Iqtisodiyot

Uy va avtomobil savdosi endi faqat bank orqali bo‘ladi. Bu tizim qanday ishlaydi?

Published

on


1 apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va “10 yoshdan oshmagan” avtomobillar oldi-sotdisida hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi kuchga kirdi. Bunda shartnomada ko‘rsatilgan summa banklardagi eskrou hisobvaraqlar orqali o‘tkaziladi. Xo‘sh, bu tizim amalda qanday ishlaydi?

Yangi mexanizmga ko‘ra, tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgach, xaridor yoki uning vakili bankka murojaat qiladi va bitim bo‘yicha ariza topshiradi. Ushbu arizada taraflarning shaxsiy ma’lumotlari, shartnoma obekti, kelishilgan summa va bank rekvizitlari ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng bank xaridor nomiga eskrou hisobvaraq ochadi. Bu hisobvaraq oddiy hisobdan farqli ravishda pul mablag‘larini vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undagi mablag‘lar faqat belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina boshqa tomonga o‘tkaziladi.

Bitta oldi-sotdi shartnomasi uchun bitta eskrou-hisobvaraq ochiladi va uni banklarning mobil ilovalari orqali ham rasmiylashtirish mumkin.

Hisobvaraq ochilgach, xaridor kelishilgan summani to‘liq ushbu hisobvaraqqa kiritadi. Agar kelishuvda bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, u holda hisobvaraqqa kelishilgan summaning faqat bir qismini kiritish ham mumkin.

Xaridor eskrou-hisobni naqd pulda (bank kassalari orqali) yoki naqdsiz shaklda to‘ldirishi mumkin. Agar bitim kredit asosida moliyalashtirilayotgan bo‘lsa, kredit beruvchi bank bu haqda notariusga elektron tarzda ma’lumot yuboradi va shartnoma tasdiqlangach, kredit mablag‘lari ham avtomatik ravishda sotuvchiga o‘tkaziladi.

Mablag‘ eskrou-hisobga kiritilgach, tomonlar notariusga murojaat qiladi. Notarius faqat hujjatlarni tekshirish asnosida, xaridor tomonidan pul mablag‘lari haqiqatan ham kiritilganini elektron tizim orqali so‘rov yuborish orqali tekshiradi. Bunda notarius bankka so‘rov yuborish orqali eskrou hisobvaraqdagi mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotni real vaqt rejimida oladi. Agar hisobvaraqda yetarli mablag‘ mavjud bo‘lmasa, yoki u yopilgan bo‘lsa, shartnoma tasdiqlanmaydi.

Shartnoma tasdiqlangach, notarius bu haqda bankka elektron xabar yuboradi va shundan keyin eskrou hisobvaraqdagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Bu jarayon inson omilisiz, dasturiy tarzda amalga oshiriladi va mablag‘lar, qoida tariqasida, shu kunning o‘zida yoki keyingi ish kunida sotuvchiga yetib boradi.

Sotuvchi o‘z xohishiga ko‘ra mablag‘ni bank kassasidan naqd shaklda olishi ham mumkin.

Agar biron sababga ko‘ra shartnoma tasdiqlanmay qolsa, xaridor o‘z mablag‘larini eskrou hisobvaraqdan qaytarib oladi.

Eskrou-hisoblarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha davlat banklari (Milliybank, Agrobank, SQB, Asakabank, Xalq banki, BRB, Aloqabank, Mikrokreditbank va Turonbank)da komissiyalar miqdori quyidagicha:


Ko‘chmas mulk bo‘yicha 0,5 BHM (206 ming so‘m)gacha.
Avtomobil bo‘yicha 0,25 BHM (103 ming so‘m)gacha.

Agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatilsa, komissiya faqat bir marta olinadi. Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi. Xususiy banklar tariflarni mustaqil belgilaydi.

Oldi-berdini eskrou-hisoblar orqali amalga oshirish tartibi – ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalariga nisbatan qo‘llanadi. Uy-joy qurilishiga investitsiya kiritish shartnomalari bundan mustasno etilgan; ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va investor munosabatlarini eskrou tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Tizim doirasida barcha ma’lumotlar elektron shaklda almashiladi. Bank va notarius xodimlari bu ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashga majbur. Jarayon ustidan Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan doimiy monitoring olib borilishi belgilangan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version