Sport

Men futbolni sevaman, siz-chi?!

Published

on


Futbol gohida faqatgina g‘alabalari bilan emas, mag‘lubiyatsi bilan ham tarix yaratadi. 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etishi ana shunday unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Ha, hisoblar ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Ammo, yigitlarimiz mamlakat futbolini yangi bosqichga olib chiqqan, millionlab yurtdoshlarga g‘urur va ishonch bag‘ishlagan avlod sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.

***

Futbol bir qarashda oddiy to‘p o‘yinidek ko‘rinadi. Bolaligidan bu to‘p ishqiga tushganlar qancha? Sanab bo‘lmaydi. Chunki, bu futbol maydonidagi 22 nafar o‘yinchidan ancha katta tushuncha. U millionlab yuraklarni bir vaqtning o‘zida quvontiradi, yig‘latadi, umid bag‘ishlaydi hamda sinovdan o‘tkazadi. Ba’zan bir g‘alaba butun mamlakatni quvonchga to‘ldirsa, ba’zan bir mag‘lubiyat millionlab yuraklarni ezib qo‘yadi.

2026 yil. O‘zbekiston futboli tarixida zarhal harflar bilan yoziladigan yil bo‘ldi. Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirok etayotgani, aytish joizki, o‘z-o‘zidan ulkan tarixiy yutuq. Mustaqillikdan keyingi 34 yil davomida orzu qilingan, necha avlod futbolchilari intilib yetolmagan marra zabt etildi. Shuning o‘ziyoq g‘alaba bo‘ldi, shuning o‘ziyoq millionlab o‘zbekistonliklar uchun bayram bo‘ldi. Shu darajaga yetib kelguncha, qancha mehnat, qancha mashaqqat, qancha umid va qancha ko‘z yoshi to‘kilganini faqat shu yo‘ldan o‘tganlar biladi. Shuning uchun ham AQSh stadionlarida “O‘zbekiston!” degan chaqiriqlar yangrashi, bayrog‘imizning dunyo arenasida hilpirashi har bir vatandosh uchun ulkan baxt bo‘ldi.

O‘zbekistonlik futbolchilar bu yo‘lda oson yurishmaganini hammamiz his qilib turibmiz. Saralash bahslarida ular bor kuchini, bor mahoratini ishga solishdi. Har bir o‘yinda yurt sha’ni uchun kurashishdi. Natijada dunyo futbolining eng nufuzli musobaqasi eshiklari O‘zbekiston uchun ochildi.

Birinchi uchrashuvda raqib Kolumbiya edi. Jahon futbolida o‘z o‘rniga ega kuchli jamoa. Shunda ham o‘zbekistonlik futbolchilar maydonga qo‘rqmay otilishdi. Kurashishdi. Harakat qilishdi. Ter to‘kishdi. Uchrashuv 3:1 hisobida raqib foydasiga hal bo‘ldi. Mag‘lubiyat og‘ir kechgani bor gap.  Ammo, aynan, shu o‘yinda – shu o‘yin tribunalarida butun dunyo futbolning eng go‘zal jihatlaridan biri insonparvarlik va do‘stlikka ham guvoh bo‘ldi.

O‘yindan keyin Isfandiyor ismli o‘zbekistonlik kichik muxlisning ko‘z yoshlari millionlab odamlarning yuragini larzaga soldi. Eslasangiz, shu onda kolumbiyalik muxlislar unga tasalli berishdi, bag‘riga bosishdi. “O‘zbekiston! O‘zbekiston” degan hayqiriqlar bilan butun stadionni to‘ldirishdi. Bu lahzada futbol natijalardan ham ustun tura olishini ko‘rsatdi. Turli tillar, turli millatlar, turli qit’alardan kelgan insonlarni birlashtira olgan ana shu manzara futbolning haqiqiy qudratini o‘zida aks ettira oldi.

Keyingi sinov yanada og‘irroq kechdi. O‘zbekiston terma jamoasi Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyaga qarshi maydonga tushdi. AQShning Xyuston shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan bahs 5:0 bilan yakunlandi.

Ha, raqamlarga qaralsa,  bu yirik mag‘lubiyat. Biroq, futbolni tushunadiganlar yaxshi biladi: gohida hisob tablosi ham hamma haqiqatni aks ettiravermaydi.

O‘zbekistonlik futbolchilar oxirgi daqiqalargacha kurashdi. Hujum qildi. Imkoniyatlar yaratdi. Azizning darvoza to‘riga yo‘llagan zarbasi raqib futbolchisiga nisbatan ishlatgan kichik qoidabuzarligimiz sababli hisobga olinmadi. Lekin, shu vaziyatning o‘zi ham O‘zbekiston futbolchilari dunyoning eng kuchli jamoalari darvozasiga yo‘l topishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Uchrashuvdan keyin jamoa sardori Eldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘rab chiqdi. Bu so‘zlarni mag‘lubiyatni tan olish, deb qabul qilmaylik, aslida, bu so‘zlar mamlakat oldidagi mas’uliyatni his qilish namunasi bo‘ldi. Maydonda ham, maydon tashqarisida ham yigitlar mardona turishdi. Yengilishdi, taslim bo‘lishmadi.

