Iqtisodiyot
Peshlavha – reklama emas. Mojaroga kengroq nazar
Toshkentda kuzatilayotgan peshlavha mojarosi – faqat tartibga solish masalasi emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi hamdir. Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Doniyorbek Imomniyozov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida mazkur voqelikni Nobel mukofoti sovrindorlari ilgari surgan institutlar nazariyasi asosida tahlil qiladi.
So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod va tashqi reklama talablari tadbirkorlar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Peshlavhalarni yagona standartga moslashtirish, ularni qayta o‘zgartirish yoki olib tashlash talablari bir qarashda shahar muhitini tartibga solishga qaratilgandek ko‘rinadi. Biroq amaliyotda bu jarayon ko‘plab tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajatlar, noaniqlik va huquqiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur holatni faqat ma’muriy yoki texnik masala sifatida baholash yetarli emas. Aslida, bu jarayon davlat tomonidan iqtisodiy faoliyatni tartibga solish chegaralari, mulk huquqining himoyasi hamda tadbirkorlik erkinligining amaliy ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq.
“Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (Why Nations Fail) asarida Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms A.Robinson davlatlarning rivojlanishi yoki tanazzulini aynan institutlar sifati bilan izohlaydi. Ularning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sish inklyuziv institutlar, ya’ni aniq, barqaror va barcha ishtirokchilar uchun teng qoidalar mavjud bo‘lgan tizimlarda yuz beradi. Aksincha, noaniq va haddan tashqari aralashuvga asoslangan institutlar iqtisodiy faoliyatni cheklab, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq amaliyot oddiy estetik tartib emas, balki institutlarning real ishlashini aks ettiruvchi holat sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, asosiy savol quyidagicha qo‘yilishi mumkin:
Davlat tomonidan joriy etilayotgan bunday tartiblar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki aksincha, uni cheklovchi omilga aylanyaptimi?
Mazkur maqolada ushbu masala institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi hamda amaldagi tartiblarning huquqiy va iqtisodiy oqibatlari yoritib beriladi.
Dizayn-kod va 428-son qarorning huquqiy mazmuni
Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod talablari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarori bilan bog‘liq. Bu hujjat tashqi reklama va axborot obektlarini joylashtirish sohasini tizimli tartibga solishga qaratilgan.
Qarorda reklama obektlarini ro‘yxatga olish, ularni joylashtirishga ruxsat berish va nazorat qilish jarayonlari markazlashtirilgan elektron tizimga o‘tkazilishi belgilangan. Hujjatdan anglashiladiki, tashqi reklama obektlarini joylashtirish huquqi asosan elektron auksion orqali beriladi va bu huquq uchun yagona oylik yig‘im joriy etiladi. Bu – reklama joylarini bozor mexanizmlari asosida taqsimlashga xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, har bir reklama obektiga nisbatan “reklama joyi pasporti” rasmiylashtirilishi majburiy etib belgilangan.
Biroq ushbu tartibning amaliy qo‘llanishida eng muhim va bahsli jihatlardan biri – reklama va oddiy axborot (peshlavha) o‘rtasidagi chegaraning aniq belgilanmaganidir. Qarorda umumiy maydoni 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan, e’tiborni jalb qilishga qaratilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan e’lonlar tashqi reklama obektlari sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur norma amaliyotda do‘kon nomlari, korxona peshlavhalari va brend belgilarining ham reklama sifatida talqin qilinishiga olib kelmoqda. Natijada tadbirkorlar oddiy identifikatsiya vositasi bo‘lgan peshlavhalar uchun ham reklama tartib-taomillariga rioya etishga, jumladan, ruxsatnoma olish va tegishli yig‘imlarni to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, qarorda mahalliy hokimiyat organlariga tashqi reklama obektlarini joylashtirish qoidalarini ishlab chiqish va nazorat qilish vakolatlari berilgan. Bu esa hududlar kesimida turli xil talablar shakllanishiga, ayrim hollarda esa qoidalar talqinining sub’yektivlashuviga olib kelishi mumkin.
Natijada, normativ darajada tartibga solish maqsadida qabul qilingan ushbu hujjat amaliyotda bir qator huquqiy savollarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, tadbirkorlar zimmasiga tushayotgan qo‘shimcha majburiyatlar hamda mahalliy organlar vakolatlarining kengligi ushbu tartibning huquqiy aniqligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Reklama va peshlavha
Rivojlangan davlatlar tajribasida tashqi reklama va peshlavha odatda bir xil hodisa sifatida baholanmaydi. Aksariyat huquq tizimlarida reklama – mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilishga qaratilgan tijorat axboroti, peshlavha esa tadbirkorlik sub’yektini identifikatsiya qiluvchi belgi sifatida ko‘riladi.
