Connect with us

Siyosat

O‘zbekiston va Ozarbayjon qardosh mamlakatlar, ishonchli ittifoqchilardir

Published

on


Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan intervyu tashkil qilindi.

– Hurmatli janob Prezident, yaqin kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etishingiz kutilyapti. Ushbu format haqida qanday fikrdasiz? Ozarbayjonning mintaqa davlatlari bilan aloqalari qay tusda rivojlanmoqda va hamkorlikning bugungi darajasi Sizni qoniqtiradimi?

– Avvalo, ta’kidlamoqchimanki, bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etishim. Men qatnashgan birinchi shunday tadbir 2023 yil Dushanbeda, ikkinchisi 2024 yil Ostonada bo‘lib o‘tgan. Navbatdagi muloqotga Toshkent mezbonlik qiladi. Barcha hamkasblarim, ayniqsa O‘zbekiston Prezidenti, birodarim Shavkat Mirziyoyevga taklif hamda Ozarbayjonning ushbu muhim tadbirda ishtirokini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki, strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir.

Mamlakatlarimizni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak diniy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odatlar birlashtirib turadi.

Ozarbayjon mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni eng yuqori darajada har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Ikki tomonlama asosda o‘rnatilgan mazkur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek faol siyosiy muloqotimiz, o‘zaro tashriflarimiz ushbu jarayon muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

So‘nggi bir necha yil ichida davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va muloqotlari dinamikasi munosabatlarimiz yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, oxirgi 3 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarbayjonga 30 ga yaqin tashrifni amalga oshirdi, men esa xuddi shu davrda qardosh mamlakatlarga 13 marta bordim.

O‘rta yo‘lakning ahamiyati ortib borayotgani sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, transport, investitsiya, energetika, madaniy-gumanitar va raqamli transformatsiya sohalaridagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda muhim bosqich bo‘ladi.

– Muhtaram Prezident, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar jadallashgani, faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro anglashuv yuksak darajaga ko‘tarilganini ta’kidladingiz. So‘nggi bir yarim yil ichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga 5 marta tashrif buyurdi. Qolaversa, yil davomida turli xalqaro maydonlarda ham bir necha bor uchrashdingizlar. Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yildagi ikki tomonlama aloqalar holatini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston – Ozarbayjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi. Bizni mushtarak ildizlar, ma’naviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta.

Hozirga kelib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan.

Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizda shakllangan ishonchli va do‘stona shaxsiy munosabatlar ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi, keng ko‘lamli hamkorlikni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy e’tiborini alohida ta’kidlamoqchiman.

Qardosh O‘zbekiston rahbari, atoqli davlat arbobi, Ozarbayjonning yaqin do‘sti Prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. Qayd etganingizdek, o‘tgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosabatlarimizning yuqori sur’atidan dalolat.

O‘tgan yil avgust oyida men davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda, shu yil iyul oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonda bo‘ldi. Ushbu tarixiy tashriflar doirasida o‘nlab, jumladan Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si va boshqa muhim hujjatlar imzolandi. O‘tgan qisqa davr mobaynida ulkan ishlar bajarildi. O‘zaro tashriflarning hammasi Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarini barcha sohalarda mustahkamlash, shuningdek Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini o‘z ichiga olgan yagona geografik makonda sheriklikning yangi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga kuchli turtki berdi.

Munosabatlarimizni rivojlantirish strategiyasini belgilashda 2023 yil avgust oyida ta’sis etilgan Oliy davlatlararo kengash ham alohida o‘rin tutadi. O‘zaro davlat tashriflari doirasida – 2024 yil 22 avgust kuni Toshkentda va 2025 yil 2 iyulda Bokuda ushbu tuzilma yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekistonga Qorabog‘ni tiklash, xususan Fuzuliyda hozir 600 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab qurilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston Qorabog‘ mintaqasini tiklashda yordam ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Biz buni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz.

