Connect with us

Sport

«Argentinani chempionlik bilan tabriklayman». Misrliklar hakamlikdan norozi

Published

on


Misr vakillari o‘z mag‘lubiyatida «Messini yana chempion qilishni xohlayotgan FIFA»ni ayblashdi.

Misr milliy jamoasi 1/8 finalda Argentinaga yutqazib, jahon chempionatini tark etdi. Mag‘lubiyat juda alamli bo‘ldi – afrikaliklar jamoasi ikkinchi bo‘lim davomida 2:0 hisobida oldinda borib, o‘yin oxirida 13 daqiqa ichida uchta gol o‘tkazib yubordi. O‘yindan keyin jamoa vakillari hakamlikni keskin tanqid qilishdi.

«Hakam millat orzusini barbod qildi»

O‘yindan keyin Misr milliy jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hassan hamda jamoa hujumchisi Mustafo Ziko o‘z intervyularida FIFAni soxtakorlikda ayblab, jahon chempionatida hamma narsa Lionel Messining foydasini ko‘zlab qilinganini aytishdi.

Murabbiy Argentinani muddatidan oldin «chempionlik» bilan tabriklagan va bu jamoa «o‘ynamasdan ham chempion bo‘lishi»ni aytgan:

«Biz bugun yaxshiroq o‘ynadik, ammo futbolda adolat yo‘q. FIFA feyr-pley tarafdori bo‘lsa ham, bo‘lib o‘tgan voqealar adolatsizlik edi. Hakam arzirli sababsiz golni inobatga olmadi. Keyin bizga penalti berilmadi. Hisob 3:1 bo‘lishi mumkin edi, ammo amalda 2:2 bo‘ldi.

Penalti bilan bog‘liq epizodda Hamdi Fathini jarima maydonida ochiqchasiga futbolkasidan tortib yiqitishgandi.

Balki gap marketingdadir. Balki kimdir jahon chempionatida muayyan jamoa yoki muayyan yulduz yana g‘olib bo‘lishini xohlar. Bu yana Argentina va yana Messi bo‘lishini.

Men futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman, ular so‘ralgan ishni qilishdi, biz ajoyib daraja namoyish etdik, Misr, arab dunyosi va Afrika futbolini biz bilan faxrlanishga majbur qildik. Ammo vazifani murakkablashtiradigan tashqi omillar bor. Albatta, iloji boricha uzoqroqqa borib, muxlislarga yanada ko‘proq quvonch bag‘ishlashni istardik, men yutqazishni yomon ko‘raman. Mag‘lubiyat bunday adolatsizlik bilan kelganda esa juda ham og‘ir. Shuning uchun meni kechiring va mendan xafa bo‘lmang.

Men faqat bir narsani – adolatni so‘rayman. FIFA adolatli o‘yin tamoyili haqida gapiradi, ammo menimcha, bizni jiddiy xafa qilishdi. Belgiya bilan birinchi o‘yinda ham bizga aniq penalti belgilanmagan edi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Hakamlarning xatolari hal qildi».

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida birinchi goli bekor qilingan hujumchi Mustafo Ziko ham fransiyalik hakam Fransua Leteksening ishini juda past baholagan.

«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Endi xudo oldida javob bersin», – dedi Ziko.

Saloh esa nisbatan mulohazakorlik qilgan.

«Avvalo, bu Xudoning irodasi edi. O‘yin taqdiri va uning natijasi shunday bo‘lishi yozilgandi. Birinchi bo‘limni ajoyib o‘tkazdik va ikkinchi bo‘limning katta qismida ham yaxshi ko‘rindik. Ammo bir necha kichik xatolarga yo‘l qo‘ydik. Hakamlikka kelsak, izoh bermaslikni ma’qul ko‘raman. Nima bo‘lganini hamma ko‘rdi. Boshqa aytadigan gapim yo‘q.

Bizning gol bekor qilindi, shuningdek, foydamizga penalti ham qo‘yilmadi. Shundan so‘ng raqib darhol qarshi hujumga o‘tdi va gol urdi. Murabbiy bizni turnirdagi ishtirokimiz uchun tabrikladi. Biz turnirda erishganlarimiz asosida kelajak quramiz va Xudo xohlasa, oldinda bizni yanada muvaffaqiyatli kelajak kutmoqda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Globo.

Misr futbol assotsiatsiyasi Argentinaga qarshi uchrashuvdagi hakamlik bo‘yicha FIFAga rasmiy shikoyat yubordi. Assotsiatsiya prezidenti Hani Abu Rida uchrashuvdagi bahsli vaziyatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni, shuningdek o‘yinda ishlagan Fransua Letekse boshchilik hakamlar brigadasini turnirdan chetlatishni talab qilgan.

O‘yindagi qaysi vaziyatlar misrliklarni norozi qildi?

Quyida Misr vakillari nazarda tutgan uchta epizod haqida.

58’ – Ziko qarshi hujumda gol urdi, ammo bu gol VAR aralashuvi bilan bekor qilindi: videotakrorda hujum boshlanishida Marvon Attia to‘pni Lisandro Martinesga nisbatan qo‘pollik ishlatib, olib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Qoida bo‘yicha hakamning qarori to‘g‘ri, ammo bu turnirda bir necha marta bu kabi holatlar boshqacha talqin etilgandi.

