Jamiyat
Davlat organi va bank tizimidagi korrupsiya holatlari aniqlandi
Andijon viloyatida davlat organi mansabdori hamda tijorat banki xodimi tomonidan pora talab qilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda fuqarodan pul talab qilgan.
Xususan, Andijon shahridagi savdo do‘konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani oqibatida davlatga qariyb 680 million so‘m zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng mansabdor shaxs tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblatib, uni kamaytirish hamda ma’muriy chora ko‘rilishida yordam berish evaziga 30 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroga 3 milliard 650 million so‘m miqdorida kredit olib berishda yordam qilishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 8 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning aprel–may oylarida fuqarodan jami 7 800 AQSh dollari olgan. Keyinchalik va’dasini bajara olmagan bank xodimi mablag‘ning 1 000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Toshkentda nitrat miqdori yuqori bo‘lgan qovunlar aniqlandi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan Farhod dehqon bozorida o‘tkazilgan sanitariya nazorati davomida nitrat miqdori me’yordan yuqori bo‘lgan 21 kilogramm qovun mahsuloti aniqlandi. Mahsulotlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Uchtepa tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan Farhod dehqon bozorida navbatdagi sanitariya-epidemiologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Nazorat ishlarida Veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi xodimlari ham ishtirok etdi.
O‘rganishlar davomida bozorda sotilayotgan poliz mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Natijada 21 kilogramm qovunda nitrat miqdori amaldagi gigiyenik me’yorlardan yuqori ekani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan sanitariya qonunchiligi talablari asosida tegishli choralar ko‘rilib, iste’molchilar salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar savdodan olib tashlandi va brakeraj qilindi.
Shuningdek, tadbirkorlar va sotuvchilarga oziq-ovqat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Jamiyat
Sotilgan orzular yoxud katta bo‘lish kasalligi
Inson ulg‘aygani sari ko‘p narsani o‘rganadi: qanday pul topishni, qanday obro‘ orttirishni, qanday o‘zini oqlashni, qanday qilib kerakli odamlarga yoqishni. Ammo ba’zan shu o‘rganilgan narsalar evaziga eng muhim qobiliyatini – hayratlanish, mehr berish va mas’uliyat hissini yo‘qotadi.
Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari shunchaki bolalar ertagi emas. Bu – orzularini katta bo‘lishga almashtirgan odamlar haqidagi kitob.
Asar qahramonining samolyoti sahroda halokatga uchraydi. Uning yonida hech kim yo‘q. Ana shunday paytda oldiga g‘aroyib bir bola keladi va juda oddiy iltimos qiladi:
– Menga qo‘zichoqning rasmini chizib ber…
Shu lahzadan boshlab kitob oddiy voqeadan hayot haqidagi katta suhbatga aylanadi.
Kichkina shahzoda yerlik emasdi. U juda kichik bir sayyorada yashardi. Uning sayyorasida uchta vulqon va bitta atirgul bor. Uning atirguli nozik, injiq, maqtanchoq va ayni paytda juda yolg‘iz edi. Kichkina shahzoda uni yaxshi ko‘rsa-da, unchalik tushunmasdi. Gulning injiqliklaridan charchab, sayyorasini tark etadi va boshqa sayyoralarga sayohatga chiqadi.
Aslida kitobning asosiy qismi ham shu sayohatdir. Shahzoda uchratgan har bir odam kattalar dunyosining bir qiyofasini ifodalaydi.
Birinchi sayyorada podshoh yashaydi. U hech kimni boshqarmaydi, ammo o‘zini butun olamning hukmdori, deb hisoblaydi. Uning uchun hokimiyatning o‘zi muhim.
Keyingi sayyorada shuhratparast odam bor. U har bir kelgan mehmondan o‘zini maqtashini talab qiladi. Uning hayoti boshqalarning olqishiga bog‘liq.
Yana bir sayyorada mayxo‘r yashaydi. U nega ichishini so‘rashsa, ichganidan uyalayotganini aytadi. Nima uchun uyaladi, deb so‘rashsa, ichgani uchun uyalayotganini aytadi. Bu aylana hech qachon tugamaydi.
Boshqa bir sayyorada yana ham bemazaroq odam yashardi. U yulduzlarni sanaydi, ularni o‘ziniki deb hisoblaydi. Ammo ular bilan hech narsa qilmaydi. Faqat egalik qilish hissining o‘zi uni qoniqtiradi.
Yana geograf bor. U butun dunyo haqida kitob yozadi, ammo hayotida biror joyni borib ko‘rmagan.
Bu qahramonlar kulgili tuyuladi. Biroq muallifga ko‘ra, biz ularning har birini haqiqiy hayotda uchratamiz. Ba’zan esa ularning bir qismi o‘zimizda ham borligini sezib qolamiz.
