Sport
Javohir Sindorov Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi
U finalda Xitoy vakili Vey Ini mag‘lub etdi va Jahon kubogida g‘olib chiqqan eng yosh chempionga aylandi.
Foto: Michał Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon kubogi finalida xitoylik Vey I ustidan g‘alabaga erishdi.
Ushbu shaxmatchilarning 25 noyabr kungi bahslarida durang qayd etilgandi: 0,5 – 0,5, 0,5 – 0,5.
Natijada g‘olib 26 noyabr kuni tay breykda aniqlandi. Tay breykning ham birinchi partiyasida kuchlar teng keldi, ammo ikkinchi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchi yakuniy g‘alabaga erishdi.
Bu orqali u ushbu turnirda g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi. 2004 yilda Rustam Qosimjonov Latviyada o‘tkazilgan Jahon kubogida g‘olib bo‘lgandi (o‘sha vaqtda FIDE jahon kubogi va jahon chempionatini bitta nomda o‘tkazgan).
Bu qanday turnir?
2025 yilgi Jahon kubogi – Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE ) himoyasi ostida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik shaxmat nokaut turniridir. Unda 2 million dollarlik mukofot fondi va 2026 yilgi Da’vogarlar turniriga uchta yo‘llanma o‘ynaladi.
G‘olib 120 ming dollar, ikkinchi o‘rin egasi 85 ming dollar, uchinchi o‘rin 60 ming dollar va to‘rtinchi o‘rin 50 ming dollar oladi. Sovrinlar birinchi bosqichga qadar taqsimlanadi, minimal to‘lov 3500 dollarni tashkil qiladi.
So‘nggi yillarda jahon chempionatida Magnus Karlsen (2023), Yan-Kshishtof Duda (2021), Teymur Radjabov (2019) va Levon Aronyan (2005, 2017) g‘olib chiqqan. Boshqa g‘oliblar orasida Piter Svidler, Vladimir Kramnik, Sergey Karyakin, Boris Gelfand va Gata Kamskiy nomlarini keltirish mumkin.
Bu yilgi turnir yarimfinalida o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi – Javohir Sindorov va Nodir Yoqubboyev bir-biriga qarshi dona surgandi. Sindorov ushbu bahsda g‘alaba qozonish orqali finalga chiqish bilan birga Da’vogarlar turniriga yo‘llanmani naqd qildi. Yoqubboyev esa yo‘llanma uchun ikkinchi imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo 3-o‘rin uchun bahsda u rossiyalik Andrey Yesipenkoga yutqazib qo‘ydi (0:2).
Sport
JChda 6-kun. Messi va Mbappeda rekordlar, koreyslar bazasida mojaro, nemislar bazasida ilon
39 yosh arafasidagi hujumchi jahon chempionatlaridagi gollari sonini 16 taga yetkazib, turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purar Miroslav Klozega yetib oldi.
Jahon chempionatining navbatdagi kunida syurprizlar bo‘lmadi. Fransiya birinchi bo‘limni nursiz o‘tkazganiga qaramay, baribir Kilian Mbappening dubli evaziga Senegalni taslim etdi (3:1). Keyin esa Erling Holand yetakchiligidagi norvegiyaliklar Iroqqa hech qanday imkoniyat qoldirishmadi (4:1), undan keyin Argentina Jazoir bilan o‘yinda Messining gollari evaziga yirik hisobda g‘alaba qozondi (3:0), Avstriya esa Iordaniyani mag‘lub etdi (3:1).
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Tunis yangi bosh murabbiyga ega bo‘ldi, koreyaliklar jurnalistlarga boykot e’lon qildi, inglizlar va o‘zbekistonliklar o‘yinga bir kun qolganida yakuniy tarkibdagi futbolchilarini almashtirishdi.
Holand jahon chempionatida debyut qildi
Iroq – Norvegiya 1:4
Gollar: Holand, 29 (0:1). Husayn, 39 (1:1). Holand, 43 (1:2). Estigor, 76 (1:3). Husayn, 90+6 – avtogol (1:4)
Iroq: Jalol, Tahsin, Hoshim, Doski, Ali (Saadun, 73), Al-Ammariy, Ismoil (Farji, 59), Yasim (Qosim, 73), Bayyesh (Muhanad, 78), Al-Hamadi (Iqbol, 59), Husayn
Norvegiya: Nyulann, Ayyer, Heggem, Volfe (Estigor, 73), Ryuerson, Berge, Eursnes (Torstvedt, 73), Nusa (Bobb, 73), Edegor (Berg, 81), Syorlot (Shelderup, 73), Holand
Ogohlantirish: Tahsin, 86
Iroq va Norvegiya juftligi favorit aniq edi. Garchi ikki jamoa ham jahon chempionatiga uzoq tanaffusdan keyin (mos ravishda 1986 va 1998 yillar) qaytgan bo‘lsa-da, tarkiblar borasidagi farq juda katta edi. Va bu maydonda ham o‘z so‘zini aytdi.