91:13’ – misrliklar bir hujumdagi ikki holat uchun penalti so‘rashdi: avvaliga Hamdi Fathi raqib jarima maydonida Aleksis Mak Allister bilan to‘p uchun kurashda yiqildi.

Bir qarashda bu holat uchun penaltiga asos ko‘rinmaydi, kontakt keskin emasdi. Mak Allister raqibning qo‘lidan ushlagani rost, ammo misrlik futbolchi ham aktyorlik mahoratini ishga solgandek tasavvur uyg‘ondi.

91:38’ – Saloh jarima maydoni ichida yiqildi, bu vaziyatda Hulian Alvares himoyaga yordamga qaytgan va undan to‘pni olib qo‘yib, qarshi hujum boshlagan – Argentina g‘alaba golini urgandi.

Videotakror esa Alvares to‘pga o‘ynagani, keyin esa Saloh muvozanatni yo‘qotib, inersiya bo‘yicha uning oyog‘iga urilganini ko‘rsatdi.

So‘nggi daqiqalardagi to‘qnashuvlar

Argentinaning uchinchi golidan keyin deyarli barcha misrliklar Fransua Leteksega tashlanishdi: ular golni bekor qilib, Argentina darvozasiga penalti qo‘yishni talab qila boshlashdi.

Ammo VAR xonasidagi hakamlar uni monitoring qarshisiga chaqirishmagandi. 

Letekse esa Misr murabbiylar shtabi vakillaridan biriga qizil kartochka ko‘rsatganidan keyingina vaziyat tinchlandi va o‘yin davom ettirildi.

Bu vaqtda taymer 95:21 raqamlarini ko‘rsatayotgandi. Goldan keyin yuzaga kelgan uch daqiqalik to‘xtalishni hakam kompensatsiya qilishi kerak edi (u qo‘shimcha daqiqalarga vaqt qo‘shib berdi ham).

Keyin esa janubiy amerikaliklar, birinchi navbatda darvozabon Emiliano Martines ochiqchasiga vaqt cho‘zishga kirishdi.

Misr to‘pni markazdan o‘yinga kiritdi, jarima maydoniga uzatma berildi, u yerda to‘pga ega chiqqan darvozabon yerga yotib oldi va to‘pni 8 soniya (qoida bo‘yicha 6 soniyagacha mumkin) qo‘lida ushlab turdi.

Biroz o‘tib Martines yana vaqt cho‘zdi: bu safar to‘pni 10 soniyadan ko‘proq o‘zida ushlab qoldi. 6:12-daqiqada to‘pni olgandi, o‘yinga 6:25-daqiqada kiritdi. Bu qoidabuzarlik edi, ammo hakam buni e’tiborsiz qoldirdi.

7:30’ – Marvan Attia maydon markazida Enso Fernandesga nisbatan fol ishlatdi.

7:55’ – argentinaliklar hali ham to‘pni o‘yinga kiritmagandi, Saloh hakamdan bunga e’tibor qaratishni so‘radi. Murabbiylar shtabi esa shovqin ko‘tarib, e’tiroz qildirishni boshladi. 

Hassan qo‘llari bilan X shaklini namoyish etgani uchun sariq kartochka oldi (FIFAning yangi protokoliga ko‘ra, bunday harakat hakamga irqchilik haqida signal berishni anglatadi. Hassan aynan kim tomonidan kimga irqchilikni nazarda tutgani noma’lum).

Hassan qo‘llari jyest qilishda davom etdi va bosh hakam uni oxirgi marta ogohlantirish uchun chopib keldi.

Jamoa boshlig‘i Ibrohim Hassan akasini tinchlantirdi, shu bilan birga, hakamga qarata soatni anglatuvchi harakat qildi.

Ammo vaqt baribir yetmadi – Argentina g‘alabali hisobni saqlab qoldi. Fransua Letekse final hushtagini chalganida 12-qo‘shimcha daqiqa o‘tib borayotgandi, holbuki avvaliga yetti daqiqa qo‘shgandi. Misrliklarning vaqt qo‘shib berish bo‘yicha so‘rovlari bajarildi, ammo ularning o‘zi bundan foydalana olmadi.

Shundan keyin misrliklar turnirdagi soxtakorliklar haqida shov-shuvli chiqishlar qila boshlashdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

JCh kundaligi. Messida rekord va antirekord, Shveytsariya kuchli sakkizlikda

Published

on


Leo yana to‘purarlar poygasida ilgarilab ketdi va quvonchdan yig‘ladi, turnirda bittagina gol (Abbos Fayzullayevdan) o‘tkazgan Kolumbiya esa uyga qaytdi.

Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi yakuniga yetdi. Argentina Misr bilan o‘yinda telbavor kambek amalga oshirdi (3:2), Shveytsariya esa Kolumbiya bilan o‘yinni penaltilar seriyasida hal qilib (0:0, 4:3) keyingi bosqichga yo‘l oldi. Endi ushbu g‘olib jamoalar chorakfinalda o‘zaro kuch sinashadi.

Maydondan tashqarida ham e’tiborga molik voqealar ro‘y bermoqda: Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines iste’foga chiqdi, Paragvayda Kilian Mbappeni tanqid qilishda davom etishmoqda, norvegiyalik futbolchilar esa shamollab qoldi.

