Siyosat
Markaziy Osiyo global xavfsizlik bo‘yicha munozaraga ijobiy hissa qo‘shishga qodir
Joriy yilning 14-15 fevral kunlari Myunxen shahrida (GFR) bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik bo‘yicha 62-Myunxen konferensiyasi doirasida ushbu platforma tarixida birinchi marta Markaziy Osiyo tinch transformatsiya, barqaror rivojlanish va mintaqaviy mas’uliyatning o‘ziga xos modeliga ega yaxlit mintaqa sifatida taqdim etildi. Bu fikr Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz (Ozarbayjon) va Kaspiy siyosati markazi (AQSh) tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi munozaralar doirasida bildirildi.
Sessiyalarning asosiy ma’ruzachilari va ishtirokchilari orasida Saudiya Arabistoni Qirolligi Islom tadqiqotlari markazi direktorlar kengashi raisi Turki Al-Faysal bin Abdulaziz Al Saud, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Migel Anxel Moratinos, YuNKTAD Bosh kotibi Rebeka Grinspan, Avstriya sobiq federal kansleri Sebastyan Kurs, Yevropa tinchlik instituti prezidenti Xelga Shmid, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Striprays va boshqalar bor.
O‘zbekiston tomonidan Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ishtirok etdi. Ularning nutqlari so‘nggi o‘n yil ichida mojarolardan barqaror hamkorlikka o‘tishga muvaffaq bo‘lgan Yevroosiyoning kam sonli mintaqalaridan biri sifatida Markaziy Osiyoni muhokama qilishning konseptual asosini yaratdi.
Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz sessiyasida so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov Myunxen konferensiyasida Markaziy Osiyo bo‘yicha alohida, mazmunli munozara paydo bo‘lishining o‘zi juda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
«Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo asosiy tahliliy va siyosiy e’tibordan chetda qoldi. Mintaqa haqidagi ma’lumotlar uzuq-yuluq va eskirgan edi. Bugun biz Markaziy Osiyoni nafaqat o‘zi o‘zgargan, balki global xavfsizlik muhokamasiga ijobiy hissa qo‘shishga qodir mintaqa sifatida birinchi marta tilga olmoqdamiz», – dedi Eldor Aripov.
Uning ta’kidlashicha, mintaqaning transformatsiyasi global miqyosda keskinlashuv va qutblanish jarayonlari kuchayayotgan bir sharoitda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Dunyoning ko‘plab hududlarida beqarorlik ortib borayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo muqobil rivojlanish trayektoriyasini – muloqot, pragmatizm hamda «nol yig‘indili o‘yin» mantiqidan voz kechish tamoyillariga asoslangan yondashuvni namoyish etmoqda.
SMTI direktori o‘n yil oldin ham mintaqa yopiq chegaralar, hal etilmagan hududiy va suv nizolari, vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan qurolli hodisalar va chegaraning minalashtirilgan uchastkalari bilan bog‘liq bo‘lganini eslatdi. Bularning barchasi millionlab odamlarning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.
Bugun vaziyat butunlay boshqacha.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy savdo ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb besh barobar oshdi, aholining transchegaraviy harakatchanligi mintaqa o‘nlab yillar davomida ko‘rmagan darajada tiklandi. Covid-19 pandemiyasi davrida ham mintaqa mamlakatlari hayotiy muhim tovarlarni yetkazib berish uchun chegaralarni ochiq qoldirgani – jamoaviy barqarorlik va o‘zaro ishonchning ifodasi sifatida e’tiborga loyiqdir.
«Markaziy Osiyoning asosiy sabog‘i shundaki, geografiya emas, siyosiy tafakkur o‘zgardi. Eng yuqori darajadagi siyosiy iroda asosiy omil bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti qarama-qarshilik o‘rniga barqarorlik va taraqqiyot foydasiga ongli tanlov qildi va mintaqaning barcha yetakchilari tomonidan qabul qilingan formulani taklif qildi: barqaror rivojlanish faqat o‘zaro manfaatlar asosida amalga oshishi mumkin», – dedi SMTI direktori.
E.Aripov, shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik faqat harbiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqilmay, rivojlanish, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik natijasi sifatida qayta ko‘rib chiqilganini ta’kidladi.
Ma’ruzalarda mahalliy hamjamiyatlarning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlik nafaqat davlatlararo kelishuvlar bilan, balki tinchlikning oddiy fuqarolar hayotida amaliy mazmun kasb etgani bilan ham ta’minlanmoqda – savdo-sotiq, turizm va transchegaraviy hamkorlik orqali.
Aynan shu yondashuv o‘tgan yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Farg‘ona tinchlik forumining asosi bo‘ldi.
«Farg‘ona muloqoti hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va mahalliy hamjamiyatlar birgalikda ishlaydigan platformaga aylandi. Uning vazifasi nafaqat erishilgan o‘zgarishlarni qayd etish, balki Markaziy Osiyoni mojarolarning oldini olish va dunyoning boshqa mintaqalari uchun ishonchni oshirish bo‘yicha amaliy tajriba manbaiga aylantirishdir», – dedi Eldor Aripov.
Forum yakunlariga ko‘ra, uni mintaqaning uzoq muddatli barqarorligiga qaratilgan va uning tajribasini xalqaro darajaga yetkazuvchi doimiy muloqot platformasi sifatida institutlashtirishga qaror qilindi.
Ushbu mavzuning mantiqiy davomi Kaspiy siyosati markazi tomonidan tashkil etilgan maydonda o‘tkazilgan muhokama bo‘ldi, unda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning O‘rta koridor kontekstida ortib borayotgan o‘zaro bog‘liqligi masalasi muhokama qilindi.
Eldor Aripov o‘z nutqida ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi Yevroosiyoda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni aks ettirishini ta’kidladi.
«Gap yangi bloklar yoki rasmiy ittifoqlar tuzish haqida emas, balki amaliy manfaatlarga asoslangan funsional o‘zaro bog‘liqlik – transport, savdo, energetika o‘tish va ta’minot zanjiri barqarorligi haqida ketmoqda», – deb ta’kidladi u.
Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti ushbu yangi strategik o‘lchamni birinchilardan bo‘lib tan olgani va Ozarbayjonni Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorligi doirasiga kiritishni taklif qilgani ta’kidlandi. Muhokama ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, ushbu tashabbus iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik beqarorlik qiymatini oshiradigan va shu tariqa mojarolarning oldini olishga xizmat qiladigan yangi voqelikni aks ettiradi.
Myunxendagi O‘zbekiston vakillarining nutqlari Markaziy Osiyo tobora ko‘proq muammoning manbai emas, balki yechimning bir qismi sifatida qabul qilinayotganini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodan Janubiy Kavkaz orqali Qora dengizgacha bo‘lgan hamkorlik makonini rivojlantirish butun Yevrosiyoga ta’sir qiluvchi kengaytirilgan barqarorlik zonasini yaratishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi global xavfsizlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun eng nufuzli xalqaro platformalardan biridir. 2026 yilda uning ishida 115 dan ortiq mamlakatdan mingdan ortiq vakillar, jumladan, 60 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
