Jamiyat
O‘zbekistonliklar o‘tgan 5 yilda banklardan 1,2 tonna oltin sotib olgan
2020-yil noyabr oyidan 2025-yil 30-dekabrga qadar banklar tomonidan aholiga umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan jami 65 150 dona o‘lchovli oltin quymalar sotilgan.
Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori sharhida ma’lum qilinishicha, mazkur davr mobaynida 5 va 10 gramm og‘irlikdagi sotilgan oltin quymalar soni jami o‘lchovli quymalar sotuvining 60 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan. Bu, o‘z navbatida, oltinning qimmatbaho aktiv hisoblanganligi sababli aholining nisbatan kichik hajmdagi quymalarga talabi yuqoriligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2020-yildan bugungi kunga qadar oltin quymalarni sotish va qayta sotib olish amaliyotini amalga oshirayotgan banklar soni 12 tadan 19 taga hamda shoxobchalar soni esa 34 tadan 170 taga oshgan.
Shu bilan birga, 2020-2025 yillarda banklar tomonidan umumiy og‘irligi 201 kg bo‘lgan jami 11 828 dona o‘lchovli oltin quyma aholidan qaytarib sotib olingan. Bunda 5 va 10 gramm og‘irlikdagi quymalar jami qaytarib sotib olingan quymalarning qariyb 65 foizini tashkil qilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda o‘lchovli oltin quymalarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2024-yilda ushbu quymalarga talab avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga (81 kg) nisbatan qariyb 3 baravar oshib, 236 kg.ni tashkil etdi. 2025-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 8 baravarga oshib, 661 kg.ga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish tartib Hukumatning 2020 yil 30 iyundagi 412-sonli qarori bilan belgilab qo‘yilgan.
Jamiyat
«Mening bog‘im» loyihalari uchun mablag‘lar 400 mln so‘mgacha oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etmoqda.
O‘tgan yilda Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, cho‘llanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari yaratildi.
Bu yerda yetishtirilgan galofit urug‘lari kelgusida minglab gektar yerlarda sho‘rlanishni kamaytirib, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Umuman, o‘tgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.
«Ushbu xayrli ishlarimizga ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, tashabbuskor biznes vakillari, mehnat jamoalari, yuz minglab yurtdoshlarimiz munosib hissa qo‘shayotgani barchamizni quvontiradi», – dedi Prezident.
Bu yil «Men ham ko‘chat ekaman» tashabbusi doirasida 75 million tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati ekildi.
O‘tgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha katta marra olindi.
Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda «yashil makon», Sirdaryoda 84 kilometrli «yashil devor» barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi.
Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir vaqtda hududga mos daraxtni tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyasi ham juda muhim ekani qayd etildi.
Ilgari «Mening bog‘im» dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 million so‘mdan oshiriladi.
Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv ta’minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud, yashil bog‘ yaratishi uchun 412 million so‘mdan mablag‘ beriladi.
Jamiyat
Toshkentda yer sotuvi ortidagi firibgarlik sxemasi ochildi
Toshkent shahri va Samarqand viloyatida yer maydonlarini noqonuniy rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxslar fosh etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda gumonlanuvchilar yirik miqdordagi pul mablag‘larini olgan vaqtida ushlandi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.Yu. ushlandi.
U go‘yoki Toshkent viloyati kadastr filialida ishlovchi tanishlari orqali Zangiota tumani Bo‘ston mahallasida joylashgan davlat zaxirasidagi 24 sotix yer maydonini fuqaro Sh.A. nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Ushbu xizmat evaziga 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.K. ham ushlandi. U o‘ziga tegishli 8 sotix tomorqa yer maydoni hamda temir yo‘l muhofaza hududiga kiruvchi yana 5 sotix yerni fuqaro A.S.ga 39 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Yer hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, oldindan 5 ming dollar bo‘nak olgan vaqtida ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Qo‘qonda bank xodimining qotilligi: jinoyat qanday ro‘y bergan?
30 mart kuni O‘zbekiston tumani O‘qchi mahallasida yashovchi 28 yoshli Sanjar Esonaliyev muddatli to‘lovga Onix mashinasi olish uchun Infinbank Qo‘qon filialiga boradi. Kredit bo‘limining unga begona xodimi hujjatlarni rasmiylashtirib, tushlik payti qo‘lida 5700 dollar puli bor yigitni o‘zi bilan allaqayerga olib ketadi.
