Sport
AQSh – futbol mamlakati emas. U yerda mundial o‘tkazish qanchalik to‘g‘ri qaror?
AQSh mezbonlik qilayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘zbekistonlik muxlislar uchun har tomonlama noqulay – o‘yinlar boshlanish vaqtidan tortib, futbol o‘ynab bo‘lmaydigan ob-havogacha, translatsiyalar sifatidan tortib, muxlislar tashrifigacha hech kimning ko‘ngli to‘lmayotgandek. Kelasi yili xuddi shu vaqtda haqiqiy jahon chempionati bo‘lib o‘tishi esa xavotirni kuchaytirishi tayin – nahotki mundial ham shunday o‘tsa? Spors.ru mualliflari ham shu borada izlanish qilib ko‘rishgan va quyida ba’zi xulosalar havola qilinadi.
«Amerika Qo‘shma shtatlarida o‘tayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati hozircha ziddiyatli xulosalar uyg‘otmoqda. Hammasidan ham, hatto top jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlarda ham tribunalar bo‘sh qolayotgani ta’bni xira qiladi. Misol uchun, «Chelsi» va «Los Anjyeles» o‘yinini ko‘rishga 22 ming tomoshabin keldi – 71 ming muxlisga mo‘ljallangan stadion uchun xunuk manzara.
Oddiyroq o‘yinlarda vaziyat undanda yomon. «River Pleyt» va «Urava Red Daymonds» uchrashuvi 69 ming o‘rinli o‘yingohda bo‘lib o‘tdi, ammo tashrif buyurganlar soni 11 974 kishi. «Pachuka» – «Red Bull Zalsburg» o‘yinini 5282, «Ulsan» va «Mamelodi Sandaunz» uchrashuvini esa atigi 3412 tomoshabin tribunalarda o‘tirib kuzatdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Kopa Amerika ham aynan AQSh maydonlarida bo‘lib o‘tgan, faqat Argentina va Meksika qatnashgan o‘yinlar ellik mingdan ortiq muxlis to‘plagandi. Buni Messi hamda mamlakatdagi Meksika diasporasi bilan izohlash mumkin. Shu bilan birga, Kopa ko‘rsatkichlari hozirgi musobaqanikidan sal ko‘proq, aytaylik, Kosta Rika – Paragvay, Boliviya – Panama kabi o‘yinlar 12-15 ming muxlis to‘play olgan. Agar klublar o‘rtasidagi turnirda ham o‘rtacha o‘yinlarda shu ko‘rsatkich qayd etilganda, Janni Infantino «do‘ppisini osmonga otgan bo‘lardi».
AQShda qaysi sport ommaviy?
AQSh – futbol mamlakati. Ammo bir nyuans bor. U yerda biz biladigan futbol emas, amerikacha futbol urf bo‘lgan. Bizning futbolni esa «sokker» deb atashadi.
Marketing tadqiqotlari bilan shug‘ullanadigan mashhur Nielsen kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yildagi eng ko‘p tomosha qilingan 100 translatsiyaning 93 tasi MFL (Milliy futbol ligasi) o‘yinlaridir. Buning ustiga, amerikacha futbol borgan sari ommalashmoqda, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 72 ta edi, 2022 yilda esa 82.
Superboul (MFL chempionligi uchun match) har yili barqaror ravishda eng ko‘p tomosha qilinadigan translatsiya hisoblanadi – 2023 yilda 115 million, 2024 yilda 123 million, 2025 yilda esa 127 million tomoshabin kuzatgan.
Shuning uchun MFL teleshartnomasi yiliga 10 milliard dollarni tashkil qiladi, MFL klublari esa yiliga milliardlab pul topishadi va futbol (sokker) klublaridan qimmatroq hisoblanadi. Taqqoslash uchun, amerikacha futboldan tashqari faqat bir efir televideniye tarixida 100 millionlik dovonni oshgan –MASH serialining so‘nggi qismi 1983 yilda 105 million tomoshabinni jalb qilgan va to 2010 yilgi Superboulgacha rekordni ushlab turgandi.