Hollivudcha ssenariy

Argentina – Misr 3:2

Gollar: Yosir Ibrohim, 15 (0:1). Ziko, 67 (0:2). Romero, 79 (1:2). Messi, 83 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)

Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 21’

Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 90+5), Talyafiko (Gonsales, 66), Molina (Montiel, 73), Paredes, Makallister, Fernandes, de Paul (L. Martines, 66), Alvares (Medina, 90+5), Messi

Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hafiz, Hani, Lashin (Sayid, 90+5), Ateya, Ashur (Fati, 46), Hassan (Trezege, 73), Saloh, Ziko (Marmush, 80)

Ogohlantirishlar: Shubayr, 90. Fati, 90. Ateya, 90

Argentinaliklar o‘tgan bosqichdayoq dramatik o‘yinlar o‘tkaza olishini isbotlagandi. Ammo 1/8 finalda Misrga qarshi o‘yinda jamoa darajani yana bir bosqichga ko‘tardi va jahon chempionatlari tarixidagi eng yorqin kambeklardan birini amalga oshirdi.

Uchrashuv «Albiseleste» uchun tezkor gol o‘tkazib yuborish bilan boshlandi, keyin esa Lionel Messi penaltini ura olmadi (va jahon chempionati davomida ikki bor penaltidan gol ura olmasdan, antirekord qayd etdi). Ikkinchi bo‘limda argentinaliklar Mustafo Zikodan ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi.

Ish sensatsiyaga qarab ketayotganida Lionel Skaloni shogirdlari maksimal hujumkor rejimni yoqishdi. 79-daqiqada Messi to‘pni jarima maydoniga kirib borgan himoyachi Kristian Romeroning boshiga yetkazib berdi va hisob qisqardi. Bir necha daqiqa o‘tib Leoning o‘zi misrlik himoyachilar xatosidan foydalanib, hisobni qisqartirdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Enso Fernandes qarshi hujumni g‘alaba goli bilan yakunladi. Argentinaliklar kambek uchun 13 daqiqa sarflashdi – bu ham jahon chempionati tarixiga rekord sifatida kirdi.

Messining o‘zi gollari sonini sakkiztaga yetkzadi va turnir to‘purarlari ro‘yxatida birinchilikni o‘ziga qaytardi, Kilian Mbappe, Erling Holand (ikkisida ham 7 tadan) va Harri Keyn (6) uni ta’qib qilishda davom etadi. Buning o‘zi ham alohida poygaga aylandi: turnirda ilk bor birdaniga uch nafar futbolchida 7 va undan ortiq gol bor.

Messi shu kuni jahon chempionatidagi eng yaxshi to‘purar (21) sifatida ko‘rsatkichini yaxshilab oldi (eng yaqin ta’qibchisi Mbappeda 19), shuningdek, o‘z vatandoshi Maradonani ortda qoldirgan holda jahon chempionatidagi eng yaxshi assistentga (9) aylandi. Bundan tashqari, u jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan (31) futbolchi, jahon chempionatlarida qatorasiga 9 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi (hech kimda 7 ta gollik seriya ham yo‘q) va jahon chempionati pley-off bosqichlarida qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi hisoblanadi.

Tabiiyki, o‘yin hakamlik mojarosisiz kechmadi. Fransiyalik bosh hakam Fransua Letekse hujum boshlanishidagi fol tufayli misrliklarning 60-daqiqadagi golini bekor qildi, 90+2-daqiqada esa argentinaliklar jarima maydoni ichidagi folni inobatga olmadi.

Natijada Afrika vakillari turnirni tark etishda FIFA va hakamlarni keskin ohangda tanqid qilishdi.

«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Endi xudo oldida javob bersin», – dedi Ziko.

Argentinada esa hakamlikka hech qanday e’tiroz yo‘q. Quvonch ko‘z yoshlarini to‘kkan Messi o‘z jamoadoshlari xarakter ko‘rsatganini e’tirof etdi.

«To‘g‘risini aytsam, biz yurishimizni davom ettirishimiz, buni qanday uddalaganimizni hisobga olsak, bu katta baxt. Hisob 0:2 bo‘lgach, vaziyat ancha murakkablashgandi. O‘yinni o‘zgartira olganimizdan aql bovar qilmas his-tuyg‘ularni his qilyapmiz. Bizga yana juda qiyin bo‘ldi, lekin bu jahon chempionati. Barcha o‘yinlar aynan shunday kechadi. Bu yerda barcha jamoalar teng. Men juda baxtiyorman», – deya tan oldi Messi jurnalistlar bilan muloqotda.

