Sport
«Arsenal» va Avstriya termasi sobiq futbolchisi fojiali tarzda vafot etdi
«Arsenal» va «Yuventus» ning sobiq darvozaboni Aleksandr Manninger poyezd halokatida vafot etdi.
Avstriya terma jamoasining sobiq darvozaboni Aleksandr Manninger 16-aprel kuni ertalab poyezd halokatida vafot etdi. Tutto Mercato Web xabariga ko‘ra, baxtsiz hodisa mahalliy vaqt bilan soat 8:40 atrofida Avstriyaning Nussdorf am Haunsberg shahridagi nazoratsiz temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 48 yoshli sobiq darvozabonning mashinasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqinlashib kelayotgan poyezd oldida kesishmani kesib o‘tgan. Poyezd mashinani bir necha metrgacha sudrab borgan.
Mashinist va taxminan 25 yo‘lovchi jarohat olmagan.
Sport
«Davlat beradigan 35 mlrdning 2/3 qismi Rivaldoga ketadi» – «Bunyodkor»ning moliyaviy holati yomonlashdi
«O‘zbekneftgaz» homiylikni to‘xtatishi fonida Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida jiddiy moliyaviy muammolar kuzatilyapti. «Yetib kelganimiz shu bo‘lsa kerak, «Bunyodkor» stadioni, akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylik oxirgi marta dekabrda olganmiz. Bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi», deya yozdi klub matbuot xizmati vakili. Shuningdek, braziliyalik futbolchi Rivaldo oldidagi qarzdorlik to‘lovlari ham jiddiy muammoga aylangan.
Foto: Facebook / Furqatbek Nishonov
Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida moliyaviy muammolar kuzatilyapti. Jamoa matbuot xizmati vakili Furqatbek Nishonovning ma’lum qilishicha, kommunal to‘lovlardan qarzdorlik sabab «Bunyodkor» stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektrdan uzilgan.
«Yetib kelganimiz shu bo‘lsa kerak, «Bunyodkor» stadioni, akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylik oxirgi marta dekabrda olganmiz, mana bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi. Aytgancha, bu yil O‘zbekiston tarixda birinchi marta Jahon chempionatida qatnashadi! Omad yor bo‘lsin!» – deya yozdi Nishonov Facebook’dagi sahifasida.
Kun.uz bilan bog‘langan klub vakilining so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» homiylik qilishni to‘xtatgach, Rivaldo oldidagi qarzdorlik to‘lovlari ham katta muammoga aylangan.
«Rivaldoning 2028 yilgacha bo‘lib to‘laniladigan qarzining 2026 yilgisi 15 aprelgacha berilishi kerak edi, to‘lanmadi. Endi unga ham katta penyalar qo‘shiladi. Davlat beradigan 35 mlrdning 2/3 qismi Rivaldoga ketadi», deydi u.
Avvalroq, bir qator yirik davlat kompaniyalari futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgani xabar qilingandi. Masalan, «O‘zbekneftgaz» yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro» klublariga homiylik qilishdan voz kechdi. Shuningdek, bir qator boshqa klublar ham davlat kompaniyalari homiyligidan ajraldi. Oqibatda, «Bunyodkor», «Dinamo» va «Surxon» kabi klublarda moliyaviy muammolar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
35 mlrd so‘mlik moliyalashtirish tizimi
Bu yilgi mavsumdan boshlab O‘zbekistonda futbol klublari to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetidan ham pul oladigan bo‘ldi. 27 mart kuni imzolangan qaror bilan, Superliga klublarining har biriga davlat budjetidan 2026 yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda 16 ta klubga ajratilayotgan jami mablag‘ 560 mlrd so‘m bo‘lib, bu – 45 mln dollardan ortiqroq summa demakdir.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 apreldan boshlab Superliga va Pro liga klublarining futbolchilari 3 yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. Ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi. Bu imtiyozlar nafaqat futbolchilar, balki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida milliy terma jamoalarga jalb etiladigan barcha trenerlarga ham tegishli.