Bu faktlar fonida FIFA prezidenti Janni Infantinoning bir necha oy olgan aytgan gapi yanada qiziq tuyuladi: «Bizni klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 63 ta Superboul kutyapti».
Sokkerda nima gap?
Argentina va Fransiya o‘rtasida kechgan JCh-2022 finalini AQShda 25,78 million tomoshabin jonli efirda tomosha qilgan – MFL odatiy top o‘yini yoki amerikacha futbol bo‘yicha talabalar chempionati finali darajasi bilan teng. Agar yil bo‘yicha olsak, translatsiyalar bo‘yicha 38-o‘rinda.
Ha, boshqa translatsiyalar fonida futbol ko‘rsatkichlari ancha kamtarona. Ammo taqqoslasak, Fransiyaning o‘zida JCh-2022 finalini 24 million kishi tomosha qilgan. Ya’ni auditoriya bo‘yicha AQSh boshqa bozorlarni ortda qoldiradi, hech bo‘lmasa aholi soni ko‘pligi sababidan.
Sokker qiziqish bo‘yicha AQShda nafaqat amerikacha futbol, balki basketbol va beysboldan ham ortda qoladi. S&P Global so‘rovnomalariga ko‘ra, atigi 14 foiz ishtirokchi sokker tomosha qilishini aytgan – amerikacha futbol, beysbol basketbol, hokkey, hamda yozgi va qishki olimpiadalardan so‘ng 7-o‘rinda.
Sport turlari ommaviyligini Google Trends qidiruv ma’lumotlari asosida o‘lchash biroz qiyinchilik tug‘diradi. Sababi amerikalik foydalanuvchilar futbolni turlicha nomlashadi – football, soccer, association football yoki umuman fútbol. Shuning uchun turnirlar bo‘yicha ma’lumot yig‘ish xolisroq bo‘ladi. Aksar hollarda biror sportga bo‘lgan qiziqish ayni sport bo‘yicha turnir orqali baholanadi, lekin futbolda bu biroz boshqacha. Chunki faqat MLS o‘yinlari orqali futbolga qiziqishni o‘lchash xato bo‘ladi, zero AQShda APL, La Liga yoki Meksika chempionatini kuzatadiganlar ham juda ko‘p.
Demak, gugl so‘rovlari bo‘yicha holat qo‘yidagicha:
Eng ommaviy liga – MFL. Ikkinchi o‘rinda Milliy Basketbol ligasi, uchinchi o‘rinda esa beysbol ligasi.
Hokkey (MXL) 51 shtatning 33 tasida futboldan oldinda turadi, boshqa shtatlarda APL va Meksika chempionatiga qiziqish ko‘proq.
Yig‘indi o‘laroq APL, Meksika chempionati, La Liga va MLSni hokkeydan ko‘ra ko‘proq izlashadi, lekin bu bilan Amerikada futbol hokkeydan ommaviyroq deyish qiyin, chunki turli ligalarni aslida bir kishi axtarayotgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Muhimi shuki, futbol (sokker) AQShda ommaviylashib bormoqda. Nielsen ma’lumotlariga qaraganda, Yevro-2024 finalini AQShda 6,43 million kishi ko‘rgan – Yevropa chempionatlari tarixida eng katta ko‘rsatkich. Kopa Amerika bilan ham shunday, 2024 yilgi finalni 6,02 million tomoshabin ko‘rdi – bu ham rekord. Taqqoslash uchun, AQShda o‘tgan 2016 yilgi turnirga nisbatan auditoriya 44 foizga o‘sgan.
MLSdagi holat
Messi ta’siri tufayli «Inter Mayami» ijtimoy tarmoqlaridagi auditoriya 2023 yilda 12 baravarga, MLS akkauntlariniki esa 3 baravarga oshgandi. «Inter Mayami» kuzatuvchilari soni bo‘yicha AQShning top-5, dunyoning top-25 sport klublari qatoriga kiradi.
