Iqtisodiyot
“Yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emasmiz” – Germaniya elchisi
18 may kuni Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti kuni bo‘lib o‘tar ekan, ikki tomondan eng ko‘p sonli tadbirkorlar delegatsiyasi unda qatnashdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan elchi Manfred Hutererga ko‘ra, yaqin kunlarda Germaniya prezidentining O‘zbekistonga safari kutilmoqda. Shtaynmayyerga ham katta biznes delegatsiyasi hamrohlik qiladi.
Strategik xomashyolar, IT, mashinasozlik, transport va yetkazib berish sanoati. Germaniya shu yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan yaqindan ishlamoqchi. Elchi Manfred Hutererga ko‘ra, nemis bizneslari bozorga kirib, yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emas. Bizga faqat uzoq muddatli, barqaror sheriklik yarashadi, deydi u.
-Nemis kompaniyalari bizning hukumatdan nima istaydi?
“Albatta, ular investitsiya kiritgandan keyin qulay shart-sharoit hamda huquqiy himoyani kutadi. Bilishimcha, chetdan investitsiya kirishi bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘istondan ham o‘tib ketgan. Bozorda bizning 300 ga yaqin nemis korxonalarimiz bor. Dunyo sezilarli o‘zgaryapti, xavf darajasi yuqori, Germaniya ham hamkorlarini diversifikatsiya qilmoqchi”, deydi elchi.
Ma’lum bo‘lishicha, Germaniya bilan O‘zbekistonning savdosi 2022 yilda 1,5 mlrd yevroga yetgan, avvalgidan 25 foizga ko‘paygan.
“Faqat investitsiya bilan cheklanmaymiz, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘z yordamimizni ham taklif qilyapmiz. O‘ndan ortiq loyihalarimiz turli bosqichlarda turibdi, ular kadrlarning malakasini oshirishga qaratilgan”, deydi Knauf Group boshqaruv hamkori Uve Knotzer.
Elchi Manfred Hutererning qo‘shimcha qilishicha, yaqin kunlarda Germaniya prezidenti Frank Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga safari kutilmoqda.
“Markaziy Osiyoning do‘sti bo‘lgan federal prezident O‘zbekistonga kelyapti. Unga katta delegatsiya hamrohlik qiladi, Germaniyada bu mamlakatga qiziqish kuchayyapti”, deydi diplomat.
Mehnat migratsiyasi ham Germaniya bilan muloqotda asosiy nuqtalardan biri bo‘lib turibdi.
“Migratsiya va mobillik bo‘yicha alohida kelishuv imzolaganmiz. Ha, Germaniya sanoati malakali mehnat muhojirlariga muhtoj. Menimcha, bu yerda vaziyat vin-vin strategiyasiga to‘g‘ri keladi, ya’ni ikki tomonam yutadi, manfaat ko‘radi. O‘zbekistonda yoshlar ko‘p, ayniqsa ularning ko‘pisi bilimli. Nemis korxonalari esa ularga muhtoj. Faqat ular malakali bo‘lishi kerak bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Huterer.
Germaniya katta davlatlarning dunyoni bo‘lib olishi tarafdori ham emas, O‘zbekiston kabi o‘rta kuchga ega davlatlarning gapi inobatga olinishini istaydi, deydi elchi.
“Biz buyuk davlatlar dunyoni bo‘lib olishini istamaymiz. Germaniya yetarlicha muvaffaqiyatli, boy mamlakat. Lekin hatto bizda ham qiyinchiliklar bor. O‘zbekistondek o‘rta darajadagi davlatlar esa Germaniya kabi hamkorlarga muhtoj deb bilaman. Biz bir necha yildan beri ko‘p vektorli siyosat davom etayotganini ko‘ryapmiz, biz esa iqtisodiyotda shu yo‘ldamiz. Bizga yangi hamkorlar kerak”, deya ta’kidlaydi Germaniya elchisi.
Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston hukumati a’zolariga ko‘ra, Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi o‘zining Osiyo bo‘yicha strategiyasida Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekistonni ustuvor sherik deb ko‘rsatgan. Buni esa rasmiy Toshkent qadrlaydi.
Iqtisodiyot
“Rivojlangan kapital bozorisiz turmush darajasini yaxshilay olmaymiz”
Milliy investitsiya jamg‘armasi ilk bor ommaviy taklif chiqararkan, endi oddiy odamlar ham davlat fondi aksiyadori bo‘lishi mumkin. Biz rivojlangan kapital bozorlarisiz barqaror iqtisodiy o‘sishga va turmush darajasini yaxshilashga erishib bo‘lmasligiga qat’iy ishonamiz, deydi O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari OAV bilan matbuot anjumanida.
Jamg‘armaning egasi davlat edi, endi aksiyalarning bir qismiga oddiy odamlar hamda investorlar egalik qilishi mumkin. Bu bilan yangi loyihalar qilish, biznesni kengaytirish, qarzlarni kamaytirish imkoni paydo bo‘lishi mumkin, qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish uchun mablag‘ ham olinadi.