Shuningdek, futbol klublari va turli sport federatsiyalariga homiylik qilgan tadbirkorlarga ham soliq imtiyozi belgilab qo‘yildi. Bunday tadbirkorlar davlat telekanallarining sportga doir efirlari vaqtida yarim narxida reklama joylashtirish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Klub xarajatlarining kamida 20 foizini zimmasiga olgan tadbirkorlar klubni ishonchli boshqaruvga olishi mumkin. Agar tadbirkor klubni birato‘la sotib olmoqchi bo‘lsa, davlat unga imtiyozli kredit berishini ham e’lon qildi.
Qaror bilan, yil oxirigacha futbol klublarining bozor narxini aniqlash va ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish topshirig‘i berildi. Lekin “falon sanagacha bittayam klubda davlat ulushi qolmasin” degan mazmundagi vazifa belgilanmagan.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik
Bundan ikki yil oldin FIFAning intizomiy qo‘mitasi «Bunyodkor» klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilsonga salkam 9,5 mln yevro to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargandi. Klubning Rivaldo oldidagi qarzdorligi 8,1 mln yevro, Denilson oldidagi qarzdorligi 1,1 mln yevroga baholangan. Bu summalar ichiga vaqtida to‘lanmagan mukofot pullari, to‘lash kechiktirilgani uchun hisoblangan foizlar, shartnoma bekor qilingani uchun belgilangan tovon pullari va futbolchilarning sud xarajatlari kiradi.
Keyinchalik «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchilar bilan qo‘shimcha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bunda kelishilgan summa Denilsonga 2026 yilgacha uch qismga bo‘lib to‘lanishi, Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028 yilga qadar har yili bir martadan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008-2010 yillar davomida «Bunyodkor» klubi sharafini himoya qilib, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Denilson esa 2010 yil Toshkent klubi safida chempionlikka erishgan, Oliy Ligada 14 o‘yinda 4 ta gol, OChLda esa 6 o‘yinda 5 ta golga mualliflik qilgandi.
Sport
Futbolchi Behruz Karimovning ahvoli bo‘yicha ma’lumot berildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Behruz Karimov muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
Futbolchida o‘ng oyoq panja (plyusnevoy) suyagi sinishi tashxisi tasdiqlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tibbiy qo‘mitasi tomonidan xorijiy va mahalliy sport shifokorlari bilan birgalikda tegishli muhokamalar olib borildi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, futbolchining tezroq safga qaytishi hamda jarohat qaytalanishining oldini olish maqsadida operatsiya amaliyoti bajarildi.
Hozirda futbolchining holati barqaror bo‘lib, reabilitatsiya jarayoni boshlanadi. Dastlabki rejalarga ko‘ra, Behruz Karimov taxminan 1 oy muddatda safga qaytishi kutilmoqda.
Sport
«Bavariya» so‘nggi daqiqalarda «Real»ni to‘xtatdi
15-aprel oqshomida YChL chorak finalining so‘nggi javob o‘yinlari o‘tkazilib, yarim finalchilar nomi to‘liq ma’lum bo‘ldi.
«Bavariya» va «Real Madrid» o‘rtasidagi Myunxendagi bahs haqiqiy «triller»ga aylandi. O‘yinda darvozalar jami yetti marta ishg‘ol etildi: «Real»ning har bir goliga «Bavariya» javob qaytara oldi va so‘nggi daqiqalardagi gollar evaziga superkambekka erishdi. E’tiborli tomoni, madridliklar o‘yinni 9 kishi bo‘lib yakunlashdi (Kamavinga va Guler chetlatildi).
Bavariya 4:3 Real Madrid (umumiy hisob — 6:4)
Gollar: Pavlovich (6), Keyn (38), Dias (89), Olise (90+4) — Guler (1, 29), Mbappe (42)
Londondagi bahsda esa hisob ochilmadi, ammo birinchi o‘yindagi kichik g‘alaba (1:0) «kanonirlar»ga yarim final yo‘llanmasini taqdim etdi.
