Mahalliy
Erkinlik va qadriyatlar chegarasi qayerda?
Pul va mushuk
Men u qizni hali maktabda o‘qib yurganda «kashf» qilgandim. O‘shanda qizaloqning oilasi biroz pulga muhtoj paytlar edi. Qizaloq mushukchasini juda yaxshi ko‘rardi. Uni sinash uchun «agar senga bir million pul beraman, mushugingni yo‘qot desa voz kecharmiding», deb so‘radim.
U o‘ylab ham o‘tirmay javob berdi: «O‘n million, yuz million pul beraman desangiz ham mushugimni ko‘chaga otmayman.»
Jizzax shahrida «menga er kerak», deb oq ko‘ylakda ko‘chaga chiqqan qizlar haqidagi video ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Liberallar va konservativlar
Bu haqda psixolog Madina Miytan o‘z telegram kanalida shunday yozadi: «Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan bir mavzuga o‘z fikrimni bildirgim keldi. Gap, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan, yoshlarning «Menga er kerak» degan yozuvli plakatlar bilan ko‘chaga chiqishi haqidagi voqea haqida ketmoqda.
Ko‘pchilik bu voqea atrofida ikki xil qarash prizmasida aylanib fikr bildiribdi (liberal va konservativ), aslida bu unchalik ham to‘g‘ri yorliqlash emas. Bu voqeaga sababchi omillar ko‘p qirrali, ya’ni faqat liberallik yoki konservativlik emas… Lekin, men ham jamoatchilik ko‘pchiligi shu prizma atrofida aylangani uchun shu prizma asosida bo‘lsa ham o‘z fikrimni bildiraman, chuqurlashib ketish niyatim yo‘q.
Liberal deb atalgan tomon bu harakatni fikr erkinligining namoyoni deb baholabdi. Konservativlar esa bunday harakatni nomaqbul va madaniyatga zid deb hisoblagan. Men har ikkala tomonning ham fikrlarida muayyan haqiqat bor deb hisoblayman, biroq har ikkisi ham o‘z pozitsiyasini ortiqcha radikallashtirib yubormoqda.
Liberal fikrlovchilar «fikr erkinligi»ni cheksiz deb talqin qilib, jamiyat normalari va boshqalarning his-tuyg‘ularini e’tiborga olmayapti.
Konservativlar esa har qanday o‘zgarishga qarshilik ko‘rsatib, eski an’analarga ko‘r-ko‘rona yopishib olmoqda.
Men, o‘z navbatida, bu masalaga muvozanatli yondashish tarafdoriman. «Menga er kerak» degan plakat bilan ko‘chaga chiqish – bu shaxsiy fikrni ifoda etish shakli bo‘lishi mumkin, lekin bu usul madaniyatli va tarbiyali yoshlar uchun munosib emas. Chunki, bunday harakatlar jamoat tartibini buzishi, boshqalarning his-tuyg‘ulariga ta’sir etishi va jamiyatda noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirishi mumkin. Jamiyatda bunga qarshi bitta odam bo‘lsa yoki bu bitta odamni bezovta qilsa, demak bu uchun qonun-qoidalar ishlamasligi kerak degani emas…
Erkinlik – boshqalarning huquqlarini hurmat qilish doirasidagi erkinlik ekanini unutmasligimiz kerak. Konservatizm esa o‘zgarishlarga to‘siq bo‘lish emas, balki muvofiqlashtirish va muvozanatni ta’minlash uchun xizmat qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, har ikkala qarash ham o‘z chegaralariga ega. Jamiyatdagi har qanday hodisani baholashda individual erkinlik, jamoat tartibi va madaniyat normalarini hisobga olish zarur. «Menga er kerak» degan plakatlar bilan ko‘chaga chiqish esa – bu huquqbuzarlik va nomadaniyat belgisi sifatida baholanishi kerak. Hatto, biror bir qizi bor xonadon o‘z darvozasiga bu plakatni osib, boshqa qizi bor qo‘shnilarini bezovta qilishga haqqi yo‘q. Erkinlik bu – javobgarlik, mas’uliyat ham. Jamoatchilikka, ommaga miyaga kelgan hazillarni ( fikrlar orqali tug‘iladi, har qanday hazillar) shunchaki hazil edi, deb hamma yoshlar olib chiqaversa vaqti kelib axloqiy normalarga juda juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Birgina misol keltiraman (shu plakat misolida): deylik, jamiyatimizda ayollarning xaq-xuquqlari, gender tenglik, turli stereotiplar va boshqa masalalarda kurashishni aynan shunaqa plakatlar yo‘qqa chiqaradi. Chunki, «menga er kerak» degan plakat stereotiplarni yanada kuchaytirishi mumkin. Hazil bo‘ladimi, chin bo‘ladimi bu xatti-harakatlar ayollarni faqat turmushga chiqishga intiladigan zaif va boshqarishga muhtoj mavjudot sifatida tasvirlaydi.