O‘yin starti norveglar uchun kutilganidek oson kechmadi: ular ancha vaqtgacha iroqliklarning himoya devorini buza olishmadi. Suv ichib olish uchun qilingan tanaffusda esa skandinavlar yangicha texnologiyani namoyish etishdi – futbolchilar bu vaqtda muz solingan maxsus salqinlantiruvchi ryukzaklar taqib olishdi. Bundan faqat Erling Holand foydalanmadi.
Shu kuni ushbu forvardga katta e’tibor qaratilgandi – o‘z avlodining asosiy yulduzlaridan biri sanalgan ushbu futbolchi faoliyatida ilk marta jahon chempionatiga chiqqandi. U qattiq harakat qildi: ma’lumot uchun, Holand Yevropadagi saralash turnirida sakkiz o‘yinda 16 gol bilan yaqqol to‘purar bo‘lgandi. U jahon chempionatida ham o‘z darajasini namoyish etib, birinchi bo‘limdayoq dublni rasmiylashtirdi. E’tiborli tomoni, u 43 daqiqa ichida Norvegiyaning jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purari (2) Xetil Andre Rekdalning natijasini takrorladi. Rekdal o‘z gollarini ikkita jahon chempionatidagi yetti o‘yinda urgandi.
Holandning birinchi bo‘limdagi gollariga iroqliklardan Ayman Husayn javob qaytardi. Ammo ikkinchi bo‘limda norvegliklar o‘yin masalasini hal qilishdi – 73-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Leo Estigor uch daqiqa o‘tib darvozani ishg‘ol etdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Husayn o‘z darvozasini ham ishg‘ol etib, antiqahramonga aylandi. 4:1 – skandinavlar jahon chempionatida kuchli start olishdi.
Messining het-trigi
Argentina – Jazoir 3:0
Gollar: Messi, 17 (1:0). Messi, 60 (2:0). Messi, 76 (3:0)
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 80), Medina, Montiel (Molina, 46), Makallister, Fernandes, Almada (Alvares, 55), de Paul, Messi (Pas, 80), L. Martines (Gonsales, 55)
Jazoir: Zidan, Mandi, Bensebayni, Ayt Nuri, Belgali, Bintolib (Bulbina, 81), Maza (Zerruki, 82), Budaviy (Auar, 64), Shaybi, Hoji-Mussa (Mahrez, 64), Guiri (Amura, 64)
Argentinaning jahon chempionatidagi o‘yinini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kutayotgandi – Lotin amerikaliklar bu turnirda Qatarda qo‘lga kiritilgan titulni himoya qilishi kerak. Birinchi raqib Jazoir bo‘ldi. Afrikaliklar – yetarlicha raqobatbardosh jamoa, ammo ular Lionel Messi va uning yigitlarini to‘xtata olishmadi.
Umuman, 38 yoshli forvardning ilk daqiqalardan maydonda paydo bo‘lishi kichik syurpriz bo‘ldi – u klubda olingan jarohat tufayli turnirga tayyorgarlik yig‘inining bir qismini o‘tkazib yuborgandi. Ammo baribir birinchi o‘yinga tayyor bo‘lishga ulgurdi va birinchi navbatda jahon chempionatlaridagi ishtirok bo‘yicha rekordni o‘rnatdi – endi Messining hisobidagi mundiallar soni oltitaga yetdi. Uning natijasini yaqin vaqtlar ichida takrorlash imkoniyati faqat Krishtianu Ronalduda bor, u buning uchun 17 iyun kuni Portugaliya safida Kongo DR milliy jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushishi kerak.
Messi shu kuni texnik rekordlar bilan cheklanmadi. Tajribali hujumchi o‘yinni o‘z het-trigi bilan hal qildi: u 17-, 60- va 76-daqiqalarda afsonaviy Zinedin Zidanning o‘g‘li Lyuka Zidan qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi.
