Sport
Eng ko‘p shaxmat grossmeysterlariga ega top-10 mamlakat
Shaxmat – strategiya va intellekt o‘yini – asrlar davomida insonlar o‘rtasidagi eng muhim intellektual raqobat turlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shaxmatdagi eng yuqori e’tirof pog‘onasi grossmeyster unvoni hisoblanadi. Bu unvon o‘yinda yuksak mahorat, favqulodda salohiyat va unga beqiyos sadoqatni namoyon etgan shaxmatchilarga beriladi.
Quyida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDe) ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p shaxmat grossmeysterlariga ega mamlakatlar keltirilgan.
Foto: World Visualized
Rossiya — 256 nafar grossmeyster. Rossiya yetuk shaxmatchilarni tarbiyalash bo‘yicha uzoq va boy an’anaga ega. Mixail Botvinnik va Vasiliy Smislov kabi afsonaviy ustalardan tortib, Sergey Karyakin va Vladimir Kramnik singari zamonaviy yulduzlargacha, Rossiya shaxmat maktabi hanuzgacha eng kuchli va ta’sirli maktablardan biri bo‘lib qolmoqda.
AQSh — 101 nafar grossmeyster. Qo‘shma Shtatlarda kuchli va jadal rivojlanayotgan shaxmat jamoasi mavjud. Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura va Uesli So kabi yetakchi o‘yinchilar muntazam ravishda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatoriga kiradi.
Germaniya — 96 nafar grossmeyster. Germaniya boy shaxmat merosiga ega. Uning afsonaviy namoyandalari qatorida Emanuel Lasker va Zigbert Tarrash bor. Bugungi kunda bu an’anani Arkadiy Naydich va Liviu-Diter Nisipyanu kabi zamonaviy ustalar davom ettirmoqda.
Ukraina — 93 nafar grossmeyster. Ukraina dunyoga ko‘plab mashhur shaxmatchilarni taqdim etgan, ular orasida sobiq jahon chempioni Ruslan Ponomaryov ham bor.
Hindiston — 64 nafar grossmeyster. So‘nggi o‘n yilliklarda Hindistonda shaxmat rivoji chin ma’noda juda tezlashdi. Vishvanatan Anand, Pentala Xarikrishna va Vidit Gujrati yetakchi shaxslardan bo‘ldi. Yangi avlod orasida esa amaldagi chempion Gukesh Dommaraju ham alohida ajralib turadi.
Vengriya — 58 nafar grossmeyster. Vengriya o‘zining kuchli shaxmat maktabi bilan mashhur. Uning afsonaviy namoyandalari qatorida Yudit Polgar, Layosh Shtayner va Dyula Breyyer bor.
Serbiya — 58 nafar grossmeyster. Serbiyada 50 nafardan ortiq grossmeyster va xalqaro reyting ro‘yxatida 2500 ga yaqin o‘yinchi bor. Qiziq jihati shundaki, Velimir Ivich 2020 yilda grossmeyster unvonini olgan, undan oldin 2018 yilda xalqaro master, 2016 yilda esa FIDe ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.
O‘nlikni Ispaniya (56), Fransiya (50) va Xitoy (48) grossmeysterlari yakunlaydi. Bu ko‘rsatkich tarixiy yetakchilarga nisbatan kamtarona ko‘rinsa-da, Xitoyda shaxmat juda shiddat bilan rivojlanmoqda. 1980-yillardan buyon ushbu sport turiga davlat tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash o‘z samarasini berdi: xitoylik grossmeysterlar muntazam ravishda jahon elitasi safiga kirmoqda. Ular orasida Din Lijen va ayollar o‘rtasida ko‘p karra jahon chempioni Hou Ifan bor.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