Kolumbiya uyga qaytdi

Shveytsariya – Kolumbiya 0:0

Penaltilar seriyasi: Kintero – (0:1). Jaka – (1:1). Sanches – (1:1)(to‘sin). Amduni – (2:1). Kampas – (2:2). Akanji – (2:2)(xato). Ernandes – (2:2)(darvozabon). Itten – (3:2). Dias – (3:3). Ruben Vargas – (4:3)

Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muhaym, 71), Zakariyo (Vidmer, 87), Froyler, Jaka, Yashari (Sou, 46), Ndoy (Ruben Vargas, 90+2), Rider (Amduni, 103), Embolo (Itten, 87)

Kolumbiya: K. Vargas, Lukumi (Mina, 119), Sanches, Mohika, Munos, Puerta, Lerma (Rios, 82), Dias, Arias (Kintero, 66), Xames Rodriges (Kampas, 66), Suares (Ernandes, 82)

Ogohlantirishlar: Jaka, 51. Zakariyo, 59. Muhaym, 105 – Suares, 60. Sanches, 95

Argentina va Misr o‘rtasidagi adrenalinli o‘yindan keyin Shveytsariya va Kolumbiya o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilish muxlislar uchun azobga aylandi. Birinchi bo‘limda jamoalar deyarli hujum qilishmadi va shunchaki vaqt o‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Dastlabki 45 daqiqalikdagi asosiy haylayt esa tribunada o‘tirgan Yurgen Klopp kartoshka frisi tanovul qilayotgani ko‘rsatilgan kadr bo‘ldi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda maydondagi voqealardan faolroq muhokama qilindi.

Ikkinchi bo‘limda ham vaziyat deyarli o‘zgarmadi – jamoalar bir-birini deyarli bezovta qilishmadi. Faqat qo‘shimcha bo‘limlarda kolumbiyaliklar tashabbusni qo‘lga olishdi, ammo o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi va baribir hisob ochilmay qoldi.

Penaltilar seriyasida ham shveysarlar va kolumbiyaliklar amalda bir xil harakat qilishdi. Sanchesning to‘singa borgan zarbasiga yevropaliklar Akanjining xatosi bilan javob qaytardi. Ammo abadiy bunday davom etishi mumkin emasdi va Shveytsariya posboni Gregor Kobel Kucho Ernandesning zarbasini qaytardi, Kolumbiya posboni Kamilo Vargas seyv qila olmadi.

Natijada Shveytsariya 1954 yildan buyon ilk bor mundial chorakfinaliga chiqdi va yarimfinal uchun Argentinaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, turnir davomida atigi bitta gol o‘tkazgan (O‘zbekiston bilan o‘yinda Abbosbek Fayzullayevdan) kolumbiyaliklar esa uyga qaytadi.

Martines Portugaliyani tark etdi

Jahon chempionatida iste’folar paradi davom etmoqda. Turnir 1/8 finalida Ispaniyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (0:1) Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines ham jamoani tark etdi. U bunday bo‘lishini rejalashtirmagani, ammo endi boshqa yo‘l qolmaganini aytgan.

«Ushbu qaror jahon chempionatidan oldin qabul qilinganmidi? Yo‘q, u uzil-kesil tasdiqlangan deb o‘ylamayman. Men Portugaliyaga jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun kelgandim va o‘ylaymanki, g‘alabasiz davom ettirishning ma’nosi yo‘q. Endi direktorlar kengashi va prezident yangi murabbiyni tanlash imkoniyatiga ega. Prezident har doim meni qo‘llab-quvvatlagan, lekin shartnomam bugun tugaydi. Boshqa aytadigan gapim yo‘q», – deydi Martines.

Ispaniyalik ushbu mutaxassis Portugaliyani 2023 yilda qabul qilib olgandi, ammo jamoa bilan hech qanday sovrin yuta olmadi.

Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda sakkizinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) iste’foga chiqdi. Pley-offdagi natijalardan keyin Ronald Kuman (Niderlandiya), Sebastyan Bekkasese (Ekvador) va Yulian Nagelsmann (Germaniya) ham lavozimini tark etgandi.

Mbappening senator bilan aytishuvi davom etmoqda

Selesta Amarilya Kilian Mbappega hamla qilishda davom etmoqda. Paragvaylik ushbu senator ayol o‘z mamlakati milliy jamoasi «Uchranglilar»ga yutqazib, turnirni tark etganidan keyin futbolchini «kalondimog‘ va badbashara», shuningdek «o‘zini fransuz qilib ko‘rsatadigan kamerunlik» deb atagandi. Uning postida irqchilik ruhidagi boshqa keskin so‘zlar ham bor edi. Bunga javoban Mbappe uni «jirkanch ayol» deb atadi va bu Amarilyaning navbatdagi zaharli so‘zlariga sabab bo‘ldi.

«Sening takabburliging va nafrating o‘yindan oldin ushbu so‘zlarni aytganingdayoq meni g‘azablantirgandi: «Agar qo‘limizni axlatga tiqishga to‘g‘ri kelsa, tiqamiz». Biz ahmoq emasmiz. Biz sen «axlat» deganda Paragvay milliy jamoasi va umuman barcha paragvayliklarni nazarda tutganing aniq. Keyin esa sen ular «makiyajini olib tashlashdi» deding. Buni ham tushundik, siz – makiyajli elegantlar, biz esa – makiyaj nimaligini ham bilmaydigan qashshoq, qo‘pol odamlarmiz. Butun Paragvay, jumladan, men ham buni shunday qabul qildik. Biz bu so‘zlarni ichimizga yutdik.

Endi men sen o‘z so‘zlaringni qaytarib olishing va mendan uzr so‘rashingni talab qilaman. Men ham sening zo‘ravonligingga toqat qilmoqchi emasman. Sen meni tanimaysan, mening kimligimni bilmaysan va meni o‘z lavozimiga noloyiq jirkanch ayol deb aytishga haqqing yo‘q… So‘zlaringni qaytarib ol, fransuz fuqaroliginga hurmat ko‘rsat va uzr so‘ra. Aks holda, men gender zo‘ravonligi bo‘yicha sud jarayonini boshlashim mumkin», – deya yozgan senator ijtimoiy tarmoqda.

