Sport
JCh kundaligi. Messida rekord va antirekord, Shveytsariya kuchli sakkizlikda
Leo yana to‘purarlar poygasida ilgarilab ketdi va quvonchdan yig‘ladi, turnirda bittagina gol (Abbos Fayzullayevdan) o‘tkazgan Kolumbiya esa uyga qaytdi.
Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi yakuniga yetdi. Argentina Misr bilan o‘yinda telbavor kambek amalga oshirdi (3:2), Shveytsariya esa Kolumbiya bilan o‘yinni penaltilar seriyasida hal qilib (0:0, 4:3) keyingi bosqichga yo‘l oldi. Endi ushbu g‘olib jamoalar chorakfinalda o‘zaro kuch sinashadi.
Maydondan tashqarida ham e’tiborga molik voqealar ro‘y bermoqda: Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines iste’foga chiqdi, Paragvayda Kilian Mbappeni tanqid qilishda davom etishmoqda, norvegiyalik futbolchilar esa shamollab qoldi.
Hollivudcha ssenariy
Argentina – Misr 3:2
Gollar: Yosir Ibrohim, 15 (0:1). Ziko, 67 (0:2). Romero, 79 (1:2). Messi, 83 (2:2). Fernandes, 90+2 (3:2)
Aniq ijro etilmagan penalti: Messi, 21’
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 90+5), Talyafiko (Gonsales, 66), Molina (Montiel, 73), Paredes, Makallister, Fernandes, de Paul (L. Martines, 66), Alvares (Medina, 90+5), Messi
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Robiya, Hafiz, Hani, Lashin (Sayid, 90+5), Ateya, Ashur (Fati, 46), Hassan (Trezege, 73), Saloh, Ziko (Marmush, 80)
Ogohlantirishlar: Shubayr, 90. Fati, 90. Ateya, 90
Argentinaliklar o‘tgan bosqichdayoq dramatik o‘yinlar o‘tkaza olishini isbotlagandi. Ammo 1/8 finalda Misrga qarshi o‘yinda jamoa darajani yana bir bosqichga ko‘tardi va jahon chempionatlari tarixidagi eng yorqin kambeklardan birini amalga oshirdi.
Uchrashuv «Albiseleste» uchun tezkor gol o‘tkazib yuborish bilan boshlandi, keyin esa Lionel Messi penaltini ura olmadi (va jahon chempionati davomida ikki bor penaltidan gol ura olmasdan, antirekord qayd etdi). Ikkinchi bo‘limda argentinaliklar Mustafo Zikodan ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi.
Ish sensatsiyaga qarab ketayotganida Lionel Skaloni shogirdlari maksimal hujumkor rejimni yoqishdi. 79-daqiqada Messi to‘pni jarima maydoniga kirib borgan himoyachi Kristian Romeroning boshiga yetkazib berdi va hisob qisqardi. Bir necha daqiqa o‘tib Leoning o‘zi misrlik himoyachilar xatosidan foydalanib, hisobni qisqartirdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Enso Fernandes qarshi hujumni g‘alaba goli bilan yakunladi. Argentinaliklar kambek uchun 13 daqiqa sarflashdi – bu ham jahon chempionati tarixiga rekord sifatida kirdi.
Messining o‘zi gollari sonini sakkiztaga yetkzadi va turnir to‘purarlari ro‘yxatida birinchilikni o‘ziga qaytardi, Kilian Mbappe, Erling Holand (ikkisida ham 7 tadan) va Harri Keyn (6) uni ta’qib qilishda davom etadi. Buning o‘zi ham alohida poygaga aylandi: turnirda ilk bor birdaniga uch nafar futbolchida 7 va undan ortiq gol bor.
Messi shu kuni jahon chempionatidagi eng yaxshi to‘purar (21) sifatida ko‘rsatkichini yaxshilab oldi (eng yaqin ta’qibchisi Mbappeda 19), shuningdek, o‘z vatandoshi Maradonani ortda qoldirgan holda jahon chempionatidagi eng yaxshi assistentga (9) aylandi. Bundan tashqari, u jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan (31) futbolchi, jahon chempionatlarida qatorasiga 9 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi (hech kimda 7 ta gollik seriya ham yo‘q) va jahon chempionati pley-off bosqichlarida qatorasiga 6 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi hisoblanadi.