Bundan tashqari, jamoatchilikka noto‘g‘ri signal (provakatsiya) beradi. Bu harakatlar ma’lum bir guruhning tarbiyasi va madaniyati haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirib jamoatchilikning tarbiyali ayol-qizlarga bo‘lgan fikrlashidagi tinchini buzadi.
Ziyoli jamoatchilik vakillarining buni oqlashida esa asos yo‘q va bu erkinlik emas.»
Erkinlik va qadriyat
Darhaqiqat, bu nafaqat qadriyatlar yoki birovning huquqini buzish balki, mening nazarimda bu yerda moddiy asos ham bor. Go‘zallik saloni mahsulotini reklama qilishda bir paytlar odamlarning (ayniqsa erkaklarning) his-tuyg‘usini junbushga keltirgan «menga er kerak emas» keysidan foydalangan. Yodingizdami uch yil oldin bir psixologning «agar er boqmasa, pul topmasa, zo‘ravonlik qilsa, siz o‘zingiz pul topsangiz, hamma erkak qilishi kerak bo‘lgan ishni qila olsangiz sizga er nega kerak» (bunaqa er nimaga kerak demoqchi bo‘lgan)….. fikri kontekstdan qirqib olinib xuddi shunday muhokamalarga sabab bo‘lgandi. U paytlardaku har holda psixologning aytmoqchi bo‘lgan gapi bor edi, to‘liq videoni ko‘rganlar uning nima demoqchi bo‘lganini tushungandi…
Balki salon reklamasini marketing deyish mumkindir. Ammo marketing qadriyatlar, milliy urf-odatlarni kamsitmasligi kerak.
Ammo tadbirkor bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan reklama usulidan (qora piar) foydalanib bo‘lsa-da mahsulotiga e’tibor tortmoqchi bo‘ldi. Bu birinchi o‘ta qo‘pol xato, ya’ni yosh qizlarni mahsulot (tovar)ga aylantirmoqda. Ikkinchi xato qizlarning osongina bu taklifga rozi bo‘layotgani, garchi malomatga qolsada, sharmanda bo‘lsada… Katta ehtimol bilan bunday chiqishga rozi bo‘lmagan qizlar ham bor deb umid qilamiz…
Seriallardagi millat ayollarini qadrsizlantirayotgan obrazlardan qutulmasdan turib mana bunday chiqishlarni erkinlik deb baholash yoki hech qanday yomonlik ko‘rmaslik uchun o‘z qadriyatlarini tan olmaslik kerak odam. Agar shu qizlar seriallarda er kerak deb chiqsa qanday baholagan bo‘lardingiz, serialni tanqid qilarmidingiz yoki yaxshi syujet qo‘shilibdi, deb alqarmidingiz?
Erkinlik va g‘urur
Bugun biz erkinlik deganda nimani tushunamiz? Yangi Zelandiya, Polsha va AQSh hamkorligida ishlangan «Joyka» kinosi menga erkinlik va g‘urur haqida ajoyib tahlilni taqdim qildi.
Joyka kim – demokratik davlatda tug‘ilib voyaga yetgan, uning erkinligi, bizning tilda aytganda o‘zboshimchaligi birinchi o‘rinda turadigan amerikalik qiz. Shu qadar erkinki Rossiya balet teatrida ishlash uchun 15 yoshida o‘zga odamlar, o‘zga mentalitetli davlatga tavakkal keladi.