Arsenal 0:0 Sporting (umumiy hisob — 1:0)
Bir kun oldin o‘tgan o‘yinlardan so‘ng «PSJ» va «Atletiko Madrid» yarim finalga yo‘l olgan edi. «PSJ» «Liverpul»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:0 hisobida mag‘lub etgan, «Atletiko Madrid» «Barselona» bilan ikkinchi o‘yinda 1:2 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, umumiy 3:2 hisobida ustun kelgan edi.
Yarim final juftliklari:
PSJ — Bavariya
Atletiko Madrid — Arsenal
Dastlabki uchrashuvlar:
28-aprel: PSJ — Bavariya
29-aprel: Atletiko Madrid — Arsenal
Javob uchrashuvlari:
5-may: Arsenal — Atletiko Madrid
6-may: Bavariya — PSJ
Sport
Eron terma jamoasi JCh-2026da qatnashishi shart — FIFA prezidenti
FIFA prezidenti Janni Infantino Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatga qaramay, Eron terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida qatnashishi shartligini aytdi.
«Eron, albatta, kelishi kerak. Futbolchilar o‘z xalqi nomidan maydonga tushadilar. Ular saralashdan o‘tishdi va o‘ynashni xohlashadi», — deya ta’kidladi FIFA rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Eron sport va yoshlar siyosati vaziri mamlakat terma jamoasi AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan turnirga bormasligini bildirgan edi. O‘shanda vazir eronlik futbolchilar u yerda o‘zlarini xavfsiz his qilmasliklarini va musobaqada ishtirok etish uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligini ta’kidlagan.
Biroq Infantinoning so‘nggi bayonoti FIFA ushbu masalani ijobiy hal etishga umid qilayotganini ko‘rsatmoqda.
Sport
«Jahon chempionligi uchun imkoniyatlarimdan foydalanishga harakat qilaman»
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov da’vogarlar turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahon chempionligi uchun bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritdi.
Kiprda o‘tgan musobaqadan so‘ng u bo‘lajak final uchrashuvi haqida fikr bildirib, bellashuv oson bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Men bu haqda ko‘p o‘ylashni istamadim. Yil oxirida meni juda qiyin o‘yin kutayotganini bilaman», – dedi Sindarov.
Ma’lumot uchun, u jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi bahs olib boradi. Sindarov raqibining tajribasini tan olgan holda, o‘z imkoniyatlariga ham ishonch bildirdi.
«Unda bu kabi o‘yinlarda tajriba bor. Ammo menda ham juda yaxshi jamoa bor, tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar mavjud. Shuning uchun ko‘p ishlab, imkoniyatlarimdan foydalanishga harakat qilaman», – dedi u.
Grossmeyster da’vogarlar turnirining o‘zi ham oson kechmaganini ta’kidladi.
«Bu juda uzoq va qiyin turnir bo‘ldi. Har bir tur juda murakkab o‘tdi. Oxirgi kunlarda hatto yaxshi uxlay olmadim. Ammo hozir juda xursandman. Oilamga, murabbiylarimga va meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat», – dedi Sindarov.
Sindarov so‘nggi turdagi partiya psixologik bosimsiz o‘tishini aytdi. Shuningdek, u e’tiborini nafaqat o‘z o‘yiniga, balki ayollar o‘rtasidagi da’vogarlar turniriga ham qaratishini bildirdi:
«Ertangi partiya bosimsiz o‘tadi. Shu bilan birga, Sarani (qozog‘istonlik Bibisora Asaubayeva, -tahr.) ham qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. Uning ham imkoniyatlari yaxshi».
-
Dunyodan4 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Dunyodan4 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot1 day ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Mahalliy4 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Siyosat4 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Turk dunyosi4 days agoDadam Turkiyadagi dahshatli tish davolash tufayli tishlarini yo’qotib, o’z joniga qasd qiladi
