Iqtisodiyot
QQS bo‘yicha soddalashtirilgan tartib joriy etiladi
2027-yil 1-yanvardan alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar birlashtiriladi va uning stavkasi BHMning 10 foizi miqdorida belgilanadi.
Shuningdek:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlarga umumiy maydoni 1 000 metr kvadratdan ko‘p bo‘lgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliq solish maqsadida ijara to‘lovining eng kam stavkalari qo‘llanmaydi, bundan Toshkent shahri mustasno;
kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini 2 barobarga oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.
Joriy yil 26-may kuni imzolangan Prezidentning PF–100-son farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.
QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida:
QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi;
foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
sotib olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.