Mahalliy
Seni yaxshi ko‘raman «maxluqcha» (Esse)
Dam olish — yakshanba kuni, havo ochiq, saxiy quyosh charaqlab shahri azimni hayotbaxsh nurlari bilan siylab turdi. Yon-atrofdagi yarim-yalang‘och, qorga burkangan daraxtlar quyoshning zarrin nurlarida tovlandi.
Kichkina qizim bilan do‘konlarni aylana turib, o‘yinchoqlar do‘koni ro‘parasidan chiqib qoldik. Qizim o‘yinchoq o‘ynaydigan yoshdan o‘tib qolgan bo‘lsada, nima uchundir biror o‘yinchoq olib berib xursand qilgim keldi va do‘kon eshigidan mo‘raladim. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, do‘konning ochiq eshiklaridan ichkaridagi sevimli o‘yinchog‘imga ko‘zim tushib qoldi va qizimga olib berish fikri uyg‘ondi. Bu o‘yinchoq butun dunyoga mashhur bo‘lgan o‘sha, sizu biz bilgan maxluqcha bo‘lib, har safar ko‘zim tushganida bolaligimni eslatib yuborardi. Sababi, u bolaligimda otam sovg‘a qilgan va juda yaxshi ko‘rib doim yonimda olib yuradigan bir o‘yinchog‘imga qancha o‘xshash bo‘lsa, shu bilan birgalikda, shunchalik farqlanar ham edi. Bolalikdagi o‘yinchog‘im juda beozor, mehribon va xushchaqchaq edi.
Quloqlari katta-katta, paxmoq, jigarrang maxluqcha edi. Uni ko‘rdim deguncha sevinib ketardim. Hozirgi, do‘konda ko‘rib turgan o‘yinchoq esa, xuddi o‘sha bolalikdagi o‘yinchog‘imning o‘zginasi edi, ammo, u mehr-e’tiborga judayam muhtojdek ko‘rinar, hurpaygan yungi, chaqchayib turadigan ko‘zlari va hattoki, tirjayib turgan tishlari ham, xuddi odamlar aytgani kabi uni menga yovuz ko‘rsatmasdi. Uni ilk bor ko‘rganimdayoq, o‘sha bolalikdagi o‘yinchog‘imni o‘zginasi deb bilgandim. Huddiki, oradan yillar o‘tib, u judayam yolg‘izlanib qolgan, dard va og‘ir yuklar bilan to‘lib-toshgan yuragini hech kimsaga ocholmagan, ochganida ham hech kim eshitmaganu qandaydir, o‘ziga, yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan chalg‘ituvchi nimadirlar bilan shug‘ullanib shu ahvolga tushgandek ko‘rinadi. O‘sha bir vaqtlardagi o‘zidek tabassum qilgisi keladiyu, eplolmaydi. Atrofdagi odamlarni yaxshi ko‘rgisi keladi, ammo, barchasidan ko‘ngli sovib ketgan. Yaxshi so‘zlar aytgisi, mehr berib, mehr olgisi kelib cho‘zilgan qo‘llari o‘ziga loqaydlik, nafrat bilan boqib turgan nigohlarni payqagani zahoti, beixtiyor musht bo‘lib tugiladi va ko‘zlari uloqtirish uchun tosh qidira boshlaydi.
Unga qarab turar ekanman, yuragim allanechuk aralash-quralash hislarga to‘lib ketadi. Qizimning qo‘lidan tortqilayman.
— Kelchi bolam, senga o‘yinchoq olib beraman. Qaragin, mana bu o‘yinchoqqa nima deysan? Ajoyib-a, — deyman o‘yinchoqni qo‘limga olib. Qizim menga hayratlanib qaraydi.
— Oyi, juda kichkina ko‘rinyapmanmi? Yodingizda bo‘lsa men o‘n yoshdaman. Keyin, menga o‘yinchoq emas, kitob olib bermoqchi edingiz. Agar, mobodo o‘yinchoq o‘ynagim kelib qolsa ham bu maxluqchangizni olmasdim.