Leo uch goli bilan Miroslav Klozening JChda urilgan jami gollar soni bo‘yicha rekordini takrorladi – endi unda ham 16 ta gol bor. Argentinalik hujumchi shu turnirning o‘zida jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanib olishi mumkin. Ammo hozircha u faqat Janubiy Amerika miqyosida bu maqomga ega bo‘lish bilan cheklangan – u to‘rtta turnir davomida jami 15 ta gol urgan braziliyalik Ronaldoni ortda qoldirdi.
O‘yindan keyin Messi hissiyotlarini tiyib tura olmadi. «Ha, men birinchi goldan keyin yig‘ladim… Ammo bu umuman futbol bilan bog‘liq emas. Menda qiyin kunlar bo‘ldi, men butun delegatsiyaga va jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildirmoqchiman, ular doim yonimda bo‘lishdi va meni qo‘llab-quvvatlashdi», – dedi Leo.
Fransiyaning ikki turlicha bo‘limi
Fransiya – Senegal 3:1
Gollar: Mbappe, 66 (1:0). Barkolya, 82 (2:0). Mbay, 90+5 (2:1). Mbappe, 90+6 (3:1)
Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba, Ernandez, Kunde, Tchuameni, Rabio, Dembele (Barkolya, 80), Due (Sherki, 87), Olise, Mbappe
Senegal: Mendi, Kulibali, Niakate, Diuf, Diatta, Gana Guyye (Siss, 88), Guyye (Deng, 83), Kamara (Diarra, 75), Mane, Sarr (Mbay, 75), Jyekson (Ndiay, 83)
2018 yilgi Rossiya mundialida oltin, 2022 yilgi Qatar mundialida kumush medallarni qo‘lga kiritgan Dide Desham boshchiligidagi «Uchranglilar» bu turnirda ham favoritlardan biri. Lekin fransuzlar Senegalga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida juda sust harakat qilishdi: darvoza sohasiga birorta zarba berilmadi va xG bo‘yicha atigi 0,02 ko‘rsatkichi qayd etildi. Afrikaliklarda esa bir necha xavfli vaziyatlar yuzaga keldi, bu vaziyatlardan birida Nikolas Jyeksonning zarbasidan keyin to‘p darvozabon orqali avtogolga aylanishiga bir baxya qoldi.
Ikkinchi 45-daqiqalikda esa o‘yin bosh hakami Alirizo Fag‘oniy jarima maydonida yiqilgan Kilian Mbappega ishonmadi va Senegal darvozasiga penalti belgilamadi. Bundan achchig‘i chiqqan 27 yoshli forvard esa yakunda dubl rasmiylashtirib, Fransiyaning g‘alabasini ta’minladi (3:1). Bu gollari orqali Mbappe o‘z milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar (58 gol) va jahon chempionati tarixidagi uchinchi to‘purarga (14) aylandi. U bu borada faqat Messi, Kloze (16 tadan) va braziliyalik Ronaldodan (15) kabi futbol afsonalaridan ortda, xolos.
Tunisda yangi bosh murabbiy
Afrikaliklar jamoasi birinchi turda Shvetsiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan (1:5) keyin bosh murabbiy Sabri Lyamushini iste’foga chiqarib, barchani ajablantirgandi. Insayderlarga ko‘ra, bu iste’foga uning o‘g‘li (murabbiylar shtabi a’zosi) o‘yindan keyin fanatlar bilan mushtlashuvda qatnashgani ham sabab bo‘lgan.
Keyingi kuniyoq Lyamushining o‘rniga yangi bosh murabbiy topildi: Tunis futbol federatsiyasi Erve Renar tayinlovi haqida e’lon qildi. 57 yoshli mutaxassis 2022 yilgi jahon chempionatida mashhurlikka erishgan, o‘shanda uning boshqaruvidagi Saudiya Arabistoni birinchi turda Argentina ustidan sensatsion ravishda g‘alaba qozongandi (2:1).
Ushbu fransuz mutaxassis Afrikada yangi emas. Tunisdan oldin u Zambiya (ikki marta), Angola va Kot-d’Ivuar milliy jamoalarida ham ishlagan. Oldinda uni yangi jamoa bilan Yaponiya (21 iyun) va Niderlandiyaga (26 iyun) qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Koreyaliklar boykoti
Tunis milliy jamoasi vakillari fanatlar bilan urishib qolgan bo‘lsa, Janubiy Koreya futbolchilarida jurnalistlar bilan muammo chiqdi. Bu mojaro mutlaqo kutilmaganda yuzaga keldi: jamoaning Chexiyaga qarshi o‘yindan oldingi mashg‘uloti vaqtida OAV vakillarining muloqoti JTBC telekanali mikrofoniga yozilib qolgan – ular Son Heung Minning armiyadagi xizmatini mazax qilishgan.
