni ko‘rib chiqish elektron pochta orqali amalga oshiriladi: office@auic.uz.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