Bu aslida mamlakatning kelajagiga investitsiya, deydi Templeton Asset Management bosh ijrochi direktori Manraj Sehon 20 may kuni matbuot vakillari bilan uchrashuvda.
“Aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishga bo‘lgan kuchli global qiziqish 2,7 milliard dollardan ortiq talabni keltirib chiqardi va taklifdan to‘rt baravar ko‘p bo‘ldi. Ushbu IPO O‘zbekiston fuqarolariga o‘z mamlakatlari kelajagiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish imkonini berdi”, – deydi Manraj Sehon.
Anjumanda taqdimot qilgan Marius Danga ko‘ra, IPO’ni chiqarish uchun tayyorgarlik 1 yil davom etgan. 27 ta davlatdan 147 nafar investorlar bilan uchrashib, ularga ma’lumot berishga to‘g‘ri keldi, deydi u.
-O‘zbekistonda kapital bozori hali uncha rivojlanmagan. Shunday sharoitda chiqarilgan IPO muvaffaqiyatli bo‘lishiga nima sizlarni ishontirdi?
“Xo‘sh, ommaviy taklif allaqachon muvaffaqiyatli bo‘ldi, lekin avval aytganimdek, bu safardagi bir qadam, xolos. Londondagi ommaviy taklifsiz biz buni O‘zbekistonda qila olmagan bo‘lar edik. Demak, bu bir uzun yo‘l. Biz shundan boshlashimiz kerak. Avvalroq eshitganingizdek, O‘zbekistondagi ushbu taklif hajmi shu kungacha O‘zbekistonda o‘tkazilgan barcha boshqa IPO’lardan kattaroqdir. Endi bizda platforma bor, bizda O‘zbekistonda boshqa IPO’larni amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan andaza bor” ,- deydi Manraj Sehon.
-Turli ehtimollarni inobatga olib, IPO muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun keyingi rejalar qanday edi?
“Aksiya narxlarining o‘zgarishi, ya’ni tezda ko‘tarilishi kelajakdagi IPO’lar uchun yaxshi belgi bo‘lishi kerak. Bozorga kirib keladigan boshqa xususiy va davlat kompaniyalarida ishtirok etadigan chakana investorlar soni tobora ortib boradi”, – deydi Templeton vakili Marius Dan.
Eslatib o‘tamiz, milliy investitsiya fondi iqtisodiyotning energetika, transport, telekommunikatsiya va moliya sohalaridagi 13 ta kompaniyani birlashtirgan. Ayni dam fond tarkibidagi kompaniyalar uchun listinglar tayyorlanmoqda va xususiy sektor ishtiroki kengaytirilyapti.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Xitoyga 46 mln dollarlik tabiiy gaz yetkazdi
Quvur orqali ta’minot yetakchisi Rossiya hisoblanadi – 3 milliard dollar.
O‘zbekiston 2026 yil yanvar-aprel oylarida quvur orqali Xitoyga 46 million dollarlik tabiiy gaz yetkazdi. Bu haqda Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib Lenta xabar berdi.
Qayd qilinishicha, bunday usuldagi ta’minot yetakchisi Rossiya hisoblanadi – 3 milliard dollar. Turkmaniston ikkinchi o‘rinni egalladi (2,59 milliard dollar). Kuchli beshlikka Myanma (514 million dollar) va Qozog‘iston (184 million dollar) va O‘zbekiston ham kirdi.
Shu bilan birga, Xitoyga suyultirilgan tabiiy gaz eksport qiluvchilar orasida Avstraliya yetakchi bo‘ldi (yiliga 5,35 million tonnagacha), Qatar ikkinchi o‘rinni egalladi (4,35 million tonna), Malayziya (2,3 million tonna) uchinchi, Rossiya (2,02 million tonna) to‘rtinchi, Indoneziya (974 ming tonna) beshinchi o‘rinni egalladi.
Iqtisodiyot
Ko‘chmas mulk bo‘yicha soliqni bozor narxi asosida hisoblash tartibi belgilandi
Agar ko‘chmas mulk obektlari rasmiy hisoblangan bozor narxidan 20 foizga farqli narxda oldi-sotdi qilinsa, bu sotuv bo‘yicha soliq bazasi bozor narxidan kelib chiqib aniqlanadi. Xuddi shunday tartib yog‘och mahsulotlariga nisbatan ham qo‘llanadi. Hukumat qarori bilan, bu ikki turdagi tovarlarning bozor narxini aniqlash tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 18 may kungi qarori bilan, “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Soliq kodeksiga muvofiq soliq bazasini ko‘chmas mulk obektlari hamda yog‘och mahsulotlarining bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibini belgilaydi.
Nizom talablari soliq to‘lovchilar tomonidan sotilgan tovarlarning hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi shunday tovarlar bo‘yicha aniqlangan bozor narxidan 20 foizga past yoki yuqori bo‘lganida qo‘llanadi.
Nizomga ko‘ra, soliq organlari soliq bazasini aniqlashda taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalanadi.
Ko‘chmas mulk obektlarining bozor narxi ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ tomonidan aniqlanadi.