— Nega olmaysan, qara yoqimtoyligini?!
— Hecham yoqimtoy emas, qarang u judayam jahldor, ko‘zlari ham qo‘rqinchli. Huddi sinfimizdagi yomon bolaga o‘xshaydi, o‘qishni, yozishni ham bilmaydi. Hammani uradi, hafa qiladi. Bilgan ishi yomonlik…
—Yo‘q, sen yaxshilab qaragin, u kim bilandir do‘stlashgisi, birga o‘ynab tabassum qilgisi kelib turibdi. Balki, u bilan do‘st bo‘lsak, mehr bilan quchoqlab, huddi ikkimiz bir-birimizga aytgandek, har kuni «Men seni yaxshi ko‘raman!» — desak, yaxshi maxluqchaga aylanib qolar, nima deysan? Olamizmi?
— Yo‘q, baribir u menga yoqmaydi, olmayman! — o‘ylab ham o‘tirmasdan javob berdi qizim.
Uyga qaytayotib, lip-lip ortda qolayotgan yo‘llar, odamlar, yetaklashib ketayotgan ona-bolalarni kuzata turib hayol yana bolalik tomon olib qochadi. Sinfimizda bir bola bo‘lar edi, qorachadan kelgan, jikkakkina gavdasi va sichqonnikidek yaltiroq timqora ko‘zlari atay teri rangiga moslab yasalganu, yoqimsiz tirjayib turishi, har kuni ko‘plab janjallar uyushtirib yoqa yirtishi, sinfdagi o‘g‘il bolalar, balki, qiz bolalarga ham ayamasdan qo‘l ko‘tarishi, mudom g‘azabnok hamda alamzada qiyofasi bilan bir-birini to‘ldirib turgandek ko‘rinardi. O‘qituvchilar qanday usulni qo‘llashmasin u o‘zgarmas, boshlang‘ichdan yuqori sinfga o‘tganimizga qaramasdan na biror harf tanir na o‘qib-o‘rganishga harakat qilmas, sinfdoshlar ham undan uzoqroq yurishga harakat qilar, biror yaqin o‘rtog‘i ham yo‘q edi. U ko‘pincha yolg‘iz yurar, hali birovni toshbo‘ron qilib boshini yorsa, boshqaning sumkasini suvga otar edi. Hozir eslasam, men ham bu boladan juda qo‘rqar edim. Oradan shuncha yillar o‘tsada, yuz qiyofasi hamon esimda, u yuqoridagi qahramonimiz yovuz qiyofali maxluqchaning o‘zginasi edi. Ko‘p o‘tmasdan u maktabga kelmay qoldi.
Eshitishimizcha, oilasi ko‘chib ketishibdi. (Adashmasam, bu paytda 6-7 sinfda o‘qirdik) Sinfimiz, balki, butun maktab tinchib, shu qadar yengil tortdikki, asti qo‘yaverasiz. Keyinchalik, nima sababdan ko‘chib ketishgani ma’lum bo‘ldi. Oilasi yetishmovchilik, kambag‘alchilikdan, ichkilikboz otaning tahqirlari, ota-onasining har kungi janjallariyu, bolalarni do‘pposlashgacha boradigan bosimlardan allaqachon jar yoqasiga kelib qolgan, otaning ichkilik tufayli vafot etishi barchasiga nuqta qo‘yib tugatgan ekan. Garchi, hali juda yosh bo‘lsamda o‘sha damlarda ham bu to‘polonchi sinfdoshimizga juda ichim achishgan, agar yana maktabga qaytib keladigan bo‘lsayu, barchamiz: «Yaxshiyam kelding, sinfimiz sensiz huvillab qoldi. Biz seni yaxshi ko‘ramiz!» — desak, u yaxshi bolaga aylanib qoladigandek, hamma bilan