Tabiiyki, ommalashish daromadlarga ham ta’sir qiladi. MLS Apple bilan yiliga 250 million dollarlik shartnoma imzoladi – Yevropaning kuchli beshligidan keyin 6-o‘rin. Klublar esa ko‘proq daromad qila boshladi va ularning narxi ham oshib bormoqda. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, «Los Anjyeles» va «Inter Mayami» Milanning «Inter» klubidan, «Los Anjyeles Gelaksi» va «Atlanta Yunayted» «Aston Villa»dan, «Nyu York Siti» «Brayton»dan, «Ostin» esa «Roma»dan qimmatroq baholanmoqda.
MLS o‘yinlariga muxlislar tashrifida ham o‘sish kuzatiladi. To‘qsoninchi yillarda o‘yinlarga o‘rtacha 14 ming tomoshabin kelgan, asr boshlarida bu ko‘rsatkich 15-16 mingga, koviddan avval esa 21 minggacha ko‘tarilgandi. Messi transferidan, hamda ligada bir qator kuchli klublar paydo bo‘lishi ortidan, ayni damda o‘rtacha tashrif 23 mingni tashkil qilmoqda. Futbol olamida faqat kuchli beshlik, Braziliya va Argentina chempionatlari, ikkinchi Bundesliga, hamda Xitoy chempionatlari ko‘proq muxlis jalb qiladi, xolos.
Xulosa sifatida, AQSh juda ko‘p davlatlarga nisbatan futbol mamlakati ekanini bemalol aytish mumkin. MLSda muxlislar tashrifi kuchli beshlikdan sal kam xolos, katta turnir finallarini esa o‘n millionlab tomoshabin ko‘radi. Ammo shu bilan birga mamlakat ichida futbol bir qator shimoliy amerikacha sport turlariga raqobatni boy berib keladi.
Mundial nima bo‘ladi?
Hozirgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan kelib chiqib, bir yildan keyin bo‘lib o‘tadigan turnirni baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, bu ikki musobaqa nufuzi o‘rtasidagi farq ham juda katta va muhim ahamiyat kasb etadi. Klublar o‘rtasidagi turnir ushbu formatda ilk bor o‘tkazilayotganini va hatto o‘sha klublar uchun ham boshqa turnirlardan pastroq bahoga ega ekanini payqash qiyin emas.
Jahon chempionati esa futbol tarixi va bugunidagi eng katta musobaqa hisoblanadi. Unga bo‘lgan e’tibor ham, tashkilotchilik ham butunlay boshqacha bo‘ladi va eng muhimi, muxlislarning milliy jamoaga munosabati, ularning tashrifi hozirgi turnirdan bir necha barobar katta bo‘ladi. Shartli «Chelsi» muxlisi klublar o‘rtasidagi chempionatni jamoasi uchun navbatdagi yarim rasmiy musobaqasi deb bilsa, milliy jamoa muxlislari dunyoning narigi chekkasidan o‘z vatandoshlarini tomosha qilish uchun kelishadi. Har qanday o‘rtamiyona, hech narsani hal qilmaydigan o‘yin ham shu ikki qatnashchi mamlakat muxlislari yordamida katta bayramga aylanib ketishiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.
Yoshi kattaroq muxlislar 1994 yil AQShda o‘tgan jahon chempionatini ham yaxshi eslashsa kerak. U paytlardagi vaziyat hozirgidan ham yomonroq, AQShda hali chempionatning o‘zi bo‘lmagan, mahalliy muxlislar esa turnir oldidan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlariga tashrif buyurib, xuddi amerikacha futbol ko‘rayotgandek, noaniq zarbalarni ham olqishlashgandi. Hatto o‘yinlar oldidan tomoshabinlarga futbol qoidalari batafsil tushuntirilgan kitobchalar ham tarqatilgan.
Ammo shunda ham AQSh-94 eng qiziqarli, yodda qolarli turnirlardan biri bo‘lib qolgandi. Bu safargisi ham tabiiyki, undan kam bo‘lmaydi, eng yaxshisi bo‘ladi, axir u yerda O‘zbekiston ham ishtirok etadi.