Aynan mana shunday erkinlik tushunchasi Joykaning obrazida o‘z aksini topadi. U nafaqat sahnada erkin harakat qiladigan balerina, balki hayotda ham o‘z prinsiplariga sodiq qolgan, hech qanday moddiy yoki boshqa manfaatlar evaziga o‘z qadr-qimmatini toptamagan kuchli ayoldir. Uning erkinligi – bu jamiyatning unga tiqishtirmoqchi bo‘lgan qoidalarga bo‘ysunmaslik, o‘z tanlovini o‘zi qilish va o‘zligini saqlab qolishdir. Erkinlik faqatgina istagan ishni qilish emas, balki o‘z qarorlari uchun javobgarlikni his qilish, o‘z prinsiplariga sodiq qolish va tashqi bosimlarga qarshi tura olishdir. Joykaning erkinligi aynan mana shunday ichki mustaqillikda namoyon bo‘ladi. Possovet mamlakatlarida kuzatadiganimiz «odob» va «uyat» degan tushunchalar ortiga ko‘p narsa yashiriladi: zo‘ravonlik, reproduktiv huquqlardan mahrumlik, hatto ayolning o‘z sog‘lig‘i ustidan qaror chiqarish huquqi. Ko‘pchilikda tanani himoya qilish – buzuqlik, erkinlik so‘rash – xohlagan ishini qilish deb tushuniladi. Lekin Joyka kabi obrazlar ko‘rsatadiki, ayolning tanasi – uning olami. U o‘z tanasi orqali nafaqat mukammallikni, balki og‘riq va ozodlikni ifoda qiladi. Joykaga ham takliflar bo‘ladi, sen yaxshi raqqosasan, lekin bu yo‘lda tanangni ham «ishga sol» degan ma’noda. Ammo u bunga rozi bo‘lmaydi. Undan asosiy rolni ijro etishi uchun pora so‘rashadi va bu xabar Amerikagacha yetib boradi. Qiz pul bilan ko‘tarilishni ham rad etadi. Gazetalarda u haqda balet teatrining sotqini degan maqolalar chop etiladi. Ishsiz qolgan Joyka yana qing‘ir yo‘ldan yurmaydi, o‘ziga boyvachcha yigit qidirmaydi, ota-onasining pulidan foydalanmaydi, balki farrosh bo‘lib ishlashni afzal ko‘radi.»
Bu kinoni misol qilish orqali qizlarni axloqsizlik qildi demoqchi emasman, har qolda ularda tanlov bor edi: men shunaqa reklama rolikda qatnashib nimagadir erishgandan ko‘ra hech narsasiz qolaman (g‘ururni tanlayman), deyishlari mumkin edi.
Erk va insoniylik
Atrofimizda o‘ta mustaqil qizlar ko‘p –kelajak uchun kasb egallash, turmush o‘rtoq tanlash, qachon turmushga chiqishni o‘zi hal qiladi, iqtisodiy mustaqil bo‘ladi, har bir xatti harakati uchun kelajakda hech kimni aybdor qilmaslik prinsipi bo‘ladi, ya’ni javobgarlik, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va hech qachon ko‘chaga menga er kerak deb chiqmaydi.
Erkinlik bu odamlar nima deydi degan bosimdan qo‘rqib emas, balki bu ishni qilish mening g‘ururimga to‘g‘ri kelmaydi deb yo‘q deb ayta olishdir… Liberallar fikricha, «Bu ayollarning o‘z tanasi, o‘z xohishi. Er kerak, deb ovoz chiqarib aytish ham erkinlikdir. Erkinlik – nima haqda gapirishga ham, nima haqida gapirmaslikka ham haqli bo‘lishdir.»
Bu fikrda mantiq bor. Biror ayol «menga er kerak» deya olsa, demak u o‘z xohishini oshkora ifoda etish imkoniga ega. Bu erkinlikning bir yuzi. Ammo internet zamonida shunaqa guruhlar borki, hamma ayolning ehtiyojini to‘g‘ri qabul qiladi: bu sovchilar, tanishuvlar, guruhi. Ana o‘sha guruhda agar biror yolg‘iz ayol menga er kerak, deb yozsa yoki aytsa hech kim uyalmaysanmi, nega er kerak deyapsan, hayosiz demaydi. Bunday guruhlarda hech kimning huquqi yoki tinchi buzilmaydi.
