Jamiyat
Po‘lat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
Ichki ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan general-leytenant Po‘lat Razzoqovich Bobojonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu maslahatchi lavozimida G‘ofurjon Mirzayev ishlaydi.
Bobojonov 2017–2025-yillarda ichki ishlar vaziri bo‘lgan.
Uning o‘rniga Aziz Toshpo‘latov vazir etib tayinlangandi.
Jamiyat
«Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga qaratilgan «Rektorlar maktabi» dasturiga qabul qilish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangi nizomga ko‘ra, nomzodlar ochiq tanlov asosida to‘rt bosqichli saralashdan o‘tadi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi doirasida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2026 yil 13 iyul kuni 3897-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar kamida 30 yoshga to‘lgan, magistr akademik darajasiga ega, oliy ta’lim sohasida kamida besh yillik ish tajribasiga, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi lozim.
Qabul jarayoni to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Ular hujjatlarni qabul qilish va o‘rganish, test sinovlari, psixologik baholash hamda suhbatdan iborat.
Nomzodlarning test, psixologik baholash va suhbat natijalari bo‘yicha to‘plagan umumiy ballari asosida reyting shakllantiriladi. Qabul kvotasi doirasida eng yuqori natija qayd etgan nomzodlar o‘qishga tavsiya qilinadi.
Shuningdek, nizomda hujjatlarni topshirish tartibi, baholash mezonlari, natijalarni e’lon qilish, apellyatsiya berish hamda qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash mexanizmlari ham belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 apreldagi 177-son qaroriga muvofiq, davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat «Rektorlar maktabi» dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va rektorlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar orasidan tanlab olinadi.
Jamiyat
Voyaga yetmaganlarni emansipatsiya qilish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan voyaga yetmaganlar emansipatsiyadan o‘tish uchun davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 13 iyuldagi 380-sonli qarori bilan «Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazlari, «Inson» markazlari yoki ijtimoiy xodim orqali, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali foydalanish mumkin.
Reglamentga ko‘ra, vakolatli organ ariza beruvchini quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:
ariza beruvchi psixologik jihatdan yetuk bo‘lishi va o‘z xatti-harakatlarining oqibatini anglay olishi;
tadbirkorlik yoki mehnat faoliyati bilan kamida uch oy davomida uzluksiz shug‘ullangan bo‘lishi;
o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va davomati bo‘yicha ijobiy ma’lumotga ega bo‘lishi.
Shuningdek, emansipatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng mazkur ma’lumotlar avtomatik tarzda Emansipatsiya qilingan shaxslar reyestriga kiritiladi.
Jamiyat
Chimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib, tog‘dan tusholmay qolgan ikki nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan sog‘-salomat qutqarildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, ikki nafar fuqaro Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida chiqqan. Biroq ular yo‘ldan adashib qolgani sababli mustaqil ravishda tog‘dan tusha olmagan.
Xabar olinishi bilan qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Jamiyat
Metroning yerusti yo‘nalishlarida poyezdlar tezligi pasaytirildi
Toshkentda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti munosabati bilan metroning yerusti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar tezligi vaqtincha pasaytirildi. Cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda yuqori harorat ta’sirida relslar deformatsiyasining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
«Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi ma’lum qilishicha, respublikada havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida yerusti temir yo‘l relslari harorati belgilangan me’yor — 55 darajadan yuqoriga chiqmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 15 iyuldan boshlab amaldagi yo‘riqnomaga muvofiq yerusti metro yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligi har kuni soat 18:00 gacha 60 km/soatdan 40 km/soatgacha vaqtincha cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov poyezdlar harakati intervaliga ham qisman ta’sir ko‘rsatadi. Natijada yerusti yo‘nalishlarida metro poyezdlarining kelish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi mumkin.
«Toshkent metropoliteni» ushbu vaqtinchalik cheklov faqat yerusti metro yo‘nalishlariga taalluqli ekanini, yerosti metro yo‘nalishlari esa odatdagidek ishlashda davom etishini ta’kidladi.
Korxona yo‘lovchilar xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida baholashini va xavfsiz, qulay hamda ishonchli transport xizmatini ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.
Jamiyat
MICE turizm tadbirlarini tashkil qilgan tadbirkorlarga QQSdan imtiyoz beriladi
Hukumatning 2026-yil 8-iyuldagi 373-son qarori bilan MICE turizm (ishbilarmonlik tadbirlari)ni respublika hududida tashkil etuvchi tadbirkorlarga respublika budjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 50 foizini qaytarish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, QQSning 50 foizi respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi va bunda tadbirkorlar MICE tadbiri tugaganidan so‘ng 3 oy ichida Milliy turizm yagona platformasi orqali Turizm qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.
Murojaatga tadbir dasturi, xarajatlar smetasi, hisobvaraq-fakturalar, to‘lov hujjatlari va xorijiy ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Turizm qo‘mitasi taqdim etilgan hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Mazkur tartib mamlakatga xalqaro konferensiya, forum, ko‘rgazma va boshqa ishbilarmonlik tadbirlarini jalb qilish hamda turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Siyosat5 days agoElchi Furqat Sidiqov Braziliya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirmoqda
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
