Siyosat
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishidan eng ko‘p manfaat va ziyon ko‘radigan ikki davlat ochiqlandi
AQSh va Isroil tomonidan Eronga qarshi ochilgan urush kuchayib borayotgan bir paytda jahondagi eng muhim transport bo‘g‘ini – Ho‘rmuz bo‘g‘ozi geosiyosiy kurash maydoniga aylandi.
Eron hozircha rasman Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopgani yo‘q, ammo urush sharoitida kemalar qatnovi to‘xtab qolgan.
Ekspertlar fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi, umuman, Eronga qarshi urush sabab neft va gaz ta’minotidagi uzilishlardan eng ko‘p Rossiya manfaatdor bo‘ladi. Iqtisodiy jihatdan eng ko‘p zararni esa Xitoy ko‘radi.
“Xitoyning neftga bo‘lgan ehtiyoji muhim yetkazib beruvchi sifatida Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qoladi, chunki Eron ham, Venesuela ham bu talabni qondira olmayotir”, – deydi Atlantika kengashi huzuridagi Global energetika markazi katta ilmiy xodimi Andrey Kovatariu.
Yevropa davlatlari Ukraina bosqini sabab Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Biroq Eron urushi ortidan Yevropa Rossiyadan yana katta miqdorda gaz olishga majbur bo‘lishi mumkin.
“Ayni paytda Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlari Rossiya gazidan voz kechish tartibini vaqtincha to‘xtatish yoki istisnolar joriy etishni taklif etmoqda. Negaki, Yevropa o‘z strategik zaxirasini to‘ldirish uchun tabiiy xomashyoga muhtoj”, – deydi Andrey Kovatariu.
Hozirda Moskva Pekinga neftni chegirma bilan sotmoqda. Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, Rossiya chegirmalarni saqlab qolgan holda, Xitoyga neft orqali siyosiy ta’sir ko‘rsatishga urinishi mumkin.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon energetika ta’minotida muhim o‘rin tutadi. Global miqyosda neftning 20 foizi, suyultirilgan gazning 30 foizi bo‘g‘oz orqali o‘tadi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali nafaqat “qora oltin” va “moviy yonilg‘i”, shuningdek, elektronika va maishiy iste’mol mollari ham eksport qilinadi. Bo‘g‘oz blokadasi dunyo bo‘ylab sanoatning izdan chiqishi, inflyasiyaning oshishiga ham sabab bo‘ladi.
Vaziyatning qaltisligini anglagan Xitoy Erondan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshiriladigan energiya yetkazib berish zanjiriga daxl qilmaslikni talab qilmoqda.
“Pekin odatda Yaqin Sharq mojarolarida ehtiyotkor pozitsiya tutib, siyosiy muloqot zarurligini ta’kidlar edi. Biroq hozirgi vaziyatda asosiy urg‘u iqtisodiy xatarlarga qaratilmoqda. Dunyodagi eng yirik energiya importchisi bo‘lgan Xitoy uchun Fors ko‘rfazidagi har qanday uzilish uning milliy manfaatlariga bevosita zarba beradi. (Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili) Lin Szyanning bayonoti Pekinning global ta’minot zanjirlari barqarorligini himoya qilish yo‘lidagi eng keskin va ochiq signallaridan biri bo‘ldi. Xitoyning bu chiqishi uning Eron bilan yaqin hamkorligiga qaramay, mintaqaviy urushdan manfaatdor emasligini ko‘rsatadi. Pekin uchun energiya xavfsizligi har qanday geosiyosiy ittifoqdan ustun turadi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi Xitoy iqtisodiyoti uchun “energetik bo‘g‘ilish”ni anglatishi mumkin, shu sababli Pekin endi nafaqat kuzatuvchi, balki jarayonni to‘xtatishga urinayotgan faol ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lmoqda”, – deb yozadi tahlilchi G‘ayratxo‘ja G‘afforxo‘ja o‘g‘li.
“Vashinton Eronga zarb berish orqali Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasini ham tugatishga urinmoqda. Bu savdo yo‘li Xitoyni Eron va Turkiya orqali asosiy eksportchisi Yevropa bilan bog‘lashi kerak edi. Eronsiz bu loyiha shunchaki amalga oshmaydi. Hozir biz yangi – AQSh-Xitoy sovuq urushi davrida yashamoqdamiz”, – deydi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.
Biroq Eron urushi Xitoyga geosiyosiy jihatdan yangi imkoniyatlar taqdim etadi degan qarash ham mavjud.
Sir emas, Ikkinchi jahon urushida Yevropa va Osiyodagi davlatlar bir-birini holdan toydirgan paytda AQSh kuch yig‘ib, urushga ancha kech kirgan va pirovardida mutlaq g‘olib bo‘lgan, boz ustiga, yangi xalqaro tartibning asosiy me’moriga aylangan edi.
“Bugun Xitoyga qarab, menda o‘sha tarixiy manzara esga tushadi. Rossiya G‘arb bilan to‘qnashuvda, Yevropa xavfsizlik inqirozi ichida, Yaqin Sharq esa yana olov ichida. Katta kuchlar resurs, e’tibor va siyosiy irodasini mojarolarda sarflayotgan bir paytda, Pekin nisbatan chetda turib, sanoat, texnologiya va savdo qudratini yig‘ishda davom etmoqda.
Bu Xitoy mutlaqo chetda turibdi degani emas. Lekin strategik manzara shuni ko‘rsatmoqdaki, boshqalar urush xarajatini to‘layotgan paytda Xitoy vaqtning o‘ziga ishlashini kutyapti. Ba’zi davlatlar frontda yutqazadi, ba’zilari esa frontga shoshilmagani uchun yutadi.
XXI asrning eng muhim geosiyosiy savollaridan biri shu: Xitoy ham AQSh kabi tarixiy lahzani kutyaptimi? Ya’ni boshqalar zaiflashguncha shoshmaslik, so‘ng esa yangi tartibda eng kuchli pozitsiyadan o‘rin egallash strategiyasini tanlayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, demak, Pekinning eng katta quroli hozircha raketa emas, vaqt va sabr”, – deb xulosa qiladi siyosatshunos Otabek Akromov.