Sport
O‘zmilliybank bayrog‘i Araratni zabt etdi
Shunday sport turlari borki, ular texnik tayyorgarlikdan tashqari, katta jismoniy kuch hamda barqarorlikni talab etadi. Xususan, baland tog‘larga ko‘tarilish va ko‘z ilg‘amas cho‘qqilarni zabt etish bo‘lgan alpinizm sport turi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ancha-muncha balandlikni pisand etmaydigan va katta marralarni kuch hamda ishtiyoq bilan ishg‘ol etish hissi bu sportga havasmandlar uchun hayotiy motivatsiyadir.
Eng e’tiborlisi, «O‘zmilliybank» AJ xodimlari orasida boshqa sport turlari kabi aynan alpinizmga qiziqadigan va buni hayot tarziga aylantirganlar borligi jamoaning katta yutug‘i, deyish mumkin.
2025 yilning 24 iyunida Bankning G‘aznachilik departamenti xodimi Andrey Tarantin «Mysterious Uzbekistan» guruhi tarkibida Kavkaz tog‘ tizimining eng baland nuqtalaridan biri — 5137 metrlik Ararat tog‘ining cho‘qqisiga ko‘tarildi va O‘zmilliybank bayrog‘ini tog‘ cho‘qqisining qoq markaziga o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Andrey Tarantin 2021 yildan beri tog‘ trekkingi bilan faol shug‘ullanadi.Aslida, bu Andreyning ilk g‘alabasi emas.U bu yo‘nalishda Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi uch ming metrlik tog‘larga ko‘tarilishlar bilan bog‘liq tajribalarga ega. Qolaversa, Andrey 2023 yil may oyida mazkur guruh bilan Yevropaning eng baland nuqtasi bo‘lgan Rossiyadagi Elbrus tog‘ining 5642 metrlik cho‘qqisiga ko‘tarilgan. 2024 yil may oyida esa shu guruh tarkibida Avstraliya va Okeaniyaning eng baland vulqoni — Papua-Yangi Gvineya hududida joylashgan Giluve cho‘qqisi (4368 metr)ga ko‘tarilish ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ararat tog‘i — dunyodagi eng mashhur alpinistik tog‘ maskanlaridan biri bo‘lib, balandligi 5137 metrni tashkil etadi. Araratning 4250 metrdan yuqori qismi doimiy muz bilan qoplangan. Uning cho‘qqisiga birinchi muvaffaqiyatli ekspeditsiya 1829 yilda nemis professori Iogann Fridrix Parrot tomonidan amalga oshirilgan. Hozirda ko‘p alpinistlar va sayyohlar Araratga ko‘tarilishni o‘zlariga maqsad qilishgan.
Ma’lumot uchun, «O‘zmilliybank» AJ nafaqat sportning turli yo‘nalishlarini rivojlantirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, qator sport turnirlari, musobaqalarda ham faol ishtirok etmoqda.
Bankimiz jamoasi a’zosi Andrey Tarantinning bu muvaffaqiyati hamkasblarimiz qo‘lga kiritayotgan g‘alabaning davomi bo‘ldi. O‘zmilliybank har doim bu borada xodimlarimizning tashabbus va intilishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularga yuksak ishonch bildiradi.
Bank matbuot xizmati
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