ahil-inoq, quvonib, darslardan yaxshi o‘zlashtirib, chehrasi ham ochilib, o‘zini baxtli his etadigandek tuyulgan, balki men shuni istagan, ishongan edim. Qiziq, buni qarangki, nima bo‘lmasin sinfdoshimiz mehr va yupanchni sinfdoshlaridan topgan ekan. U har yili yozgi ta’tildan oldin, imtihonlar topshirib yurgan mahalimizda maktabimizga kelar, 4-5 kun bizlar bilan darslarda qatnashib, suhbatlar qurib yana uyiga qaytib ketardi. U go‘yoki boshqa bolaga aylanib qolgandek edi. Ko‘zlaridagi g‘azab va alamzadalik ketgandek, hatto ko‘rkamlashgandek edi. Shu bo‘ldiyu, toki maktabni bitirib ketgunimizga qadar kelib-ketib turdi. Do‘stlik rishtalarimiz uzilmadi. O‘sha vaqtlardayoq mehr-oqibat asta-sekin har qanday odamni yaxshi tomonga o‘zgartirishi, qattiqlashgan qalbini yumshata olishiga amin bo‘lgan edim va shu o‘rinda buyuk mutafakkir, tibbiyot otasi Abu Ali ibn Sino aytgan so‘zlarni keltirib o‘tsam maqsadga muvofiq bo‘ladi deb o‘ylayman:
«Oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, hatto, eng oddiy bo‘lib ko‘ringan oilaviy munosabatlar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Aynisqa, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlilik, shirin suxan bo‘lish bola kamolotidagi zarur hayotiy vositalardan biridir».
Mana, yana bir do‘konda tanish maxluqchamizga duch bo‘lib qoldimda, uning yig‘ilgan qovog‘i, chaqchaygan ko‘zlariga qarab o‘ylab qoldim va atrofdagi o‘tib-qaytayotgan ota-onalarga go‘yoki, g‘ayrioddiy murojaat signallarini yubora boshladim.
Odamlar bu yoqimtoyni ichiga yovuz ruh joylashib olgan, u bolalarga yomon ta’sir o‘tkazadi deyishgacha bordi. Qiziq, juda kulgim qistadi bu safsatalaringizga!
Ularga xayolan murojaat qildim: «sinchiklab boqing-chi, bu maxluqchaning yuziga, u sizga kimnidir eslatmayapdimi? Bolaligingizdagi yoqimtoy, aqlligina «Cheburashka»ni eslaysizmi? Qoyilmaqom o‘xshashlikmi? Farqi, u sizni ota-onangiz tarbiya qilgan an’anaviy, bu esa hozirda siz tarbiya etayotgan zamonaviy «maxluqcha»lar. Mistikaga berilmang, uni ichiga yovuz ruh joylashtirishdan oldin ozgina o‘ylab ko‘ringchi, sizga ikki maxluqcha ham bitta mavjudotu, ikkinchisi nimadandir xafadek, norozidek, mehrga judayam muhtojdek, jahli chiqqandek ko‘rinmayaptimi?
Ishli odamdirsiz, vaqtingiz bebahodir, charchagandursiz, farzandingizdan uzoq yoki yaqindadirsiz, bugun sizni bir savol bilan band qilaman. Axir o‘ylash uchun ortiqcha vaqt sarflanmaydiku, to‘g‘rimi?! Yo‘l-yo‘lakay o‘ylasa ham bo‘ladi, shunday emasmi!?
Yaxshilab o‘ylang, keyin menga, yo‘q, o‘zingizga javobini aytasiz! Keling, yaxshisi umumso‘rovnoma uyishtira qolamiz.
