Jamiyat
Aholini ro‘yxatga olish yakunlandi: natijalar qachon e’lon qilinadi?
Kecha, 2-mart kuni Milliy statistika qo‘mitasi Axborot, kommunikatsiyalar va media markazida mamlakatimizda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi 173-son Farmoniga muvofiq, ushbu keng ko‘lamli tadbir ikki bosqichda amalga oshirildi va mamlakat tarixida ilk bor to‘liq raqamlashtirilgan formatda tashkil etildi.
Onlayn bosqich: 30 milliondan ortiq aholi qamrab olindi
2026-yil 15–31-yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatga olish o‘tkazildi. 17 kun ichida jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq fuqaro mustaqil ravishda savolnomani to‘ldirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatkich aholining faolligi va fuqarolik mas’uliyatini, shuningdek, raqamli xizmatlardan foydalanish madaniyati izchil o‘sib borayotganini namoyon etdi. Yuqori natijaga erishishda ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan keng tushuntirish ishlari, mahalla tizimi hamda davlat organlari va tashkilotlarining uyushqoq faoliyati muhim omil bo‘lgani qayd etildi.
Uyma-uy bosqich va to‘liq qamrov
Onlayn bosqichda ishtirok etmagan yoki ma’lumotlarni xatolik bilan kiritgan fuqarolar 4–28-fevral kunlari o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda qamrab olindi. Bu jarayonda mahalla yettiligi vakillari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ma’lumotlarni bevosita elektron platformaga kiritdilar.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 8,3 millionta xonadonlarda yashovchi aholi to‘liq qamrab olingan. Shuningdek, qo‘shimcha turar joy ob’yektlari, jumladan yangi qurilgan uy-joylar ham aniqlangan.
Qayd etilishicha, xonadon a’zolarining vaqtincha xorijda bo‘lishi yoki boshqa ob’yektiv sabablar tufayli uyda bo‘lmasligi natijasida kam sonli fuqarolar ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok eta olmagan.Bunday holatlarda 1851 qisqa raqamli koll-markaziga murojaat qilish so‘ralgan.
Avtomatik nazorat va ma’lumotlar sifatini ta’minlash
Ro‘yxatga olish jarayoni to‘liq raqamli tizim asosida amalga oshirildi. Har bir shaxsning ma’lumoti JShShIR orqali tekshirildi. Agar ma’lumotlar takror kiritilgan bo‘lsa, tizim avtomatik ravishda bunday holatlarni aniqlab, faqat bitta yozuvni qabul qildi.
Inson omilini kamaytirishga qaratilgan avtomatik nazorat mexanizmlari ma’lumotlar sifatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xalqaro tavsiyalarga muvofiq, natijalarning aniqligini baholash maqsadida tasodifiy tanlab olingan xonadonlarda qayta o‘rganish ishlari ham o‘tkaziladi. Umumiy qamrovning 10 foizigacha bo‘lgan qismida qayta tekshiruvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Natijalar qachon e’lon qilinadi?
Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish jarayoni yakunlangani bilan yakuniy raqamlar darhol e’lon qilinmaydi. Hozirda barcha ma’lumotlar yagona bazada jamlanib, texnik va mantiqiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, nomuvofiqliklar bo‘yicha qo‘shimcha tahlillar amalga oshirilmoqda.
Dastlabki natijalar 2026 yil 1 iyuliga qadar, yakuniy va to‘liq tahlil qilingan ma’lumotlar esa 2027 yil 1 iyuliga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, e’lon qilinadigan raqamlar bir necha bosqichli tekshiruvdan o‘tgan, rasmiy tasdiqlangan va ishonchli ma’lumotlar bo‘ladi.
Ma’lumotlar maxfiyligi ta’minlanadi
Fuqarolar taqdim etgan barcha ma’lumotlar amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat umumlashtirilgan statistik ko‘rinishda ishlatiladi.
Axborot tizimi yuqori ishonchli ma’lumotlarni qayta ishlash markazida joylashtirilgan bo‘lib, milliy sertifikatga ega kriptomodul orqali ma’lumotlar shifrlangan holda saqlanadi. Shuningdek, statistik qayta ishlashdan oldin ma’lumotlar shaxssizlantiriladi.
Jamiyat
Navoiydagi YTHda haydovchi va yo‘lovchi halok bo‘ldi
Joriy yilning 2-may kuni soat 07:20larda Konimex tumani «Karak-ata» OFY hududidan o‘tuvchi A-379 «Navoiy-Uchquduq» xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 142-143 km.lar oralig‘ida haydovchi N.J. boshqaruvida bo‘lgan «Nexia-3» rusumli avtomobil «Zarafshon-Navoiy» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelib, tezlikni oshirishi natijasida yo‘lning xavfli burilish joyida rul boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi tomonga chiqib ketib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan fuqaro M.A. boshqaruvida bo‘lgan «SKANIA 114L» rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
Natijada «Nexia-3» rusumli avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea tafsilotlarini o‘rganish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tadigan OTB yig‘ilishida ishtirok etadi
3-4 may kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.
