Jamiyat
Baland binolar shamolni to‘sadimi: ventilyatsiya koridorlari qanday ishlaydi?
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi loyihasida Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi Toshkentdagi qurilish siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin? Shu kabi savollarga mutaxassislar fikr bildirdi.
23 yanvar kuni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasidagiislohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi yuzasidan prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha bandlaridan biri Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish (Urban Digital Twins) tizimini joriy etishga qaratilgan. Uning yordamida shamol “to‘xtab qoladigan” zonalar aniqlanishi, shamol tezligi va yo‘nalishini o‘zgartiruvchi omillar belgilanishi, tabiiy ventilyatsiya koridorlari topilib, ularga ta’sir qiluvchi faktorlar (jumladan, rejalashtirilgan binolar qavatini pasaytirish, ochiq maydonlar tashkil etish) bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi; mahallalarda datchiklar orqali havo aylanishi monitoring qilinishi va jamoatchilik uchun ochiq onlayn xarita ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu yangi reja (shamol va ventilyatsiya modellashtiruvi) Toshkentdagi qurilish siyosati va bosh rejaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda o‘zi so‘nggi yillarda zamonaviy shaharlar qanday reja asosida rivojlanmoqda, ularda “vertikal” va “gorizontal” o‘sish qanday muvozanatlanadi, qaysi megapolislarning strategiyasi Toshkent sharoitiga yaqin?
Shu kabi savollarga Parallel Architecs arxitektura byurosi asoschisi, O‘zbekiston yosh arxitektorlari uyushmasi vakili Aziz Qosimov, shuningdek Buyuk Britaniyadagi Sunkari Ltd kompaniyasida loyiha menejeri va TTPZ Services Ltd kompaniyasida qurilish bo‘yicha menejer sifatida faoliyat yuritayotgan Doniyorbek Mo‘minovlar o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
Binolarning balandligi, “Shamol guli” va aerodinamika
Ko‘pchilik baland binolarni shamolni to‘suvchi asosiy to‘siq deb biladi. Biroq Doniyorbek Mo‘minovning fikricha, masala binoning balandligida emas, balki uning aerodinamik joylashuvida.
“Loyiha bilan tanishib chiqdim, endi Toshkentdagi binolarning qurilishida shamol yo‘lini hisobga olinishi quvonarli. Ayrim insonlar “binolar qavatini pasaytirish” deganda yoppasiga barcha binolar buzilib, qavatlari kamaytirilishini tushunib qolishi mumkin. Bu fikr xato. Kerakli joyda past kerakli joyda baland binolar qurgan holda shamolni kuchaytirish mumkin. Bu ko‘plab zamonaviy shaharlarda o‘z isbotini topgan usul.
Shamol shaharsozlikda “tabiiy fon” emas, balki loyihaning texnik xavfsizlik va mikroiqlim parametri. Bino qurilishidan oldin loyihada “shamol guli” (wind rose) bo‘limi bo‘lishi shart. Bino qaysi tomondan keladigan oqimga ro‘baro‘ keladi, oqimni to‘sadimi yoki tezlashtiradimi, ko‘cha bo‘ylab “tunnel” effektini kuchaytiradimi, qayerda girdob paydo qiladi? bular oldindan hisoblanishi kerak. Shahar mikroiqlimini “bino balandligi” bilan cheklab bo‘lmaydi. Yashil hududlar va suv obektlari (ko‘l, mikro rezervuarlar) namlikni ushlab, issiq davrda hududni yumshatadi. Shuning uchun “shamol koridori” bilan birga shahar “mikroiqlim infratuzilmasi” ham qayta ko‘rilishi kerak. Bu masala park, ko‘kalamzorlashtirish va suv elementlarini rejalashtirishga bevosita borib taqaladi.” – deb tushuntirdi Doniyorbek Mo‘minov.
Mutaxassisning ogohlantirishicha, poytaxtning asosiy “o‘pkasi” hisoblangan Chirchiq va tog‘ tizmalari tomondan keladigan havo yo‘llari shaxsiy dala hovli va tartibsiz obektlar bilan yopib qo‘yilgan. Raqamli model esa aynan mana shu “yopiq klapanlarni” aniqlash imkonini beradi.