Konservatorlarning radikalligi esa qizlarni rostdan ham er kerak, deb chiqayapti, erni ochiqchasiga talab qilayapti, bu hayosizlik deb ularni ayblashmoqda. Konservativlar iddaosidek bu qizlarning er so‘rashi aka-ukasi, yoki ota-onasi rostanam yerga qaraydigan ish emas.
Afsuslanarlisi qizlar «er kerak» degan aksiyaning ortida shaxsiy ehtiyojlardan ham ko‘ra tijorat, xayp, yoki odamlarning ehtiroslari bilan o‘ynashuvchi manipulyativ kuchlar qurboni bo‘lgani. Gap mana shunda. Bu turdagi reklama nima uchun xavfli: ayol qadrini tushiradi, uni «erga muhtoj» deya taqdim qiladi, qarama-qarshi jinsga «men seni istayapman» degan signal jo‘natadi, ya’ni shaxsiy ehtiyojni oshkora sotadi, jamiyatga «hayotdagi eng asosiy masala – juft topish va jismoniy ehtiyojlardir» degan xulosani miyaga singdiradi.
Aslida erkinlik – insonni inson qiluvchi kuch, har qanday vaziyatda ham inson bo‘lib qolish prinsipi.
Bu aksiya faqat gap yoki fikr ifodasi emas. Uning ortida tijorat bor. Uning ssenariysi, formati, g‘oyasi – hammasi aniq hisoblangan. Va u hissiyotlar orqali e’tibor tortmoqchi, ya’ni ayol hissiyoti tovarga aylantirilmoqda. Chunki, ayollardan foydalanish shov-shuvning eng oddiy va samarali yo‘li. Ammo shu bilan birga ayol qadri, sevgi qadri, shaxsiy ehtiyoj qadri toptaladi. Erkinlik degan muqaddas tushuncha – xayp quroliga aylanadi.
Agar bu shaxsiy qaror bo‘lganida, ayol ko‘chaga yolg‘iz chiqardi. Ommaviy chiqish esa bu shunchaki ommaga ergashish: bu aksiya ommaviy, bir xil formatda, o‘zaro kelishilgan holda – demak, bu shaxsiy emas, strategik harakat.
«Menga er kerak», degan ochiq gap ayolni kuchli va erkin qilib ko‘rsatmaydi, balki «meni oling» degan qurbonga aylantiradi.
Erkin inson esa o‘z qadr-qimmatini pastga tushirmaydi, bu mustaqil shaxs emas, muhtoj inson pozitsiyasi. Ayol o‘z hayotini to‘ldirish uchun kimnidir izlashga haqli. Lekin u o‘zini reklama qilsa, ba’zi hollarda erkinlik emas, ichki bo‘shliq va muhtojlikni fosh qiladi. Chindan erkin inson o‘zini buyum sifatida taklif qilmaydi. Qadriyatlarga tayangan inson muhabbatni kutmaydi, balki shakllantiradi.
Chunki erkinlik – bu har narsani aytish emas, qaysi so‘z seni past qiladi,
qaysi so‘z seni ko‘taradi – shuni his qilish. Erkinlik – men xohlagandek yashayman, deyish emas, men kimligimni yo‘qotmasdan yashayman, deyish.
Tasavvur qiling: agar qizlar, menga er emas, erk kerak deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqqanda nima bo‘lardi? Albatta jamiyatdagi ko‘pgina qizlarning og‘riqli nuqtalari bayon etilgan va ko‘pchilik bu kreativlikni qo‘llab – quvvatlardi. Chunki erki bor ayol er kerakligini ko‘chaga chiqib aytish shartmasligini anglab yetgan bo‘ladi…
Shu muhokamalar bo‘layotgan paytida ancha ulg‘aygan, hamma narsaga mustaqil qaror qilib erishayotgan, ya’ni o‘ta mustaqil shaxsga aylangan mushugi bor qizga yana savol berdim: agar senga katta pul va karera taklif qilishsa ko‘chaga «menga er kerak» deb chiqarmiding?
U esa shunday javob yozib yubordi:
Barno Sultonova
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