Davlatimiz rahbari tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlaydi hamda xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Yig‘ilishning bosh mavzusi – «Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish». Forum global va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma bo‘ladi.
Ishtirokchilar asosiy e’tiborini «yashil» transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi va boshqa masalalarga qaratadilar.
Besh kunlik sammitda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari va xodimlari hamda xorijiy hukumatlarning 2 ming nafarga yaqin vakillari, yetakchi kompaniyalar va banklar, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etadi. Jami 4 mingdan ziyod delegat qatnashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston 1995-yildan buyon Osiyo taraqqiyot bankining a’zosi bo‘lib, uning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi: loyihalar portfelining umumiy hajmi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz bankning yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda.
Jamiyat
San’atkorlar oyiga taxminan 45 ming so‘m soliq to‘layapti – Soliq qo‘mitasi
O‘zbekistonda konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 1 100 nafar xonanda 2025-yil uchun soliq deklaratsiyasini taqdim etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 599,7 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan.
Hisob-kitobga ko‘ra, bu bir nafar san’atkorga yiliga o‘rtacha 545 ming so‘m, oyiga esa taxminan 45 ming so‘m soliq to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.
Deklaratsiyalar tahliliga ko‘ra, san’atkorlarning asosiy qismi past daromad segmentiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 375 nafar xonanda yiliga 1 mln so‘mgacha, 576 nafari esa 10 mln so‘mgacha daromad ko‘rsatgan. Faqat juda kichik qismi – 19 nafar san’atkor 60 mln so‘mdan yuqori daromad qayd etgan.
Reyting guruhlari kesimida ham shu holat kuzatiladi: yuqori daromadli I guruhda bor-yo‘g‘i 47 nafar bo‘lib, asosiy ulush – 953 nafardan iborat III guruh hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, bozorda ko‘pchilik san’atkorlar nisbatan kichik daromad bilan faoliyat yuritmoqda.
Guruhlar kesimida:
I guruh (47 nafar): yuqori daromad, 140,8 mln so‘m soliq
II guruh (100 nafar): 83,9 mln so‘m soliq
III guruh (953 nafar): asosiy ulush — 375,2 mln so‘m
Biroq bu raqamlar ikki xil talqin qilinishi mumkin. Bir tomondan, haqiqatan ham san’at bozorida daromadlar past bo‘lishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, ayrim hollarda daromadlarning to‘liq deklaratsiya qilinmasligi ehtimoli ham mavjud.
Jamiyat
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 39 yoshli ayol oilaviy shifokor punktida osma ukol olayotgan payti vafot etganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
“Mazkur holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Yangiqo‘rg‘on TTB.ga qarashli “G‘ovazon” OShP TBX oila hamshirasi G.E.ga nisbatan JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi prokuratura xabarida.
Qayd etilishicha, hozirda Yangiqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Avvalroq Kun.uz mazkur voqea tafsilotlarini o‘rgangandi.
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga 161,5 mlrd so‘m ijtimoiy keshbek berilgan
2026-yilning yanvar–mart oylarida kam ta’minlangan aholiga 161,5 mlrd so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek to‘lab berildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda 621,6 ming nafar fuqaro mazkur imkoniyatdan foydalangan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida jami 2 mln 728,4 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faqat mart oyining o‘zida 984,5 mingta chek qayd etilib, 65,1 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Ijtimoiy keshbek hajmi bo‘yicha Andijon viloyati yetakchi — 94,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,5 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (11,5 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 10,8 mlrd, Farg‘onada 7,1 mlrd, Namanganda 4,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Qashqadaryoda 3,8 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd, Sirdaryoda 2,5 mlrd, Jizzaxda 2,9 mlrd so‘m qaytarilgan.
Qoraqalpog‘istonda 2,2 mlrd, Xorazmda 1,8 mlrd, Buxoroda 1,5 mlrd, Navoiyda 649 mln so‘m ijtimoiy keshbek ajratilgan.
Ma’lumot uchun, bu tizim 2023-yil 1-maydan joriy etilgan bo‘lib, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslarga tatbiq etiladi. Ular chakana savdo obyektlarida ayrim mahsulotlarni xarid qilganda 1 foiz emas, balki 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorida keshbek oladi.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat5 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Jamiyat5 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
-
Dunyodan5 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Turk dunyosi4 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
