Iqtisodiyot
QQS bo‘yicha soddalashtirilgan tartib joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi.
Shuningdek:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlarga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini 2 barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.
Joriy yil 26-may kuni imzolangan Prezidentning PF–100-son farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.
QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:
QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Suriyaga mahsulot eksport qilishni boshlamoqchi
O‘zbekiston va Suriya tadbirkorlari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Suriyaga 10 ta yuk mashinasi hajmidagi o‘zbek mahsulotlarining birinchi partiyasini eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Suriya bozoriga yetkazib berish hajmini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, mamlakatning Al-Kuvaytdagi elchixonasi vakillari, shuningdek, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda may oyida faoliyatini boshlagan O‘zbekistonning Halab shahridagi savdo uyi rahbari, Kalash Trading Co., Ltd. kompaniyasi direktori Ahmad Kalash hamda O‘zbekistonning Premier Electrotech, Sam-Ferre, Nassar Trading Agro, Metsol, Solis Oils va Technologies of Real Time kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Tomonlar Suriya bozorida o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talab, logistika yo‘nalishlari hamda Halabdagi savdo uyi orqali mahsulotlarni targ‘ib qilish mexanizmlarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida Suriyaga mahsulotlarning birinchi eksport partiyasini jo‘natish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Rejaga ko‘ra, 4 ta yuk mashinasiga maishiy texnika, yana 4 ta yuk mashinasiga yog‘-moy mahsulotlari, qolgan 2 ta yuk mashinasiga esa avtomobil ehtiyot qismlari va motor moylari yuklanadi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston mahsulotlarining Suriya bozoriga kirib borishi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Metan-shoxobchalarda gaz narxi ko‘tarildi
1 iyundan boshlab avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalari 1 m3 metanni 5700-5800 so‘mdan sota boshladi. Bu haqdagi suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.
Bungacha aksariyat shoxobchalarda narx 5250 so‘m atrofida edi. Shu tariqa, narx oshishi 8,5–10 foizga teng bo‘lgan.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, 1 iyundan boshlab metan-shoxobchalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi 1 m3 uchun 2700 so‘m deb belgilandi.
Tariflar o‘zgarishi haqida infografika:
Iqtisodiyot
Xitoyning ikki yirik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
Tszyasin shahrida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Xitoyning qurilish va to‘qimachilik sohasida faoliyat yurituvchi ikki yirik kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O‘zbekistonning Shanhaydagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi Tszyasin shahrida Zicheng United Construction Group Co., Ltd. hamda Jiaxing Houbang Import and Export Co., Ltd. kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida xitoylik sheriklarga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, mamlakatning infratuzilmaviy imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, yirik muhandislik-qurilish kompaniyasi hisoblangan Zicheng United Construction Group rahbari Jiang Guoxua O‘zbekistonda kompaniya filialini ochishga qiziqish bildirdi. Tomonlar mazkur masalani muhokama qilish maqsadida uning joriy yil iyun–iyul oylarida mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
Shuningdek, xalqaro to‘qimachilik va tayyor tikuvchilik mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan Jiaxing Houbang Import and Export kompaniyasi rahbari Syuy Vey O‘zbekistonda yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U mamlakatimizda yirik to‘qimachilik korxonasini barpo etish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Tomonlar kompaniya rahbarining ham joriy yil davomida O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Iqtisodiyot
import va eksport ulushi qancha?
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd AQSh dollariga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 mlrd dollar yoki 5,8 foizga ko‘pdir.
Bu davrda eksport hajmi 9,97 mlrd dollarni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga kamaydi. Import esa aksincha, 26,7 foizga o‘sib, 16,36 mlrd dollarga yetdi. Natijada tashqi savdo balansi 6,38 mlrd dollar miqdorida manfiy saldo bilan shakllandi.
Shu bilan birga, oltinsiz tovarlar eksportida ijobiy dinamika kuzatildi. Mazkur ko‘rsatkich 5 mlrd dollardan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sdi. Bu qayta ishlangan mahsulotlar va noxomashyo eksport ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 175 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirmoqda. Tashqi savdo aylanmasida eng katta ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hisobotga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasining 23,6 foizi Xitoy, 17,2 foizi Rossiya, 6,9 foizi Qozog‘iston bilan amalga oshirilgan. Shuningdek, Turkiyaning ulushi 3,5 foiz, Afg‘onistonning ulushi esa 2,8 foizni tashkil etgan.
Eksport tarkibi tahlili sanoat mahsulotlari yetakchi o‘rinlardan birini egallayotganini ko‘rsatadi. Eksportda tovarlar ulushi 65,3 foizni tashkil etgan.
Jumladan, sanoat tovarlari 15 foiz, kimyoviy mahsulotlar 8,1 foiz, turli tayyor mahsulotlar 7,9 foiz va oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 7,5 foiz ulush bilan asosiy eksport yo‘nalishlari sifatida qayd etilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston 4 oyda 73,5 mln dollarlik avtomobil eksport qildi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida mamlakat eksport hajmi 9,97 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,8 foizga kamdir. Hisobot davrida O‘zbekiston 1 mlrd 503,8 mln dollarlik nomonetar oltin eksport qildi.
Eksport hajmining qisqarishiga qaramay, oltinsiz eksportda ijobiy dinamika kuzatildi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, oltinsiz tovarlar eksporti 5 mlrd dollardan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida mashinalar va transport asbob-uskunalari eksporti 438,3 mln dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,2 foizga yuqori.
Ushbu yo‘nalishda eng katta hajm boshqa transport uskunalari hissasiga to‘g‘ri kelib, eksport 106 mln dollarni tashkil etgan va 66,6 foizga o‘sgan. Elektr mashinalari, apparatlar va ularning qismlari eksporti 82,9 mln dollarga yetgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 14,4 foizni tashkil etgan.
Avtomobillar eksporti 73,5 mln dollarga teng bo‘lgan. Biroq mazkur yo‘nalishda 18,6 foizlik pasayish qayd etilgan. Avtomobillar qismlari va anjomlari eksporti ham 64,7 mln dollarga teng bo‘lib, 18,1 foizga qisqargan.
Ayrim mahsulotlar bo‘yicha yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi. Xususan, aniq sohalar uchun mo‘ljallangan maxsus mashinalar eksporti 47,9 mln dollarga yetib, ikki baravardan ko‘proq oshgan.
Kanselyariya mashinalari va ma’lumotlarni avtomatik qayta ishlash uchun asbob-uskunalar eksporti ham 2,6 baravarga o‘sgan. Metallni qayta ishlash mashinalari eksportida esa 86,1 foizlik o‘sish qayd etilgan.
-
Iqtisodiyot5 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Sport5 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago1,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi va keskin oshayotgan go‘sht importi
-
Jamiyat5 days ago
Prezident «Toshkent-Samarqand» muqobil avtomobil yo‘li loyihasi bilan tanishdi
-
Sport5 days ago
Polshada eng ko‘p gol urgan jamoa quyi ligaga tushib ketdi
-
Iqtisodiyot4 days agoBirjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
-
Jamiyat4 days agoIyun oyi va yoz faslida ob-havo qanday o‘zgaradi?
-
Jamiyat5 days ago
Bayram kunlarida tibbiyot muassasalari ish tartibi e’lon qilindi