Tulki kitobdagi eng dono qahramon hisoblanadi. U shahzodaga hayot haqida kitoblarda topib bo‘lmaydigan haqiqatlarni aytadi. Uning birinchi sabog‘i shunday bo‘ladi: “Agar biror narsani o‘zingga do‘st qilsang, u uchun mas’ul bo‘lasan”.
Bu juda oddiy fikrga o‘xshaydi. Ammo hayotimizdagi eng muhim munosabatlarning asosi aynan shu. Ota-ona va farzand munosabati ham, do‘stlik ham, muhabbat ham mas’uliyatsiz yashay olmaydi.
Kichkina shahzoda yana bir muhim haqiqatni anglaydi.
U Yerda minglab atirgullarni ko‘radi. Avval o‘ziga xos deb bilgan gulidan bu yerda son-sanoqsiz ekaniga guvoh bo‘ladi. Bir lahzaga uning atirguli oddiydek tuyuladi. Ammo keyin tushunadi: uning guli boshqalardan chiroyliroq bo‘lgani uchun emas, balki u bilan vaqt o‘tkazgani uchun qadrli. Uni sug‘organi, shamoldan asragani, gaplarini eshitgani uchun qadrli.
Bu degani, inson uchun muhim narsalar tayyor holda qadrli bo‘lib qolmaydi. Ajratilgan vaqt va mehr ularni qadrli qiladi.
Kitobning yana bir qiziq jihati bor. Muallif kattalarni tanqid qilar ekan, ularni yomon odamlar sifatida ko‘rsatmaydi. Aksincha, u kattalarning nimanidir yo‘qotib qo‘yganini ko‘rsatadi. Ular bir vaqtlar bola bo‘lgan. Ular ham hayratlangan, orzu qilgan, oddiy narsalardan quvongan. Keyin esa raqamlar, hisob-kitoblar va tashvishlar orasida o‘sha qobiliyatlarini yo‘qotgan.
Kitobda uchuvchi kichikligida bo‘g‘ma ilonning rasmini chizadi. Kattalar esa uni shlyapa deb o‘ylaydi. Muallifga ko‘ra, biz ko‘pincha haqiqatni emas, ko‘rishga odatlangan narsalarimizni ko‘ramiz. “Kichkina shahzoda” shu ma’noda bolalar haqidagi kitob emas. U bolaligini yo‘qotgan kattalar haqidagi kitob.
Muallif katta bo‘lib ham hayratlanish qobiliyatini saqlab qolgan odamlarni eng baxtli odamlar, deb hisoblaydi.
Bu kitobni endi o‘qiysizmi-yo‘qmi, bilmadim. Biroq farzandingiz albatta o‘qishi shart!
Jamiyat
Ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan “soxta prokuror“ ushlandi
Qashqadaryo viloyatida o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroning yaqinini Mudofaa vazirligi tizimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. U kelishilgan 3 ming AQSh dollarining yarmini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Prokuratura Departamenti
Bosh prokuratura, departamentning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlik holatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, zaxiradagi kichik serjant U.K. fuqaro A.O.ga o‘zini Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirgan. U fuqaroning ukasi L.O.ni Mudofaa vazirligining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali vazirlik tizimiga ishga joylashtirib berishini aytgan.
Buning evaziga u 3 ming AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida kelishilgan mablag‘ning 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Guliston shahar hokimligi xodimi pora bilan ushlandi
Sirdaryo viloyatida yer ajratish masalasini hal qilib berishni va’da qilgan Guliston shahar hokimligi mas’ul xodimi pora olish vaqtida qo‘lga olindi. U davlat zaxirasidagi yer maydonini ajratib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda korrupsiyaviy holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Guliston shahar hokimligining mas’ul xodimi tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, shaharning O‘zbekiston shohko‘chasida joylashgan davlat zaxirasidagi 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat do‘koni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali ajratib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u fuqarodan 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Dastlab mazkur mablag‘ hisobidan fuqaroning Lacetti rusumli avtomashinasini 12 ming AQSh dollariga baholab, uni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma asosida rasmiylashtirib olgan.
Tezkor tadbir davomida hokimlik xodimi talab qilingan pul mablag‘ining yana 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 34 kilogrammdan ortiq og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.
Ma’lum qilinishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan Lacetti rusumli avtomashina tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida transport vositasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1968 yilda tug‘ilgan shaxs hamda 1984 yilda Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bo‘lgani aniqlangan.
Avtomashina salonidagi yelim idish ichida jami 30 dona o‘ramda 34 kilogramm 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Ular orasida 12 kilogramm 960 gramm «opiy» va 21 kilogramm 650 gramm «gashish» moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Qayd etilishicha, bunday turdagi giyohvandlik vositalari mamlakat hududiga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
-
Iqtisodiyot1 day agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan2 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat3 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago6 nafar mashhur bloger 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani aniqlandi
-
Sport4 days agoNiderlandiya bilan o‘yin ishonch berdi: O‘zbekiston JChga tayyor ekan!
-
Sport4 days agoJahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