Sport
«Siti» deyarli kurashdan chiqdi, Gulerdan shedevr gol. Kun o‘yinlari
«Arsenal» so‘nggi daqiqalarda muhim g‘alabaga erishdi, qatorasiga ikkinchi o‘yinda durang o‘ynagan «Siti» endi 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Chelsi» yana yutqazdi, «Real»da yirik g‘alaba.
«Arsenal» – «Everton» 2:0
Gollar: Yokeresh, 89 (1:0). Douman, 90+7 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 74), Timber (Moskera, 38), Subimendi (Douman, 74), Rays, Eze, Madueke (Martinelli, 61), Saka, Havers (Yokeresh, 61)
«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Garner, Gana Guyye (Jorj, 90+5), Iroegbunam (Rel, 86), Dyusberi-Holl, Ndiay, Makneyl (Armstrong, 86), Betu (Barri, 69)
«Arsenal» o‘z maydonida kechgan o‘yinda to‘pga egalik qildi, ammo dastlabki 20 daqiqa ichida qarshi hujumlardan ikki bor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Birinchi holatda Rayyaning xatosidan keyin Maknilning zarbasidan keyin darvozaga kirib ketayotgan to‘pni yotgan holatda oyog‘ini ko‘tarib qolish orqali to‘xtatib qoldi.
Maknilning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ndiay esa vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Maknilning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi.
«Kanonirlar» esa tinimsiz hujum uyushtirganiga qaramay (birinchi bo‘limning o‘zida 13 zarba berildi), hisobni ocha olmadi. Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolgan vaziyat Havers jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Bu epizodda Kin avvaliga raqib hujumchisining oyog‘ini bosib oldi, keyin esa qo‘llari bilan turtib yiqitdi, ammo bosh hakam va VAR xonasidagilar kontakt penalti uchun yetarli emas deb topdi.
Ikkinchi bo‘limda esa mezbonlar uzoq masofadan zarba berishga e’tibor qarata boshladi, xususan, Ezening aylantirib yo‘llagan zarbasiga Pikford yetib bora olmadi, ammo to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Keyin esa Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urdi va tayanch yarimhimoyachisi Martin Subimendi o‘rniga o‘ng qanot vingeri Doumanni maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yinni hal qildi. Avvaliga ushbu yosh yarimhimoyachining o‘ng qanotdan uzatmasidan keyin Pikford to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Inkapiye esa to‘pni bo‘sh darvoza qarshisiga yetib kelgan Yokereshning oyoqlari ostiga tashlab berdi.
So‘nggi daqiqalarda mehmonlar hisobni tenglashtirish umidida to‘liq tarkib bilan oldinga tashlandi, Douman esa burchak zarbasidan keyin uyushtirilgan qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, APL tarixiga kirdi. Maks 16 yosh-u 73 kunligida liga tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu orqali u Jyeyms Von tomonidan 2005 yilda o‘rnatilgan rekordni (16 yosh-u 270 kun) yangiladi.
Shu tariqada, bu mavsumda zaxiradan tushgan futbolchilari 11 bor gol urgan Mikel Arteta jamoasi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da muhim g‘alabaga erishdi.
«Chelsi» – «Nyukasl Yunayted» 0:1
Gol: Gordon, 18 (0:1)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Xato, 82), Kukurelya, Gyusto (Delap, 46), Jyeyms, Kaysedo (Lavia, 61), Fernandes, Garnacho, Palmer, Joao Pedro
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl, Livramento, Uillok (Byorn, 77), Remsi, Voltemade (Joelinton, 67), Barns, Myorfi (Elanga, 78), Gordon
Ogohlantirishlar: Fofana, 23. Kaysedo, 25 – Ramsdeyl, 84. Holl, 89
«Chelsi» «qarg‘alar»ga qarshi Londonda o‘tgan oldingi 12 o‘yindan 11 tasida g‘alaba qozongandi va shanba oqshomidagi o‘yinni ushbu seriyani davom ettirish maqsadida hujumkorlik bilan boshladi. Ammo mezbonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. 18-daqiqada Palmer qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarganidan keyin «Nyukasl» muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirdi va Uillok Gordonni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqarib yubordi.