Balki, o‘zimiz yovuz ruhdirmiz, biz, ota yoki onalar bugun, kecha, o‘tgan kuni, umuman yaqin oylar yoki yillar mobaynida farzandimizning yuzi, ko‘zlari, nigohlariga biror marta bo‘lsin e’tibor berib qaradikmi? Ovqatlanayotganida, dars tayyorlayotgan mahalida, telefonda o‘yin o‘ynayotganida yuz qiyofasi, mimikasi, tana harakatlarini kuzatdikmi? Ular maktabidan qaytgach yoki biz ishimizdan uyga kelgach darslari qanday o‘tgani, maktabida nimalar bilan band bo‘lgani haqida qiziqib ko‘rdikmi? Agar ularda qandaydir ruhiy o‘zgarish bo‘lsa, sezib olamizmi? Farzandlarimiz hech kimga aytolmaydigan ichki sirlarini bizga, ya’ni ota yoki onasiga ayta oladimi? Yaqin do‘stlarmizmi? Oxirgi marta qachon va qaysi kitobni sovg‘a qilgan edik? Ular bilan nimalar haqida suhbatlashayapmiz? Umuman atrof-olam, odamlar haqidagi turli xil qora fikrlar, mayda va g‘iybat gaplarni oila davrasida to‘kib solaveramizmi? Aslini olganda, farzandlarimizning ruh ustozi, ularga ilk shakl, ruhiy qiyofa beradigan, har bir harakat, har bitta so‘zimiz, munosabatimiz insoniylik yoki aksincha, noto‘g‘ri tomonga yetaklaydigan, tashqaridagi begonalar emas, biz ota-onalar ekanimizni o‘zimiz anglab yetolganmizmi? Ular eng ko‘p vaqtini kim yoki nima bilan birga o‘tkazmoqda? Nimalarga qiziqadi, yaxshi yoki yomon ko‘radigan, uni qo‘rqitadigan narsalar haqida bilamizmi?
Oxiri yo‘q savollardan sabr-toqatingiz toshib, hafsalangiz pir bo‘lib ketdimi? Chuqur nafas oling, oxirgi savolga keldik. O‘ylab ko‘ringchi, farzandingizga «Sen eng yaxshisan, sen chiroylisan, sen aqllisan, kuchlisan, seni judayam yaxshi ko‘raman» — deb aytgan kunni eslay olarmikinsiz?»
Do‘kondan chiqib ketayotib tanish mahluqchamiz «Labubu»ning chimirilib turgan quloqchalaridan tortqilab erkalab qo‘ygan bo‘ldim. Yonimdagi ayol: «Biram xunuk o‘yinchoq-a!?» — dedi unga barmog‘ini nuqib.
«Juda yoqimtoy, men uni yaxshi ko‘raman!» — dedim maxluqchani yonog‘idan yengil chimchilab. Ayol goh menga, goh maxluqchaga hayron qaraganicha qoldi. Endi tanish kitob do‘konga yo‘l olaman, qizimga va’da qilgan kitobni olib borsam juda xursand bo‘ladi. Balki, kitobini keyinchalik maxluqchasiga ham o‘qib berar…
Mastura Abduraimova
Mahalliy
Agrar universitetda 3 yillik ta’lim joriy etiladi
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab agrar oliy ta’lim muassasalarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Hujjatda 2030-yilga qadar universitetni xalqaro reytinglarning top-500 taligiga kiritish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hajmini 3 baravarga oshirish va akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 4 baravar ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, yangi ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarni bozor talablariga mos kadr sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Yangi tizimga ko‘ra, o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich amaliyotga yo‘naltiriladi. Birinchi kursda darslarning 60 foizi nazariy, 40 foizi amaliy bo‘ladi.
Ikkinchi kursda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tenglashtirilib, har biri 50 foizni tashkil etadi. Uchinchi kursda esa asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan bo‘lib, 70 foiz amaliy, 30 foiz nazariy darslardan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun o‘qish jarayonidan ajralgan holda 4 oylik uzluksiz dual ta’lim joriy etiladi.
Qarorda universitetning xalqaro nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim sifatini global standartlarga moslashtirish rejalashtirilgan.
Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish orqali universitetning moliyaviy barqarorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mahalliy
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tuziladi
Ilm-fan salohiyati yanada oshiriladi. «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
– Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
– Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
Mahalliy
O‘zbekistonda OTMlarga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yil 10-apreldagi PF–58-son farmon bilan «U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy ta’lim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga beriladi.
2027-yil 1-yanvardan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy ta’lim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
2027-yil 1-yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan 1 nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
1 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;
ta’lim sohasi murakkabligi, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
ta’lim sohasi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
oliy ta’lim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi va boshqalar.
