Iqtisodiyot

AESlarning “qaytishi” uranga talabni va bu sohaga investitsiya zaruratini oshirmoqda

Published

on


Jahon miqyosida atom energetikasiga e’tibor yana kuchayib bormoqda, bu esa o‘z navbatida uran xomashyosiga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu haqda “Navoiyuran” DK investitsiya bo‘yicha direktori Xudoyor Meliyev kompaniya saytiga joylangan maqolasida so‘z yuritgan.

Meliyev keltirib o‘tgan Jahon Atom Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda atom reaktorlari tomonidan talab etilgan uran hajmi taxminan 67 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2030 yilga borib mazkur ko‘rsatkich 28 foizga oshib, yiliga 86 ming tonnaga yaqinlashishi, 2040 yilga kelib esa 150 ming tonnadan oshishi prognoz qilinmoqda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, jahonda atom energetika quvvatlarining umumiy hajmi ham jadal sur’atlarda o‘sishi kutilmoqda. Xususan, 2025 yil o‘rtasiga kelib taxminan 398 GWni tashkil etgan jahon atom energetika quvvati 2030 yilga qadar yana 13 foizga, 2040 yilga borib esa 87 foizga oshib, umumiy hisobda 746 GW darajasiga yetishi prognoz qilingan.

“Navoiyuran” rasmiysiga ko‘ra, so‘nggi yillarda bir qator davlatlar tomonidan atom energetikasini cheklash yoki bosqichma-bosqich tugatishga qaratilgan oldingi siyosatlar qayta ko‘rib chiqilib, uni energetika tarmog‘ining strategik va ajralmas qismi sifatida saqlab qolish, shuningdek, atom energetika quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat siyosati amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2023 yilda bo‘lib o‘tgan COP28 xalqaro ekologik konferensiyasi doirasida 31 ta davlat 2050 yilga qadar atom energetika quvvatlarini uch baravarga oshirish bo‘yicha rasmiy siyosiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.

“Mazkur qarorlar atom energetikasini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uran xomashyosiga bo‘lgan jahon talabining barqaror va izchil o‘sib borish tendensiyasini shakllantirishi kutilmoqda”, – deya yozadi Xudoyor Meliyev.

Uran bozorida talab va taklif muvozanati izdan chiqyapti

Muallifning yozishicha, uranga talab ortayotgan bir sharoitda bu xomashyoning taklifi yetarli emas.

Jahon Atom Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘yicha uran konlaridan qazib olingan uran hajmi 58,2 ming tonna U₃O₈ (49,3 ming tonna toza uran)ni tashkil etgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich atom elektr stansiyalarining yillik yoqilg‘iga bo‘lgan umumiy ehtiyojining bor-yo‘g‘i 74 foizini ta’minlagan. Qolgan talab muqaddam shakllangan zaxiralar hisobidan qoplangan bo‘lib, jumladan elektr energetikasi kompaniyalarining strategik zaxiralari hisobidan foydalanilgan.

Keyingi yillarda bozor kon’yunkturasining nisbatan yaxshilanishi hisobiga global uran qazib chiqarish hajmlarida muayyan darajada tiklanish kuzatilgan. Xususan, 2022–2024 yillar davrida jahon miqyosida uran ishlab chiqarish hajmi taxminan 22 foizga oshib, 60,2 ming tonnadan ortiqni tashkil etgani qayd etilgan. Biroq, mazkur ijobiy dinamikaga qaramasdan, xalqaro tahlillarga ko‘ra, amalda ekspluatatsiya qilinayotgan uran konlarining katta qismi 2030 yillarga kelib o‘z resurs salohiyatini bosqichma-bosqich yo‘qotishi kutilmoqda.

Jahon Atom Assotsiatsiyasi baholashicha, 2030 yildan so‘ng hozir faoliyat yuritayotgan konlar hisobiga qazib olinadigan uran hajmi deyarli ikki baravarga qisqarishi mumkin.

“Mazkur holat o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda atom energetikasi obektlarini uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlash masalasida jiddiy xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi hamda yangi uran manbalarini izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish zarurligini taqozo etadi”, – deyiladi maqolada.

Ekspertlarga ko‘ra, uran konlarini geologik razvedka qilishdan boshlab ularni to‘liq sanoat ekspluatatsiyasiga chiqarishgacha bo‘lgan jarayon, odatda, 10–20 yilni talab etadi. Shu sabab kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xomashyo tanqisligining oldini olish maqsadida bugungi kundayoq yangi geologik-qidiruv ishlari va investitsiya loyihalarini tizimli ravishda va faol rivojlantirish zarur.

Uran narxi oshmoqda

“Navoiyuran” vakilining qayd etishicha, uran bozorida joriy vaziyat narx dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, ko‘p yillar davomida nisbatan past darajada saqlanib kelgan uran narxlari so‘nggi ikki-uch yil mobaynida jahon bozorida keskin o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. 2025 yil sentabr oyida spot bozorda uran konsentrati (U₃O₈) narxi har bir funti uchun 82,63 dollarga yetgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yillikda qayd etilgan eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.

Xudoyor Meliyevga ko‘ra, uran narxlarining oshishiga qator obektiv omillar ta’sir ko‘rsatmoqda:


moliya bozorlarida ayrim investitsiya fondlari tomonidan tabiiy uranning katta hajmlarda xarid qilinishi;
jahonning eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Qozog‘iston Respublikasining “Qazatomprom” kompaniyasi tomonidan 2026 yil uchun rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmlarining ixtiyoriy ravishda qisqartirilishi;
Kanadada joylashgan McArthur River konida texnik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan kechikishlar natijasida ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi Cameco kompaniyasi tomonidan yillik ishlab chiqarish rejalarining pasaytirilishi shular jumlasidan.

“Yuqorida keltirilgan tahliliy ma’lumotlar va prognozlar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda xorijdagi uran resurslariga sarmoya kiritish hamda geologik razvedka ishlarini kuchaytirish milliy energiya xavfsizligini ta’minlash, shuningdek “Navoiyuran” davlat korxonasining uzoq muddatli va barqaror daromad manbalarini shakllantirishning ajralmas sharti hisoblanadi”, – deya xulosa qilgan “Navoiyuran”ning investitsiya bo‘yicha direktori Xudoyor Meliyev.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version