Masalan, AQShda tashqi yozuvlar bo‘yicha tartib asosan mahalliy “sign code”lar orqali belgilanadi. Bunda “on-premises” va “off-premises” yozuvlar farqlanadi: ya’ni tadbirkorning o‘z joyidagi peshlavhasi bilan boshqa joyda joylashtirilgan reklama konstruksiyasi bir xil baholanmaydi. AQSh Oliy sudi City of Austin v. Reagan National Advertising ishida ham bunday farqlash o‘z-o‘zidan Konstitutsiyaga zid emasligini ko‘rsatgan.
Fransiya qonunchiligida bu farq yanada aniqroq. “publicité” va “enceigne” alohida tushunchalar sifatida belgilanadi: “enceigne” – bino yoki obektga joylashtirilgan va shu joyda amalga oshirilayotgan faoliyatga taalluqli yozuv, shakl yoki tasvir hisoblanadi. Ya’ni peshlavha reklama emas, balki faoliyatni ko‘rsatuvchi identifikatsion vosita sifatida ajratiladi.
Germaniyada tashqi yozuvlar ko‘proq qurilish va shaharsozlik qoidalari doirasida tartibga solinadi. Reklama qurilmalari – masalan peshlavha, yoritiladigan yozuv yoki vitrina konstruksiyalari – jamoat joyidan ko‘rinadigan obekt sifatida baholanadi va ayrim hollarda qurilish ruxsatnomasi talab qilinadi. Biroq bu yerda asosiy urg‘u mazmunni nazorat qilishga emas, balki xavfsizlik, shaharsozlik va binoga moslik talablariga qaratiladi.
Rossiya tajribasida ham reklama va oddiy peshlavha o‘rtasidagi farq muhim ahamiyatga ega. “Reklama to‘g‘risida”gi federal qonunda reklama mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilish va uni bozorda ilgari surishga qaratilgan axborot sifatida belgilanadi. Tashqi reklama konstruksiyalari alohida tartibga solinadi, ammo amaliyotda korxona nomi, ish vaqti yoki faoliyat turi haqidagi oddiy peshlavha ko‘pincha reklama sifatida emas, majburiy yoki identifikatsion axborot sifatida talqin qilinadi.
Qozog‘iston qonunchiligi bu borada ayniqsa e’tiborga loyiq. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida tashqi vizual reklamaga nimalar kirmasligi aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, peshlavha, ish tartibi haqidagi axborot, vitrina va oynalarni ichki bezash tashqi reklama obekti hisoblanmaydi. Bu yondashuv tadbirkorning o‘zini tanituvchi axborotini reklama to‘lovlari va ruxsat tartibidan ajratishga xizmat qiladi.
Tahlildan ko‘rish mumkinki, xorijiy tajribada asosiy mezon – yozuvning maqsadi va joylashuvidir. Agar yozuv tadbirkorni, uning nomi, faoliyat turi yoki ish tartibini bildirsa, u odatda peshlavha sifatida baholanadi. Agar u mahsulot, xizmat, chegirma yoki iste’molchini jalb qilishga qaratilgan bo‘lsa, reklama sifatida tartibga solinadi.
Demak, O‘zbekiston amaliyotidagi asosiy muammo ham aynan shu chegaraning yetarlicha aniq belgilanmaganidadir. Peshlavha va reklama o‘rtasidagi huquqiy farq ochiq ko‘rsatilmasa, oddiy tadbirkorlik identifikatsiyasi ham reklama majburiyatlari ostiga tushib qolishi mumkin. Bu esa huquqiy aniqlik, tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqi nuqtayi nazaridan bahsli vaziyatlarni yuzaga keltiradi.
Inklyuziv va ekstraktiv institutlar
Yuqorida ko‘rib chiqilgan holatni chuqurroq anglash uchun uni “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” asarida ilgari surilgan institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Asar mualliflarining fikriga ko‘ra, davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi yoki tanazzuli, avvalo, ular shakllantirgan institutlarning xususiyatiga bog‘liq. Institutlar deganda nafaqat qonunlar, balki ularning amaliy qo‘llanishi, barqarorligi va prognoz qilinishi ham tushuniladi.
Mualliflar institutlarni shartli ravishda ikki turga ajratadi: inklyuziv va ekstraktiv.
