Siyosat
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishidan eng ko‘p manfaat va ziyon ko‘radigan ikki davlat ochiqlandi
AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi ochilgan urush kuchayib borayotgan bir paytda jahondagi eng muhim transport bo‘g‘ini – Ho‘rmuz bo‘g‘ozi geosiyosiy kurash maydoniga aylandi.
Eron hozircha rasman Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopgani yo‘q, ammo urush sharoitida kemalar qatnovi to‘xtab qolgan.
Ekspertlar fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi, umuman, Eronga qarshi urush sabab neft va gaz ta’minotidagi uzilishlardan eng ko‘p Rossiya manfaatdor bo‘ladi. Iqtisodiy jihatdan eng ko‘p zararni esa Xitoy ko‘radi.
“Xitoyning neftga bo‘lgan ehtiyoji muhim yetkazib beruvchi sifatida Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qoladi, chunki Eron ham, Venesuela ham bu talabni qondira olmayotir”, – deydi Atlantika kengashi huzuridagi Global energetika markazi katta ilmiy xodimi Andrey Kovatariu.
Yevropa davlatlari Ukraina bosqini sabab Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Biroq Eron urushi ortidan Yevropa Rossiyadan yana katta miqdorda gaz olishga majbur bo‘lishi mumkin.
“Ayni paytda Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlari Rossiya gazidan voz kechish tartibini vaqtincha to‘xtatish yoki istisnolar joriy etishni taklif etmoqda. Negaki, Yevropa o‘z strategik zaxirasini to‘ldirish uchun tabiiy xomashyoga muhtoj”, – deydi Andrey Kovatariu.
Hozirda Moskva Pekinga neftni chegirma bilan sotmoqda. Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, Rossiya chegirmalarni saqlab qolgan holda, Xitoyga neft orqali siyosiy ta’sir ko‘rsatishga urinishi mumkin.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon energetika ta’minotida muhim o‘rin tutadi. Global miqyosda neftning 20 foizi, suyultirilgan gazning 30 foizi bo‘g‘oz orqali o‘tadi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali nafaqat “qora oltin” va “moviy yonilg‘i”, shuningdek, elektronika va maishiy iste’mol mollari ham eksport qilinadi. Bo‘g‘oz blokadasi dunyo bo‘ylab sanoatning izdan chiqishi, inflyasiyaning oshishiga ham sabab bo‘ladi.
Vaziyatning qaltisligini anglagan Xitoy Erondan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshiriladigan energiya yetkazib berish zanjiriga daxl qilmaslikni talab qilmoqda.
“Pekin odatda Yaqin Sharq mojarolarida ehtiyotkor pozitsiya tutib, siyosiy muloqot zarurligini ta’kidlar edi. Biroq hozirgi vaziyatda asosiy urg‘u iqtisodiy xatarlarga qaratilmoqda. Dunyodagi eng yirik energiya importchisi bo‘lgan Xitoy uchun Fors ko‘rfazidagi har qanday uzilish uning milliy manfaatlariga bevosita zarba beradi. (Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili) Lin Szyanning bayonoti Pekinning global ta’minot zanjirlari barqarorligini himoya qilish yo‘lidagi eng keskin va ochiq signallaridan biri bo‘ldi. Xitoyning bu chiqishi uning Eron bilan yaqin hamkorligiga qaramay, mintaqaviy urushdan manfaatdor emasligini ko‘rsatadi. Pekin uchun energiya xavfsizligi har qanday geosiyosiy ittifoqdan ustun turadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi Xitoy iqtisodiyoti uchun “energetik bo‘g‘ilish”ni anglatishi mumkin, shu sababli Pekin endi nafaqat kuzatuvchi, balki jarayonni to‘xtatishga urinayotgan faol ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lmoqda”, – deb yozadi tahlilchi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li.
“Vashinton Eronga zarb berish orqali Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasini ham tugatishga urinmoqda. Bu savdo yo‘li Xitoyni Eron va Turkiya orqali asosiy eksportchisi Yevropa bilan bog‘lashi kerak edi. Eronsiz bu loyiha shunchaki amalga oshmaydi. Hozir biz yangi – AQSh-Xitoy sovuq urushi davrida yashamoqdamiz”, – deydi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.