Ular bankdan soat 12:10 atrofida, sug‘urta hujjatlarini tayyorlash uchun bank xodimi A.T.ning Tracker mashinasiga o‘tirib chiqib ketishgan. Shundan keyin xodim mijozining bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan va jasadni mashinada qoldirib, tushlik vaqti tugaganda hech narsa bo‘lmagandek ishiga qaytib kelgan. Ish vaqti tugagach, mashinasidagi qurbonini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Kanaldagi qidiruv ishlari bir necha kun davom etgach, 4 aprel kuni jasad topildi.
Kun.uz muxbiri Sanjar Esonaliyevning yaqinlaridan tafsilotlarni surishtirdi.
“3 yashar o‘g‘li dadam yangi mashina olib keladi, deb kutib o‘tiribdi…”
Marhum Sanjar Esonaliyevning otasi Bahodir Shokirov:
— O‘g‘lim Sanjarbek 30 mart kuni yaxshi niyatda Infinbankdan muddatli to‘lovga Onix mashinasi olaman deb, uydan chiqib ketgan edi. Ertalab borgan bolam tushlikda yo‘qoldi, telefoni o‘chdi. Shu bilan daragi yo‘q. Topilavermagach, kuzatuv kameralarini ko‘rsatishlarini talab qildik. Unda bank xodimi uni qora Tracker mashinasiga o‘tirgizib ketganini ko‘rdik.
Marhum Sanjar Esonaliyev
Bahodir Shokirov, marhum Sanjar Esonaliyevning otasi
Kredit bo‘limi mutaxassisi avval sug‘urta qilib keling, degan ekan. O‘g‘lim bankdan tashqariga chiqqanida xodim orqasidan chiqib mashinaga o‘tirgizib, qayoqqadir olib ketgan. Bankka amakisining o‘g‘li bilan Damas’da borishgan edi. Amakivachchasi soat 17:00 gacha avtoturargohda kutib o‘tiravergan. O‘g‘lim qaytib kelmagan.
O‘g‘limning yonida 5 700 dollar puli bor edi. U to‘lov qilishga ulgurmagan ham. Endi bank xodimi “menga pichoq bilan tashlandi, o‘zimni himoya qilish uchun o‘ldirdim” deyayotgan emish. O‘g‘lim hecham birovga qo‘l ko‘taradigan yigit emasdi.
Sanjarbekning bir o‘g‘il, bir qizi bor edi. Ular yetim bo‘lib qoldi. 3 qizdan keyin tilab olgan bitta-yu bitta o‘g‘lim edi. Dadam yangi mashina olib keladi deb, 3 yashar nevaram kutib o‘tiribdi.
Jasadni Katta Farg‘ona kanalidan qidirish ishlari
Bankda ham, uning tashqarisida ham kelishuvchilik bo‘lmagan
Marhum Sanjar Esonaliyevning qarindoshi Ulug‘bek To‘lanboyev:
— Kuzatuv kameralarni ko‘rganimizda jiyanim Sanjarbek tushlik mahal, soat 12:10 da bankdan chiqib, bank xodimining mashinasi orqa o‘rindig‘iga o‘tirib ketgan. Bank binosi ichkarisida hech qanday tortishuv, janjal bo‘lmagan.
Sanjarbekning avval Cobalt mashinasi bo‘lgan, uni bir hafta oldin bir ayolga sotgan edi. U ayol mashinaning yarim pulini berib, qolganini keyinroq qilib berishini aytgan ekan. Voqea sodir bo‘lgan kuni soat 12:45 larda mashinasini sotib olgan ayol bilan telefonda gaplashgan, ayol undan notariusga kelib, mashinani nomiga o‘tkazib berishini so‘ragan. Sanjarbek borolmasligini, muddatli to‘lovga mashina olish bilan bandligini aytgan. Shundan keyin telefoni o‘chgan.
Bank xodimining ko‘rsatmasi bo‘yicha, o‘zining Tracker mashinasi orqa o‘rindig‘ida Sanjarni bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan. Keyin jasadni mashinada qoldirib, hech narsa bilmagandek yana ishxonasiga qaytib kelib, o‘z ishini davom ettirgan. Keyin soat 19:00 – 20:00 atrofida Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Ulug‘bek To‘lanboyev, marhumning qarindoshi
Bank xodimi o‘z ko‘rsatmasida Sanjar uning shaxsiyatiga tekkani, haqorat qilgani, buning ortidan bo‘yniga pichoq urganini, so‘ng kanalga tashlab yuborganini aytdi. Qon bo‘lib ketgan mashina poligi va pichoqni yashirib, Tracker’ni “moyka” qildirib, kiyimlarini almashtirib, ishga qaytgan ekan. Jiyanimning yonida bo‘lgan 5700 dollari ham yo‘q.