Tabiiyki, o‘yin hakamlik mojarosisiz kechmadi. Fransiyalik bosh hakam Fransua Letekse hujum boshlanishidagi fol tufayli misrliklarning 60-daqiqadagi golini bekor qildi, 90+2-daqiqada esa argentinaliklar jarima maydoni ichidagi folni inobatga olmadi.
Natijada Afrika vakillari turnirni tark etishda FIFA va hakamlarni keskin ohangda tanqid qilishdi.
«Hakam bizni mag‘lub qilish uchun maydonga tushgandi. Biz Misr xalqini xursand qilishga umid qilgandik, ammo oxir-oqibat Argentinani jahon chempionatidagi g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Bu soxta turnir va endi ular qolgan o‘yinlarni o‘ynashlari ham shart emas. Hakam butun bir millatning orzusini barbod qildi va u bizni nishonga oldi, chunki biz Argentinani mag‘lub etmasligimiz kerak edi. Endi xudo oldida javob bersin», – dedi Ziko.
Argentinada esa hakamlikka hech qanday e’tiroz yo‘q. Quvonch ko‘z yoshlarini to‘kkan Messi o‘z jamoadoshlari xarakter ko‘rsatganini e’tirof etdi.
«To‘g‘risini aytsam, biz yurishimizni davom ettirishimiz, buni qanday uddalaganimizni hisobga olsak, bu katta baxt. Hisob 0:2 bo‘lgach, vaziyat ancha murakkablashgandi. O‘yinni o‘zgartira olganimizdan aql bovar qilmas his-tuyg‘ularni his qilyapmiz. Bizga yana juda qiyin bo‘ldi, lekin bu jahon chempionati. Barcha o‘yinlar aynan shunday kechadi. Bu yerda barcha jamoalar teng. Men juda baxtiyorman», – deya tan oldi Messi jurnalistlar bilan muloqotda.
Kolumbiya uyga qaytdi
Shveytsariya – Kolumbiya 0:0
Penaltilar seriyasi: Kintero – (0:1). Jaka – (1:1). Sanches – (1:1)(to‘sin). Amduni – (2:1). Kampas – (2:2). Akanji – (2:2)(xato). Ernandes – (2:2)(darvozabon). Itten – (3:2). Dias – (3:3). Ruben Vargas – (4:3)
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Muhaym, 71), Zakariyo (Vidmer, 87), Froyler, Jaka, Yashari (Sou, 46), Ndoy (Ruben Vargas, 90+2), Rider (Amduni, 103), Embolo (Itten, 87)
Kolumbiya: K. Vargas, Lukumi (Mina, 119), Sanches, Mohika, Munos, Puerta, Lerma (Rios, 82), Dias, Arias (Kintero, 66), Xames Rodriges (Kampas, 66), Suares (Ernandes, 82)
Ogohlantirishlar: Jaka, 51. Zakariyo, 59. Muhaym, 105 – Suares, 60. Sanches, 95
Argentina va Misr o‘rtasidagi adrenalinli o‘yindan keyin Shveytsariya va Kolumbiya o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilish muxlislar uchun azobga aylandi. Birinchi bo‘limda jamoalar deyarli hujum qilishmadi va shunchaki vaqt o‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
Dastlabki 45 daqiqalikdagi asosiy haylayt esa tribunada o‘tirgan Yurgen Klopp kartoshka frisi tanovul qilayotgani ko‘rsatilgan kadr bo‘ldi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda maydondagi voqealardan faolroq muhokama qilindi.
Ikkinchi bo‘limda ham vaziyat deyarli o‘zgarmadi – jamoalar bir-birini deyarli bezovta qilishmadi. Faqat qo‘shimcha bo‘limlarda kolumbiyaliklar tashabbusni qo‘lga olishdi, ammo o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi va baribir hisob ochilmay qoldi.