Tanaffusdan keyin Entoni dublga erishishi mumkin edi, ammo darvozaga qaytgan Sanches jamoasini qutqardi. U Liam Rosenior jamoasini o‘yinda qoldirdi, ammo jamoa mag‘lubiyatdan qutulib qolishni uddalay olmadi. «Chelsi» yana ochko yo‘qotib, raqobatchilarga imkon berdi: bugun «MYu» va «Aston Villa» o‘yinida g‘olib bo‘lgan jamoa ilgarilab ketadi, «Liverpul» esa «Chelsi»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.
«Vest Hem» – «Manchester Siti» 1:1
Gollar: Bernardu Silva, 31 (0:1). Mavropanos, 35 (1:1)
«Vest Hem»: Hermansen, Mavropanos, Disasi, Todibo, Fernandesh, Souchek, Diuf, Van-Bissaka, Pablo (Magassa, 64), Bouen (Kante, 90+6), Kastelyanos (Traore, 75)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, Ayt Nuri (Sherki, 60), Mateus Nunes, Rodri, Bernardu Silva (Reynders, 75), O`Rayli, Semenyo (Foden, 75), Marmush (Doku, 60), Holand
Ogohlantirishlar: Magassa, 76. Fernandesh, 89 – Marmush, 11. Bernardu Silva, 37
Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida Bernardu Silvaning Holandga uzatmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbaga aylanib, hisob ochilganida ko‘pchilik bu o‘yin taqdiri hal bo‘lgani haqida o‘ylay boshlagandi. Ammo «Siti» bu mavsumda ishonchli o‘ynay olmayapti. Biroz o‘tib «Vest Hem» muvozanatni tikladi. Burchak zarbasidan keyin Donnarumma to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va «Arsenal»ning sobiq futbolchisi Mavropanos muvozanatni tikladi.
Bu mezbonlar uchun o‘yindagi ilk zarba edi va bu zarba chempionlik poygasida ishtirok etayotgan jamoaning oyog‘idan chalib qolish uchun yetarli bo‘ldi. Qolgan vaqt davomida «shaharliklar»ning hech qaysisi mezbonlar himoya devorida o‘tmadi, to‘p darvoza sohasiga yetib borganida esa darvozabon Hermansen ishonchli harakat qildi. Endilikda shu kuni o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli tribunada o‘tirib kuzatishga majbur bo‘lgan Gvardiola jamoasi «Arsenal»dan 9 ochkoga ortda qolmoqda. «Siti»da bitta zaxira o‘yini borligiga qaramay, deyarli hech kim endi jamoa bu farqni yo‘qqa chiqara olishiga ishonmayapti.
Ispaniya: Molinaning zambarak zarbasi va tinim bilmas Valverde
«Atletiko» – «Xetafe» 1:0
Gol: Molina, 8 (1:0)
«Atletiko»: Musso, Ximenes, Langle, Pubil (Alvares, 66), Koke, Almada (Simeone, 66), Vargas (Liorente, 73), Gonsales, Molina, Baena (Grizmann, 73), Syorlot (Lukman, 66)
«Xetafe»: Soriya, Abkar, Duarte (Riko, 83), Romero, Iglesias, Kiko Femeniya (Birmanchevich, 46), Dakonam, Arambarri (Martin, 74), Milya (Munos, 90+2), Satriano, Vaskes (Liso, 74)
Ogohlantirishlar: Syorlot, 55. Vargas, 68. Molina, 90 –Romero, 60. Liso, 77. Satriano, 90
Chetlatish: Abkar, 55
Yaqinda «Real»ni mag‘lub eta olgan «Xetafe» «Atletiko»ga ham jiddiy muammolar tug‘dirdi. Shu kuni Oblak o‘rniga darvozaga turgan Musso olti seyv ijro etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlarning qariyb ikki yildan buyon gol urmayotgan himoyachisi Molina o‘yin startidayoq o‘yin taqdirini hal qildi. Argentinalik futbolchining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p olis «to‘qqizlik»ka borib tushdi.
