Jamiyat
O‘zbekistonliklar o‘tgan 5 yilda banklardan 1,2 tonna oltin sotib olgan
2020-yil noyabr oyidan 2025-yil 30-dekabrga qadar banklar tomonidan aholiga umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan jami 65 150 dona o‘lchovli oltin quymalar sotilgan.
Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori sharhida ma’lum qilinishicha, mazkur davr mobaynida 5 va 10 gramm og‘irlikdagi sotilgan oltin quymalar soni jami o‘lchovli quymalar sotuvining 60 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan. Bu, o‘z navbatida, oltinning qimmatbaho aktiv hisoblanganligi sababli aholining nisbatan kichik hajmdagi quymalarga talabi yuqoriligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2020-yildan bugungi kunga qadar oltin quymalarni sotish va qayta sotib olish amaliyotini amalga oshirayotgan banklar soni 12 tadan 19 taga hamda shoxobchalar soni esa 34 tadan 170 taga oshgan.
Shu bilan birga, 2020-2025 yillarda banklar tomonidan umumiy og‘irligi 201 kg bo‘lgan jami 11 828 dona o‘lchovli oltin quyma aholidan qaytarib sotib olingan. Bunda 5 va 10 gramm og‘irlikdagi quymalar jami qaytarib sotib olingan quymalarning qariyb 65 foizini tashkil qilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda o‘lchovli oltin quymalarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2024-yilda ushbu quymalarga talab avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga (81 kg) nisbatan qariyb 3 baravar oshib, 236 kg.ni tashkil etdi. 2025-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 8 baravarga oshib, 661 kg.ga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish tartib Hukumatning 2020 yil 30 iyundagi 412-sonli qarori bilan belgilab qo‘yilgan.