Penaltilar seriyasida ham shveysarlar va kolumbiyaliklar amalda bir xil harakat qilishdi. Sanchesning to‘singa borgan zarbasiga yevropaliklar Akanjining xatosi bilan javob qaytardi. Ammo abadiy bunday davom etishi mumkin emasdi va Shveytsariya posboni Gregor Kobel Kucho Ernandesning zarbasini qaytardi, Kolumbiya posboni Kamilo Vargas seyv qila olmadi.
Natijada Shveytsariya 1954 yildan buyon ilk bor mundial chorakfinaliga chiqdi va yarimfinal uchun Argentinaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, turnir davomida atigi bitta gol o‘tkazgan (O‘zbekiston bilan o‘yinda Abbosbek Fayzullayevdan) kolumbiyaliklar esa uyga qaytadi.
Martines Portugaliyani tark etdi
Jahon chempionatida iste’folar paradi davom etmoqda. Turnir 1/8 finalida Ispaniyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (0:1) Portugaliya bosh murabbiyi Roberto Martines ham jamoani tark etdi. U bunday bo‘lishini rejalashtirmagani, ammo endi boshqa yo‘l qolmaganini aytgan.
«Ushbu qaror jahon chempionatidan oldin qabul qilinganmidi? Yo‘q, u uzil-kesil tasdiqlangan deb o‘ylamayman. Men Portugaliyaga jahon chempionatida g‘alaba qozonish uchun kelgandim va o‘ylaymanki, g‘alabasiz davom ettirishning ma’nosi yo‘q. Endi direktorlar kengashi va prezident yangi murabbiyni tanlash imkoniyatiga ega. Prezident har doim meni qo‘llab-quvvatlagan, lekin shartnomam bugun tugaydi. Boshqa aytadigan gapim yo‘q», – deydi Martines.
Ispaniyalik ushbu mutaxassis Portugaliyani 2023 yilda qabul qilib olgandi, ammo jamoa bilan hech qanday sovrin yuta olmadi.
Bu jahon chempionatida qatnashgan jamoalarda sakkizinchi iste’fo bo‘ldi: Tunis guruh bosqichining birinchi turidan keyinoq Sabri Lyamushiga javob bergandi. Guruh bosqichi yakunlanganidan keyin Hen Men Bo (Janubiy Koreya), Stiv Klark (Shotlandiya) va Miroslav Koubek (Chexiya) iste’foga chiqdi. Pley-offdagi natijalardan keyin Ronald Kuman (Niderlandiya), Sebastyan Bekkasese (Ekvador) va Yulian Nagelsmann (Germaniya) ham lavozimini tark etgandi.
Mbappening senator bilan aytishuvi davom etmoqda
Selesta Amarilya Kilian Mbappega hamla qilishda davom etmoqda. Paragvaylik ushbu senator ayol o‘z mamlakati milliy jamoasi «Uchranglilar»ga yutqazib, turnirni tark etganidan keyin futbolchini «kalondimog‘ va badbashara», shuningdek «o‘zini fransuz qilib ko‘rsatadigan kamerunlik» deb atagandi. Uning postida irqchilik ruhidagi boshqa keskin so‘zlar ham bor edi. Bunga javoban Mbappe uni «jirkanch ayol» deb atadi va bu Amarilyaning navbatdagi zaharli so‘zlariga sabab bo‘ldi.
«Sening takabburliging va nafrating o‘yindan oldin ushbu so‘zlarni aytganingdayoq meni g‘azablantirgandi: «Agar qo‘limizni axlatga tiqishga to‘g‘ri kelsa, tiqamiz». Biz ahmoq emasmiz. Biz sen «axlat» deganda Paragvay milliy jamoasi va umuman barcha paragvayliklarni nazarda tutganing aniq. Keyin esa sen ular «makiyajini olib tashlashdi» deding. Buni ham tushundik, siz – makiyajli elegantlar, biz esa – makiyaj nimaligini ham bilmaydigan qashshoq, qo‘pol odamlarmiz. Butun Paragvay, jumladan, men ham buni shunday qabul qildik. Biz bu so‘zlarni ichimizga yutdik.
