Sport
Men futbolni sevaman, siz-chi?!
Futbol gohida faqatgina g‘alabalari bilan emas, mag‘lubiyatsi bilan ham tarix yaratadi. 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etishi ana shunday unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Ha, hisoblar ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Ammo, yigitlarimiz mamlakat futbolini yangi bosqichga olib chiqqan, millionlab yurtdoshlarga g‘urur va ishonch bag‘ishlagan avlod sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.
***
Futbol bir qarashda oddiy to‘p o‘yinidek ko‘rinadi. Bolaligidan bu to‘p ishqiga tushganlar qancha? Sanab bo‘lmaydi. Chunki, bu futbol maydonidagi 22 nafar o‘yinchidan ancha katta tushuncha. U millionlab yuraklarni bir vaqtning o‘zida quvontiradi, yig‘latadi, umid bag‘ishlaydi hamda sinovdan o‘tkazadi. Ba’zan bir g‘alaba butun mamlakatni quvonchga to‘ldirsa, ba’zan bir mag‘lubiyat millionlab yuraklarni ezib qo‘yadi.
2026 yil. O‘zbekiston futboli tarixida zarhal harflar bilan yoziladigan yil bo‘ldi. Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etayotgani, aytish joizki, o‘z-o‘zidan ulkan tarixiy yutuq. Mustaqillikdan keyingi 34 yil davomida orzu qilingan, necha avlod futbolchilari intilib yetolmagan marra zabt etildi. Shuning o‘ziyoq g‘alaba bo‘ldi, shuning o‘ziyoq millionlab o‘zbekistonliklar uchun bayram bo‘ldi. Shu darajaga yetib kelguncha, qancha mehnat, qancha mashaqqat, qancha umid va qancha ko‘z yoshi to‘kilganini faqat shu yo‘ldan o‘tganlar biladi. Shuning uchun ham AQSh stadionlarida “O‘zbekiston!” degan chaqiriqlar yangrashi, bayrog‘imizning dunyo arenasida hilpirashi har bir vatandosh uchun ulkan baxt bo‘ldi.
O‘zbekistonlik futbolchilar bu yo‘lda oson yurishmaganini hammamiz his qilib turibmiz. Saralash bahslarida ular bor kuchini, bor mahoratini ishga solishdi. Har bir o‘yinda yurt sha’ni uchun kurashishdi. Natijada dunyo futbolining eng nufuzli musobaqasi eshiklari O‘zbekiston uchun ochildi.
Birinchi uchrashuvda raqib Kolumbiya edi. Jahon futbolida o‘z o‘rniga ega kuchli jamoa. Shunda ham o‘zbekistonlik futbolchilar maydonga qo‘rqmay otilishdi. Kurashishdi. Harakat qilishdi. Ter to‘kishdi. Uchrashuv 3:1 hisobida raqib foydasiga hal bo‘ldi. Mag‘lubiyat og‘ir kechgani bor gap. Ammo, aynan, shu o‘yinda – shu o‘yin tribunalarida butun dunyo futbolning eng go‘zal jihatlaridan biri insonparvarlik va do‘stlikka ham guvoh bo‘ldi.
O‘yindan keyin Isfandiyor ismli o‘zbekistonlik kichik muxlisning ko‘z yoshlari millionlab odamlarning yuragini larzaga soldi. Eslasangiz, shu onda kolumbiyalik muxlislar unga tasalli berishdi, bag‘riga bosishdi. “O‘zbekiston! O‘zbekiston” degan hayqiriqlar bilan butun stadionni to‘ldirishdi. Bu lahzada futbol natijalardan ham ustun tura olishini ko‘rsatdi. Turli tillar, turli millatlar, turli qit’alardan kelgan insonlarni birlashtira olgan ana shu manzara futbolning haqiqiy qudratini o‘zida aks ettira oldi.
Keyingi sinov yanada og‘irroq kechdi. O‘zbekiston terma jamoasi Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyaga qarshi maydonga tushdi. AQShning Xyuston shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan bahs 5:0 bilan yakunlandi.
Ha, raqamlarga qaralsa, bu yirik mag‘lubiyat. Biroq, futbolni tushunadiganlar yaxshi biladi: gohida hisob tablosi ham hamma haqiqatni aks ettiravermaydi.
O‘zbekistonlik futbolchilar oxirgi daqiqalargacha kurashdi. Hujum qildi. Imkoniyatlar yaratdi. Azizning darvoza to‘riga yo‘llagan zarbasi raqib futbolchisiga nisbatan ishlatgan kichik qoidabuzarligimiz sababli hisobga olinmadi. Lekin, shu vaziyatning o‘zi ham O‘zbekiston futbolchilari dunyoning eng kuchli jamoalari darvozasiga yo‘l topishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Uchrashuvdan keyin jamoa sardori Eldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘rab chiqdi. Bu so‘zlarni mag‘lubiyatni tan olish, deb qabul qilmaylik, aslida, bu so‘zlar mamlakat oldidagi mas’uliyatni his qilish namunasi bo‘ldi. Maydonda ham, maydon tashqarisida ham yigitlar mardona turishdi. Yengilishdi, taslim bo‘lishmadi.