Ulardan biri shunday degan: «U o‘zini armiyada yurgandek tutadi. Nahotki u o‘zini sardor deb hisoblab, jamoadoshlarini ortidan yugurishga majbur qila olsa?» Boshqasi javob qaytaradi: «U armiyada xizmat ham qilmagan». Ularga futbolchi o‘shanda uch haftalik tayyorgarlikdan o‘tish bilan cheklangani (odatda askarlar 21 oy xizmat o‘taydi) va 2018 yilgi Osiyo o‘yinlaridagi g‘alaba tufayli to‘liq xizmatdan ozod qilingani yoqmagan.
Ikki muxbir bundan tashqari jamoa sardori sha’niga haqoratomuz so‘zlar ham aytishgan.
Bu yozuv ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketdi, futbolchilar esa o‘z sardori tarafini olib chiqishdi: ular rejalashtirilgan intervyularni bekor qilishdi va oldinroq yozib olingan intervyularni chiqarmaslikni talab qilishdi. Futbolchilar matbuot anjumanida yana bir tomosha uyushtirishdi: chet ellik jurnalistlardan tashqariga chiqish so‘raldi, shundan keyin ichkarid qolgan koreyalik jurnalistlarni qattiq koyib berishdi.
Nemislar bazasida ilon
Bu mundialda muammoga uchrayotgan jamoalar soni ortib bormoqda. Masalan, inglizlar bazasiga o‘g‘ri tushgan va mashg‘ulotlar uchun jihozlar hamda to‘plarni olib ketib, bittagina to‘p qoldirishgandi. Nemislar bazasida esa zaharli ilon chiqdi.
«Kecha biz ilon ko‘rib qoldik. Bizga aytishlaricha, u zaharli edi. U chaqqanda shifoxonaga borishga to‘g‘ri kelardi. O‘ldiradi deb o‘ylamayman, ammo nima bo‘lganda ham xavfli. Agar bunday ilonni bosib oladigan bo‘lsang, bu yaxshilik bilan tugamaydi», – deya Germaniya milliy jamoasi sardori Yozua Kimmihning so‘zlarini keltiradi Bild.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gap qalqontumshuq ilon haqida ketmoqda.
Angliya va O‘zbekiston dedlayn arafasida tarkiblarini yangiladi
Braziliya milliy jamoasidagilar Neymar jarohatdan tuzalishini oxirigacha kutishmoqda (u boldir mushagidagi jarohat tufayli umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarni va Marokashga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi, lekin individual mashg‘ulotlarni boshlagan), inglizlar va o‘zbekistonliklar esa jarohatdagi futbolchilarini yangilariga almashtirdi. Angliya milliy jamoasi o‘ng qanot himoyachisi Valentino Livramento boldir mushagidagi muammo tufayli o‘rnini Trevor Chalobaga bo‘shatib berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov mundialda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. U umurtqalararo disk churrasidan aziyat chekayotgandi va tibbiy shtabning muolajalari naf bermadi, endi uning o‘rnini yakuniy 26 talik ro‘yxatda Ruslanbek Jiyanov egalladi.
17-18 iyun kunlari uchun taqvim
Jahon chempionatida birinchi tur yakuniga yetmoqda. 17 iyun kuni kechqurun va 18 iyunga o‘tar kechasi K va L guruhlarida quyidagi kuchliklar kuch sinashadi:
22:00 Portugaliya — Kongo DR
01.00 Angliya — Xorvatiya
03.00 Gana — Panama
08.00 O‘zbekiston — Kolumbiya
Sport
Jaloliddin Masharipov milliy jamoa tarkibidan chiqarildi
Futbolchi jamoa bilan turnirga yo‘l olgandi, ammo jarohatidan tiklana olmadi. Endi uning yakuniy tarkibdagi o‘rnini Ruslanbek Jiyanov egalladi.
Foto: O‘FA matbuot xizmati
O‘zbekiston milliy jamoasining uzoq yillik yetakchilaridan biri, yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok eta olmaydi. O‘FA matbuot xizmati u jarohati tufayli tarkibdan chiqarilganini ma’lum qildi.
«Jaloliddin Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qoldi va mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etolmadi.