Endi men sen o‘z so‘zlaringni qaytarib olishing va mendan uzr so‘rashingni talab qilaman. Men ham sening zo‘ravonligingga toqat qilmoqchi emasman. Sen meni tanimaysan, mening kimligimni bilmaysan va meni o‘z lavozimiga noloyiq jirkanch ayol deb aytishga haqqing yo‘q… So‘zlaringni qaytarib ol, fransuz fuqaroliginga hurmat ko‘rsat va uzr so‘ra. Aks holda, men gender zo‘ravonligi bo‘yicha sud jarayonini boshlashim mumkin», – deya yozgan senator ijtimoiy tarmoqda.
Amarilyaning so‘zlari diplomatik mojaroga sabab bo‘lishiga bir baxya qoldi – Fransiya hukumati ushbu siyosatchini irqchilik uchun qoraladi, mahalliy futbol federatsiyasi esa prokuraturaga murojaat qilmoqchi. Hozircha oqibatlar kuzatilmadi – Paragvay hukumati ham senatorni qoraladi.
Vikinglar shamollab qoldi
Viking bo‘lish degani doim ham sog‘ bo‘lish degani emas. Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken bir necha futbolchisi shamollagani haqida xabar berdi.
«Bizda faqat Yyergen Larsenning tana harorati ko‘tarilgan, lekin boshqalarda ham yo‘tal va xirillash bor. Barchasiga konditsionerlar, parvozlar, kiyim almashtirish xonasidagi holatlar sabab. Bizda 50 dan ortiq odam bor, bunday holatda kimdir shamollab qolmasligi imkonsiz edi», – degan Solbakken.
Endi murabbiylar shtabi asosiy futbolchilarning sog‘ligi haqida qayg‘urishi kerak – 12 iyul kuni jamoani chorakfinalda Angliyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Sport
«Sea Breeze» kompaniyasi egasi Isroil futbol klubiga homiylik qiladi
Ozarbayjonlik tadbirkor va xonanda Emin Agalarovga tegishli Sea Breeze Resort & Residences kompaniyasi Isroilning Premer-ligada ishtirok etuvchi «Makkabi Netaniya» futbol klubining bosh homiysi hisoblanadi.
Isroil nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, klub bilan imzolangan homiylik shartnomasi qiymati yiliga 2,5 million isroil shekelini, ya’ni taxminan 850–860 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu kelishuv so‘nggi yillarda klub tarixidagi eng yirik tijorat shartnomalaridan biri sifatida baholanmoqda. Kelishuvga muvofiq, Sea Breeze logotipi jamoa futbolchilari formasining old qismiga joylashtirilgan.
«Makkabi Netaniya» rahbariyati mazkur hamkorlik klubning xalqaro aloqalarini kengaytirish va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining muhim qismi ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq Emin Agalarov intervyularidan birida Bokudagi Sea Breeze kurort majmuasida sotilgan 600 ta kvartiraning 400 tasini Isroil fuqarolari xarid qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalardan biri Isroil kompaniyasi bo‘lgani sababli isroillik xaridorlar ulushi yuqori bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Emin Agalarovga qarashli Agalarov Development kompaniyasi O‘zbekistonda ham yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Kompaniya Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohilida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etmoqda. Loyiha doirasida mehmonxonalar, villalar, turar joylar va turistik infratuzilma qurilishi rejalashtirilgan.
Sport
Irqchilik ayblovlari va persona non grataga aylangan amaldor. Fransuzlar yana mojaro markazida
Bu safargi mundial – haqoratlash bo‘yicha jahon chempionatiga aylandi.
Fransiya milliy jamoasi bu safargi jahon chempionatida nafaqat maydonda, balki siyosiy arenada ham jang qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Paragvaylik senator Selesta Amarilya ortidan argentinalik siyosatchi Ebe Kasado bilan ham yana bir ziddiyat yuzaga keldi – u Dide Desham shogirdlarini «tarbiyasiz afrikaliklar jamoasi» deb atadi va darhol persona non grata maqomini oldi.
Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy ham tinch turgani yo‘q, u «Uchranglilar» jamoasida fransuzlar yo‘qligiga urg‘u qaratgan.
Ispaniyadagi keys
Shu kunlarda Ispaniyadagilarning xayoli JCh-2026 yarimfinalida Fransiyaga qarshi kechadigan o‘yinda. Mamlakat sobiq bosh vaziri Mariano Raxoydan ham «Qizil furiya»ning ushbu o‘yindagi imkoniyatlari haqida so‘rashgan. U esa Desham jamoasini maqtadi, ammo «tilidan ilindi».
«Ular bu jahon chempionatida barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonmoqda va FIFA reytingida birinchi o‘rinda joylashgan. Ularning tarkibidagi futbolchilar ham juda yuqori darajada. Shu bilan birga, ularning safida birorta fransuz futbolchisi yo‘q. Ular esa juda yaxshi o‘ynashmoqda va dahshatli raqib bo‘lishadi», – degan Raxoy RMC Sport nashriga.
Fransiyaning Ispaniyadagi elchixonasi sobiq bosh vazirning so‘zlarini e’tiborsiz qoldirmadi. Elchixonadagilar Mariano nohaq ekanini isbotlashga qaror qilishdi.
«Bahslashishni istamaymiz, ammo faktlarni eslatib o‘tish joiz. Jamoamizning barcha futbolchilari – fransuzlar. 26 futbolchidan 23 nafari mamlakat hududida tug‘ilgan. Fransiyadan tashqarida dunyoga kelgan uch nafari ham bizning fuqarolarimiz hisoblanadi», – deyiladi elchixona bayonotida.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bu borada munosabat bildirib, ayrimlar hali ham insonning mamlakatga mansubligini familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki teri rangi bilan baholashini, boshqalar esa uning mamlakatga sadoqati va uning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchashini ta’kidladi.
«Ispaniya uni sevadigan va uning ravnaqi uchun mehnat qiladigan barchaga tegishli. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakat obro‘siga putur yetkazadiganlarga emas. Fransiya, yarimfinalda ko‘rishamiz. Kuchli jamoa g‘alaba qozonsin, irqchilik esa mag‘lub bo‘lsin», – deya yozdi Sanches.
Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ham Raxoyning fikrlarini qattiq qoraladi. U sobiq bosh vazirni Fransisko Franko diktaturasi davri g‘oyalariga moyillikda ayblab, keskin tanqid qildi.
Argentinalik mulozim ayol Mbappega qarshi
Barchasi fransuzlarning jahon chempionati 1/8 finalida Paragvay ustidan g‘alaba qozonishi (1:0) ortidan boshlangandi. O‘sha uchrashuv janubiy amerikaliklarning qasddan qo‘pol o‘ynashi bilan yodda qolgandi, ammo ushbu mintaqadagi siyosatchilar Yevropa jamoasiga nafratini sochish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
Argentinaning Mendosa provinsiyasi vitse-gubernatori Ebe Kasado ham bu borada yaqqol ajralib turibdi. O‘yin yakunlanishi bilan u paragvayliklarni maqtashga qaror qildi, ammo buni juda g‘alati tarzda ifodaladi.
«Barakalla, Paragvay. Afrikaliklar jamoasi o‘zini juda tarbiyasiz tutdi. Mbappega toqat qila olmayman», – deya yozgan Kasado X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bu bayonoti keng tarqalib ketganidan keyin ham ushbu siyosatchi o‘z so‘zlari uchun uzr so‘ramasligini bildirdi. «To‘g‘risini aytsam, bu izohda irqchilik ko‘rmayapman. Agar kimdir uni shunday qabul qilsa, demak, u afrikaliklarni noto‘liq deb hisoblaydi. Kimnidir afrikalik deb atashni – haqorat deb hisoblovchilar diskriminatsiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘ladi», – deya javob qaytargan ushbu amaldor.