Qardosh mamlakatga bo‘lajak tashrifni intizorlik bilan kutyapman. Har safar O‘zbekistonning jadal rivojlanishini, mamlakat xalqi erishayotgan ulkan yutuqlarni behad mamnunlik bilan kuzataman. Keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, jamiyat hayotining barcha sohalari izchil modernizatsiya qilinayotgani mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu yutuqlar do‘stim va birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va puxta o‘ylangan davlat siyosati samarasidir.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ozarbayjon va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining faol a’zolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, munosabatlarimiz BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OHIChK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.

– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi darajasini qanday baholaysiz?

– Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi dinamikasidan to‘liq qoniqish mumkin. Har ikki tomon o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun katta ishlar qilmoqda, yangi loyihalarni ilgari surib, qo‘shma tashabbuslar ilgari surishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda Ozarbayjonda O‘zbekiston investitsiyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin tijorat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Xususan, 2024 yil o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 252 million dollarni tashkil etdi, 2025 yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 87,5 foiz o‘sib, 319 million dollarga yetdi.

Sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Ozarbayjon iqtisodiyotiga 21,8 million dollar sarmoya kiritgan, Ozarbayjon esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga 183,5 million dollar investitsiya yo‘naltirgan. 2023 yil umumiy kapitali 500 million dollarlik, ham mamlakatlarimiz hududida, ham uchinchi davlatlarda loyihalar amalga oshirishni ko‘zda tutgan Ozarbayjon – O‘zbekiston qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Yengil sanoatni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgan, an’anaviy do‘stlik va qardoshlik rishtasini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan Xonkendidagi qo‘shma korxona – tikuvchilik fabrikasi ham alohida e’tiborga loyiq.

Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini e’tirof etish lozim. Muntazam o‘tkazib kelinayotgan Ozarbayjon – O‘zbekiston mintaqaviy forumi ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi.

Ozarbayjon qardosh O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Buning uchun yuksak siyosiy iroda va ulkan salohiyat mavjud. Bugungi kunga qadar iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun ishonchli huquqiy asos yaratgan 200 ga yaqin hujjat imzolangan. Ozarbayjon bundan keyin ham ikki tomon manfaatlariga mos keladigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

– Transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning qanday istiqbollarini ko‘ryapsiz?

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri diversifikatsiyalangan transport-logistika infratuzilmasini yarati va tranzit imkoniyatini kengaytirishdir. Bu borada mamlakatlarimizning “O‘rta yo‘lak” xalqaro transport yo‘lagidagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Bu jarayonda Ozarbayjon O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. So‘nggi yillarda ushbu yo‘lak orqali eksport imkoniyati va tashuv salmog‘ini oshirish masalasi alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda.

2024 yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tranzit tashuv 2023 yilga nisbatan 18 foizdan ko‘proq oshib, 1 million 300 ming tonnadan ortdi. 2025 yilning to‘qqiz oyidayoq bu ko‘rsatkich qariyb 1 million tonnaga yetib, transport almashinuvi jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.

Ozarbayjonda yaratilgan zamonaviy transport infratuzilmasi, jumladan savdo floti, yaqin yillarda quvvati 25 million tonnaga yetadigan “Alat” xalqaro savdo porti, Boku– Tbilisi –Qars temir yo‘li, shuningdek mamlakatning to‘qqiz xalqaro aeroporti global transport va logistika markazi sifatidagi o‘rnimizni mustahkamlovchi omillardir. Bundan tashqari, Zangezur yo‘lagi ochilishi ham Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga foyda keltiradi.

Shaharlarimiz o‘rtasidagi avia parvozlar muhim ahamiyatga ega. “AZAL” aviakompaniyasi haftasiga Boku – Toshkent – Boku yo‘nalishida 7 marta, Boku –Samarqand – Boku hamda Boku – Urganch –Boku yo‘nalishlarida 2 martadan yo‘lovchi reyslarini amalga oshirmoqda. O‘z navbatida, bir haftada “Uzbekistan Airvays” aviakompaniyasi samolyotlari Toshkent –Boku – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab 3 marta, “Syentrum” kompaniyasi uchoqlari esa 2 marta uchyapti.

