Iqtisodiyot
Uy va avtomobil savdosi endi faqat bank orqali bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi?
1 apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va “10 yoshdan oshmagan” avtomobillar oldi-sotdisida hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi kuchga kirdi. Bunda shartnomada ko‘rsatilgan summa banklardagi eskrou hisobvaraqlar orqali o‘tkaziladi. Xo‘sh, bu tizim amalda qanday ishlaydi?
Yangi mexanizmga ko‘ra, tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgach, xaridor yoki uning vakili bankka murojaat qiladi va bitim bo‘yicha ariza topshiradi. Ushbu arizada taraflarning shaxsiy ma’lumotlari, shartnoma obekti, kelishilgan summa va bank rekvizitlari ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng bank xaridor nomiga eskrou hisobvaraq ochadi. Bu hisobvaraq oddiy hisobdan farqli ravishda pul mablag‘larini vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undagi mablag‘lar faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina boshqa tomonga o‘tkaziladi.
Bitta oldi-sotdi shartnomasi uchun bitta eskrou-hisobvaraq ochiladi va uni banklarning mobil ilovalari orqali ham rasmiylashtirish mumkin.
Hisobvaraq ochilgach, xaridor kelishilgan summani to‘liq ushbu hisobvaraqqa kiritadi. Agar kelishuvda bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, u holda hisobvaraqqa kelishilgan summaning faqat bir qismini kiritish ham mumkin.
Xaridor eskrou-hisobni naqd pulda (bank kassalari orqali) yoki naqdsiz shaklda to‘ldirishi mumkin. Agar bitim kredit asosida moliyalashtirilayotgan bo‘lsa, kredit beruvchi bank bu haqda notariusga elektron tarzda ma’lumot yuboradi va shartnoma tasdiqlangach, kredit mablag‘lari ham avtomatik ravishda sotuvchiga o‘tkaziladi.
Mablag‘ eskrou-hisobga kiritilgach, tomonlar notariusga murojaat qiladi. Notarius faqat hujjatlarni tekshirish asnosida, xaridor tomonidan pul mablag‘lari haqiqatan ham kiritilganini elektron tizim orqali so‘rov yuborish orqali tekshiradi. Bunda notarius bankka so‘rov yuborish orqali eskrou hisobvaraqdagi mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotni real vaqt rejimida oladi. Agar hisobvaraqda yetarli mablag‘ mavjud bo‘lmasa, yoki u yopilgan bo‘lsa, shartnoma tasdiqlanmaydi.
Shartnoma tasdiqlangach, notarius bu haqda bankka elektron xabar yuboradi va shundan keyin eskrou hisobvaraqdagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bu jarayon inson omilisiz, dasturiy tarzda amalga oshiriladi va mablag‘lar, qoida tariqasida, shu kunning o‘zida yoki keyingi ish kunida sotuvchiga yetib boradi.
Sotuvchi o‘z xohishiga ko‘ra mablag‘ni bank kassasidan naqd shaklda olishi ham mumkin.
Agar biron sababga ko‘ra shartnoma tasdiqlanmay qolsa, xaridor o‘z mablag‘larini eskrou hisobvaraqdan qaytarib oladi.
Eskrou-hisoblarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha davlat banklari (Milliybank, Agrobank, SQB, Asakabank, Xalq banki, BRB, Aloqabank, Mikrokreditbank va Turonbank)da komissiyalar miqdori quyidagicha:
Ko‘chmas mulk bo‘yicha 0,5 BHM (206 ming so‘m)gacha.
Avtomobil bo‘yicha 0,25 BHM (103 ming so‘m)gacha.
Agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatilsa, komissiya faqat bir marta olinadi. Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi. Xususiy banklar tariflarni mustaqil belgilaydi.