Bunga javoban Kasado persona non grata deb e’lon qildi: endi u o‘z so‘zlarini qaytarib olmagunicha, Fransiya elchixonasiga tashrif buyurishi va mamlakat rasmiylari bilan tadbirlarda qatnashishi mumkin emas.
«Irqchilik – bu fikr emas, jinoyat. Unga bizning elchixonamizda joy yo‘q», – deya qayd etgan Fransiyaning Argentinadagi elchisi Romen Nadal.
Paragvaydagi mojaro
Paragvaylik senator Selesta Amarilya bilan bo‘lgan voqea eng shov-shuvlisi bo‘lgandi. JCh 1/8 finalidagi o‘sha o‘yindan keyin u Mbappeni «o‘zini zo‘r berib fransuzdek ko‘rsatishga urinadigan, aslida mustamlakadan chiqqan kamerunlik» deb atagandi.
Bu so‘zlar Kiliangacha yetib bordi va u javob qaytarishga qaror qildi. «Siz o‘z lavozimingizga noloyiq bo‘lgan jirkanch ayolsiz», – degandi futbolchi.
Shundan keyin Selesta Kilianning o‘zini «gender zo‘ravonlik»da aybladi va sudga berish bilan tahdid qildi. Lekin senatorni vatanida ham qo‘llab-quvvatlashmadi.
Avvaliga uning bayonoti Paragvay hukumati tomonidan qoralandi. Ko‘p o‘tmay bu ish rasmiy rezolyutsiya bilan mustahkamlandi. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, senatorni irqchilikda ayblash to‘g‘risidagi qaror parlament yuqori palatasida deyarli besh soatlik muhokamalardan so‘ng qabul qilingan. Yakuniy hujjatda Senat kamsitishning har qanday shaklini «mutlaqo rad etishi» bildirilgan.
Sport
Ispaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etayotgan Fransiya milliy jamoasi haqida bildirgan fikrlari ortidan irqchilik va ksenofobiyada ayblanmoqda. Uning «Fransiya jamoasida birorta ham fransuz futbolchisi yo‘q», degan gaplari Ispaniya va Fransiya siyosatchilari hamda jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilindi.
Ma’lum qilinishicha, mojaroga Raxoyning 10 iyul kuni Ispaniyaning El Debate internet nashrida e’lon qilingan maqolasi sabab bo‘lgan. Unda sobiq hukumat rahbari futbol bo‘yicha Jahon chempionati-2026 haqida fikr yuritar ekan, 14 iyul kuni yarimfinalda Ispaniyaning raqibi bo‘ladigan Fransiya jamoasini kuchli raqib sifatida baholagan. Biroq shu bilan birga, jamoada «birorta ham fransuz futbolchisi yo‘q» degan bahsli fikrni ham ilgari surgan.
Bu bayonotga birinchi bo‘lib Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches munosabat bildirdi. U ijtimoiy tarmoqda ayrimlar hali ham insonning mamlakatga mansubligini familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki teri rangi bilan baholashini, boshqalar esa uning mamlakatga sadoqati va uning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchashini ta’kidladi.
«Ispaniya uni sevadigan va uning ravnaqi uchun mehnat qiladigan barchaga tegishli. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakat obro‘siga putur yetkazadiganlarga emas. Fransiya, yarimfinalda ko‘rishamiz. Kuchli jamoa g‘alaba qozonsin, irqchilik esa mag‘lub bo‘lsin», — deya yozdi Sanches.
Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ham Raxoyning fikrlarini qattiq qoraladi. U sobiq bosh vazirni Fransisko Franko diktaturasi davri g‘oyalariga moyillikda ayblab, keskin tanqid qildi.
Raxoyning bayonoti Fransiyada ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes BFMTV telekanaliga bergan intervyusida bu so‘zlarni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» bayonot deb baholadi.
Fransiyaning dengizorti hududlari bo‘yicha vaziri Naima Muchu esa ushbu fikrlarni Fransiyaga va mamlakat ifodalaydigan qadriyatlarga qarshi yo‘naltirilgan nafratning yana bir ko‘rinishi sifatida baholadi.