Biroq Eron urushi Xitoyga geosiyosiy jihatdan yangi imkoniyatlar taqdim etadi degan qarash ham mavjud.
Sir emas, Ikkinchi jahon urushida Yevropa va Osiyodagi davlatlar bir-birini holdan toydirgan paytda AQSh kuch yig‘ib, urushga ancha kech kirgan va pirovardida mutlaq g‘olib bo‘lgan, boz ustiga, yangi xalqaro tartibning asosiy me’moriga aylangan edi.
“Bugun Xitoyga qarab, menda o‘sha tarixiy manzara esga tushadi. Rossiya G‘arb bilan to‘qnashuvda, Yevropa xavfsizlik inqirozi ichida, Yaqin Sharq esa yana olov ichida. Katta kuchlar resurs, e’tibor va siyosiy irodasini mojarolarda sarflayotgan bir paytda, Pekin nisbatan chetda turib, sanoat, texnologiya va savdo qudratini yig‘ishda davom etmoqda.
Bu Xitoy mutlaqo chetda turibdi degani emas. Lekin strategik manzara shuni ko‘rsatmoqdaki, boshqalar urush xarajatini to‘layotgan paytda Xitoy vaqtning o‘ziga ishlashini kutyapti. Ba’zi davlatlar frontda yutqazadi, ba’zilari esa frontga shoshilmagani uchun yutadi.
XXI asrning eng muhim geosiyosiy savollaridan biri shu: Xitoy ham AQSh kabi tarixiy lahzani kutyaptimi? Ya’ni boshqalar zaiflashguncha shoshmaslik, so‘ng esa yangi tartibda eng kuchli pozitsiyadan o‘rin egallash strategiyasini tanlayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, demak, Pekinning eng katta quroli hozircha raketa emas, vaqt va sabr”, – deb xulosa qiladi siyosatshunos Otabek Akromov.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlik haqida gapirdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Foto: Saida Mirziyoeva/Telegram
Mirziyoyevaning soʻzlariga koʻra, muzokaralarda asosan ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanishda davom etmoqda”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram’dagi kanalida va ayni paytda biznes, infratuzilma va madaniyat kabi muhim sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Muzokaralar ikki tomonlama oliy darajadagi bir qancha tadbirlar oldidan o’tkazilmoqda. Hukumatlararo qoʻshma qoʻmita va mintaqaviy kengashlarning navbatdagi yigʻilishlari yaqin kunlarda oʻtkazilishi kutilmoqda.
Mirziyoyeva xonim ushbu boʻlajak tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlariga yanada turtki berishiga ishonch bildirdi.
Siyosat
O‘zbekiston va Albaniya yetakchilari o‘zaro muzokara o‘tkazdilar
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.
Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.
Ushbu marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Albaniya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.
Siyosat
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi («DFC») bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida amerikalik mehmonlar davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Muzokaralarda AQShning yetakchi moliyaviy institutlari ishtirokida infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish sohalaridagi strategik loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda «Eksimbank» bilan energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kreditlari mexanizmlarini yanada kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
«DFC» korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, energetika tizimi va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha takliflari ham qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun investitsiya va texnologiyalarga asoslangan loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlar barpo etish loyihalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
Siyosat
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
Albaniya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishdi.
Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan «Kelin salom» marosimi taqdimoti bo‘ldi. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidladi.
Siyosat
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadovni qabul qildi.
Uchrashuvda Ozarbayjonning “PASHA Holding”, “Neqsol Holding”, “AzerGold” kompaniyalari hamda Ozarbayjon Xalqaro banki rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Suhbat avvalida Ali Asadov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatimiz yetakchisi, o‘z navbatida, Ozarbayjon xalqini kuni kecha bo‘lib o‘tgan bayram – Milliy najot kuni munosabati bilan tabrikladi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati, geologiya, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari bo‘lajak oliy darajadagi sammitning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlashi muhimligi ta’kidlandi.
Bunda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va Hududlar forumi natijador o‘tishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.
Joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 32 foizga ortib, barqaror o‘sib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Jamiyat5 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Sport5 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
