Connect with us

Jamiyat

Sirdaryoda tadbirkorlar mulki sud qarorisiz buzilmoqda. Shikoyatchilar bilan IIB “shug‘ullanyapti”

Published

on


Guliston shahri Navoiy shohko‘chasida joylashgan yengil tipdagi savdo do‘konlari 8 yanvar kuni majburiy tartibda buzila boshlandi. Murojaatchilarga ko‘ra, buzish ishlari sud qarorisiz, kompensatsiyasiz, tezkorlik bilan amalga oshirilgan. Arzchilar IIBga olib ketilayotgani aytilmoqda.

Bu hudud 2007 yilda Guliston shahar hokimligining qarori bilan yengil tipdagi savdo do‘konlari qurish uchun ajratilgan. Shu yerda 30 dan ortiq tadbirkor qariyb 18 yil davomida rasman faoliyat yuritib kelgan. Ularning aytishicha, shu yillar mobaynida soliqlar to‘lab kelingan, faoliyatga hech qanday e’tiroz bildirilmagan.

Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimligi vakillari do‘kon egalaridan qisqa vaqt ichida savdo obektlarini o‘zlari buzib tashlashni talab qilgan. Aks holda, og‘ir texnika yordamida buzib tashlanishi aytilgan. Ayrim mulkdorlar sud qarori taqdim etilishini so‘rab, buzishga qarshi chiqqan.

Murojaatchilarning bildirishicha, buzishga e’tiroz bildirgan ayrim tadbirkorlar ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Ular bu holatni bosim va qo‘rqitish sifatida baholamoqda. Tadbirkorlar qishning sovug‘ida shoshma-shosharlik bilan buzish talab qilinishiga e’tiroz bildirib, ozroq muddat so‘rayotganini, hozircha qayerga ko‘chish masalasi ham ochiq qolayotganini aytmoqda.

“Qishning kunida tezlik bilan buzishni talab qilishyapti. Bu paytda hatto qushning ini ham buzilmaydi, deyishadi kattalar. Qancha odam ishsiz, daromadsiz qolyapti, buni hech kim hisobga olmayapti”, deydi murojaatchilardan biri.

Kun.uz’ga do‘kondorlardan biri Iroda Toshmatovaning yaqinlari ham murojaat qildi. Ularning aytishicha, Iroda Toshmatova do‘koni buzilishiga qarshi chiqqanidan so‘ng IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari ularga Toshmatovaning ruhiy holatida muammo borligi, uni shifoxonaga jo‘natish rejalashtirilayotganini aytishgan. Ayolning yaqinlari hozirda uni qayerga olib ketilganini aniq bilmasligini aytmoqda.

Guliston shahar hokimligi Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, bu yerda jami 34 ta do‘kon bo‘lib, ular avtomobil harakat yo‘li ustida joylashgan. Hokimlikka ko‘ra, mazkur ko‘cha avvaldan yo‘l bo‘lgan va uni qayta ochish rejalashtirilgan. Bu ishlar shahardagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida olib borilayotgani aytilyapti.

Hokimlik, shuningdek, tadbirkorlar 2025 yil yozidan buyon ogohlantirilganini, buzish ishlari birdaniga boshlab yuborilmaganini bildirdi. Tadbirkorlarga Guliston dehqon bozori yonidagi buyum bozori hududidan joy taklif qilingan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chishga rozi bo‘lgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilgan, ularga yangi do‘konlarda 2 oy, savdo rastalarida 3 oy to‘lovsiz savdo qilish imkoniyati berilgan.

Shu bilan birga, holat atrofida qator savollar ochiq qolmoqda. Nega 18 yil davomida tadbirkorlar faoliyatiga ruxsat berilgan va soliqlar qabul qilingan? Nega mulkdorlarning hammasi bilan ham kelishuvga erishilmasdan, sud qarorisiz majburiy buzish ishlari boshlangan?

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mulkni davlat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mulkdorning roziligi yoki sud qarori asosida amalga oshirilishi lozim. Guliston shahridagi holatda jabrlanuvchi tadbirkorlar do‘koniga mulk huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlariga ega.

