Mahalliy
O‘zbek yosh tadqiqotchi Garvardda nimani o‘rganmoqda?
Ba’zi yoshlarning dunyoqarashini ko‘rib, «aql yoshda emas – boshda» degan gapning naqadar to‘g‘riligini yana bir bor his qilaman. Faoliyatim davomida olimlar, ziyolilar, amaldorlar va eng oddiy insonlar bilan suhbatlashdim. Ba’zida ziyolilar bilan suhbatdan ko‘nglim yorishgan, ba’zi olimman degan odamdan kutgan javobimni ololmagan paytlarim ham bo‘lgan…
Andijonlik 26 yoshli Sherzodbek Omonov 2022-yil Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qib yurgan paytida Global UGRAD dasturi grantini qo‘lga kiritgan. Suhbatdoshim savollarga javob berish asnosida yana bir haqiqatni esga soldi: inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, nafaqat ilmiy salohiyati oshadi, balki ichki dunyosi ham rivojlanadi. Ochig‘ini aytsam, yo‘llagan javoblarida birorta imlo xatosi yo‘q bo‘lgan ilk suhbatdoshga duch kelib turibman. Ana shunday serqirra, tartibli va maqsadli yoshlar borligi esa odamni xursand qiladi.
– G‘arbiy Virjiniya universitetida o‘qish hayotingizni qanday o‘zgartirdi?
– Global UGRAD dasturi menga mutlaqo yangi, moslashuvchan va shaxsiy qiziqishlarga asoslangan yondashuvni taklif etdi. Ilk bora o‘z o‘quv dasturimni mustaqil ravishda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lgandim – qiziqqan yo‘nalishim asosida fanlarni o‘rganish, o‘qituvchilarni belgilash, dars jadvalini o‘zimga qulay tarzda tuzish tanlovi meni juda hayratda qoldirgandi.
Bundan tashqari, butunlay yangi madaniy muhit, o‘zga qadriyatlar va mutlaqo notanish ijtimoiy me’yorlar orasida yashash, insonni o‘zini qayta kashf etishga undarkan. Va albatta til borasida ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Ingliz tilidagi muloqot ko‘nikmalarim sezilarli darajada yaxshilandi va aynan shu davrda men Garvard Huquq maktabiga hujjat topshirish qaroriga kelgandim.
O‘qishni tugatgach, bu tajribani uch yillik yuridik loyihalar menejeri sifatidagi amaliy faoliyatim orqali mustahkamlashni boshladim. Murakkab loyihalarni boshqarish va turli jamoalar – mahalliy, xalqaro ekspertlar bilan ishlash menga muammolarni ijodiy hal etish, muloqot va hamkorlikning ahamiyatini chuqur tushunishga yordam berdi.
Talabalik yillarimda huquq va texnologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikka qiziqishim kuchli bo‘lgan. Shu sababli bakalavr bitiruv ishimni ham aynan shu yo‘nalishda yozgan edim. Amaliy faoliyatim davomida esa turli hil sun’iy intellekt vositalarini sinab ko‘rdim va bu texnologiyalar yuridik jarayonlarga – hujjatlarni avtomatlashtirishdan tortib tahlilga asoslangan qarorlarni qabul qilishgacha, qanchalik faol kirib kelayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
– Garvard huquq maktabi ta’limi faqat nazariya emas, balki fikrlash madaniyatini ham o‘rgatadi, deyishadi, shu fikrga qo‘shilasizmi?
– Garvard huquq maktabining o‘qitish uslubi ko‘proq tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv va masalaning tub sabablarini tahlil qilishga qaratilgan. Darslar ko‘pincha Suqrot usulida olib boriladi – professorlar talabalarni kutilmaganda savollar bilan muloqotga chorlaydi. Bu usul yoshlarni tezroq fikrlashga, pozitsiyasini asoslab berishga va tahliliy mulohaza yuritishga undaydi. Masalan, hozirda o‘qiyotgan Konstitutsiyaviy huquq fanida professor nafaqat sud qarorini tushuntirib berishni, balki «Nega aynan shunday qaror chiqarilgan?» yoki «Qanday alternativ qaror bo‘lishi mumkin edi?» kabi savollar orqali chuqurroq fikrlashga undaydi.
