Jamiyat
Po‘lat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
Ichki ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan general-leytenant Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu maslahatchi lavozimida G‘ofurjon Mirzayev ishlaydi.
Bobojonov 2017–2025-yillarda ichki ishlar vaziri bo‘lgan.
Uning o‘rniga Aziz Toshpo‘latov vazir etib tayinlangandi.
Jamiyat
MIT PhD dasturiga 100 foizlik grant yutgan Munisa Jumanova hikoyasi
23 yoshli Munisa bugun AQShdagi Johns Hopkins universitetida xalqaro munosabatlar va siyosiy iqtisod yo‘nalishida tahsil olmoqda. Yaqinda u dunyoning birinchi raqamli oliygohi – MIT’ga doktorantura bosqichiga to‘liq moliyaviy qoplash asosida qabul qilindi. Munisa Markaziy Osiyodagi demokratlashuv, aholining qarishi, gender siyosati va geosiyosiy qaramlik mavzulari bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u xalqaro akademik muhitga moslashish tajribasi hamda tadqiqotlari haqida gapirib berdi.
Munisa Jumanova Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilib voyaga yetgan. Otasi harbiy tizimda xizmat qilgan, onasi esa hozirda oliygohda tahsilni davom ettirmoqda. Oilada uch farzand ulg‘aygan va ta’lim masalasi doim ustuvor bo‘lgan.
Uning aytishicha, bolalikdan uyda intizom kuchli saqlangan. Kundalik tartib, o‘qishga munosabat va vaqtni boshqarish asosiy tamoyillardan biri hisoblangan.
“Bizda erkinlikdan ko‘ra tartib va mas’uliyat ko‘proq edi. O‘sha paytda bu qiyin tuyulardi. Dadam harbiy bo‘lgani uchun uyda intizom juda kuchli bo‘lardi. Bolaligimda ba’zan nega boshqalarnikidek erkin emasligimiz haqida o‘ylardim. Lekin vaqt o‘tib tushundimki, bu nazoratning asosida ishonchsizlik emas, mas’uliyat hissi yotgan ekan. Ota-onam bizga doim bir narsani singdirardi: agar imkoniyat berilgan bo‘lsa, uning ortida katta mehnat turadi va bunga jiddiy qarash kerak. Masalan, repetitorga borsak, albatta, natija so‘ralardi. Har bir imkoniyatdan maksimal foydalanishimizni xohlashardi. Menimcha, aynan shu tarbiya keyinchalik mustaqil ishlash, vaqtni boshqarish va uzoq muddatli maqsadlar uchun sabr qilishni o‘rgatgan”, – deydi Munisa.
U Toshkentdagi 49-maktabda tahsil olgan. Maktab davridayoq ingliz tili, matematika va huquq fanlari bo‘yicha olimpiadalarda qatnashib, mustaqil o‘qish va tadqiqotga qiziqa boshlagan. Munisaning aytishicha, xorijdagi universitetlarga qiziqish ham aynan shu davrda shakllangan.
“Ingliz tilidagi kitoblarda universitetlar haqida ma’lumotlarni ko‘rardim. O‘sha paytda boshqa davlatlarda ham o‘qish mumkinligi haqida o‘ylay boshlaganman. Avvaliga bu juda murakkab, deyarli yetib bo‘lmaydigan narsa bo‘lib tuyulardi. Lekin vaqt o‘tib, turli davlatlarda ta’lim olayotgan talabalar, ularning tajribalari, ilmiy muhit haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdim va agar ular buni uddalagan bo‘lsa, nega men ham urinib ko‘rmasligim kerak, degan fikr paydo bo‘ldi. O‘sha paytdan boshlab bu men uchun orzu emas, asta-sekin aniq maqsadga aylana boshladi”, – deydi u.