Amarilyaning so‘zlari diplomatik mojaroga sabab bo‘lishiga bir baxya qoldi – Fransiya hukumati ushbu siyosatchini irqchilik uchun qoraladi, mahalliy futbol federatsiyasi esa prokuraturaga murojaat qilmoqchi. Hozircha oqibatlar kuzatilmadi – Paragvay hukumati ham senatorni qoraladi.

Vikinglar shamollab qoldi

Viking bo‘lish degani doim ham sog‘ bo‘lish degani emas. Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken bir necha futbolchisi shamollagani haqida xabar berdi.

«Bizda faqat Yyergen Larsenning tana harorati ko‘tarilgan, lekin boshqalarda ham yo‘tal va xirillash bor. Barchasiga konditsionerlar, parvozlar, kiyim almashtirish xonasidagi holatlar sabab. Bizda 50 dan ortiq odam bor, bunday holatda kimdir shamollab qolmasligi imkonsiz edi», – degan Solbakken.

Endi murabbiylar shtabi asosiy futbolchilarning sog‘ligi haqida qayg‘urishi kerak – 12 iyul kuni jamoani chorakfinalda Angliyaga qarshi o‘yin kutmoqda.



Source link

Continue Reading

Sport

Argentinada afsonaviy 13 daqiqa. Amaldagi chempionlar kambek qilishdi 

Published

on


Jahon chempionatining nabvatdagi dramatik o‘yini taqdirini Messi dahosi va Misrning xatolari hal qildi.

Argentina jahon chempionati 1/8 finalida g‘alaba qozondi – 3:2. Lionel Skaloni shogirdlari o‘yinning katta qismida hisobda ortda borishdi, ammo 13 daqiqa ichida tarixga kiradigan kambekni amalga oshirishdi.

13 daqiqa ichidagi 3 ta gol

Argentina – Misr 3:2

Gollar: Yosir Ibrohim, 15 (0:1). Ziko, 67 (0:2). Romero, 79 (1:2). Messi, 83 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)

Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 21’

Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 90+5), Talyafiko (Gonsales, 66), Molina (Montiel, 73), Paredes, Makallister, Fernandes, de Paul (L. Martines, 66), Alvares (Medina, 90+5), Messi

Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hafiz, Hani, Lashin (Sayid, 90+5), Ateya, Ashur (Fati, 46), Hassan (Trezege, 73), Saloh, Ziko (Marmush, 80)

Ogohlantirishlar: Shubayr, 90. Fati, 90. Ateya, 90

Amaldagi jahon chempionlari nimchorakfinalda Misrga qarshi o‘yinda katta qiyinchilikka uchrashdi va tezkor gol o‘tkazib yuborishdi.

Birinchi bo‘limda Messi penaltidan foydalana olmadi (u bir turnirda ikkita penaltidan urolmagan ilk futbolchiga aylandi), ikkinchi bo‘limda esa ikkinchi gol ham o‘tkazib yuborildi. Amaldagi jahon chempionlari o‘yinning katta qismida sust harakat qilishdi va yaqqol golli vaziyatlar yarata olishmadi. Barcha turnirdagi navbatdagi sensatsiyaga tayyorlanayotgandi.

Ammo o‘yin oxirida Argentinaga raqibni tinimsiz hujumlar bilan qiynashning zarurati yo‘q ekani oydinlashdi. Bitta hujum o‘yinda burilish yasash uchun yetarli bo‘ldi – 79-daqiqada Messi jarima maydoniga kirib borgan Kristian Romeroning boshiga to‘pni aniq qilib yetkazib berdi, u esa o‘yin davomida qahramonlik ko‘rsatib kelgan darvozabon Shubayrga hech qanday imkon qoldirmadi.

Misrliklar bu zarbadan o‘ziga kela olmadi va Skaloni shogirdlari bosimni kuchaytirishdi. 83-daqiqada bu o‘z samarasini berdi: Messi jarima maydonida bo‘sh qoldirildi va hisobni tenglashtirdi.

Shundan keyin afrikaliklar o‘yinni asosiy vaqtda hal qilish uchun oldinga borishdi va qarshi hujumni o‘tkazib yuborishdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Lautaro Martines to‘p bilan hech qanday qarshiliksiz raqib jarima maydoniga yaqinlashib bordi va darvozabon hududiga to‘p uzatdi. U yerda Enso Fernandes ham qarshiliksiz zarba berdi va o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi – 3:2.

Quvonch ko‘z yoshlari

Hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalinganidan keyin argentinaliklar hissiyotlarga erk berishdi.

Messi maydonning o‘zida yig‘lab yubordi – u bir kun oldin Portugaliya bilan Ispaniyaga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan (0:1) keyin yig‘lab turnirni tark etgan Krishtianu Ronaldudan farqli o‘laroq kurashni davom ettiradi.

Shundan keyin jamoadoshlari Messini qo‘llarida ko‘tarib, osmonga otishdi.

Argentinaliklar ustozi ham yig‘ladi va jurnalistlar qarshisida so‘z topa olmadi.

