Sport
Javohir Sindorov Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi
U finalda Xitoy vakili Vey Ini mag‘lub etdi va Jahon kubogida g‘olib chiqqan eng yosh chempionga aylandi.
Foto: Michał Walusza / FIDE
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon kubogi finalida xitoylik Vey I ustidan g‘alabaga erishdi.
Ushbu shaxmatchilarning 25 noyabr kungi bahslarida durang qayd etilgandi: 0,5 – 0,5, 0,5 – 0,5.
Natijada g‘olib 26 noyabr kuni tay breykda aniqlandi. Tay breykning ham birinchi partiyasida kuchlar teng keldi, ammo ikkinchi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchi yakuniy g‘alabaga erishdi.
Bu orqali u ushbu turnirda g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi. 2004 yilda Rustam Qosimjonov Latviyada o‘tkazilgan Jahon kubogida g‘olib bo‘lgandi (o‘sha vaqtda FIDE jahon kubogi va jahon chempionatini bitta nomda o‘tkazgan).
Bu qanday turnir?
2025 yilgi Jahon kubogi – Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE ) himoyasi ostida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik shaxmat nokaut turniridir. Unda 2 million dollarlik mukofot fondi va 2026 yilgi Da’vogarlar turniriga uchta yo‘llanma o‘ynaladi.
G‘olib 120 ming dollar, ikkinchi o‘rin egasi 85 ming dollar, uchinchi o‘rin 60 ming dollar va to‘rtinchi o‘rin 50 ming dollar oladi. Sovrinlar birinchi bosqichga qadar taqsimlanadi, minimal to‘lov 3500 dollarni tashkil qiladi.
So‘nggi yillarda jahon chempionatida Magnus Karlsen (2023), Yan-Kshishtof Duda (2021), Teymur Radjabov (2019) va Levon Aronyan (2005, 2017) g‘olib chiqqan. Boshqa g‘oliblar orasida Piter Svidler, Vladimir Kramnik, Sergey Karyakin, Boris Gelfand va Gata Kamskiy nomlarini keltirish mumkin.
Bu yilgi turnir yarimfinalida o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi – Javohir Sindorov va Nodir Yoqubboyev bir-biriga qarshi dona surgandi. Sindorov ushbu bahsda g‘alaba qozonish orqali finalga chiqish bilan birga Da’vogarlar turniriga yo‘llanmani naqd qildi. Yoqubboyev esa yo‘llanma uchun ikkinchi imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo 3-o‘rin uchun bahsda u rossiyalik Andrey Yesipenkoga yutqazib qo‘ydi (0:2).