Yagona reglamensiz raqamli model xarita bo‘lib qoladi
Mutaxassis Aziz Qosimovning ta’kidlashicha, Toshkentda shamol yo‘nalishlari va shaharning tabiiy ventilyatsiyasini urbanistik modellashtirish orqali hisobga olgan holda rejalashtirishning eng maqbul yo‘llaridan biri binolarni yaxlit konsepsiya asosida kompleks tarzda loyihalash va qurishdir. Uning fikricha, bunday yondashuv shaharda havo aylanishini tabiiy tarzda ta’minlashga xizmat qiladi va zamonaviy, barqaror shaharsozlik yechimlari qatoriga kiradi.
Qosimov kompleks qurilish uchun minimal standartlar ijtimoiy infratuzilma, yashil hududlar, parking, transport yechimlari, xavfsizlik va servis talablari mavjud shaharsozlik normalarida belgilanganini qayd etadi. Biroq amalda ushbu me’yorlarni zamonaviy talablarga moslab yangilash va eng muhimi, ularni majburiy qiladigan yagona qurilish reglamentini ishlab chiqish zarur. Aks holda, raqamli modellar va xaritalar qaror qabul qilish vositasiga emas, shunchaki ma’lumot jamlanmasiga aylanib qolishi mumkin.
Shuningdek, shamol koridorlari, ochiq maydonlar va kvartal kompozitsiyasi bo‘yicha yangi talablar nuqtai nazaridan “Shahar bosh rejasi”ni qayta ko‘rib chiqish ham yana bir ijobiy qadam bo‘lar edi.
Toshkent qaysi yo‘ldan borishi kerak?
Dunyoda tez rivojlanayotgan megapolislar (Seul, Gonkong, Singapur, Istanbul, Dubay va hkz…) tajribasida qaysi rivojlanish modeli Toshkent sharoitiga eng mos? Aziz Qosimov shahar binolar yig‘indisi emas, ijtimoiy organizm. Uning qiyofasi va arxitekturasi undagi odamlarning qadriyatlari, urf-odatlari, yashash tarzi hamda geografiyasi bilan shakllanadi. Shu bois u “Seul, Dubay yoki Singapur modelini to‘liq ko‘chirish”dan ko‘ra, Toshkentga mos yechimlarni tanlab, o‘ziga xos gibrid yo‘l yaratish zarur deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Qosimov Toshkent sharoitiga yaqin bo‘lgan ikki analogni o‘rnak olish mumkin deb hisoblaydi:
1. Seul — aholi ko‘payishi fonida zichlikni samarali boshqarish va “smart” instrumentlar, ya’ni shaharni ma’lumotlar hamda boshqaruv tizimlari orqali monitoring va nazorat qilish tajribasi.
2. Istanbul — polisentrik (ko‘p markazli) rivojlanish modeli: shahar hayoti bitta markazga “qamalmay”, tumanlar kesimida muvozanatli tarzda tarqaladi.
Qosimov nazarida, Toshkent uchun eng maqbul yo‘nalishlardan yana biri “15 daqiqalik shahar” konsepsiyasi. Bunda insonning kundalik ehtiyojlari (ish, bog‘cha, poliklinika, do‘kon va servislar) uyi atrofida piyoda masofada bo‘lishi kerak. Bu yondashuv nafaqat tirbandlikni kamaytiradi, balki havoni ifloslantiruvchi avtomobillar oqimini ham sezilarli darajada jilovlaydi.
Vertikal rivojlanishda tejaladigan narsa faqat pul emas: vaqt, logistika, energiya va havo
Shuningdek, har ikki mutaxassis ham Toshkent uchun “eniga yoyilish”dan ko‘ra vertikal rivojlanish va zichlikni to‘g‘ri boshqarish foydaliroq ekanini qayd etadi. Poytaxtning “eniga yoyilishi” (ekstensiv o‘sish) iqtisodiy jihatdan juda qimmatga tushmoqda, shahar chetiga 1 km kanalizatsiya va elektr tarmoqlarini tortishdan ko‘ra, markazda vertikal rivojlanish va mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish davlat budjeti uchun samaraliroq.
Urbanistlar vertikal va ixcham tuzilmaning iqtisodiy mantig‘ini uy–maktab–ish–tibbiyot–dam olish manzillari uzoq bo‘lsa, odam tirbandlikda ko‘proq turadi, yoqilg‘i ko‘proq sarflanadi, havo ko‘proq ifloslanadi va kunning katta qismi yo‘lga ketadi. Kundalik ehtiyojlar piyoda masofada bo‘lsa:
— vaqt tejaladi;
— biznes uchun logistika xarajatlari kamayadi;
— shahar uchun infratuzilma bosimi pasayadi;
— energiya tejamkorlik va ekspluatatsiya xarajatlarini boshqarish osonlashadi;
— zichlik esa yashil maydonlarni saqlash va yaratish imkonini ham oshiradi.