Inklyuziv institutlar – bu iqtisodiy faoliyat uchun keng imkoniyatlar yaratadigan, aniq va barqaror qoidalar asosida ishlaydigan tizimdir. Bunday institutlar sharoitida mulk huquqi himoyalanadi, davlat aralashuvi me’yoriy darajada bo‘ladi, tadbirkorlar o‘z faoliyatini oldindan prognoz qila oladi. Eng muhimi, qoidalar hamma uchun teng qo‘llanadi va tez-tez o‘zgarmaydi. Natijada iqtisodiy faollik ortadi, investitsiya muhiti yaxshilanadi va innovatsiyalar rivojlanadi.
Ekstraktiv institutlar esa buning aksi bo‘lib, iqtisodiy resurslar va imkoniyatlarning tor doira manfaatiga xizmat qilishi bilan tavsiflanadi. Bunday tizimlarda qoidalar noaniq yoki tez-tez o‘zgarib turadi, davlat aralashuvi yuqori bo‘ladi, mulk huquqi to‘liq kafolatlanmaydi. Natijada tadbirkorlar uchun huquqiy xavf ortadi, uzoq muddatli rejalashtirish qiyinlashadi va iqtisodiy faollik susayadi.
Mazkur nazariy yondashuvdan kelib chiqib, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblarni baholashda asosiy mezon quyidagicha bo‘lishi mumkin: ushbu qoidalar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydimi yoki aksincha, unga qo‘shimcha noaniqlik va cheklovlar kiritadimi?
Agar tartibga solish aniq, barqaror va oldindan tushunarli bo‘lsa, u inklyuziv institutlarning belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Aksincha, agar qoidalar turlicha talqin qilinsa, tez-tez o‘zgarsa yoki tadbirkor uchun kutilmagan xarajatlar keltirib chiqarsa, bu ekstraktiv xususiyatlarning mavjudligini ko‘rsatadi.
Demak, dizayn-kod va tashqi reklama masalasini faqat ma’muriy tartib sifatida emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi sifatida ko‘rish zarur. Bu esa ushbu sohadagi muammolarni yanada chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi.
Yuqoridagi tahlildan ko‘rinadiki, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblar faqat estetik muhitni shakllantirish vositasi emas, balki tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi institut hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu tartiblarning mazmuni va amaliy qo‘llanishi ularning inklyuziv yoki ekstraktiv xususiyat kasb etishini belgilaydi.
Agar qoidalar aniq, barqaror va prognoz qilinadigan bo‘lsa, ular tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Aksincha, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, talablarning turlicha talqin qilinishi hamda qo‘shimcha moliyaviy yuklarning yuzaga kelishi ushbu tartiblarning amaliyotda cheklovchi xususiyat kasb etishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli mazkur sohada reklama va peshlavha tushunchalarini aniq ajratish va bunda tadbirkorning o‘zini identifikatsiya qiluvchi yozuvlar reklama sifatida baholanmasligi lozim.
Fikrimizcha, peshlavha – bu yuridik yoki jismoniy shaxsning faoliyat yuritayotgan obektida joylashtiriladigan, ushbu obektning nomi, faoliyat turi, tovar belgisi (brendi) yoki ish tartibi haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan hamda faqat shu joyga taalluqli bo‘lgan identifikatsion axborot vositasidir.
Peshlavhani reklama obektidan ajratish uchun quyidagi mezonlar tavsiya etiladi:
Mezon
Peshlavha
Reklama
Joylashuvi
Faqat tadbirkorning o‘z faoliyat yuritayotgan joyida
Har qanday joyda
Mazmuni
Nom, brend, faoliyat turi, ish vaqti
Mahsulot, xizmat, aksiya, chegirma haqida axborot
Maqsadi
Obektni identifikatsiya qilish
Mijozni jalb qilish
Tijoriy chaqiriq
Mavjud emas
Mavjud (aksiya, chegirma, takliflar)
Huquqiy tabiati
Identifikatsion axborot
Tijorat (reklama) axboroti
Ruxsat berish tartibi
Soddalashtirilgan yoki talab qilinmasligi mumkin
Maxsus ruxsat, pasport va to‘lov talab qilinadi
Moliyaviy yuk
Odatda mavjud emas yoki minimal
Yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar mavjud
Umuman olganda, tashqi reklama sohasini tartibga solish zarur bo‘lsa-da, u tadbirkorlik faoliyatini cheklovchi emas, balki qo‘llab-quvvatlovchi institut sifatida shakllantirilishi lozim.
Faqat shunda bunday tartiblar iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladigan inklyuziv mexanizmga aylanishi mumkin.
Doniyorbek Imomniyozov,
TDYuU Fuqarolik huquqi shu’basi
katta o‘qituvchisi
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat22 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat21 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