To‘g‘ri, Portugaliyaga qarshi o‘yindan keyin butun mamlakat bir lahza sukutga cho‘mgandek bo‘ldi. Ayrim ashaddiy muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlarni yozdi. Ehtiroslar toshdi. Mayli, buniyam yillar davomida yig‘ilgan orzularning og‘riqli aks-sadosi sifatida qabul qilaylik. Axir, futbol o‘zi shunday o‘yin emasmi? U oxirgi hushtakkacha yashaydi.
Nima bo‘lgandayam, to‘g‘ri yo‘lni tanlaylik: haqiqiy muxlislikni g‘azab bilan emas, jamoa yiqilgan kuni uning yonida turish bilan ko‘rsataylik. Faqat g‘alabalardaginamas, mag‘lubiyatda ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni o‘rganaylik.
Men ayol jurnalist sifatida, yashirmayman, shu maqolaniyam yig‘lab yozyapman, rosti. Bu hali-hanuz… 12 yoshimdan 54 yoshimga qadar futbol to‘piga ishqibozligimdan emas, Vatanimni sevganimdandir balki… deya, o‘zimni ovutaman. Haligacha qishloqqa borsam, qishloq bolalari bilan keng dala maydonida to‘p tepaman: akamlar xuddi yosh bolaga aytgandek, “bo‘ldi, to‘p tepishni bas qil, kir uyga!” deb ogohlantirishlariga qaramay, futbolni tushunsam-tushunmasam, to‘p tepaveraman, yuguraveraman, hujumga otilaveraman, himoyaga talpinaveraman… O‘zimiz urgan gollarni ham, darvozamizga yo‘naltirilgan gollarni ham kulgi va “qiy-chuv” bilan qarshilaymiz… Televizor ortidagi chinakam bahslarni tomosha qilish esa boshqa-boshqa narsa. Futbol – bu kecha mening yuragimning hamiyatiga aylandi: yigitlarimiz juda kuchli o‘ynashdi, juda zo‘r o‘yin ko‘rsatishdi….
Bugun O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozonmagan bo‘lishi mumkin. Ammo, ular tarix yozishdi. Ular avval hech qaysi o‘zbek futbolchisi yetmagan sahnaga chiqishdi. Ular dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi mamlakat sharafini himoya qilishdi. Ular millionlab bolalarga orzu qilish mumkinligini isbotlashdi. Ehtimol, bu Jahon chempionati O‘zbekiston uchun kubok bilan tugamas. Ammo, u tajriba, ishonch va kelajakni bera oldi.
Aytish joizki, eng katta g‘alabalar ham bir vaqtlar mag‘lubiyatlar bag‘rida tug‘ilgan. Bugungi og‘riq ertangi zafarlarning poydevori ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bu yigitlarimizga tanqiddan ko‘ra, ko‘proq dalda kerak. Shuni unutmaylikki, ular faqatgina futbol o‘ygashmayapti, ular butun mamlakatning yangi futbol tarixi sahifalarini yozishyapti.
Bir lahza O‘zbekiston futbolining bugungi har bir yutug‘i ham oson kechmaganini ko‘z oldimizdan o‘tkazaylik. Bu yo‘lda faqatgina tiriklarning emas, futbol uchun umrini baxshida etgan insonlarning ham izi bor.
Bugun mana shu yo‘qotishlar, mana shu boy berishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston nomi Jahon chempionati maydonlarida jaranglamoqda. Ehtimol, stadionlarda yangragan “O‘zbekiston!” degan hayqiriqlar, millionlab muxlislarning qalbidagi faxr va g‘urur tuyg‘ulari o‘sha buyuk yo‘llarning davomidir. Ehtimol, futbol uchun jonini fido qilgan, o‘zbek futboli tarixi sahifalariga nomini yozib ketgan insonlar xotirasi ham ana shu lahzalarda yodga olingandir. Chunki, futbolni faqat bugun maydonga tushgan o‘n bir nafar o‘yinchi emas, u kecha, bugun va ertani bog‘lab turgan katta qismat yo‘li, deb atasak ham xato bo‘lmaydi. Shu bois, qanday natija qayd etilmasin, bu Jahon chempionatidagi har bir daqiqa o‘zbek futboli tarixidagi ulkan sahifadir. Va bu sahifalarni ko‘rib, o‘z vaqtida orzu qilib ketgan avlodlar xotirasi ham, shubhasiz, munosib ehtirom bilan yod etilishini unutmaylik…
Xullas, men futbolni sevaman, siz-chi? Siz ham sevasizmi: unda jamoamizning g‘alabasida ham, mag‘lubiyatida ham uning yonida turing!
Laylo Hayitova
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot14 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat10 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat9 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