Futbolchini tezroq safga qaytarish va tiklash maqsadida tibbiy shtab tomonidan zarur choralar ko‘rildi va individual tayyorgarlik dasturi asosida ish olib borildi.
O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar tahlili FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim etildi. Qo‘mita holat yuzasidan o‘rganish olib bordi va futbolchimizning Jahon chempionatida ishtirok etolmasligini ma’lum qildi. Uning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga Ruslanbek Jiyanov kiritildi.
Jaloliddin Masharipovga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilab qolamiz», – deyiladi O‘FA xabarida.
Jaloliddin Masharipov mundialdan oldingi yig‘inga olib ketilgan, ammo jarohati tufayli Kanada va Niderlandiya milliy jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnasha olmagandi.
Shundan keyin OAVda u jamoa mashg‘ulotlarida ham qatnashmayotgani va tarkibdan chiqarilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
O‘FA matbuot xizmati bu borada izoh berib, so‘nggi vaqtlarda futbolchini bel qismidagi og‘riqlar bezovta qilgani, dori-darmonlar va fizioterapiya muolajalari yordamida uning holati yaxshilangani, biroq keyinchalik og‘riqlar yana qayta bezovta qila boshlagani, futbolchining sog‘lig‘i bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi tibbiy shtabi tomonidan zarur muolajalar olib borilayotgani haqida ma’lumot bergandi.
Futbolchining o‘zi esa o‘zidagi bu muammo (umurtqalararo disk churrasi – grija) 5-6 yildan beri borligi, o‘yinlarga ukol olib chiqqani haqida aytgan va tez orada umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qo‘shilishga umid qilayotganini bildirgandi.
Sport
O‘zbekistonlik hakamlar Shotlandiya – Marokash o‘yiniga tayinlandi
Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar jamoasi mundialdagi ilk tayinlovni oldi.
AQSh, Kanada va Meksikada o‘tayotgan Jahon chempionati doirasidagi Shotlandiya — Marokash o‘yiniga o‘zbekistonlik hakamlar guruhi tayinlandi.
O‘FA xabariga ko‘ra, bahsni Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin yordam beradi.
O‘yin 20 iyun kuni soat 3:00 da boshlanadi.
Ilgiz Tantashev jahon chempionati o‘yinini boshqargan o‘zbekistonlik ikkinchi hakam bo‘lishi kutilmoqda.
Undan oldin Ravshan Ermatov 2010, 2014 va 2018 yilgi turnirlarda bosh hakam bo‘lib ishlagan va jami 11 ta o‘yinni boshqargan edi. Bu dunyo miqyosidagi rekord hisoblanadi.
Sport
15:15 Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
15:15
Afrikacha master-klass: Kabo-Verdedan nimalarni o‘rganish kerak?
Source link
Sport
Mundialda 5-kun. Ispaniyani to‘xtatgan «buvijon» va yo‘qotishsiz borayotgan Osiyo jamoalari
Kunning to‘rt o‘yinida ham durang qayd etildi.
Jahon chempionatining navbatdagi kunida to‘rtta uchrashuv o‘tkazildi va bu o‘yinlarning birortasida g‘olib jamoa topilmadi. Ispaniya Kabo-Verde bilan o‘yinda sensatsion ravishda ochko yo‘qotdi (0:0), Belgiya Misrni (1:1), Urugvay Saudiya Arabistonini yenga olmadi (1:1), Eron esa turnirni Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynash bilan boshladi (2:2). Maydondan tashqarida ham e’tiborli voqealar bo‘lmoqda: Tunis birinchi o‘yindan keyinoq bosh murabbiyini iste’foga chiqardi, portugallar esa mashg‘ulot o‘tkaza olmadi.
Vozinya endi jahon miqyosidagi yulduz!