Oldi-berdini eskrou-hisoblar orqali amalga oshirish tartibi – ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalariga nisbatan qo‘llanadi. Uy-joy qurilishiga investitsiya kiritish shartnomalari bundan mustasno etilgan; ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va investor munosabatlarini eskrou tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Tizim doirasida barcha ma’lumotlar elektron shaklda almashiladi. Bank va notarius xodimlari bu ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashga majbur. Jarayon ustidan Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan doimiy monitoring olib borilishi belgilangan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda qaysi yo‘nalishdagi sanoat korxonalari ko‘p?
2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 61,1 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu korxonalarning asosiy qismi oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida 12,2 mingta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkich mazkur tarmoqning ichki bozor talabi va eksport imkoniyatlari yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida 8,5 mingta korxona mavjud. Kiyim ishlab chiqarish sohasida 6,1 mingta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu sohadagi o‘sish yengil sanoatni diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq.
Tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish yo‘nalishida 5 mingta korxona qayd etilgan. Mebel ishlab chiqarish sohasida 4,2 mingta, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda esa 3,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 2,9 mingtani tashkil etgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston so‘mda 1 mlrd dollarlik obligatsiyalarni eng past stavkada joylashtirdi
2026-yil 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi jahon moliya bozorlarida 1 mlrd AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarni 12,25 foiz stavkada joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi eng past daraja hisoblanadi. Solishtirish uchun, 2024-yilda 3 trln so‘mlik obligatsiyalar 16,625 foiz, 2025 yilda esa 6 trln so‘mlik chiqarilish 15,5 foiz stavkada joylashtirilgan edi.
Global audiokonferensiya doirasida AQSh, Yevropa, Buyuk Britaniya, Osiyo va Yaqin Sharqdan 32 ta yirik investor ishtirokida O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasi taqdim etildi.
Xalqaro investorlar tomonidan so‘mdagi obligatsiyalarga yuqori qiziqish kuzatildi. Shu kuniyoq qariyb 50 ta investordan jami 23,4 trln so‘mlik buyurtmalar kelib tushdi, bu e’lon qilingan hajmdan to‘rt baravar ko‘pdir.
Natijada 3 yillik obligatsiyalar 12,25 foiz stavkada joylashtirildi. Bu ko‘rsatkich ichki bozordagi o‘rtacha stavkalardan 14 bazis punkt past hisoblanadi.
Shu bilan birga, mazkur joylashtirish Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq hamda Afrika mintaqalarida so‘nggi 15 yildagi milliy valyutadagi eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etildi.
Qayd etilishicha, mazkur indeks doirasida 300 mlrd dollarga teng aktivlar boshqariladi. Joylashtirishdan tushgan mablag‘lar esa 2026-yil davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Iqtisodiyot
milliarderlar 3,55 trln dollarni soliqdan yashirmoqda
Dunyodagi eng boy odamlar ofshorlar va deklaratsiya qilinmagan hisobraqamlarda taxminan 3,55 trln dollar mablag‘ni soliqdan yashirmoqda. Bu Fransiya yalpi ichki mahsulotidan ham ko‘p va jahon YaIMning taxminan 3,2 foiziga teng, deb xabar qildi Oxfam.
Dunyo bo‘ylab eng boy odamlar ofshorlar va deklaratsiya qilinmagan hisobraqamlarda taxminan 3,55 trln dollar mablag‘ni soliqdan yashirmoqda. Bu haqda xayriya tashkilotlari birlashmasi Oxfam 2 aprel, payshanba kuni — “Panama hujjatlari” e’lon qilinganining 10 yilligi arafasida ma’lum qildi. Oxfam press-relizida aytilishicha, ushbu summa Fransiyaning 2024 yildagi yalpi ichki mahsulotidan (3,16 trln dollar) yuqori hamda dunyodagi eng kam rivojlangan 44 davlatning jami YaIMdan ikki barobardan ham ko‘proqdir.
Dunyodagi eng boy odamlarning 0,1 foizi hissasiga ofshorlarda saqlanayotgan barcha pullarning taxminan 80 foizi — 2,84 trln dollar to‘g‘ri keladi. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, bu summa insoniyatning eng kambag‘al yarmini, ya’ni 4,1 milliard kishinikidan ortiq kapitalni tashkil etadi. Shu bilan birga, eng boy 0,01 foiz odamlar qo‘lida 1,77 trln dollar saqlanmoqda.
