Jamiyat
Aholini ro‘yxatga olish yakunlandi: natijalar qachon e’lon qilinadi?
Kecha, 2-mart kuni Milliy statistika qo‘mitasi Axborot, kommunikatsiyalar va media markazida mamlakatimizda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari yakunlariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi 173-son Farmoniga muvofiq, ushbu keng ko‘lamli tadbir ikki bosqichda amalga oshirildi va mamlakat tarixida ilk bor to‘liq raqamlashtirilgan formatda tashkil etildi.
Onlayn bosqich: 30 milliondan ortiq aholi qamrab olindi
2026-yil 15–31-yanvar kunlari census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatga olish o‘tkazildi. 17 kun ichida jami xonadonlarning 82,3 foizida istiqomat qiluvchi 30 milliondan ortiq fuqaro mustaqil ravishda savolnomani to‘ldirib, onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatkich aholining faolligi va fuqarolik mas’uliyatini, shuningdek, raqamli xizmatlardan foydalanish madaniyati izchil o‘sib borayotganini namoyon etdi. Yuqori natijaga erishishda ommaviy axborot vositalari orqali olib borilgan keng tushuntirish ishlari, mahalla tizimi hamda davlat organlari va tashkilotlarining uyushqoq faoliyati muhim omil bo‘lgani qayd etildi.
Uyma-uy bosqich va to‘liq qamrov
Onlayn bosqichda ishtirok etmagan yoki ma’lumotlarni xatolik bilan kiritgan fuqarolar 4–28-fevral kunlari o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda qamrab olindi. Bu jarayonda mahalla yettiligi vakillari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ma’lumotlarni bevosita elektron platformaga kiritdilar.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 8,3 millionta xonadonlarda yashovchi aholi to‘liq qamrab olingan. Shuningdek, qo‘shimcha turar joy ob’yektlari, jumladan yangi qurilgan uy-joylar ham aniqlangan.
Qayd etilishicha, xonadon a’zolarining vaqtincha xorijda bo‘lishi yoki boshqa ob’yektiv sabablar tufayli uyda bo‘lmasligi natijasida kam sonli fuqarolar ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok eta olmagan.Bunday holatlarda 1851 qisqa raqamli koll-markaziga murojaat qilish so‘ralgan.
Avtomatik nazorat va ma’lumotlar sifatini ta’minlash
Ro‘yxatga olish jarayoni to‘liq raqamli tizim asosida amalga oshirildi. Har bir shaxsning ma’lumoti JShShIR orqali tekshirildi. Agar ma’lumotlar takror kiritilgan bo‘lsa, tizim avtomatik ravishda bunday holatlarni aniqlab, faqat bitta yozuvni qabul qildi.
Inson omilini kamaytirishga qaratilgan avtomatik nazorat mexanizmlari ma’lumotlar sifatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xalqaro tavsiyalarga muvofiq, natijalarning aniqligini baholash maqsadida tasodifiy tanlab olingan xonadonlarda qayta o‘rganish ishlari ham o‘tkaziladi. Umumiy qamrovning 10 foizigacha bo‘lgan qismida qayta tekshiruvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Natijalar qachon e’lon qilinadi?
Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish jarayoni yakunlangani bilan yakuniy raqamlar darhol e’lon qilinmaydi. Hozirda barcha ma’lumotlar yagona bazada jamlanib, texnik va mantiqiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, nomuvofiqliklar bo‘yicha qo‘shimcha tahlillar amalga oshirilmoqda.
Dastlabki natijalar 2026 yil 1 iyuliga qadar, yakuniy va to‘liq tahlil qilingan ma’lumotlar esa 2027 yil 1 iyuliga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, e’lon qilinadigan raqamlar bir necha bosqichli tekshiruvdan o‘tgan, rasmiy tasdiqlangan va ishonchli ma’lumotlar bo‘ladi.
Ma’lumotlar maxfiyligi ta’minlanadi
Fuqarolar taqdim etgan barcha ma’lumotlar amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat umumlashtirilgan statistik ko‘rinishda ishlatiladi.
Axborot tizimi yuqori ishonchli ma’lumotlarni qayta ishlash markazida joylashtirilgan bo‘lib, milliy sertifikatga ega kriptomodul orqali ma’lumotlar shifrlangan holda saqlanadi. Shuningdek, statistik qayta ishlashdan oldin ma’lumotlar shaxssizlantiriladi.