Ispaniya – Kabo-Verde 0:0
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri (Uilyams, 87), Pedri, Ruis (Merino, 71), Gavi (Yamal, 71), Torres (Olmo, 81), Oyyarsabal
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral (Juan Paulu, 76), Moreyra, Lenini, Monteyru (Telmu Arkanju, 79), L. Duarte (D. Duarte, 61), Kabral (Semedu, 61), Mendesh da Grasa, Livramento (Da Koshta, 61)
Ogohlantirishlar: Pedri, 90 – Lopesh Kabral, 16
Kabo-Verde – JCh debyutanti, ispanlar esa Yevropa chempionatining amaldagi g‘olibi va hozirgi turnirning asosiy favoritlaridan biri. Ammo ushbu juftlikda ham sensatsiya ro‘y berdi: afrikaliklar «Qizil furiya» hujumlariga dosh berdi va darvozasi daxlsizligini saqlab qolib, ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
Kaboverdiliklar safidagi asosiy qahramon 40 yoshli darvozabon Vozinya bo‘ldi – u ishonchli harakat qilib, raqiblarning umidlarini chippakka chiqardi va o‘yin davomida yetti bor seyv amalga oshirdi. Jozimar Diashning (darvozabonning haqiqiy ismi) perfomansi tomoshabinlarda shu qadar katta taassurot qoldirdiki, u o‘yindan keyin jahon miqyosidagi yulduzga aylandi: uning instagramdagi sahifasiga bir necha soat ichida besh milliondan ortiq o‘quvchi obuna bo‘ldi (o‘yindan oldin uning kuzatuvchilari soni atigi bir necha o‘n ming kishi edi).
Vozinyaning o‘zi (uning laqabi portugalchadan tarjimada «buvijon» ma’nosini beradi – u bolaligida o‘yinlarda o‘ziga qilingan nohaqlikdan keyin buvisining oldiga shikoyat qilib boravergani uchun boshqa bolalar tomonidan shunday laqab olgan) o‘yindan keyin yig‘ladi.
«Shuning uchun yig‘layapmanki, men buvim va bobom bilan o‘sganman, ular esa, afsuski, bu yerda emas… Ular bir necha yil oldin vafot etib ketishgan. Ular men uchun barcha narsa edi, men uchun barcha ishni qilishgandi. Va yana onam uchun…u bu yerga qila olmadi – viza juda qimmatlik qildi. Biz vaqtida to‘lov qila olmadik. Men u bu yerda bo‘lishini juda xohlagandim, ammo baribir juda xursandman. Juda baxtiyorman», – dedi futbolchi.
Jamoaning boshqa futbolchilari ham bu natijada o‘z hissasini qo‘shishdi. Kabo-Verde hozircha turnirning eng tartibli jamoasi bo‘lib turibdi. Butun o‘yin davomida hakam ular tomonidan atigi bitta fol qayd etdi.
Lukaku chiqdi va hal qildi
Belgiya – Misr 1:1
Gollar: Ashur, 19 (0:1). Xani, 66 – avtogol (1:1)
Belgiya: Kurtua, Mehele, Ndoy, Kastan (De Keyper, 56), Mene, Tilemans, Onana (Raskin, 56), De Bryuyne (Vanaken, 86), Doku (Fernandes-Pardo, 86), Trossar, De Ketelare (Lukaku, 66)
Misr: Shobeir, Yosir Ibrohim, Fati (Hafiz, 89), Ahmad Fotih (Odil, 89), Xani, Lashin, Ateya, Saloh (Sayid, 76), Ashur (Rabia, 71), Ziko (Abdulkarim, 76), Marmush
Ogohlantirishlar: Kastan, 14. De Keyper, 75 – Ateya, 13. Ahmad Fotih, 34
Jahon chempionati – doim ham quvnoq o‘yinlar degani emas. Belgiya va Misr o‘rtasidagi uchrashuv bunga yaqqol misol. Yaqin vaqtlargacha Yevropaning eng yorqin jamoasi hisoblangan belgiyaliklar va Afrikaning gegemon jamoalaridan biri bo‘lgan misrliklar o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib jamoa aniqlanmadi.
Lekin ular ispanlardan farqli ravishda gol ura olishdi. 19-daqiqada Muhammad Salohning uzatmasidan keyin Imom Ashur hisobni ochdi. Belgiyaliklar faqat ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklashga erishishdi. Romelu Lukaku maydonga tushganiga 22 soniya bo‘lganida Muhammad Xanini avtogol urishga majbur qildi.
Umuman olganda, bu natija hech kimni qoniqtirmadi: ikki jamoa futbolchilarini ham, ularning muxlislarini ham va betaraf tomoshabinlarni ham.