Soliqdan bo‘yin tovlashga qarshi kurash chorasi sifatida Oxfam dunyodagi eng boy 1 foiz odamlar uchun soliqlarni oshirish va o‘ta boylarga soliq joriy etishni taklif qilmoqda. Boshqa tashabbuslar qatorida ofshorlarni tugatish va moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash ham bor.
Oxfam bahosiga ko‘ra, “Panama hujjatlari” 2016 yil 3 aprel kuni e’lon qilinganidan beri ofshor aktivlar hajmi 2023 yilda 13,25 trln dollarga yetgan — bu o‘sha paytda jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 12,5 foiziga teng edi. Shu bilan birga, tashkilot ta’kidlashicha, soliq solinmaydigan ofshor aktivlar ulushi sezilarli darajada qisqargan va jahon YaIMning 3–4 foizi darajasida barqarorlashgan.
Masalan, Jahon banki 2024 yilda jahon yalpi ichki mahsulotini 110,8 trln dollar deb baholagan. Oxfam press-relizida keltirilgan, umuman soliq solinmaydigan 3,55 trln dollarlik ofshor mablag‘lar shu summaning taxminan 3,2 foizini tashkil etadi.
Tashkilot qayd etishicha, soliq solinmaydigan ofshor mablag‘lar ulushining kamayishiga 2016–2017 yillarda Soliq axborotini avtomatik almashish tizimi (AEOI) ishga tushirilgani yordam bergan. 2025 yil mart oyiga kelib, AEOI hisobot standartiga 126 davlat va yurisdiksiya qo‘shilgan.
Iqtisodiyot
3-apreldan valyutalarning yangi kursi belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 3-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 7,74 so‘mga oshib, 12 149,84 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 76,07 so‘mga tushdi va 14 003,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 040,22 so‘m bo‘ldi (-100,27).
Rossiya rubli 151,10 so‘m etib belgilandi (+0,57).
Iqtisodiyot
Kogonda yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Buxoro viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida hech bir hududdan kam bo‘lmagan ulkan imkoniyatlarga ega. Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi faoliyat yuritmoqda, yana bittasi barpo etilmoqda. Shuningdek, qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan, umumiy quvvati 4,5 gigavattga teng 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilishi jadal ketmoqda.
2025-yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2 foizga oshib, 86,6 trillion so‘mga yetdi, sanoatda 7,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,3 foiz, xizmatlar sohasida 14 foiz o‘sish qayd etilgan. Ishsizlik 2024 yilga nisbatan 4,7 foizgacha, kambag‘allik darajasi 6,0 foizgacha pasaygan.
Yig‘ilishda Buxoro viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trillion so‘mga yetkazib, 9,1 foiz o‘sishga erishish, sanoat hajmini 9,1 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga, xizmatlar hajmini esa 20,1 foizga o‘stirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2 foizgacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.
Shu maqsadda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorako‘l, Shofirkon, G‘ijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish bo‘yicha manzilli choralar amalga oshirilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Buxoro uch ming yillik tarixga ega ko‘hna zamin ekani, bunday boy madaniy meros va tarixiy obidalar jamlangan shaharlar dunyoda kam uchrashini ta’kidladi. Bu salohiyatni iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga xizmat qildirish zarurligi qayd etildi.
Investitsiya va eksport yo‘nalishida 2026 yilda 3,3 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, 1,5 milliard dollarlik eksportni ta’minlash, umumiy qiymati 9,2 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Sanoatni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, sanoat tarmoqlari kesimida 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2,2 milliard dollarni tashkil qiladi. Natijada 18 ming ta yangi ish o‘rni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 million so‘mdan 29,6 million so‘mga yetkazish mo‘ljallangan.
Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 350 million dollarni tashkil etib, 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish bo‘yicha 220 million dollarlik loyihani amalga oshirish, Qorovulbozor tumanida 85 million dollarlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qog‘oz va karton mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral o‘g‘it ishlab chiqarish, Kogon tumanida gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi bo‘sh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik, Vobkentda charm va yengil sanoat, Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo, Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat, G‘ijduvonda qurilish materiallari yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni o‘zlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi. Bu viloyat iqtisodiyoti va eksport salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda viloyatdagi 3 million gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ham muhokama qilindi. Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga to‘liq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 454 milliard so‘m bo‘lgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish, bu maqsadda chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qo‘y va 200 bosh ot olib kelish ko‘zda tutilgan.
Paxtachilik, g‘allachilik va suv tejash yo‘nalishlarida ham aniq vazifalar belgilandi. Xususan, 2026 yilda paxta hosildorligini 52 sentnerga, g‘alla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv ta’minoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 million kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.
Chorvachilikda har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan zamonaviy mini-fermalar tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi. Ushbu dastur doirasida 110 ta loyiha amalga oshirilib, 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi, 3 ming 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va 51,5 ming tonna qo‘shimcha sut ishlab chiqarish quvvati shakllantiriladi.
Xizmatlar va aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis ko‘chasi, 2 ta sohil bo‘yi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yo‘l bo‘yi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trillion so‘m moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trillion so‘m kichik va o‘rta biznesga yo‘naltiriladi.
Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga to‘g‘ri kelayotgani, viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar esa hali to‘liq ishga solinmagani qayd etildi. Jondor, G‘ijduvon, Buxoro, Qorako‘l va Vobkent tumanlarida sohil bo‘yi va yo‘l bo‘yi drayver loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan 2026-yilda 3,5 million xorijiy va 5,5 million mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 millionga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun 2026 yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi, 15 ta yangi turoperator va turagent ishga tushiriladi.
Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona tashkil etish, Shofirkon tumanida “Xo‘ja Orif”, Buxoro tumanida “Chor Bakr” va “Yorjon” turizm qishloqlarini rivojlantirish, Buxoro shahrida “Moxi Xosa” turizm mahallasini shakllantirish nazarda tutilgan. Buxoro tarixiy markazida YuNESKO talablariga mos alohida ma’muriy boshqaruv tizimini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy ob’yekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Avstriyaning Krems universiteti bilan qo‘shma fakultet ochish, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini mazkur oliygoh boshqaruviga berish rejalashtirilgan. Bunda to‘liq dual ta’lim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu universitet Buxoro shahrida tashkil etilayotgan tunu-kun ko‘chalarni boshqarish bo‘yicha yangi modelni ishlab chiqishga ham ko‘maklashadi.
Yig‘ilishda aholi sonining o‘sishiga mos ravishda uy-joy va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasi hududida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonli zamonaviy uy-joy kompleksi qurish, Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil qilish, “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish, Buxoro davlat universitetining yangi kampusini qurish kabi yirik qurilish va urbanizatsiya loyihalari muhokama qilindi.
Yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi. Viloyatda uzunligi 33,1 kilometr bo‘lgan 7 ta aylanma yo‘l barpo etish, “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yo‘lining 78 kilometr va “Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi” yo‘lining 71 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, A-380 yo‘li bo‘yida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 2 ta tuman va 35 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida yo‘l, elektr, suv va sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash ishlari amalga oshirilishi, bu maqsadlarga jami 593 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026 yilda jami 4 trillion 484 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, buning hisobiga maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.
Prezidentimiz Buxoro viloyatining mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish, investitsiya, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma sohalarida natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Jamiyat4 days agoMITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Jamiyat5 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Dunyodan5 days ago
Rossiya benzin eksportini taqiqlaydi
-
Turk dunyosi5 days agoGremio Turkiyadagi turnirga taklif qilindi ✈️
-
Iqtisodiyot3 days ago
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