“O‘g‘lim dadasini haliyam kutyapti”
Marhumning turmush o‘rtog‘i Shohsanam Esonaliyeva:
— Turmush o‘rtog‘im 30 mart kuni soat 7:00 da uydan chiqib ketgan. Soat 8:20 larda telefon qilib, “bankka keling, siz ham qo‘l qo‘yishingiz kerak ekan” dedi. 6 oylik chaqalog‘im bilan bankka bordim. Kerakli xujjatlarga imzo qo‘yganimdan keyin, uyga qaytdim. Turmush o‘rtog‘im va bank xodimi o‘rtasida hech qanaqa tortishuv yo‘q edi. Salondan yangi mashinani olib, orqamizdan yetib borishini aytdi. Shu bilan uni qaytib ko‘rmadim.
3,5 yoshli o‘g‘lim har kuni dadasini so‘rayapti. Unga nima deb javob berishni bilmayapman.
Shohsanam Esonaliyeva, marhumning turmush o‘rtog‘i
Tergov ketmoqda
Kun.uz muxbiri Infinbank Qo‘qon filialida bo‘lib, holatga izoh so‘radi. Lekin hamkasblaridan hech biri bo‘lgan voqea haqida, qotillik gumondorining shaxsiyati va fe’l-atvori haqida gapirishni istamadi.
O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan qo‘riqlash bo‘limi xodimlariga ko‘ra, bank ichkarisida kredit bo‘limi mutaxassisi va marhum o‘rtalarida hech qanday tortishuv ham, janjal ham bo‘lmagan.
A.T. qamoqqa olingan. Qo‘qon shahar prokuraturasi tergov harakatlarini olib bormoqda.
Marhumning jasadi ushbu lavha efirga chiqishi arafasida, 4 aprel kuni topildi.
Jamiyat
Endi jarimani avtomobil egasi emas, qoidani buzgan shaxs to‘laydi
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni transportni boshqargan shaxsga o‘tkazish tartibi joriy etildi. Bu Hukumatning 30-martdagi tegishli qarori bilan belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab avtomobilni boshqa shaxsga fuqarolik-huquqiy asosda boshqarishga bergan hollarda, qoidabuzarlik uchun jarima o‘sha haydovchiga rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, transport egasi va uni boshqaruvchi shaxs o‘rtasidagi munosabatlar rasmiy tarzda ro‘yxatga olinadi. Shu asosda javobgarlik ham aniq belgilanadi.
Javobgarlikni o‘tkazish uchun transport egasi Davlat xizmatlari portali yoki maxsus mobil ilova orqali murojaat qiladi. U yerda boshqarish huquqini berish muddati va shaxs ma’lumotlari ko‘rsatiladi.
Boshqaruvchi shaxs esa so‘rovnomani tasdiqlab, kelgusida qoidabuzarlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini elektron tarzda ma’qullaydi. Bu jarayon elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali amalga oshiriladi.
Mazkur xizmatdan foydalanish uchun belgilangan yig‘im undiriladi. Uning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 10 foiziga teng qilib belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi.
Jamiyat
xorijiy talabalar uchun nufuzli tanlov
Bugungi globallashuv sharoitida xalqaro talabalarga qulay va sifatli ta’lim muhitini yaratish har bir oliy ta’lim muassasasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan Toshkent davlat tibbiyot universiteti nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqada ham xorijiy talabalar uchun jozibador va ishonchli ta’lim maskani sifatida ajralib turadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti — O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi yirik va yetakchi tibbiy oliy ta’lim muassasalaridan biri. Milliy tibbiyot maktabining boy an’analari asosida tashkil etilgan universitet bugungi kunda yuqori malakali shifokorlar tayyorlashning zamonaviy markaziga aylangan. U klassik ta’limni innovatsion texnologiyalar bilan muvaffaqiyatli birlashtirib, butun dunyodan xorijiy fuqarolar uchun juda jozibador bo‘lmoqda.