Saudlar Urugvay shturmiga dosh berdi
Saudiya Arabistoni – Urugvay 1:1
Gollar: Al-Amri, 41 (1:0). Arauxo, 80 (1:1)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Al-Amri, Al-Tumbukti, Al-Arbi (Lajami, 90), Abdulhamid (Hoji, 90), Al-Haybari, Kanno, S. Ad-Dovsariy, Abulshamat (Al-Bushal, 81), Al-Juvayr (N. Ad-Dovsariy, 63), Al-Buraykan (Al-Hamdon, 90)
Urugvay: Muslera, Kaseres, Olivera, Vinya (Sanabriya, 46), Varela, Ugarte (De la Krus, 72), Bentankur, Vinyas (Agirre, 90), Arauxo (Rodriges, 81), Valverde, Nunes (Kanobbio, 46)
Ogohlantirishlar: Al-Amri, 44
Ispaniya va Belgiya ortidan yana bir grand jamoa ochko yo‘qotdi. Urugvay bu turnirga Luis Suares va Edinson Kavani kabi yetakchilarisiz kelgan (ikkisi ham terma jamoadagi faoliyatini yakunlashgan), ammo janubiy amerikaliklar har qanday holatda ham guruh favoritlari qatorida bo‘lishadi.
Saudiyaliklar o‘yinning birinchi bo‘limida nomdor raqib qarshisida shoshib qolishmadi. Urugvayliklar esa jismoniy jihatdan horg‘in ko‘rinishdi. Osiyo vakillari standart vaziyatlarga urg‘u qaratishdi va bo‘lim yakunida aynan shunday vaziyatlardan biri golga olib keldi: Fernando Musler birinchi zarbani qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Al-Amri darvozani ishg‘ol etdi.
Biyelsa tanaffusda ikki futbolchini almashtirdi, jumladan, Darvin Nunesni maydondan olib tashladi. Uning shogirdlari ikkinchi bo‘limda tetikroq harakat qilishdi, yigirmadan ortiq zarba berishdi, ammo Saudiyaning quyi ligasida o‘ynovchi Al-Uvays darvozasiga ancha vaqtgacha yo‘l topilmadi. Faqat o‘yin oxirlariga borganda Maksimiliano Arauxo darvozabondan qaytgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi va jamoasini sharmandali mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi – 1:1.
Bu durangdan keyin H guruhida yaqqol yetakchi yo‘q. Keyingi turda kuni Urugvay Kabo-Verde bilan, Ispaniya Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
O‘yin oldidan namoyish
Eron – Yangi Zelandiya 2:2
Gollar: Jast, 7 (0:1). Rizoyan, 32 (1:1). Jast, 54 (1:2). Muhibiy, 64 (2:2)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Ne’matiy, Muhammadiy, Rizoyan, Izzatullohiy, G‘addos (Hojisafiy, 65), Yusufi (G‘ayidiy, 46), Muhibiy, Torimiy (Husaynzoda, 80), Muganlu (Alipur, 53)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Boksall, Sarmen, Kakache (Old, 68), Peyn (Elliot, 78), Bell, Stamenich (Bindon, 90), Singh (Rendell, 90), Jast, Makkovatt (Tomas, 68), Vud
Ogohlantirish: Hojisafiy, 89
Bu hozircha jahon chempionatining eng siyosiylashgan o‘yini bo‘ldi. Eron hamon AQSh bilan urush holatida: islom respublikasi jamoasi turnirgacha yo‘lda katta qiyinchiliklar va mojarolarni boshdan kechirdi: Amerika rasmiylari jamoani o‘z hududiga faqat o‘yin kuni kirgizdi (ungacha jamoa bazasi Meksika hududiga ko‘chirilgandi), shuningdek, delegatsiyaning 14 nafar a’zosiga viza berilmadi. Eronliklar jamoasida ichki muammolar ham yetarli edi. Masalan, mamlakat futboli tarixidagi eng mashhur futbolchilardan biri Sardor O‘zmun muxolifcha qarashlari tufayli tarkibga kiritilmadi. O‘yin boshlanishi arafasida ham keskin muhit hukm surayotgandi. Amerikada istiqomat qiluvchi yuzlab eronliklar stadiong atrofida hozirgi rejimga qarshi namoyish o‘tkazishdi. Ular mamlakatning shoh boshqaruvi davridagi bayroqlarini hilpiratishdi va Donald Trampning portretlarini ko‘tarishdi.