Energetika sohasidagi hamkorlik va “yashil” energetikani rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. “SOSAR” O‘zbekistonga Ozarbayjon neft va neft-kimyo mahsulotlari eksport qiladi. 2016 yildan buyon “Ozlitineftgaz” instituti va “SOSAR NIPI Neftegaz” negizida tashkil etilgan “Neftegaztexnologiya” qo‘shma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

2024 yil Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tizimlarini integratsiyalash va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan qator strategik bitim va memorandumlarni imzoladi. Bu mintaqani barqaror rivojlantirish va energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.

– Ozarbayjon va O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligi haqida nima deya olasiz?

– Madaniy-gumanitar hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Biz umumiy tarixiy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lida birga odimlab, barcha darajalarda yaqin hamkorlikni davom ettiryapmiz.

Xususan, 2023 yil Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024 yil O‘zbekiston fan va madaniyat kunlari o‘tkazildi. Shu yil O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari, Xiva shahrida “Shusha kunlari” tashkil etildi. Ushbu tadbirlar xalqlarimizning boy madaniy merosini namoyon etish, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va bir-birimizning ma’naviy olamimizni boyitishga bo‘lgan yakdil intilishni aks ettiradi.

Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ismoilli – Rishton, Shusha – Xiva, Lankaran – Buxoro, Sheki – Qo‘qon, Bilasuvar – Termiz, Mingachevir – Namangan, Fuzuliy – Guliston, Quba – Jizzax, Beylagan – Shahrisabz shaharlari o‘rtasida birodarlik va sheriklik aloqalari o‘rnatildi. Hududlararo aloqalar faollashuvi xalqlarni yaqinlashtirish, tajriba almashish va hamkorlikning madaniy-gumanitar kun tartibini boyitishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning ramziy ifodasi sifatida madaniy ahamiyatga ega ob’yektlar mavjud: Toshkentda Haydar Aliyev maydoni bor. Shu yil iyul oyida Bokuda “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yildi.

Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga ko‘rsatilayotgan ehtirom, chin birodarlik munosabati uchun O‘zbekiston rahbariyati va butun qardosh o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirmoqchiman.

Sport sohasidagi hamkorlikda ham yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ikki davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida FIFA Ijroiya qo‘mitasi 2027 yil bo‘lib o‘tadigan U-20 Jahon chempionati final bosqichini Ozarbayjon va O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu Yevropa va Osiyoni birlashtiradigan umumiy tarixiy yutug‘imizdir.

Ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda. 2024 yil 23-25 sentyabr kunlari Toshkentda birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon mediaforumi, joriy yil 29 sentyabrda Bokuda ikkinchi Ozarbayjon –O‘zbekiston mediaforumi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, 2024 yil dekabr oyida Toshkentda ilk bor O‘zbekiston va Ozarbayjon nodavlat tashkilotlari forumi tashkil etildi.

Mazkur tadbirlar va amalga oshirilgan loyihalarning barchasi Ozarbayjon va O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi mustahkam qardoshlik aloqalarini yaqqol namoyon etib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, ma’naviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

– Janob Prezident, ushbu mazmunli suhbat uchun tig‘iz ish jadvalingizdan vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

– O‘zbek xalqining Ozarbayjon –O‘zbekiston munosabatlari va umuman mintaqada ro‘y berayotgan jarayonlarga qiziqishi tobora ortib borayotgani menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bog‘lab kelgan do‘stlik va hamkorlik rishtalari bardavom bo‘lsin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Siyosat

Prezident Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini iqtisodiy tuzilmaviy islohotlar masalalari bo‘yicha qabul qildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlar kun tartibi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Delegatsiya Jahon bankiga aʼzo davlatlar Shveytsariya guruhi yigʻilishida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

Uchrashuv boshida janob Bassani Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Bangadan tabrik va tabriklar oldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, ayniqsa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Har ikki tomon so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada kengayib, qo‘shma loyihalar portfeli hozirda 15 milliard dollardan oshganini qayd etdi. Shuningdek, Jahon bankining Toshkent mintaqaviy vakolatxonasining roli ortib borayotgani va moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishni, jumladan, Jahon banki yuqori mansabdor shaxslarining joriy yil oxirida rejalashtirilgan tashrifini ko‘rib chiqdilar hamda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan yangi uzoq muddatli davlat dasturini ishlab chiqishga sodiqliklarini tasdiqladilar.

Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni kamaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Rasmiylar iqtisodiyot bo’ylab sun’iy intellekt texnologiyasini joriy etishni qo’llab-quvvatlash uchun Jahon banki moliyalashtirishdan kengroq foydalanishni ko’rib chiqdilar.

Yig‘ilishda, shuningdek, suv resurslarini boshqarish, inson kapitalini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarini oshirish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekiston AQSh tovarlari uchun tariflarni pasaytiradi

Published

on


O‘zbekiston va AQSh o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitimni tuzish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, tomonlar so‘nggi bir yilda ikki tomonlama munosabatlarda salmoqli natijalarga erishgan va kelishuv yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda. Saida Mirziyoyeva bu jarayon ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.

AQSh Savdo vakili idorasi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash, savdoda o‘zaro manfaatdorlik, muvozanat va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan savdo majburiyatlarining dastlabki to‘plami bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston AQShning sanoat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlarining keng ro‘yxati uchun bojxona tariflarini bekor qilish yoki pasaytirish majburiyatini oldi.

AQSh esa o‘z navbatida, Amerika qonunchiligi doirasida va bu o‘rinli deb topilgan hollarda O‘zbekistondan import qilinadigan sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan tarif choralarini ijobiy ko‘rib chiqish niyatini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki tomonlama investitsiyalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga kelishib oldi.

AQSh Savdo vakili idorasiga ko‘ra, ushbu kelishuvlar prezidentlar Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Idoraning eslatishicha, ikki davlat avvalroq umumiy qiymati 32 milliard dollarlik tijorat bitimlari, jumladan, «Boeing» bilan 8,5 milliard dollarlik shartnoma, shuningdek, muhim minerallar, tog‘-kon sanoati, energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlarni e’lon qilgan.

AQSh, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlab, dastlabki kelishuvlar yaqin haftalarda rasman qayd etilishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Baxtiyor Saidov Eron TIV rahbari bilan gaplashdi: tafsilotlar

Published

on


TIV rahbari Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. 

Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi ziddiyatni yakunlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonining so‘nggi bosqichlari yuzasidan ma’lumot olingan hamda mintaqadagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashildi. 

O‘zbekistonning mintaqadagi keskinlikni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, muloqotni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish muhimligini qayd etildi. 

«Shuningdek, O‘zbekiston–Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldik», deya ta’kidlaydi Saidov. 



Source link

Continue Reading

Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni AQSh Savdo vakili Jeymison Greerni qabul qildi va ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish, iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida AQSH delegatsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi.

Muhokamalarda asosiy e’tibor o‘zaro savdo va sarmoyalarning barqaror o‘sishiga qaratildi, har ikki tomon ham ishbilarmonlar o‘rtasidagi qoniqarli aloqalar ko‘payib borayotganini ta’kidladilar. Davlat rahbarlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yaqinda AQSH ishbilarmonlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlarining amaliy natijalarini koʻrib chiqdilar.

Muzokaralarda asosiy e’tibor O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoniga qaratildi. Prezident Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vakili idorasi mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini ragʻbatlantirishda Qoʻshma Shtatlarning doimiy qoʻllab-quvvatlashi va hamkorligini muhokama qildi.

Shuningdek, tomonlar Amerika-O‘zbekiston biznes va sarmoyaviy kengash imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhimligini ta’kidladilar. Bu mexanizm endilikda Amerika kompaniyalari va Oʻzbekiston hamkorlari oʻrtasida yangi loyiha tashabbuslarini aniqlash, ishlab chiqish va ilgari surish uchun asosiy platforma boʻlib xizmat qiladi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Britaniya sobiq bosh vazirini qabul qildi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Global o‘zgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toni Bler Yangi O‘zbekistondagi izchil va keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon bo‘lgani e’tirof etildi.

Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilg‘or innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.