Kun.uz’ga taqdim etilgan surat va videolavhalarda Navoiy shohko‘chasidagi qator do‘konlar allaqachon buzib tashlanganini ko‘rish mumkin. Bu esa sud qarorisiz amalga oshirilgan buzish ishlari qonunga qanchalik mosligi, tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan kuch va ma’muriy choralar qanchalik asosli ekanini o‘rinli savolga aylantiradi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

OKMKning Angrenliklarga ajoyib tuhfasi

Published

on


Joriy yil 29 mart kuni Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan, OKMK homiyligida zamonaviy qiyofaga keltirilgan “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport vazirliklari mas’ullari, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, mahalla aholisi, nuroniylar, turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.



 

Tadbirda mas’ullar tomonidan ramziy lenta qirqilib, “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasi rasman o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur majmua OKMK homiyligida kombinat bunyodkorlari tomonidan to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

2025–2026 yillarda majmuada loyiha qiymati 31 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy qiyofaga keltirildi.



 

Majmua tarkibida 32×20 o‘lchamli sport zali, fitnes xonasi, sheyping zali kabi zamonaviy sport inshootlari joylashgan.

Binoning ikkinchi qavatida esa, tasviriy san’at, amaliy san’at, raqs, vokal, teatr, folklor va musiqa yo‘nalishlaridagi to‘garaklar faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi, endilikda angrenlik yoshlar bu yerda sportning badiiy gimnastika, kurash, yengil atletika, voleybol, basketbol, fitnes, sheyping, mini futbol turlari bilan ham shug‘ullanishadi.



 

Binoning xonalari va yo‘laklari o‘ziga xos milliylik ruhida bezatilgan bo‘lib, har bir xonaga alohida e’tibor qaratilgan. Badiiy akademiya ijodkorlari tomonidan taniqli aktyorlar, yozuvchilarning portretlari tayyorlab berildi.



 

Kombinat quruvchilari tomonidan binoning tomi, kommunikatsiya tizimlari to‘liq yangilandi. Barcha zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Hududda obodonlashtirish va ko‘klamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 2 dona shiyponcha o‘rnatilib, yo‘laklarga dekorativ beton qoplamasi yotqizildi. 



 

“Yangi Angren“ madaniyat va sport saroyining foydalanishga topshirilishi aholi, ayniqsa yoshlarning madaniyat va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi, milliy qadriyatlar va san’atni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.



 

Tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy sohasini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni hamda sport vazirining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.



 

Zinnat Hayitqulova, Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi fuqarosi: – Shunday ulug‘ ayyom kunlarida mahallamizda ajoyib madaniyat va sport majmuasi qad rostlagani barcha mahalla ahlini xursand qildi. Ushbu maskanda hudud yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Yaratilgan sharoitlar ko‘zni quvnatadi. Fursatdan foydalanib, mahalla ahli nomidan mana shunday ezgu amallarni boshidan tutgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.



 

OKMK tomonidan angrenliklarga tuhfa etilgan mazkur zamonaviy majmua hudud aholisi uchun ma’naviyat, madaniyat va sportni birlashtirgan muhim maskan sifatida xizmat qilishi shubhasiz.

Reklama huquqi asosida



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekiston va Serbiya turizm sohasida hamkorlik qiladi

Published

on


PQ–115-son qaror bilan O‘zbekiston Hukumati bilan Serbiya Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2025-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan.

Turizm qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi

Published

on


53 yoshli o‘qituvchi 2013 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanmoqda. U protsessual tartibda ushlangan. Agar bu o‘z tasdig‘ini topsa, o‘qituvchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Namanganda o‘qituvchi o‘quvchi qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.D. 28 mart kuni tuman IIBga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2013 yilda tug‘ilgan qizi 6-sinfda o‘qishini, 1973 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi T.Sh. farzandiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini bildirgan.

Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi T.Sh. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.

Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Avvalroq Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilingandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi

Published

on


“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.

Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.

Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.

Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi

Published

on


Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi. 

Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:

– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;

– shaxslarning genetik ma’lumotlari;

– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.

Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:

– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;

– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;

– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.

 Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.