O‘yinning o‘zi esa tinch kechdi. Shu kuni Los-Anjyelesdagi 70 ming kishilik stadion liq to‘ldi. Eronliklar o‘yinni faollik bilan boshlagandi, ammo 7-daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborishdi: Elayja Jast hisobni ochishdi. Ammo Okeaniya vakillari hisobdagi ustunlikni tanaffusgacha saqlab qola olishmadi – Ramin Rizoyan muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘limda ssenariy takrorlandi. Yangi zelandiyaliklar yana Jastning sa’y-harakatlari evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi, ammo bu safar ham javob golini o‘tkazib yuborishdi. «Rostov» yarimhimoyachisi Muhammad Muhibiy jarima maydoniga oshirilgan to‘pga barchadan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Endi G guruhida ham barcha jamoalarda bittadan ochko bor va ikkinchi tur oldidan vaziyat chigallashdi. Keyingi turda Belgiya Eron bilan, Misr Yangi Zelandiya bilan o‘yinda maydonga tushadi.
Dastlabki iste’fo
Jahon chempionati davomidagi iste’folar – kamdan kam kuzatiladigan holat, ammo bu safargi turnir o‘zgacha bo‘lmoqda. Jahon tarixida ilk bor turnir startidayoq bosh murabbiy iste’foga chiqarildi — tunisliklar ustozi Sabri Lyamushi jabrlanuvchi rolida.
Insaydlarga ko‘ra, 54 yoshli fransuzni ikki narsa uchun kechirishmagan. Birinchisi – Shvetsiyadan uchralgan 1:5 hisobidagi mag‘lubiyat. Ikkinchisi – uning o‘g‘lining (murabbiylar shtabi a’zosi) o‘yindan keyin fanatlar bilan mushtlashgani.
Lyamushi Tunis milliy jamoasi boshqaruviga ko‘p vaqt bo‘lmagandi va natijalar ham yaxshi emasdi: u jamoa bilan besh o‘yin o‘tkazib, uchtasida yutqazdi (jumladan, Belgiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini 0:5 hisobida yakunlangan) va faqat bittasida g‘alaba qozondi. Mish-mishlarga ko‘ra, uni jamoa futbolchilari ham, muxlislar ham yoqtirishmagan. Endi tunisliklarni turnirning qolgan o‘yinlarida Muxtor Kebayyer boshqarib turishi aytilmoqda, u milliy jamoada 2019 yildan 2022 yilgacha ham ishlagandi. Boshqa variant ham bor: jurnalist Romen Molinaga ko‘ra, «Karfagen burgutlari»ni qutqarish missiyasi muqaddam Saudiya Arabistoni, Marokash va Kot-d’Ivuar kabi jamoalarda ishlagan Erve Renarga topshiriladi.
Tunisni oldinda Niderlandiya va Yaponiyaga qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Portugallar bo‘rondan aziyat chekdi
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtidayoq ma’lum edi: AQShdagi ob-havo sharoiti o‘yinlarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu mamlakatda tez-tez tornado va bo‘ronlar bo‘lib turadi, shu tufayli xavf tug‘ilgan taqdirda har qanday tadbirni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi qat’iy reglament mavjud.
Hozircha bunday sabab bilan o‘yinlarni to‘xtatishga to‘g‘ri kelmadi. Ammo tabiiy ofat bilan bog‘liq hodisalar ko‘payib bormoqda – 15 iyun kuni Portugaliya milliy jamoasi bo‘ron haqidagi ogohlantirish tufayli avvaliga matbuot anjumanini, keyin esa kechki mashg‘ulotlarni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Kongo Demokratik respublikasiga qarshi o‘yin uchun Krishtianu Ronaldu va jamoadoshlari yopiq pavilionda tayyorgarlik ko‘rishiga to‘g‘ri keldi.
Portugallar uchun bu turnirdagi ilk muammo emas. Bir kun oldin Robert Martines shogirdlariga plyajda dam olishga ruxsat berilmagandi. A Bola nashri yozishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari muxlislar ko‘payib ketgani uchun futbolchilarni mehmonxonadan chiqarmagan. Faqat Ruben Diash, Bernardu Silva va Joau Konselu kabi futbolchilar ularning to‘sig‘idan o‘tib, suvga tushishga muvaffaq bo‘lgan.
16-17 iyun kunlari uchun taqvim
Jahon chempionatida qiziq o‘yinlar hali oldinda. 16 iyun kuni kechqurun va 17-iyunga o‘tar kechasi quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:
00.00. Fransiya — Senegal
03.00. Iroq — Norvegiya
06.00. Argentina — Jazoir
09.00. Avstriya — Iordaniya
-
Iqtisodiyot5 days agoMevalar nega qimmat?
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days ago“Ijtimoiy reyestr”dagi yosh oilalar uchun ijara xarajatlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoKolumbiya o‘yinini angliyalik hakam boshqaradi
-
Jamiyat5 days agoToshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
