Jamiyat
Xorijga chiqish pasportini qanday olish mumkin?
O‘zbekiston fuqarosi qanday maqsadda bo‘lmasin, xorijga chiqish pasportisiz chetga chiqa olmaydi. U turizm, ishlash, o‘qish, davolanish va tranzit safarlari uchun kerak bo‘ladi. Quyida xorijga chiqish pasportini qayerda va qanday rasmiylashtirish, qanday hujjatlar talab etilishi, narxi hamda rasmiylashtirishga qancha vaqt ketishi haqida ma’lumot beramiz.
Kimlarga xorijga chiqish pasporti kerak?
Xorijga chiqish pasporti mamlakatdan tashqariga chiquvchi barcha O‘zbekiston fuqarolari uchun talab qilinadi. Safar maqsadi yoki vizaviy tartib bo‘yicha hech qanday istisno yo‘q – ushbu hujjat vizali davlatlar uchun ham, vizasiz davlatlar uchun ham zarur.
O‘zbekistonda faqat biometrik xorijga chiqish pasporti rasmiylashtiriladi. Uning amal qilish muddati yoshga bog‘liq: kattalar uchun — 10 yil, bolalar uchun — 5 yil. Har bir bola alohida xorijga chiqish pasporti oladi, bolalarni ota-onaning pasportiga kiritish mumkin emas.
Xorijga chiqish pasporti qayerda rasmiylashtiriladi?
Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun ikkita joyga ariza berish mumkin:
Davlat xizmatlari markaziga;
Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga (pasport stol).
Ariza berish joyi safar maqsadiga yoki boriladigan mamlakatga (vizali yoki vizasiz) bog‘liq emas. Xorijga chiqish pasporti barcha ariza beruvchilar uchun yagona tartib asosida rasmiylashtiriladi.
Hujjatlarni topshirish vaqtida ariza beruvchi shaxsan o‘zi ishtirok etishi va majburiy tartiblardan, jumladan, biometrik ma’lumotlarni topshirishdan o‘tishi shart.
Ariza qanday beriladi?
Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun arizani oldindan Davlat xizmatlari portali orqali onlayn topshirish yoki Davlat xizmatlari markazi yoxud pasport bo‘limiga shaxsan murojaat qilib rasmiylashtirish mumkin.
Tanlangan usuldan qat’i nazar, ariza beruvchi jarayonni to‘liq yakunlash uchun davlat organiga shaxsan kelishi shart.
Shaxsan borilgan vaqtda:
hujjatlar qabul qilinadi va tekshiriladi;
ariza tizimda rasmiylashtiriladi;
suratga tushiriladi va barmoq izlari olinadi.
Shaxsan kelish shart, chunki xorijga chiqish pasporti biometrik hujjat hisoblanadi. Uni to‘liq masofaviy tarzda rasmiylashtirish yoki ishonchnoma orqali topshirish nazarda tutilmagan.
Qabul tartibi va kutish vaqti markazga hamda murojaat qilingan kundagi yuklamaga bog‘liq bo‘ladi, ammo bu xorijga chiqish pasporti tayyorlanish muddatiga ta’sir qilmaydi.
Davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirish
Arizani oldindan my.gov.uz portali orqali onlayn to‘ldirish mumkin. Saytda ariza beruvchi xizmat turini tanlaydi va portal orqali topshirilganda rasmiylashtirishning amaldagi narxini ko‘radi.
my.gov.uz portalida «Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun ariza berish» xizmati
Ariza beruvchi xizmatni tanlaganidan so‘ng elektron anketa to‘ldiradi. Ma’lumotlarning bir qismini tizim avtomatik to‘ldiradi, qolgan ma’lumotlarni ariza beruvchi o‘zi kiritadi.
Shaxsiy ma’lumotlarni to‘ldirish.
Bu bosqichda hudud va biometrik ma’lumotlar topshiriladigan punkt — Davlat xizmatlari markazi yoki migratsiya bo‘limi tanlanadi.
Ish joyi haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish
Ariza beruvchi qo‘shimcha ma’lumotlar – qarindoshlari va so‘nggi yillardagi mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.
Arizani jo‘natishdan oldin to‘ldirilgan anketani tekshirish.
Arizani jo‘natishdan oldin portal ma’lumotlarni tekshirishni taklif qiladi.
Davlat xizmatlari portali orqali davlat bojini to‘lash.
Ariza tasdiqlanganidan so‘ng portal orqali davlat boji to‘lanadi. Ariza onlayn berilganida pasaytirilgan stavka amal qiladi.
Ariza rasmiylashtirilib, davlat boji to‘langandan so‘ng ariza beruvchi tanlangan Davlat xizmatlari markaziga yoki pasport stoliga hujjatlarni tekshirish hamda biometrik ma’lumotlar — fotosurat va barmoq izlarini topshirish uchun shaxsan kelishi shart. Busiz xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirilmaydi.
Ariza topshirish usullaridan tashqari, davlat organiga tashrifni rejalashtirish uchun elektron navbatdan foydalanish mumkin.
Elektron navbat nega kerak?
Elektron navbat xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun emas, balki pasport stoli yoki Davlat xizmatlari markaziga tashrifni tashkil etish uchun mo‘ljallangan.
Undan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
qabul kuni va vaqtini oldindan tanlash;
pasport stoliga navbatda turmasdan kelish;
belgilangan vaqtda hujjatlarni topshirish yoki rasmiylashtirishni yakunlash uchun.
“Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (pasport stol) elektron navbatga turishni rasmiylashtirish” xizmati
Bo‘lim, sana va vaqtni tanlash
Elektron navbat ariza topshirish o‘rnini bosmaydi, davlat boji to‘lashni o‘z ichiga olmaydi va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish jarayonini boshlamaydi.
Oddiy qilib aytganda, elektron navbat — bu hujjatni rasmiylashtirish emas, balki qabulga qulay tarzda kirish usulidir.
Qanday hujjatlar kerak?
Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun quyidagilar kerak bo‘ladi:
ichki pasport yoki ID-karta;
fotosurat;
davlat boji to‘langani to‘g‘risidagi kvitansiya.
Bolaga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirishda hujjatlar to‘plami kattalarnikidan farq qiladi. Bunda bolaning hamda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarining hujjatlari kerak bo‘ladi. Hujjatlar ro‘yxati holatga qarab farq qiladi va ariza topshirish vaqtida ma’lum bo‘ladi.
Bolaga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun qanday hujjatlar kerak?
Bolaga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:
bolaning tug‘ilish guvohnomasi;
ota-onaning (yoki qonuniy vakilining) ichki pasporti yoki ID-kartasi;
davlat boji to‘langani to‘g‘risidagi kvitansiya;
fotosurat.
Ayrim holatlarda quyidagilar talab qilinishi mumkin:
ota yoki onaning notarial tasdiqlangan rozilik xati;
vasiylik hujjatlari — agar ariza ota-ona tomonidan berilmayotgan bo‘lsa.
Hujjat topshirish vaqtida bola shaxsan bo‘lishi kerak, chunki uning biometrik ma’lumotlari olinadi.
Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish narxi?
Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish narxi ariza beruvchining yoshi va ariza topshirish usuliga bog‘liq. Narxlar maqola tayyorlangan vaqtdagi BHM qiymatiga asoslangan.
Ariza berish vaqtida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish narxlari.
To‘lov so‘mda amalga oshiriladi. Davlat bojining aniq miqdori arizani rasmiylashtirish vaqtida ma’lum bo‘ladi — Davlat xizmatlari portalida yoki shaxsan murojaat qilganda. Asosiy stavka va BHV miqdori normativ hujjatlar bilan belgilangan va lex.uz milliy qonunchilik bazasida e’lon qilinadi.
Bola uchun xorijga chiqish pasporti qanday olinadi?
Xorijga chiqish pasporti yoshidan qat’i nazar, har bir bola uchun alohida olinadi.
Arizani kim beradi?
Bolaga xorijga chiqish pasporti olish uchun arizani quyidagilar berishi mumkin:
Hujjat topshirish vaqtida ariza beruvchi bola manfaatlarini ifoda etish huquqiga ega ekanligini tasdiqlaydi.
Bolaning ishtiroki
Ariza topshirishda bola shaxsan ishtirok etishi shart. Bu talab biometrik hujjat rasmiylashtirish bilan bog‘liq: ariza topshirishda bola suratga olinadi va belgilangan tartibda biometrik ma’lumotlari qayd etiladi.
Ota-onaning roziligi
Ayrim hollarda ota yoki onaning roziligi talab qilinadi:
arizani ota-onadan faqat bittasi berganida;
ota-ona rasmiy nikohda bo‘lmaganida;
ota yoki ona hujjat topshirishda qatnashmaganida.
Rozilikning talab qilinishi va shakli ariza topshirish vaqtida holatdan kelib chiqib ma’lum bo‘ladi.
Xorijga chiqish pasporti qancha vaqtda tayyor bo‘ladi?
Xorijga chiqish pasportining rasman tayyor bo‘lish muddati 10 ish kunigachani tashkil etadi. Ammo amalda ko‘proq vaqt ketishi mumkin, bu dam olish kunlari, bayramlar va bo‘limlarning yuklamasiga bog‘liq.
Xorijga chiqish pasporti tayyor bo‘lganini qanday bilish mumkin?
Xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirilish holatini bir nechta usulda tekshirish mumkin — bu ariza qayerda topshirilganiga bog‘liq.
Hujjat topshirilgan joyda
Agar ariza Davlat xizmatlari markazi yoki pasport stoli orqali berilgan bo‘lsa, u holda pasport tayyor bo‘lgani haqida:
hujjat topshirish vaqtida ko‘rsatilgan telefon raqamiga sms xabarnoma keladi;
markaz yoki bo‘limdan qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.
Xabar berish usuli muassasa va hududga bog‘liq.
Davlat xizmatlari portali orqali
Agar ariza my.gov.uz portali orqali topshirilgan bo‘lsa, murojaat holatini shaxsiy kabinetda tekshirish mumkin. U yerda arizani qayta ishlash bosqichlari va uning tayyorligi haqidagi ma’lumot aks etadi.
Agar xabarnoma kelmasa nima qilish kerak
Agar sms yoki qo‘ng‘iroq bo‘lmasa:
hujjat topshirilgan joyga shaxsan murojaat qilish kerak;
Davlat xizmatlari markazi yoki pasport stoliga qo‘ng‘iroq qilish kerak.
Xorijga chiqish pasporti ariza berilgan joyga shaxsan borib shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan holda olinadi.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan4 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Jamiyat4 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Toskana viloyati bilan hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi
-
Sport5 days agoArgentina kambek evaziga Angliyani mag‘lub etib, JCh–2026 finaliga chiqdi
-
Siyosat3 days agoRustam Jo‘layev Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi rahbari etib tayinlandi
-
Sport1 day agoYamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