«Boshimni ko‘tara olmayapman. Kechiring, hissiyotlar jo‘sh urmoqda. Bu qanday futbolchilar! Kechiring, uka, men ketishim kerak», – dedi Skaloni va kameralar qarshisidan uzoqlashdi.

G‘alaba goliga assist bergan Lautaro Martinesda esa aytishga so‘z topildi.

«Aql bovar qilmaydi! Bu jamoa navbatdagi marta qiyinchiliklar va omadsiz pallalarga qaramay, doim oldinga borishini namoyish etdi. Biz taslim bo‘lmaymiz va ko‘prog‘ini xohlaymiz», – degan «Inter» hujumchisi.

Misrliklar norozi

Misr vakillari ham jim turgani yo‘q – ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida goli bekor qilingan Mustafo Ziko o‘yindagi hakamlikni tanqid qildi.

«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Xudo oldida javob bersin», – dedi Ziko.

«Fir’avnlar»ning asosiy yulduzi Muhammad Saloh esa sukut saqladi. U o‘yindan keyin shunchaki yig‘ladi – katta ehtimol bilan, bu 34 yoshli hujumchi faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lib qoladi.

Nima bo‘lganda ham, turnirni allaqachon misrliklar uchun a’lo darajada o‘tdi deyish mumkin – jamoa o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida bu bosqichga qadar yetib kela oldi. Va so‘nggi o‘yinida faqat mo‘jiza tufayli yutqazdi, aftidan, bu 13 daqiqalikda Argentinani to‘xtatishning imkoni yo‘q edi.



Source link

Continue Reading

Sport

XOQ rossiyalik sportchilardan barcha cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qildi

Published

on


XOQ tomonidan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha berilgan tavsiya musobaqalarga avtomatik ravishda ruxsat berilishini anglatmaydi. Har bir sport turi bo‘yicha yakuniy qarorlarni tegishli xalqaro federatsiya mustaqil ravishda qabul qiladi.

Foto: REUTERS/Denis Balibouse

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rossiyalik sportchilarga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qildi, shuningdek, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) huquqlarini vaqtincha tikladi, deyiladi tashkilot saytida.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasiga nisbatan cheklovlar 2023 yil oktabr oyidan beri amal qilgan. Ular ROQ o‘z tarkibiga Ukrainaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXR, shuningdek, anneksiya qilingan Zaporojiye va Xerson viloyatlarining olimpiya kengashlarini kiritgani munosabati bilan joriy etilgan edi.

XOQ huquqiy masalalar bo‘yicha komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan «puxta tahlildan so‘ng» ROQ bo‘yicha qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi (UMOQ) yurisdiksiyasi ostidagi hududlarda joylashgan sport tashkilotlari endi uning tarkibiga kirmasligi hisobga olindi.

ROQ anneksiya qilingan hududlarda ishlamayotganini va ishlamasligini tasdiqladi. Aprel oyida sport vaziri Mixail Degtyarev nomi ko‘rsatilmagan mintaqaviy sport tashkilotlari ROQ tarkibidan chiqarilganini ma’lum qilgan edi.

ROQ bo‘yicha cheklovlar qancha muddatga olib tashlanganiga aniqlik kiritilmagan. XOQ Ijro qo‘mitasi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga va’da berdi.

Bundan tashqari, XOQ tomonidan rossiyalik sportchilarni faqat neytral maqomda qabul qilish va ularga nisbatan «himoya choralari» bo‘yicha berilgan barcha tavsiyalar bekor qilindi. Tashkilotning ta’kidlashicha, xalqaro musobaqalarga qaytayotgan barcha rossiyalik sportchilar amaldagi antidoping talablariga javob berishi kerak.

Tashkilot Olimpiya o‘yinlarida Rossiya bayrog‘i, madhiyasi, milliy ranglari va boshqa ramzlardan foydalanish bo‘yicha hali qaror qabul qilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, XOQ o‘z tadbirlarini Rossiyada o‘tkazmasligini va rossiyalik amaldorlarni o‘z homiyligidagi tadbirlarga taklif etmasligini qo‘shimcha qildi.

Tegishli qarorlar bir kun avval 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari saralashining boshlanishi, shuningdek, «barcha sportchilar uchun musobaqalarga teng kirishni ta’minlash zarurati» munosabati bilan qabul qilindi.

Rossiya va Belarus sportchilari Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan so‘ng xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi. Keyinchalik bu mamlakat sportchilari neytral maqomda musobaqalarda ishtirok eta boshladi.

XOQ 2026 yil may oyida Belarusni jahon sportiga qaytarishni tavsiya qilgan edi.

XOQ tomonidan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha berilgan tavsiya musobaqalarga avtomatik ravishda ruxsat berilishini anglatmaydi. Har bir sport turi bo‘yicha yakuniy qarorlarni tegishli xalqaro federatsiya mustaqil ravishda qabul qiladi.



Source link

Continue Reading

Sport

«Dinamo» futbolchisi Bundesliga klubiga o‘tishi mumkin

Published

on


O‘zbekiston milliy jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etgan Samarqandning «Dinamo» jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov Germaniya chempionatining nomdor jamoalaridan biiri «Borussiya» Myunhengladbahga o‘tishi mumkin. «Surxon» himoyachisi Behruz Karimovga Fransiya, Angliya klublari qiziqish bildirgan.

