Jamiyat
“Bolangizni kimdir boshqaryapti” – toshkentlik o‘smir PUBG’dagi suhbatlardan keyin yo‘qolib qoldi
Toshkentda yashovchi 14 yoshli bola PUBG’da noma’lum odam bilan do‘stlashib qolganidan keyin, uning buyrug‘i bilan uydan chiqib ketib, Farg‘onaga yo‘l olgan. Qochayotganida yuzini yashirish uchun ko‘zoynak va tibbiy niqob taqib olgan. Bola ikki kundan keyin topilganida, u katta qo‘rquv iskanjasida edi. Voqeani Kun.uz’ga so‘zlab bergan o‘smirning qarindoshi ota-onalarni ogohlikka chaqirdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Yaqinda toshkentlik bir oila noodatiy va xavotirli hodisani boshidan o‘tkazdi. 29 noyabr kuni 14 yoshli bola uyidan odatdagidek sport to‘garagiga chiqib ketib, sirli tarzda g‘oyib bo‘ladi.
O‘sha kuni bolaning yo‘qolgani haqidagi xabarlar internetdagi ko‘plab kanal va guruhlarda tarqalgan edi. Oradan 2 kun o‘tib, uning daragi Farg‘ona viloyatidan chiqadi. Bola uyiga qaytgach, boshidan o‘tkazganlarini hikoya qilib berarkan, ota-onasi va yaqinlari bundan dahshatga tushadi.
Ma’lum bo‘lishicha, PUBG onlayn o‘yiniga qiziqib qolgan o‘smir o‘yin ichidagi chat orqali noma’lum kimsalar bilan suhbatlasha boshlaydi. Suhbatdosh unga ruhiy bosim o‘tkazib, o‘ldirish bilan tahdid qiladi.
Bolaning amakisi Kun.uz’ga hodisa tafsilotlarini aytib berishdi. Uning hikoyasi – farzand o‘stirayotgan har bir ota-ona uchun qimmatli.
“Biz seni sputnik orqali ko‘rib turibmiz”
“Bola taekvondoga, trenirovkasiga borishi kerak bo‘lgan. Uydan 18:30 da chiqib ketgan, hech kim payqamagan. Trenirovkadan odatda soat 22:00 da chiqadi. 22:00 da chiqqandan keyin, uzog‘i bir soatda uyda bo‘lishi kerak bo‘lgan. Soat 23:00 da oyisi treneriga telefon qilganida, treneri u bugun mashg‘ulotga kelmaganini aytgan.
Darhol qat’iy choralarni ko‘rishni boshladik, 102 ga telefon qildik. Xodimlar kelishdi. Kelgandan keyin uydan xat topishdi. Bola xat tashlab ketgan. U yerda qisqacha mazmuni: “Men sizlarni rozi qilolmadim, yaxshi farzand bo‘lolmadim. Musulmon bo‘lib qaytaman, pul topib qaytaman”, deb xat tashlab ketgan. Bizlar hatto uyga qaramagan ham edik. U narsani qidirmaganmiz. O‘zini qidirish bilan ovora bo‘lgandik.
Keyinroq boshqa shahardan topildi. Borib olib keldik. Birinchi kun indamadi, qo‘rqdi. Keyingi kuni onasiga yig‘lab aytib berdi.
Xullas, bir yarim oy oldin PUBG o‘yinida bitta bola bilan tanishgan. “Legend” degan profil bilan tanishgan va o‘sha bilan o‘ynab kelgan. O‘yinda bir-birini rivojlantirishgan, bir-biriga kiyimlar bergan, qurollar bergan. Xullas, yaqin munosabatda bo‘lishgan. Keyin uni chaqirishgan: “Farg‘ona shahriga kel, biznikiga mehmonga olib ketamiz” deb. Bola rozi bo‘lmagan. Keyin uni ishlashga chaqirishgan: “Sen yaxshi o‘ynar ekansan o‘yinda, sen dasturchi ekansan, kel, yaxshi pul topamiz, o‘yin orqali sovg‘alar olamiz”, deb taklif berishgan. Bola o‘ziga to‘q oiladan, bu taklifni ham rad qilgan.
Shundan keyin ular tahdid qilishga o‘tishgan. “Seni so‘yamiz, ota-onangni so‘yamiz, o‘ldiramiz, singlingni olib ketamiz. Biz seni sputnik orqali ko‘rib turibmiz. Bugun maktabga boribsan-a?” deb siquvga olishgan. 14 yoshli bola maktabga borishi tabiiy, lekin bola haqiqatan ham meni kuzatishyapti deb o‘ylagan va o‘shalarning gapiga ishongan. Qo‘rqqan – unga odam so‘yish videolarini tashlab berishgan, unaqa videolarni qo‘rqinchliligidan biz kattalar ham ko‘rolmaymiz”, – deydi o‘smirning qarindoshi.