Fransiyaning Madriddagi elchixonasi ham ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy munosabat bildirdi. Unda Fransiya milliy jamoasining barcha futbolchilari Fransiya fuqarolari ekani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, jamoaning 26 nafar futbolchisidan 23 nafari Fransiya hududida tug‘ilgan, xorijda tug‘ilgan uch nafar futbolchi ham Fransiya fuqaroligiga ega.
Mazkur voqea Yevropa jamoatchiligida milliy mansublik, fuqarolik va ko‘p millatli jamiyatlar haqidagi bahslarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Sport
Sinner ikkinchi marta ketma-ket Uimbldon chempioni bo‘ldi
Germaniyalik tennischi Aleksandr Zverev Uimbldon–2026 turniri finalida jahonning birinchi raqami, italiyalik Yannik Sinnerga mag‘lub bo‘ldi. Bu Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlari finallaridagi to‘rtinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.
Uimbldonning erkaklar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsi 12 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tdi. To‘rt set davom etgan uchrashuvda Yannik Sinner g‘alaba qozonib, o‘z faoliyatidagi ikkinchi ketma-ket Uimbldon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Final keskin va murosasiz kurash ostida o‘tdi. Ilk ikki setda har ikki tennischi ishonchli harakat qildi. Birinchi set taqdirini hal qilgan tay-breykda Zverev ustun kelgan bo‘lsa, ikkinchi setda xuddi shunday vaziyatda Sinner muvaffaqiyat qozondi.
Uchinchi set o‘rtasida Aleksandr Zverev maysali qoplamada yiqilib, tizzasini shikastlab oldi. Shundan so‘ng u muhim ochkoni boy berdi va raqibiga breyk qilish imkonini taqdim etdi. Natijada set 3:6 hisobida Sinner foydasiga hal bo‘ldi.
To‘rtinchi setda ham italiyalik tennischi hal qiluvchi breykni amalga oshirib, 6:4 hisobida ustun keldi va chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu Sinnerning faoliyatidagi beshinchi «Katta dubulg‘a» sovrini bo‘ldi. Shu vaqtgacha u yirik turnirlar finalida atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchragan.
Ushbu uchrashuvdan keyin Sinner va Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi o‘zaro hisobida italiyalikning ustunligi 4:2 ko‘rinishiga keldi. 2025 yilda Avstraliya ochiq chempionati finalida ham Sinner Zverevni mag‘lub etgan edi.
29 yoshli Aleksandr Zverev o‘z faoliyatida beshinchi marta «Katta dubulg‘a» turniri finalida maydonga tushdi. Biroq u shularning to‘rttasida mag‘lub bo‘ldi. Bundan avval u 2020 yilda US Open finalida avstriyalik Dominik Timga, 2024 yilda esa «Rolan Garros» finalida ispaniyalik Karlos Alkarasga yutqazgan edi.
Shunga qaramay, Zverev jahon reytingida uchinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Uning Karlos Alkaras bilan ochkolar bo‘yicha farqi katta emas. Uimbldon yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan vaqtinchalik reytingda esa germaniyalik tennischi ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.
Zverev joriy yil iyun oyida Parijdagi «Rolan Garros» turnirida g‘olib chiqib, so‘nggi 30 yil ichida Germaniyaga «Katta dubulg‘a» chempionligini keltirgan ilk tennischiga aylangan edi. Ungacha bu natijaga 1996 yilda afsonaviy tennischi Boris Bekker erishgan.
Shuningdek, Aleksandr Zverev Germaniya tarixida «Katta dubulg‘a»ning barcha to‘rt turniri finaliga chiqqan yagona tennischi hisoblanadi.
Ayollar o‘rtasidagi Uimbldon–2026 finalida esa chexiyalik Linda Noskova o‘z hamyurti Karolina Muxovani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Sport
Infantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
U «har bir mamlakat orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligi»ni ta’kidlamoqda.