O‘zbekiston mundialda yomon qatnashgan bo‘lsa-da, bu yirik futbol forumi yana bir necha futbolchilarimiz uchun Yevropa futboliga yo‘l ochishi mumkin. Kun.uz studiyasida tahririyat jurnalistlari Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev, Bobur Akmalov va O‘tkir Jalolxonov futbolchilarimiz legionerga aylanishi mumkinligi, ularga qaysi chempionat mos tushishi kabi mavzularni muhokama qildi. Videoni YouTube-kanalimizda batafsil tomosha qiling.



Source link

Continue Reading

Sport

«Mustamlakadan chiqqan kamerunlik». Mbappega irqchilik qilindi

Published

on


Paragvaylik senator fransuz futbolchisini keskin ohangda haqorat qildi. Kilian unga javob qaytardi. Makron ham futbolchining yonini olib chiqdi. Senator esa postini o‘chirib yubordi va o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatmoqda: u futbolchini gender zo‘ravonlikda ayblagan.

JCh-2026 nimchorakfinalida Paragvay va Fransiya o‘rtasidagi uchrashuvda chiqqan olov tinay demayapti. Paragvaylik senator Kilian Mbappeni qattiq tanqid qildi irqchilikka yo‘l qo‘ydi.

«Mustamlakadan chiqqan kamerunlik. Takabbur va badbashara».

Paragvaylik senator Selesta Amarilya Fransiyaga qarshi o‘yindagi voqealarni shu qadar og‘ir qabul qildiki, X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Kilian haqida shunday so‘zlarni yozdi:

«Zo‘r berib o‘zini fransuz qilib ko‘rsatuvchi mustamlakadan chiqqan kamerunlik. Takabbur, puldor va badbashara. U butun o‘yin davomida asabiylashdi va butun jamoasi kabi o‘lgudek qo‘rqib ketdi, ular birorta gol ura olishmadi va faqat baxtli tasodif tufayli g‘alaba qozonishdi.

Paragvay jamoasiga ta’na qilish mumkin bo‘lgan yagona narsa – o‘yindan keyin hech kim unga shapaloq tortmagani.

Bu yigitcha hatto yozishni ham o‘rganmagan, ona suti o‘rniga kokos sutini ichgan, u tinglaganlar orasida eng o‘qimishlisi esa shimpanze bo‘lgan. Orlando Gil [Paragvay darvozabon] unga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatishi kerak edi».

Amarilyaning Kilianga bunchalik kuchli nafrat izhor etishiga o‘yindan keyin Mbappe paragvayliklar darvozaboniga qo‘l berishdan bosh tortgani va uni masxara qilgani sabab bo‘ldi.

Shundan keyin darvozabon to‘pni unga qarata otib yuborgandi.

Qayd etish kerakki, Paragvayda juda ko‘pchilikni fransuz futbolchisining ushbu xatti-harakati qattiq norozi qildi – jamoa turnirni tark etganidan keyin mahalliy matbuotda unga hujum qilindi.

Mbappening xatti-harakati Argentina milliy jamoasi sobiq darvozaboni, o‘yinda DSpors telekanali uchun ishlagan Serxio Goykocheaga ham yoqmagan: «To‘g‘ri, buni Mbappening ijrosida ko‘rish achinarli. Men futbol folklorini tushunaman, ba’zi janjallarni tushunaman, lekin oxirida g‘alaba qozonganingda o‘zingni shunday tutish, tabassum qilish va maqtanishni emas».

«Siz lavozimiga noloyiq jirkanch ayolsiz». Mbappe javob qaytardi

Kilian Mbappe jim turishni istamadi va senatorga murojaatida to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday dedi:

«Madam Selesta Amarilya, siz o‘z lavozimingizga munosib bo‘lmagan jirkanch ayolsiz. Siz Paragvayni – butun turnir davomida ehtirosli va sharafli o‘yin ko‘rsatgan mamlakatni ifoda etmaysiz.

Sizning so‘qirligingiz va oshkora irqchiligingiz tufayli butun dunyo futbolchilaringiz ushbu jahon chempionati davomida bosib o‘tgan yo‘lni va ko‘rsatgan tarixiy sa’y-harakatlarini allaqachon unutdi. Ular o‘z o‘rnini mamlakat uchun eng yomon imij yaratuvchi noshud xonimga bo‘shatib berishdi.

Men u kabi odamlarga nafrat va irqchilikni butun dunyo bo‘ylab bemalol yoyishga hech qachon yo‘l qo‘ymayman». 

Makron Mbappeni himoya qildi. Federatsiya senatorni sudga bermoqchi

Fransiyada hamma futbolchiga nisbatan irqchilikni qoralamoqda.

Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Dide Deshamning yordamchisi Gi Stefan bu so‘zlarni jirkanchlik deb atagan: «Biz bu haqda eshitdik. Buni hali Kilian bilan muhokama qilishga ulgurmadik. Uchta so‘z: bu nomunosib, jirkanch, qabih. Tabiiyki, men federatsiya bayonoti va Kilianning so‘zlariga qo‘shilaman» . 