“Bolani bir zum ham o‘z holiga qo‘yishmagan”
Amakisiga ko‘ra, bola uydan chiqib ketishidan avval noma’lum kimsalarning ko‘rsatmasi asosida yaxshilab tayyorgarlik ko‘rgan. Sinfdoshlaridan Farg‘onaga qanday yetib borishni so‘ragan. Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha yozishmalarini o‘chirgan, PUBG o‘yinidagi do‘stlari ham o‘chirilgan, hatto telegramdagi oilaviy guruhlardan chiqib ketgan.
“Guruhdan nega chiqib ketding” deb so‘ragan oyisiga “adashib chiqib ketibman”, degan. O‘yinga kirsangiz, hech narsa yo‘q: “druzya”lari kim deb bossangiz, “druzya”lar yo‘q – o‘chirilgan. Hamma narsani tozalab, xat ham qoldirgan. Farg‘ona shahriga kelib, vodiy pitakka kelsang, seni o‘zimiz topib olamiz deyishgan. Ularning ko‘rsatmasi bilan ketishida baxila kiygan, niqob, ko‘zoynak taqqan, kepka, kapyushon kiygan.
Biz ichki ishlarga murojaat qilganimizda, tergov xodimi kelib: “Sizning bolangiz yaxshi sharoitda katta bo‘lgan ekan, oilaviy muhiti yaxshi ekan, hech qanday qanaqadir bosim yoki psixologik holat yo‘q. Faqatgina hozirgi holat: o‘g‘lingizni kimdir boshqaryapti”, deb aytishdi. U odam asli O‘zbekistonda ham emas ekan.
Ichki ishlar xodimlarining aytishicha, shunaqa holatlar bo‘lar ekanki, bolani xujralarga olib kirib ketib, hatto yillar davomida turli maqsadlarga tayyorlashar ham ekan. Kontrabanda orqali mol o‘tkazish bo‘yicha chegara hududlarda qancha tunellar bor – shular orqali chetga olib chiqib ketishi hech gap emas ekan.
Bizga shunday tushuntirishdi: chet davlatlarda shunday bolalarni topib, tuzoqqa tushiradigan guruhlar bor ekan. Qiladigan ishi – o‘yinda o‘tirish, voyaga yetmagan bolalarni topib, “gipnoz” qilib, chaqirish. O‘yinga uzoqroq vaqt kirmay qolsa yoki yozmay qo‘ysa, “aloqadamisan?” deb nazorat qilib turishgan. Bolani bir zum ham o‘z holiga qo‘yishmagan, sal yolg‘iz qolib, “to‘xta, nima qilyapman o‘zi” deb ham o‘ylashga qo‘yishmagan. Kechasi soat 3da ham muloqotda bo‘lishgan”, – deydi u.
“Bolangiz bilan tez-tez muloqot qilib turing”
Oradan ikki sutkaga yaqin vaqt o‘tib, bolaning daragi Farg‘ona viloyatining boshqa bir shahridan chiqqan. U topilgan paytda qattiq qo‘rquv va vahimada bo‘lgan.
“Bolaning aytishicha, Farg‘ona shahriga borsa, qaytib kelolmasligini bilib, boshqa shaharga ketgan. Boshqa shaharga borib, bir kecha masjidda yotib qolgan. 200 ming so‘m puli bo‘lgan: 150 mingni yo‘lkirasiga bergan, 50 mingga ovqatlangan. Ertasiga kuni qorni och, usti yupqa, borib bir joydan ish so‘ragan: qornim ochib ketdi, ish bersalaring ishlardim degan. Ana o‘sha ish so‘ragan joyidagilar orqali bola topilgan”, – deydi amakisi.
O‘smir hozirda oilasi bag‘rida. rRuhiy holatini to‘liq tiklash esa vaqt talab qiladi.
Suhbatdoshimiz ota-onalarni hushyor bo‘lishga, bolalar bilan tez-tez gaplashib turishga, o‘ynayotgan o‘yinlariga befarq bo‘lmaslikka, biror noodatiy xatti-harakat qiladigan bo‘lsa, yuzaki qarab o‘tkazib yubormaslikka chaqirdi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat5 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat24 hours ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