Garvardda yana bir muhim jarayon – bu moslashuvchanlik. Professorlar dars o‘tish va baholash shaklini o‘zlari belgilaydilar, ya’ni kimdir yakuniy imtihon o‘tkazsa, boshqasi ilmiy maqola, sinfdagi ishtirok yoki amaliy mashg‘ulotlarga urg‘u beradi. Yana bu yerda darsdan tashqari ko‘shimcha mashg‘ulotlar va amaliy imkoniyatlar soni nihoyatda ko‘p, ilmiy tadqiqotga bo‘lgan e’tibor ham juda sinchkovlik bilan yo‘lga qo‘yilgan. Buni «subciting», ya’ni maqolalarda keltirilgan manbalarni tekshirish, havolalar to‘g‘riligini aniqlash va ularning Bluebook qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilganini tasdiqlash jarayoni orqali ko‘rish mumkin. Men hozirda Harvard Journal of Law and Technology (JOLT) jurnalida tahrirchi sifatida volontyorlik qilmoqdaman. Har semestr boshida barcha ilmiy jurnallar talabalarni ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qiladi. Bu tajriba ilmiy tadqiqot sifatiga qay darajada e’tibor berilishini ko‘rsatuvchi yaqqol misoldir.
Garvardda yirik xalqaro yuridik firmalar vakillari, sudyalar, siyosatchilar va soha yetakchilari bilan bevosita uchrashish imkoniyati deyarli har kuni mavjud. Hafta davomida 7–10 tagacha tushlik paytiga belgilangan uchrashuv yoki ma’ruzalarda AQSh Oliy sudi sudyalari hamda yetakchi yuristlar talabalar bilan tushlik yoki kofe ustida suhbatlashadilar.
– Yurtimizda «katta dunyoga chiqish» orzusida bo‘lgan yoshlar juda ko‘p, ammo bu yo‘lda qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy…
– Men uchun bu jarayonda eng katta haqiqat – faqat ishtiyoqning o‘zi yetarli emasligini anglash bo‘lgan. Uzoq muddatli maqsadlarga erishish uchun tizim, qat’iyat va doimiylik yanada muhimroq ekanini tushundim. Katta orzular va maqsadlar qo‘yish, albatta, kerak, lekin katta natijalarga ko‘pincha har kuni bajariladigan mayda, hatto ba’zan zerikarli ishlar orqali erishiladi.
Masalan, yaxshi kitob o‘qish, har kuni o‘nta yangi so‘z yodlash, yozish mahoratini har kuni ozgina yaxshilab borish yoki kichik loyihalarni yakunlash kabi oddiy qadamlar vaqt o‘tishi bilan mustahkam poydevor yaratadi. Ayniqsa, nufuzli universitetlarga ariza topshirish jarayonida bu yaqqol namoyon bo‘ladi – bu katta harakatning emas, balki kundalik, doimiy va odatda zerikarli mehnatning natijasidir.
– Sun’iy intellekt yuridik jarayonlarda, xususan shartnoma huquqida insonning rolini qisqartirishi mumkinmi? Ya’ni AI vositalari shartnomalarni tahlil qilish va tuzishda faol qo‘llanilyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, bu huquqshunoslar mas’uliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Sun’iy intellekt (AI) huquqshunoslarning shartnomalar bilan ishlash uslubini sezilarli darajada o‘zgartirmoqda, biroq hozircha ushbu sohada insonning o‘rnini to‘liq bosa oladigan darajaga yetgani yo‘q. AQShdagi yirik yuridik firmalari Harvey AI, Spellbook va Kira kabi vositalardan foydalanib, shartnomalarni tuzish, tahlil qilish va ko‘rib chiqish jarayonini ancha tez va qulay amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, yuristlar AI tomonidan yaratilgan natijalarni sinchkovlik bilan tekshirib chiqishlari zarur, chunki oxir-oqibat hujjatning to‘g‘riligi va qonuniy jihatdan to‘g‘ri tuzilishiga ular javobgar, dastur emas. Dastur esa faqat yordamchi vosita sifatida xizmat qiladi.