Mbappeni Fransiya sport vaziri Marina Ferrari ham himoya qilib, Amarilyaning so‘zlarini g‘azabni keltiruvchi so‘zlar deb atadi va uning «irqchilik ruhidagi xuruji»ni qoraladi: «Kilian Mbappega hujum qilish orqali senator sardorimiz ifodalovchi barcha narsalarga va mamlakatimiz himoya qiladigan barcha narsalarga: erkinlik, tenglik va birodarlikka hujum qilmoqda. Kapitanimiz, murabbiyimiz va butun Fransiya milliy jamoasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman».

Fransiya futbol federatsiyasi prokuraturaga murojaat qilmoqchi: «Paragvaylik senator Selesta Amarilyaning Kilian Mbappega nisbatan irqchilik ruhidagi bayonotlari juda jirkanch va qabul qilib bo‘lmaydigan holdir. Qanday qilib bunday so‘zlar aytish mumkin? Bu jinoyatchilik va qoralanishga loyiqdir. Bunday so‘zlar qonun bo‘yicha ta’qib qilinishi kerak». Bunday chiqishlar mamlakatni ham haqoratlashi qo‘shimcha qilingan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Kilianning tarafini oldi: «Kilian Mbappe uchun yana bir gol – bu safar irqchilikka qarshi. Men uni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Iflos so‘zlar ishlatilganda, qadriyatlarimiz javob beradi: qadr-qimmat, hurmat, birodarlik».

Paragvay hukumati senatorning so‘zlarini qoralab, bu so‘zlar «Paragvay xalqi pozitsiyasini aks ettirmasligi» qayd etildi:

«Paragvay – hokimiyatning bo‘linishi va uning tarmoqlari mustaqilligi tamoyili asosida boshqariladigan demokratik respublika. Bu o‘rinda mazkur senator o‘z so‘zlari uchun shaxsan javobgardir. Ular respublika hukumati yoki Paragvay xalqining pozitsiyasini aks ettirmaydi.

Hukumat inson huquqlarini himoya qilish, barcha insonlar uchun tenglik va hurmat g‘oyalariga sodiqligini, shuningdek, irqchilik, ksenofobiya, murosasizlik hamda nafrat va kamsitishning barcha shakllariga qarshi kurashda qat’iy ekanini tasdiqlaydi.

Shuningdek, u ushbu so‘zlardan jabrlanganlar bilan birdamligini bildiradi va Paragvayni uzoq yillik do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuv munosabatlari bog‘lab turgan Fransiya xalqiga hurmatini yana bir bor izhor etadi».

«Dahshatli gender zo‘ravonligi»

Senatorning o‘zi esa chekinmoqchimas: u o‘z postini o‘chirdi, ammo futbolchini seksizmda ayblab, sud bilan tahdid qilmoqda.

«Mening postlarim his-tuyg‘ular jo‘sh urib turgan paytda, qonim qaynab turganida yozilgan edi. Oxirgi hushtakkacha siz bilan tengma-teng kurashgan ajoyib paragvaylik futbolchilarni masxara qilishingizni ko‘rib, yozgan edim.

Biroq sizga ham o‘zim haqoratlanganimdek haqorat bilan javob qaytarganimdan darhol pushaymon bo‘ldim. Men o‘zim nafratlanadigan xatti-harakatlarni takrorlaganimni anglab yetdim, shuning uchun postni o‘chirib tashladim. Mening gaplarim sizni ranjitganini tushunaman, chunki kamsitilish og‘riq beradi.

Endi sizdan ham so‘zingizdan qaytarib olib, mendan uzr so‘rashingizni talab qilaman. Men sizning haqoratlaringizga toqat qila olmayman. Siz meni tanimaysiz. Siz mening kimligimni bilmaysiz va meni o‘z lavozimiga noloyiq jirkanch ayol deb aytishga haqqingiz yo‘q.

Men Paragvay xalqining saylangan senatori hisoblanaman. Bundan oldin ham xalq tomonidan saylangan parlament deputati edim. Minglab paragvaylik erkaklar va ayollar menga ovoz berishgan va meni o‘z ovozi deb bilishadi. Mening asosiy vazifam – Paragvay xalqi nomidan gapirish, ular ayta olmaydigan narsalarni aytish va kerak bo‘lsa, mamlakatni hayotim evaziga himoya qilishdir.

Men o‘z mamlakatimni ifoda etaman, chunki meni erkin ovoz berish yo‘li bilan saylashgan. Men demokratik saylovlarda mamlakatda qonunlarni qabul qilishga yordam berish va uning ovozi bo‘lish uchun saylanganman. Siz o‘z mamlakatingizni himoya qilish va uning xalqini ifodalash uchun saylanish nimani anglatishini tasavvur ham qila olmaysiz.

Siz kimsizki, meni tanimay turib, nomunosib yoki jirkanch deysiz? Bu shafqatsiz gender zo‘ravonligi. Bu o‘z xalqining demokratik ovozi bilan o‘z lavozimiga sazovor bo‘lgan ayolga nisbatan siyosiy zo‘ravonlik hamdir.

Jinsim tufayli menga nafrat sochdingiz. Siz meni haqorat qilyapsiz, chunki men ayolman. Siz mening ayol va siyosiy vakil sifatidagi qadr-qimmatimga tajovuz qilyapsiz.

So‘zlaringizni qaytarib oling, Fransiya fuqaroligiga munosib bo‘ling va uzr so‘rang. Aks holda, gender zo‘ravonligi uchun sudga da’vo arizasi berishim mumkin».



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.