FIFA prezidenti Janni Infantino kelgusida jahon chempionati ishtirokchilari soni 64 tagacha kengaytirilishi mumkinligini istisno qilmayapti. U bu haqda AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlarida ilk bor 48 jamoa ishtirokida o‘tkazilayotgan turnir fonida ma’lum qildi.
Barcha uchun imkon
56 yoshli funksioner kelgusidagi rejalar haqidagi savollarga javob berish asnosida bunday g‘oyani ham «ko‘rib chiqish zarurligi»ni aytgan.
«48 ta jamoa ishtirokidagi turnir haqiqatan ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Har bir jamoa yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi. Barcha qit’alardan kelgan jamoalar gol urishdi va kamida bitta ochkoga ega bo‘lishdi. Afrikaning 10 ta jamoasidan to‘qqiztasi pley-offga chiqdi. So‘nggi jahon chempionatida Afrikaning atigi beshta vakili bor edi… Bu barcha jamoalarni jalb qilish – ularga ishtirok etish imkoniyatini berish qanchalik muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu, albatta, jahon chempionatidan keyin ko‘rib chiqiladigan masala. Turnirni tashkillashtirishda uni nafaqat Yevropa va Janubiy Amerika, balki butun dunyo uchun ochiq qilish muhimdir. Har bir mamlakat jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», – deya Infantino so‘zlarini keltiradi Blue Sport.
Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 tagacha kengaytirish haqidagi muhokamalar 2025 yildayoq boshlangandi. O‘shanda turli darajadagi futbol funksionerlari, jumladan, KONMeBOL rahbari Alexandro Dominges o‘z konfederatsiyasining aprel oyidagi kongressida shunday g‘oya bilan chiqqandi. U yangi formatni FIFA turnirning 100 yilligini nishonlaydigan 2030 yilgi mundialda sinab ko‘rishni taklif etgandi. Infantino o‘shanda ushbu hamkasbini qo‘llab-quvvatlagandi.
«Har bir g‘oya – yaxshi g‘oya. Biz yuz yillikni qanday nishonlash haqida o‘ylashimiz lozim», – degandi shveysariyalik mulozim ESPN nashriga.
Ishonchdan qolish
Infantino anchada vaqtdan buyon turnirni kengaytirishni orzu qiladi, ammo u boshlangan ishni oxirigacha yetkaza olishi dargumon. Folarin Balogun bilan bog‘liq mojarodan keyin prezidentning FIFA ichidagi pozitsiyasi sezilarli daajada zaiflashgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh milliy jamoasi forvardi JCh 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) qizil kartochka olgandi, ammo uning diskvalifikatsiyasi kechiktirildi va keyingi bosqichda Belgiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Balogunning jazosini shartliga almashtirishni Infantinodan Amerika prezidenti Donald Tramp iltimos qilgan.
Ushbu yangilik turli futbol assotsiatsiyalari va futbol nashrlari tomonidan keskin tanqid qilindi. The Times nashri xabariga ko‘ra, Infantino tashkilot ichkarisida ham, o‘zi hamkorlik qiladigan mamlakatlarda ham ishonchni yo‘qotgan.
«Futbolga Trampnikidan ko‘ra kattaroq siyosiy aralashuv bo‘lmaydi, FIFAning tushuntirish berishga urinishlari esa bema’ni chiqdi», – degan yuqori martabali manbalardan biri ushbu nashrga.
Janni Infantinoning o‘zi qandaydir qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganini tan olmayapti, ammo uning obro‘siga jiddiy putur yetdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, u 2027 yilgi saylovga ham o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ammo, katta ehtimol bilan, u bu safar jiddiy raqobatga duch keladi – allaqachon unga muqobil nomzod tayyorlash imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Ishtirokchilar soni kengaytirilmagan taqdirda ham, 2030 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi tayin: turnirni bir vaqtda uchta qit’adagi 6 mamlakat qabul qiladi – Janubiy Amerika (Urugvay, Argentina, Paragvay), Yevropa (Ispaniya, Portugaliya) va Afrike (Marokash). Ishtirokchilar soni yanada ko‘payishi turnirni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqadi, ammo uning amalga oshishi fakt emas.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat5 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport3 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