Universitet bugungi kunda keng qamrovli ta’lim tizimiga ega bo‘lib, unda 13 ta fakultet va 112 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 15 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, 57 ta magistratura hamda klinik ordinatura mutaxassisliklari, 42 ta doktorantura ixtisosliklari mavjudligi esa chuqurlashtirilgan ta’lim va ilmiy izlanishlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Oliygohda 33 ming nafardan ortiq talaba tahsil oladi, shundan 4 300 dan ziyodi xorijiy talabalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa universitetning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Universitetning ilmiy salohiyati ham yuqori darajada shakllangan. 2 mingdan ortiq professor-o‘qituvchilar tarkibida yuzlab fan doktorlari, professorlar va PhD darajasiga ega mutaxassislar faoliyat olib boradi. Bu esa talabalar, ayniqsa xorijiy yoshlar uchun sifatli va zamonaviy bilim olish imkonini beradi.
Universitetda xorijiy talabalar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Universitetda ta’lim 3 ta tilda – o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilib, nafaqat O‘zbekistonlik, balki boshqa mamlakatlardan kelgan talabalar uchun ham juda qulaydir.
Ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilgan – 10 dan ortiq zamonaviy laboratoriyalar, 360 dan ziyod klinik bazalar va innovatsion o‘qitish usullari orqali talabalar real tibbiy tajribaga ega bo‘lib boradi. So‘nggi yillarda universitetda o‘nlab yangi laboratoriyalar tashkil etilib, o‘quv binolari rekonstruksiya qilindi va universitetning kampuslar shaklidagi zamonaviy infratuzilmasi shakllantirildi.
Hozirgi kunda universitetning moddiy-texnik bazasi ham keng ko‘lamda rivojlangan: universitetda minglab o‘quv auditoriyalari, zamonaviy laboratoriyalar, simulyatsiya markazlari, elektron kutubxonalar va sport majmualari, yuqori tezlikdagi Wi-Fi, 900 dan ortiq kompyuterlar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan sinflar mavjud. Talabalar uchun 6000 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy yotoqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, bu ayniqsa xorijiy talabalar uchun katta qulaylik yaratadi.
Shuningdek, universitetda boshqaruv va ta’lim jarayonlari raqamlashtirilib, hujjatlar aylanmasi, masofaviy ta’lim platformalari, elektron kutubxona, elektron jurnal, Face ID, Uni TEST, elektron navbat, ta’limda sun’iy intellekt, virtual reallik (VR) va sun’iy reallik (AR) texnologiyalari, talaba va xodimlar ma’lumotlari, iqtidorli talaba-yoshlarni saralash bo‘yicha “Talabalar portfoliosi” kabi elektron platformalari ishga tushirilib, ta’lim oluvchilar uchun keng imkoniyatlarni yaratmoqda.
2025/2026 o‘quv yili uchun 5 mingdan ortiq talabalar qabul qilingani, universitetga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, har yili minglab talabalar ushbu dargohni muvaffaqiyatli tamomlab, tibbiyot sohasida faoliyat yuritishga kirishmoqda.
Universitetning xalqaro maydondagi nufuzi ham oshib bormoqda. Universitetning 27 ta ta’lim dasturlari Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) Yevrosiyo davlatlari tibbiyot muassasalarini akkreditatsiya qilish markazi (ECAQA) talablari asosida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Xorijlik talabalar universitetdagi sifatli ta’lim, xavfsizlik, rivojlangan infratuzilma va do‘stona muhitni yuqori baholashadi. Ularning fikricha, universitet o‘qishning qulay narxi, sifatli ta’lim, keng qamrovli klinik amaliyot va har tomonlama e’tiborning eng yaxshi uyg‘unligini taklif etadi. Universitet talabalarga hujjatlar topshirish va viza rasmiylashtirishdan tortib, xorijiy talabalarning milliy bayramlarini nishonlashgacha bo‘lgan madaniy tadbirlarni o‘tkazish orqali ularga oliygoh sharoitiga moslashishda yordam beradi.
Universitetning xorijiy fuqarolar orasidagi nufuzi yildan yilga ortib bormoqda. Universitet Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME), Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (NMC) va boshqa xalqaro akkreditatsiyalovchi tashkilotlar tomonidan tan olingan bo‘lib, diplomning global e’tirof etilishini ta’minlaydi. Universitet diplomiga ega bitiruvchilar nafaqat o‘z vatanlarida, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkoniga ega.
Hindistonlik bitiruvchilarning muvaffaqiyati alohida g‘urur uyg‘otadi: so‘nggi ikki yil davomida hindistonlik xorijiy bitiruvchilar imtihon jarayonlarda yuqori ballarni qayd etmoqda. Bu natija universitetdagi tayyorgarlik darajasining yuqoriligini tasdiqlaydi.