Mahalliy
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
PF–58-son farmon bilan respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Hujjat bilan quyidagilar tashkil etiladi:
Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
Mahalliy
Xalqaro ilmiy anjumandan muhim xulosalar
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya doirasida 13 ta sho‘’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda Temuriylar davri merosi davlatchilikdan tortib, ilm-fan, san’at va zamonaviy texnologiyalargacha bo‘lgan keng qamrovda tahlil qilindi.
Anjumanning ilmiy muhokamalarida Amir Temurning davlat boshqaruvi va diplomatiyasi alohida o‘rin egalladi. Mutaxassislar uning shaxsini ilmiy jihatdan baholash, ideal hukmdor sifatidagi qiyofasi, Turon sivilizatsiyasi bilan bog‘liqligi kabi masalalarni ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, saroy hujjatlari, diplomatik yozishmalar va tarjimonlik an’analari Temuriylar tashqi siyosatining muhim qismi sifatida tahlil etildi.
Harbiy san’atga bag‘ishlangan muhokamalarda Amir Temurning jahon harbiy tafakkuriga qo‘shgan hissasi, strategik yurishlar, razvedka va taktik yondashuvlari keng yoritildi. Zamonaviy tahlillar asosida uning geosiyosiy strategiyasi va harbiy boshqaruv tizimiga yangi baho berildi.
Shaharsozlik va me’morchilikka oid sho‘’bada esa Temuriylar davridagi arxitektura maktabi, Samarqand va Hirot kabi shaharlarning rivojlanish modeli, shuningdek, me’moriy yodgorliklarni saqlash va raqamli texnologiyalar orqali tiklash masalalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda Temuriylar renessansining G‘arb me’morchiligiga ta’siri haqidagi ilmiy qarashlar ham ilgari surildi.
Tarixiy manbalarga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda rasmiy yozishmalar, xitoy va usmoniy manbalari, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Manbashunoslik va tekstologik tadqiqotlar Temuriylar davrini chuqur anglashda asosiy omil sifatida qayd etildi.
Ilm-fan va ta’lim yo‘nalishidagi muhokamalar Temuriylar renessansining mohiyatini ochib berdi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabi, Ali Qushchi merosi hamda Ibn Xaldun bilan bog‘liq tarixiy muloqotlar jahon ilm-fani taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida baholandi.
Adabiyot va san’atga bag‘ishlangan sho‘’bada Alisher Navoiy ijodi markaziy o‘rinni egallab, uning asarlari poetika va ma’naviyat uyg‘unligi sifatida talqin qilindi. Shuningdek, Kamoliddin Behzod maktabi va qo‘lyozmalardagi matn va tasvir uyg‘unligi Temuriylar madaniyatining yuksak namunasi sifatida ko‘rsatildi.
Ijtimoiy-ma’naviy hayotga oid muhokamalarda jamiyatdagi axloqiy muhit, ta’lim, xayriya va ayollar o‘rni kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Bibixonim obrazi orqali ayollarning jamiyatdagi o‘rni ilmiy asosda tahlil qilindi.
Anjumanda zamonaviy yondashuvlar ham e’tibor markazida bo‘ldi. Raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan sho‘’bada tarixiy manbalarni raqamlashtirish, me’moriy ob’yektlarni virtual tiklash va ularni turizm sohasiga integratsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, xattotlik merosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Temuriylar davrida shakllangan yozuv madaniyati, Qur’on nusxalarini ko‘chirish an’analari va nasta’liq xati rivoji kabi masalalar yoritildi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur xalqaro anjuman Temuriylar merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan muhim omil sifatida qayta baholash imkonini berdi.
Ushbu konferensiya O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib qilish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va Temuriylar davrini yangi ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishda muhim bosqich bo‘lib qolishi kutilmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Sport5 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot3 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Jamiyat5 days ago«Qamchiq» dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
-
Dunyodan5 days ago
Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
-
Siyosat3 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy3 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Dunyodan3 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