Keyinchalik Munisa turli xalqaro almashinuv va grant dasturlariga qiziqadi. Pandemiya va ayrim moliyaviy cheklovlarga qaramay, u Toshkentdagi Webster xalqaro oliygohida iqtisodiyot va moliya yo‘nalishida bakalavr bosqichini grant asosida tamomlaydi. Hozirda Munisa Johns Hopkins universitetida xalqaro munosabatlar va siyosiy iqtisod bo‘yicha tahsil olmoqda. Uning ilmiy izlanishlari asosan Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy transformatsiyalar bilan bog‘liq. Jumladan, u 1920-1930 yillardagi “hujum kampaniyasi”, sovet davridagi gender siyosati hamda tashqi siyosiy kuchlarning mintaqa institutlariga ta’siri haqida tadqiqot olib bormoqda.
“Markaziy Osiyo ko‘pincha tashqi nazariyalar orqali tushuntiriladi. Men esa mintaqani ichkaridan o‘rganishga harakat qilaman. Chunki ko‘p hollarda tashqi baholar jarayonlarning faqat bir qismini ko‘rsatadi, ichki ijtimoiy tuzilma, tarixiy xotira va institutlar qanday ishlashi esa chetda qolib ketadi. Izlanuvchi sifatida men uchun Markaziy Osiyo faqat geosiyosiy xarita emas, murakkab tarixiy va ijtimoiy jarayonlar kesishgan hudud”, – deydi u.
Munisa Jumanova uchun navbatdagi muhim bosqich AQShdagi Massachusets texnologiya institutiga qabul jarayoni bo‘ldi. U ushbu oliygohga 100 foizlik grant asosida o‘qishga kirdi.
Yosh tadqiqotchining aytishicha, MIT’ga hujjat topshirish jarayoni bir necha bosqichli murakkab akademik tanlov tizimidan iborat. Dastlab u o‘zining ilmiy yo‘nalishi, tadqiqot tajribasi va kelajakdagi rejalari aks etgan ilmiy tadqiqot bayoni va motivatsion xat tayyorlagan. Unda, asosan, Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, institutlar transformatsiyasi va gender siyosatiga oid izlanishlar o‘rin olgan.
Shuningdek, ariza paketiga CV, avval chop etilgan ilmiy maqolalar, tavsiyanomalar va akademik natijalar kiritilgan. Munisaning ta’kidlashicha, eng muhim omillardan biri uning mustaqil tadqiqot tajribasi bo‘lgan.
“Bu jarayonda faqat baholar emas, sizning qanday fikrlashingiz, qanday savol qo‘yishingiz va ilmiy muammoni tahlil qilishingiz juda muhim. Men arizada aynan shunga urg‘u berganman”, – deydi u.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Navoiyda ming dollar porani rad etgan YPX xodimi mukofotlandi
YPX xodimiga pora olmagani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (12 mln 360 ming so‘m) pul mukofoti topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, 7 aprel kuni YPX xodimlari Karmana tumanida Samarqand-Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatganida haydovchi mashinani mast holda boshqarib kelayotgani aniqlangan.
Haydovchining otasi qoidabuzarlik uchun hujjatlarni sudga taqdim etmaslik va mashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga ming dollar pora taklif qilgan.
Xodim ushbu holat haqida ichki ishlar organiga xabar bergan. Tyezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro inspektorga ming dollar pora berishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kapitan Sherbek Turxonov pora olmagani uchun davlat tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (12 million 360 ming so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlangan.
Jamiyat
«Mehr» operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi O‘zbekistonga qaytarildi
Ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi.
Birinchi gumanitar operatsiya 2019 yil 30 mayda prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirig‘i bilan amalga oshirilgan va missiya davomida urush domida qolgan Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar vatanga qaytarilgandi.
So‘ng o‘sha yilning oktyabr oyida «Mehr-2», 2020 yil dekabr oyida «Mehr-3», 2021 yil fevral oyida «Mehr-4» gumanitar operatsiyalari tashkil etildi. Ushbu operatsiyalari natijasida Iroq, Suriya va Afg‘onistondan o‘nlab ayol va bolalar O‘zbekistonga qaytarildi.
«Mehr-5» operatsiyasining yakunlovchi bosqichi 2021 yil aprel oyida amalga oshirilib, Suriyadan 92 nafar kishi – 24 nafar ayol va 68 nafar bola vatanga olib kelindi.