Shu sababli xorijiy talabalar orasida universitetga o‘qishga kirish jarayonida tanlov juda yuqori bo‘lib, ushbu o‘quv yilida 2,500 dan ortiq chet el fuqarolari hujjat topshirdi va ularning 500 dan ortig‘i suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdi va universitetga qabul qilindi.
Yaqinda universitet muhim xalqaro tadbir maydoniga aylandi. 2026 yil mart oyida Toshkentda sog‘liqni saqlash sohasida simulyatsion o‘qitish bo‘yicha 7-xalqaro konferensiya — SIMULCON 2026 bo‘lib o‘tdi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Sog‘liqni saqlash sohasida simulyatsiya xalqaro jamiyati hamda Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi faol ishtirokida tashkil etilgan konferensiyada ko‘plab xorijiy, jumladan, hindistonlik ekspertlar va mutaxassislar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Muhim jihat shundaki, konferensiyada Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (NMC) raisi doktor Abhijat Chandrakant Sheth ham ishtirok etdi. Konferensiya tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib, universitetning innovatsion tibbiy ta’lim sohasidagi yetakchi mavqeyini yana bir bor tasdiqladi.
Talabalarning fikrlari:
Xorijiy talabalar uchun yaratilgan qulay muhit va iliq munosabat ularning tez moslashuviga yordam beradi. Buni universitetda tahsil olayotgan talabalar fikrlarida ham ko‘rish mumkin.
Rishabh (Hindiston): “Men avval Ukrainada o‘qirdim, ammo urush sababli o‘qishni ko‘chirishga majbur bo‘ldim. Toshkent davlat tibbiyot universitetini tanlash hayotimdagi eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘ldi. Bu yerda o‘zimni hurmatda va qo‘llab-quvvatlangan holda his qilaman. Toshkent — chiroyli, toza va osoyishta shahar. O‘qituvchilar juda tajribali. Ta’lim nafaqat nazariy, balki amaliyotga ham asoslangan. O‘zbekiston menga faqat ta’lim emas, balki o‘zimni shu yerga tegishli his qilish imkonini berdi”.
Saliq Qadri, 2-kurs talabasi: “Men Toshkent davlat tibbiyot universitetini tanladim va hech qachon afsuslanmadim. Bu yerda ajoyib simulyatsiya markazlari, klinikalarda real amaliyot va juda e’tiborli o‘qituvchilar bor”.
Mohammad Hamdani, 4-kurs talabasi: “Yashash sharoitlari ajoyib — toza yotoqxonalar, hind taomlari va to‘liq xavfsizlik. Ta’lim sifati esa eng yuqori darajada: universitet bitiruvchilari imtihonlarni yuqori ballar bilan topshirishadi. Bu yanada yaxshi o‘qishga undaydi”.
Saloni, 3-kurs talabasi: “Men ToshDavTUni ingliz tilida ta’lim va hindistonlik talabalar orasidagi yaxshi obro‘si uchun tanladim. O‘qituvchilar individual yordam berishadi, kampus esa eng so‘nggi texnika bilan jihozlangan. Doktor Abhijat Sheth ishtirokidagi SIMULCON konferensiyasi universitetimizni xalqaro miqyosda qanchalik yuqori baholashini ko‘rsatdi”.
Kanishk Parix Tapasvi, 5-kurs talabasi: “O‘qishimni ToshDavTUga ko‘chirish eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Bu yerda yordam va madaniy tadbirlar tufayli o‘zimni uydagidek his qilaman. Ta’lim juda sifatli — biz chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lamiz, bu imtihonlarda yordam beradi. Hindistondan kelgan bitiruvchilarning yuqori natijalari bejiz emas!”
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy infratuzilma, kuchli ilmiy salohiyat, xalqaro ochiqlik va insoniy qadriyatlar uyg‘unligi Toshkent davlat tibbiyot universitetini xorijiy talabalar uchun haqiqiy qulay va ishonchli ta’lim maskaniga aylantirmoqda.
Reklama huquqi asosida
-
Jamiyat5 days agoMITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston yangi qonunchilik tashabbusi bilan yashil hududlarni 30% qamrab olishni maqsad qilgan
-
Iqtisodiyot4 days ago
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
-
Sport5 days ago
O‘zbekiston Venesuelani yengib xalqaro turnirda g‘olib chiqdi
-
Jamiyat3 days agoJurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston Namanganga 5 milliard dollarlik xorijiy sarmoya kiritishni maqsad qilgan, bunda asosiy e’tibor IT va sanoatga qaratilgan
-
Dunyodan4 days ago
AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari urushni davom ettirishga chaqirmoqda