Mehmonlar esa ancha osonroq vaziyatlardan gol ura olmadi. «Matraschilar»ni goh Musso qutqardi, goh «Xetafe» futbolchilari to‘g‘ri zarba bera olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Abkar qizil kartochka olib maydonni tark etganidan keyin esa amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi uchinchi o‘rinni yanada mustahkamladi.
«Real» – «Elche» 4:1
Gollar: Ryudiger, 39 (1:0). Valverde, 44 (2:0). Hausen, 66 (3:0). Manuel Anxel, 85 – avtogol (3:1). Arda Guler, 89 (4:1)
«Real»: Kurtua, Ryudiger (D. Aguado, 61), Hausen, F. Garsiya, Karvahal, Tshuameni (Arda Guler, 58), Pitarch (Palasios, 64), Kamavinga, Valverde (G. Garsiya, 58), Vinisius Junior (Yanez, 58), Dias (Manuel Anxel, 63)
«Elche»: Dituro, Petro (M. Aguado, 64), Affengryuber (Bigas, 74), Chust, Valera, Sangare (Pedrosa, 23), Redondo (Mir, 64), Febas, Sepeda (Xosan, 64), Andre Silva, Neto (Diangana, 74)
Ogohlantirishlar: Kamavinga, 55 – Valera, 62. Affengryuber, 66. Mir, 88
Hafta o‘rtasida YeChL o‘yinida katta kuch sarflagan «Real» futbolchilari ancha vaqtgacha autsayder darvozasi tomon yo‘l topa olmadi. Ammo yarimhimoyaga qaytganidan keyin yayrab o‘ynayotgan Valverdeda bu o‘yinga ham yetarli kuch qolgandi. «Selta» darvozasiga g‘alaba goli, «Siti»ga qarshi o‘yinda het-trik, shanba kuni esa uning seriyasi darvom etdi. Avvaliga Fedening zarbasidan keyin darvozabon to‘pni amallab qaytardi, qaytgan to‘pga esa Ryudiger birinchi bo‘lib yetib keldi va hisob ochildi. Bir necha daqiqa o‘tib esa barchasini Valverdening o‘zi bajardi. U jarima maydoniga yaqinlashib kelib, bir harakat bilan himoyachini yo‘lidan oldi va to‘pni to‘sin ortidan darvoza to‘riga kiritdi.
Alvaro Arbeloa 58-daqiqadayoq Vinisius Junior, Valverde va Tshuameni kabi yetakchi futolchilarini, biroz o‘tib Ryudigerni ham zaxiraga oldi, ular keyingi hafta o‘rtasida «Siti»ga qarshi javob o‘yinida kerak bo‘ladi. Ularning o‘rniga o‘yinni davom ettirgan futbolchilar ham ikkita gol urishdi. Avvaliga 18 yoshli Yanesning uzatmasidan keyin Hausen hisobdagi farqni oshirdi. O‘yin oxirlarida esa Guler maydonning ikkinchi qismidan turib fantastik gol muallifiga aylandi. U zarba bergan nuqtadan darvoza chizig‘igacha bo‘lgan masofa 68 metr chiqadi.
Yirik g‘alabadan keyin madridliklar turnir jadvalida yana «Barselona»ga bir ochkolik masofada yaqinlashib oldi, lekin kataloniyaliklar yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra yana to‘rt ochkolik farqni tiklashi mumkin.
Sport
Shomurodov — asosiyda, Fayzullayev qaydnomada ham yo‘q
Bugun, Turkiya Superligasining 26-turi doirasida peshqadam «Galatasaroy» o‘z maydonida «Bashakshehir»ni qabul qiladi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da Istanbuldagi «RAMS Park» stadionida boshlanadi.
«Galatasaroy» 25 o‘yindan so‘ng 61 ochko bilan jadvalda 1-o‘rinda bormoqda. «Bashakshehir» esa 42 ochko bilan 5-pog‘onani egallab turibdi va yevrokuboklar uchun kurashmoqda.