Lekin bu yerdagi asosiy “shart” ixchamlik shamol koridorlarini yopib qo‘ymasligi kerak. Shu sababli digital twin tashabbusi, aslida, “zichlik”ni inkor etmaydi; u zichlikni to‘g‘ri joylash va to‘g‘ri shakllantirish masalasiga aylantiradi.
Jamiyat
Talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Hukumat qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi.
Endilikda tadbirkorlar davlat bilan hamkorlikda zamonaviy talabalar turar joylarini quradi, davlat esa ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Shuningdek, DXSh belgilangan limit doirasida har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi.
Talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Agar yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar qolsa, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari ham joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida bitimda belgilangan yotoq o‘rinlardan tashqari bo‘sh maydonlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanishga ruxsat beriladi.
Davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Avval boshlangan loyihalar esa amaldagi bitimlar muddati tugaguniga qadar davom ettiriladi.
Jamiyat
Daraxt va butalarni kesish, shakl berish hamda ko‘chirib o‘tqazish tartibi belgilandi
Daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida – o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda tana ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tqaziladi.
Shuningdek, daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalar ularning ildiz tuprog‘ini saqlagan holda ko‘chirib o‘tqaziladi, buning uchun ruxsatnomalar har bir ko‘chirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi.
Jamiyat
Dorixona ochishga litsenziya berish uchun pul talab qilgan mansabdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
Yangi dorixona filialini ochish maqsadida Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor litsenziya olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga murojaat qilgan. Biroq litsenziyalash jarayonida ushbu markaz xodimi undan pul talab qilgan.
Aniqlanishicha, Markazning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
U talab qilingan pulning 4 mln so‘mini olgan, biroq qolgan 2 mln so‘mni ololmagach, tadbirkorning litsenziya olish bo‘yicha yuborilgan so‘rovnomasiga rad javobini bergan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi hamda 25, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlar soni keskin ortgan – Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, mobil aloqa abonentlaridan eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr tarmoqlari, gaz va suv ta’minoti va xizmatlarning boshqa hayotiy muhim bo‘g‘in raqamlariga amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, umumiy o‘rtacha kutish davomiyligi ayrim holatlarda 10-30 daqiqagachani tashkil etgan.
Shuningdek, o‘rganishlar tahlili ko‘rsatishicha, kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarning 80-90 foizdan ortig‘i qo‘mitaning 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingan va ularning soni quyidagi tarzda keskin ortib borgan:
gaz ta’minoti bo‘yicha – 4,5 barobar;
maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha – 2,4 barobar;
ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha – 1,2 barobar.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar aloqa markazlarida faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu esa jismoniy va yuridik shaxslar tegishli ishonch telefonlaridan to‘liq va samarali foydalana olmasligi hamda ko‘plab vaqtini yo‘qotayotgan fuqarolarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qisqa vaqtda yechim topishiga to‘sqinlik qilayotgani aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, ularning behuda yo‘qotgan vaqtlarini qadrlash, xizmat ko‘rsatish korxonalari qisqa raqamiga ishonchini oshirish maqsadida ishonch telefonlaridagi texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuborildi.
Jumladan, aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish, kamchiliklar uchun aniq javobgarlik belgilash hamda natijalarni ochiq e’lon qilib borish taklif etilmoqda.
Jamiyat
5 iyul kuni ma’muriy binolarda FVVning maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi
Mashqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari binolarida soat 10.00dan 12.00gacha o‘tkaziladi.
5 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab reja-grafik asosida ma’muriy binolarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi.
FVV e’lon qilgan jadvalga ko‘ra, mashqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari binolarida soat 10.00dan 12.00gacha o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zilzila, yong‘in va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, oqibatlarni qisqa vaqtda bartaraf etish, odamlarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini oshirishdan iboratdir.
Favqudodda vaziyatlar vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur o‘quv mashqlari bo‘yicha materiallar yuzasidan asossiz va noo‘rin materiallarni tarqatmaslik, mavjud ma’lumotlardan unumli foydalanishni so‘ramoqda.
-
Dunyodan3 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