Jami «Mehr» operatsiyalari natijasida 530 dan ortiq kishi qaytarildi, ularning taxminan 75 foizini bolalar tashkil etadi.
Repatriantlarning barchasi hujjatlar bilan ta’minlandi. Mojarolar zonasida tug‘ilgan har bir bolaga O‘zbekiston Respublikasining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi berildi.
Qaytarilgan bolalar maxsus maktablarda emas, balki oddiy sinflarda o‘qiydi. Bugungi kunda 10 nafarga yaqin repatriant oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda, 9 nafar bola esa respublika va viloyat fan olimpiadalarining g‘olibi hamda sovrindori bo‘ldi.
Jamiyat
Farg‘onada 1 mlrd 247 mln so‘mlik dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli xonadonda 38 turdagi 29,4 ming donadan ziyod dori vositalari saqlanayotganligi, xonadonga kelgan «Gazel» avtomashinasida 25 turdagi 16,5 ming donadan ziyod dori vositalari olib kelinganligi aniqlandi.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaroga tegishli xonadonga «Gazel» rusumli transport vositasidan dori vositalari tushirilayotgan vaqtda to‘xtatilib, transport vositasi va xonadon ko‘zdan kechirildi.
Natijada xonadonda 38 turdagi 29,4 ming donadan ziyod dori vositalari saqlanayotganligi, shuningdek, «Gazel»da 25 turdagi 16,5 ming donadan ziyod dori vositalari olib kelinganligi aniqlandi.
O‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbiri natijasida dastlabki qiymati 1 mlrd 247 mln so‘mlik 46 ming donaga yaqin sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘magan dori vositalarining saqlash hamda tashish qoidalari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlanib vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar kruiz kemalarida ishlashga taklif etilmoqda
Taklif etilayotgan ish o‘rinlari uchun 900 dollardan 1650 dollargacha oylik maosh belgilangan.
Dunyodagi yirik dengiz boshqaruv kompaniyalaridan biri — V.Ships Global Recruitment O‘zbekiston fuqarolari uchun kruiz kemalarida ishlash bo‘yicha vakansiyalar e’lon qildi.
Migratsiya agentligining bildirishicha, taklif etilayotgan ish o‘rinlari uchun 900 dollardan 1650 dollargacha oylik maosh belgilangan.
Vakansiyalar orasida xizmat ko‘rsatish yordamchisi, bar ofitsianti, ikkinchi oshpaz, oshpaz yordamchisi va oshxona xodimi kabi 45ta ish o‘rni mavjud.
Ta’kidlanishicha, xodimlarning ish samaradorligiga qarab maosh va lavozimning oshib borishi kafolatlangan.
Nomzodlar 18–45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, ingliz tilini kamida B1 darajasida bilishi kerak. Yevropa davlatlari tillarini biladiganlarga ustunlik berilishi mumkin.
Qayd etilishicha, ishga qabul qilinganlarga turli mamlakatlarga sayohat qilish imkoniyati, AQSh ishchi vizasi hamda Migratsiya agentligi ishtirokida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida huquqiy himoya kafolatlanadi.
Ishga joylashish uchun nomzodlar kompaniya saytida ariza qoldirishi kerak. Ma’qul kelgan nomzodlar bilan kompaniya mutaxassislari bog‘lanadi, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar intervyuga taklif etiladi. Ish beruvchi tanlagan nomzodlar bilan uch tomonlama shartnoma tuzilib, AQSh ishchi vizasi rasmiylashtiriladi.
-
Iqtisodiyot4 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Jamiyat5 days agoToshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
-
Jamiyat4 days agoBuxoroda YTH sodir qilgan haydovchi 10 sutkaga qamaldi
-
Jamiyat5 days agoKitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi
-
Mahalliy5 days ago
Oliy attestatsiya komissiyasi rahbari ishdan olindi
-
Sport4 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot3 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
-
Dunyodan4 days agoAQSh Eronning raketa inshootlariga hujum qildi