«Istanbul Bashakshehir» bugungi o‘yin uchun asosiy tarkibni e’lon qildi. Eldor Shomurodov — asosiyda, Abbosbek Fayzullayev qaydnomaga ham kiritilmagan.
Sport
Osiyo Kubogi, ayollar. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdi
2026-yilgi Osiyo Kubogi chorak finalida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Janubiy Koreya ayollar terma jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. 6:0 hisobida g‘alaba qozongan koreyslar yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shunga qaramasdan, milliy jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. Bo‘lg‘usi raqib Yaponiya – Filippin uchrashuvida aniqlanadi — ushbu uchrashuvda yengilgan jamoa ustidan g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston terma jamoasi 2027-yilda Braziliyada o‘tkaziladigan ayollar o‘rtasidagi JChga yo‘llanma oladi.
Agar jamoa ushbu o‘tish bahsida ham yengilsa, KXDR/Xitoy Taypeyi o‘rtasidagi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu uchrashuv g‘olibi xalqaro pley-off o‘yinlari orqali mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi, mag‘lub musobaqani tark etadi.
2026-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida 12 ta terma jamoa ishtirok etmoqda. Ular uchta guruhga bo‘lingan holda bahs olib bordi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan ikki nafar uchinchi o‘rin sohibi chorak final bosqichiga yo‘l oldi.
Chorak final g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Mag‘lub jamoalar esa oldindan aniqlangan setka asosida pley-off bosqichida ishtirok etadi. Pley-offda g‘alaba qozongan jamoalar Osiyoning 5 va 6-vakili sifatida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
JCh-2027 yo‘llanmasi uchun pley-off o‘yinlari:
O‘zbekiston — Yaponiya/Filippin
KXDR — Xitoy Taypeyi
Yarim finalga yo‘l olgan Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya terma jamoalari allaqachon Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanishga ulgurdi. So‘nggi yarim finalchi nomi Yaponiya – Filippin uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: 2029-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Sport
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
Endi ular jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.
Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan ayollar o‘rtasida Osiyo kubogi chorak finalida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari Janubiy koreyalik raqibalariga qarshi maydonga tushdi.
Bahs 6:0 hisobida Janubiy Koreya ayollar terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘zbekistonlik ayol futbolchilar bangladeshlik raqibalarini 4:0 hisobida yengib chorak finalga chiqishgandi.
Endi ular 19 mart kuni jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yaponiya – Filippin bahsida imkoniyatni boy bergan jamoa bilan kuch sinashishadi.
Osiyo kubogida eng yaxshi natijaga erishgan olti jamoa 2027 yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Sport
Hasanboy Do‘smatov professional boksdagi navbatdagi jangini Bishkekda o‘tkazadi
U 50 kg vazn toifasida vaqtinchalik chempionlik kamari uchun puerto-rikolik Jonatan Gonsalesga qarshi jang qiladi.
17–19 aprel kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi. Unda ikki karra Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov ham ringga ko‘tarilishi kutilmoqda.
WBA reytingida oltinchi o‘rinni egallab turgan charm qo‘lqop ustasi 50 kg vazn toifasida vaqtinchalik chempionlik kamari uchun puerto-rikolik Jonatan Gonsalesga qarshi jang qiladi.
Hasanboy Do‘smatov professional ringdagi so‘nggi jangini 2025 yil 20 iyul kuni filippinlik Mark Antonioga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozongan edi. Shu tariqa, uning professional boksdagi janglari soni 7 taga yetdi, ularning barchasi Do‘smatov foydasiga hal bo‘lgan.
Jonatan Gonsales hisobida 29 g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat mavjud.
-
Jamiyat4 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoRulda kamar taqmagan Sardor Mamadaliyev jarimaga tortildi
-
Dunyodan4 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Siyosat3 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Turk dunyosi4 days agoEron urushi kuchayib borayotgan bir paytda Turkiya o’rtada qoldi
-
Sport4 days agoAvstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