To‘g‘ri, Portugaliyaga qarshi o‘yindan keyin butun mamlakat bir lahza sukutga cho‘mgandek bo‘ldi. Ayrim ashaddiy muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlarni yozdi. Ehtiroslar toshdi. Mayli, buniyam yillar davomida yig‘ilgan orzularning og‘riqli aks-sadosi sifatida qabul qilaylik. Axir, futbol o‘zi shunday o‘yin emasmi? U oxirgi hushtakkacha yashaydi.

Nima bo‘lgandayam, to‘g‘ri yo‘lni tanlaylik: haqiqiy muxlislikni g‘azab bilan emas, jamoa yiqilgan kuni uning yonida turish bilan ko‘rsataylik. Faqat g‘alabalardaginamas, mag‘lubiyatda ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni o‘rganaylik.

Men ayol jurnalist sifatida, yashirmayman, shu maqolaniyam yig‘lab yozyapman, rosti. Bu hali-hanuz… 12 yoshimdan 54 yoshimga qadar futbol to‘piga ishqibozligimdan emas, Vatanimni sevganimdandir balki… deya, o‘zimni ovutaman. Haligacha qishloqqa borsam, qishloq bolalari bilan keng dala maydonida to‘p tepaman: akamlar xuddi yosh bolaga aytgandek, “bo‘ldi, to‘p tepishni bas qil, kir uyga!” deb ogohlantirishlariga qaramay, futbolni tushunsam-tushunmasam, to‘p tepaveraman, yuguraveraman, hujumga otilaveraman,  himoyaga talpinaveraman… O‘zimiz urgan gollarni ham, darvozamizga yo‘naltirilgan gollarni ham kulgi va “qiy-chuv” bilan qarshilaymiz… Televizor ortidagi chinakam bahslarni tomosha qilish esa boshqa-boshqa narsa. Futbol – bu kecha mening yuragimning hamiyatiga aylandi: yigitlarimiz juda kuchli o‘ynashdi, juda zo‘r o‘yin ko‘rsatishdi….

Bugun O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozonmagan bo‘lishi mumkin. Ammo, ular tarix yozishdi. Ular avval hech qaysi o‘zbek futbolchisi yetmagan sahnaga chiqishdi. Ular dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi mamlakat sharafini himoya qilishdi. Ular millionlab bolalarga orzu qilish mumkinligini isbotlashdi. Ehtimol, bu Jahon chempionati O‘zbekiston uchun kubok bilan tugamas. Ammo, u tajriba, ishonch va kelajakni bera oldi.

Aytish joizki, eng katta g‘alabalar ham bir vaqtlar mag‘lubiyatlar bag‘rida tug‘ilgan. Bugungi og‘riq ertangi zafarlarning poydevori ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bu yigitlarimizga tanqiddan ko‘ra, ko‘proq dalda kerak. Shuni unutmaylikki, ular faqatgina futbol o‘ygashmayapti, ular butun mamlakatning yangi futbol tarixi sahifalarini yozishyapti.

Bir lahza O‘zbekiston futbolining bugungi har bir yutug‘i ham oson kechmaganini ko‘z oldimizdan o‘tkazaylik.  Bu yo‘lda faqatgina tiriklarning emas, futbol uchun umrini baxshida etgan insonlarning ham izi bor.

Bugun mana shu yo‘qotishlar, mana shu boy berishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston nomi Jahon chempionati maydonlarida jaranglamoqda. Ehtimol, stadionlarda yangragan “O‘zbekiston!” degan hayqiriqlar, millionlab muxlislarning qalbidagi faxr va g‘urur tuyg‘ulari o‘sha buyuk yo‘llarning davomidir. Ehtimol, futbol uchun jonini fido qilgan, o‘zbek futboli tarixi sahifalariga nomini yozib ketgan insonlar xotirasi ham ana shu lahzalarda yodga olingandir. Chunki, futbolni faqat bugun maydonga tushgan o‘n bir nafar o‘yinchi emas, u  kecha, bugun va ertani bog‘lab turgan katta qismat yo‘li, deb atasak ham xato bo‘lmaydi. Shu bois, qanday natija qayd etilmasin, bu Jahon chempionatidagi har bir daqiqa o‘zbek futboli tarixidagi ulkan sahifadir. Va bu sahifalarni ko‘rib, o‘z vaqtida orzu qilib ketgan avlodlar xotirasi ham, shubhasiz, munosib ehtirom bilan yod etilishini unutmaylik…

Xullas, men futbolni sevaman, siz-chi? Siz ham sevasizmi: unda jamoamizning g‘alabasida ham, mag‘lubiyatida ham uning yonida turing! 

Laylo Hayitova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version