Jamiyat
Zulfiya mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti g‘oliblari aniq bo‘ldi. Bu haqda prezident qarori e’lon qilindi.
Mukofot sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
G‘oliblar ro‘yxati::
Turemuratova Biybinaz Kenesbay qizi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali kompyuter injiniringi mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)
Ibragimova Shaxzoda Alisher qizi – Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiysi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)
Sotvoldiyeva Moxinur Xazratullo qizi – O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining adabiyot nazariyasi ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti (Andijon viloyati)
Usmonova Dilshoda Egamberdi qizi – Andijon davlat pedagogika institutining jismoniy madaniyat fakulteti 2-bosqich talabasi
Ruxillayeva Nilufar Shukrullo qizi – O‘zbekiston Milliy universitetining xorijiy filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi (Buxoro viloyati)
Bahronova Dilshoda Tohirovna – Buxoro davlat tibbiyot institutining tibbiyot fakulteti 6-bosqich talabasi
Ortiqova E’zoza Nodir qizi – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro iqtisodiyot va menejment mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti (Jizzax viloyati)
Abdurazoqova Mehribon Jaloliddin qizi – Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 8-bolalar musiqa va san’at maktabining fortepiano sinfi o‘qituvchisi
Sheraliyeva Jasmina Erkin qizi – Guliston davlat universitetining san’atshunoslik fakulteti 1-bosqich talabasi (Qashqadaryo viloyati)
Mahammadrizoyeva Madinabonu Mahammadriza qizi – Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetining qishloq xo‘jaligi fakulteti 3-bosqich talabasi (Qashqadaryo viloyati)
Yo‘ldosheva Ummatoy To‘lqinovna – «Yangi O‘zbekiston» universitetining sanoat boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti (Navoiy viloyati)
Abdullayeva Saida Ravshan qizi – Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakulteti 1-bosqich talabasi (Navoiy viloyati)
Olimjonova Aqidaxon Anvarjon qizi – Namangan viloyati Namangan ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 11-sinf o‘quvchisi
To‘ychiyeva Dilafruz Nu’monjon qizi – Qo‘qon davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 3-bosqich talabasi (Namangan viloyati)
Anorova Gulhayo Zokir qizi – Samarqand viloyati Samarqand shahridagi «Vatanparvar» mahalla fuqarolar yig‘ini kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimi
Xamdamova Afro‘za Akbarovna – Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi
Abdusalamova Zanjiloy Farxod qizi – O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)
G‘aniyeva Maftuna Abduaziz qizi – Guliston davlat universitetining ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti (Sirdaryo viloyati)
Abdusaidova Gulruxsorabegim Komiljon qizi – Toshkent davlat yuridik universitetining jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi (Surxondaryo viloyati)
Zaripova Rushana Robertovna – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti (Surxondaryo viloyati)
Anvarova Naima Anvar qizi – Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Uralova Oysha Abduraim qizi – Toshkent viloyati Angren shahridagi «Yangiobod kelajak sari» oilaviy korxonasi rahbari
Abdurasulova Dilnoza Botirali qizi – Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali dasturiy injiniring kafedrasi assistenti
Saynazarova Layloxon Odiljon qizi – Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar madaniyat bo‘limi to‘garak rahbari
Kamalova Shaxzoda Kaxramon qizi – Xorazm viloyati Urganch shahridagi 3-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi
Sobirova Layloxon Arslonbek qizi – Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universitetining jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti (Xorazm viloyati)
Sodiqova Nasiba Majitovna – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining teatr san’ati fakulteti 3-bosqich talabasi (Toshkent shahri)
Babeshko Alina Aleksandrovna – O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining xoreografiya kafedrasi o‘qituvchisi (Toshkent shahri).
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