Soliq organlari soliq bazasini bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlashda quyidagi ma’lumotlardan ham foydalanishi mumkin:
notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
auksion va davlat xaridlari platformalari;
sotuvchilarning narxnomalari (preyskurant) ma’lumotlari va boshqalar.
Yog‘och mahsulotlarining bozor narxi birja savdolarida sotilayotgan aynan o‘xshash (ular mavjud bo‘lmaganda, bir turdagi) tovarlar narxlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Qarorda keltirilgan shartli misol
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “A” MChJ tomonidan 2025 yil 5 aprelda tuzilgan shartnomaga asosan 3-qavatda joylashgan, maydoni 216,04 m²dan iborat bo‘lgan turar joy fuqaro N.X.ga 1 m² uchun 1,07 mln so‘mdan – jami 231,2 mln so‘mga sotilgani to‘g‘risida notarial idoralar tomonidan shartnoma tasdiqlangan (elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan).
Yuqoridagi nizomning 14-bandida nazarda tutilgan formula asosida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan yangi qurilgan ko‘chmas mulk obektlarining 1 m² uchun o‘rtacha bozor narxi 2025 yil aprel oyida shakllantirilgan elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanib aniqlanganda, 1 m² uchun 6,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Ko‘chmas mulkning o‘rtacha bozor narxi va sotish narxi o‘rtasidagi farq 20 foizlik og‘ishdan ko‘p (6,1 – 1,07=4,7 (5,03/1,07)*100=470,1 foiz > 20 foiz).
Shundan kelib chiqib, soliq bazasi tovarlarning bozor narxi asosida hisoblanganda, 6,1 mln so‘m * 216,04 m² = 1 317,8 mln so‘mni tashkil qiladi.
Korxona tomonidan hisobotda ko‘rsatilgan soliq bazasi: 1,07 mln so‘m (EXF bo‘yicha) * 216,04 m² = 231,2 mln so‘mni tashkil qiladi.
Bunda kamaytirib ko‘rsatilgan soliq bazasi: 1 317,8 mln so‘m − 231,2 mln so‘m = 1 086,6 mln so‘mni yoki QQSsiz 970,2 mln so‘mni tashkil qiladi.
Kamaytirib ko‘rsatilgan tushumdan soliqlar qo‘shimcha hisoblanadi:
QQS = 970,2 mln so‘m * 12 foiz stavka = 116,4 mln so‘m;
foyda solig‘i = 853,8 mln so‘m (970,2-116,4)*15 foiz stavka = 128,1 mln so‘m.
Ushbu misolda jami 244,5 mln so‘m qo‘shimcha soliq hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Nazorat-kassa cheklari orqali avtomashina yutish imkoniyati yaratildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda. Endi onlayn nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida har oy yutuqli o‘yinlar o‘tkazilib, g‘oliblarga avtomashina taqdim etiladi.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni ommalashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab mazkur hududlardagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar uchun berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Tasdiqlangan nizomga muvofiq, xarid cheklarini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, ilovada har bir chekning tanlovga kiritilgani haqida ma’lumot ham aks ettirib boriladi.
Yutuqli o‘yinlar har oy “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi. Tanlov bir oy davomida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar asosida shakllantiriladi va g‘oliblar inson omilisiz, cheklarni tasodifiy tanlash orqali aniqlanadi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir oylik yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina topshiriladi.
Mazkur tartib onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni kengaytirish, naqd pul aylanmasi shaffofligini ta’minlash va xaridorlarni chek talab qilishga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Yangi tadbirkorlarga soliq hisobotini topshirish xizmati bepul bo‘ladi
O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati dastlabki 6 oy davomida bepul yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartib 2026 yil 1 iyuldan amal qiladi.
Bu haqda prezidentning “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlariga ularning ixtiyoriga binoan dastlabki olti oy mobaynida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Hujjatda soliq xizmatlari sifatini yaxshilash, soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda 2030 yilga qadar Jahon bankining Business ready reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan tekshiruvdan oldingi tahlil jarayonida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Bundan tashqari, soliq xavfi o‘rta darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar haqida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Agar tadbirkor aniqlangan kamchiliklarni bir oy ichida bartaraf etsa, unga nisbatan soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
2026 yil 1 avgustdan esa soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy qilinib, soliq to‘lovchilarga xizmatlar sifati va qulayligini baholash imkoniyati yaratiladi.
-
Jamiyat5 days ago
«Aviasozlar» bozori buziladimi? Poytaxt hokimligi bayonoti
-
Jamiyat5 days ago
Bugun O‘zbekistonda harorat 33 darajagacha ko‘tariladi
-
Dunyodan5 days ago
Noyob olmosli uzuk rekord narxga sotildi
-
Dunyodan5 days ago
Boshqa davlatlar Eronga yashirincha hujum qiladi
-
Jamiyat5 days agoOlmaliqda mototsiklchi 14 yoshli piyodani urib yubordi
-
Siyosat5 days agoQonun chiqaruvchi yuan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar sammitida aniq tashabbuslarni ilgari surdi
-
Jamiyat4 days ago“Meni zapretdan chiqaringlar, ijod qilmoqchiman, deya olmadim”