– Izlanish jarayonida sun’iy intellekt va huquq masalasini o‘rganayotgan boshqa tadqiqotchilar bilan ham muloqot qilasizmi?
– Bitiruv ishim sun’iy intellekt tomonidan muzokaralar orqali tuzilgan shartnomalarning boshqa yurisditskiyalarda ijro etilishi masalasiga qaratilgan. Ayniqsa xalqaro yurisdiksiya kontekstida – bunday shartnomalar qanday huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi va ularning ijrosi qaysi qonunchilikka asosan amalga oshirilishi kerakligi masalasini ko‘rib chiqyapman. Ushbu izlanishni men huquq va texnologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri – Kristofer Bavits rahbarligida olib boryapman. Garvarddagi professorlar juda foydali yo‘l-yo‘riq beradi, biroq oxir-oqibat asosiy fikrni ishlab chiqish va uni ilmiy asoslash talabaning zimmasida bo‘ladi. Professorlar odatda mustaqil fikrlash va ijodiy yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydilar, bu esa izlanuvchilarga katta erkinlik beradi.
Shuningdek, hozirda Sun’iy intellekt siyosati bo‘yicha men yakunlayotgan dastur (AI policy fellowship) Garvardning turli maktablaridan ishtirokchilarni birlashtiradi, ya’ni sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalarga turli burchaklardan yondashish imkonini beradi. Guruhimizda texnik, siyosiy va biznes sohasida tajribaga ega insonlar bor.
Yana bu yerda Jonatan L. Zitrain kabi yetakchi AI bo‘yicha olimlar va keng ilmiy resurslardan foydalanish imkoniyatining mavjud.
– Ilmiy ishingizda qaysi manbalarga asoslanyapsiz? Qonunchilik, sud tajribalari yoki AI algoritmlarini tahlil qilish…
– Olib borayotgan izlanishimda asosan yuridik tahlilga tayanmoqdaman, ya’ni mavjud sud amaliyoti, xalqaro konvensiyalar hamda ilmiy izohlarni o‘rganish orqali an’anaviy shartnoma huquqi tamoyillarining sun’iy intellekt tomonidan kelishilgan shartnomalarga qanday tatbiq etilishi mumkinligini tahlil qilmoqdaman. Mazkur yo‘nalish hali rivojlanish bosqichida bo‘lgani sababli, sun’iy intellekt orqali muzokara qilingan shartnomalarga oid bevosita sud amaliyoti misollari juda kam. Shu bois, tadqiqotimning muhim qismi avtomatlashtirilgan savdo tizimlari, smart-shartnomalar va vakillik instituti kabi yaqin sohalardan o‘xshashliklar keltirishga qaratilgan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, OECD va UNCITRAL kabi xalqaro tashkilotlarning siyosiy hujjatlari va me’yoriy takliflarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdaman, chunki ushbu tashkilotlar sun’iy intellektning javobgarligi hamda shartnomalarning haqiqiyligini tartibga solish bo‘yicha dastlabki huquqiy asoslarni ishlab chiqishni boshlagan.
Texnik jihatdan algoritmik sinovlarni o‘tkazmayman, biroq Pactum AI kabi sun’iy intellekt asosida muzokara olib boruvchi vositalar va shartnoma avtomatlashtirish platformalari amalda qanday ishlashini tahlil qilishga harakat qilayapman – xususan, ular ma’lumotlarni qanday qayta ishlaydi, shartlarni qanday aniqlaydi va kelishuvga qanday erishadi. Ba’zan yuridik texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tajribasidan foydalanib, ushbu tizimlarning ishlash tamoyillarini hamda ularni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan huquqiy muammolarni aniqlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ilmiy ishingiz natijalarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari haqida nima deya olasiz?
– Kelgusida tadqiqot natijalari bugungi global savdoni shakllantirayotgan texnologik o‘zgarishlarga javoban tegishli qonunlarga o‘zgartirish kiritishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilishi mumkin. Ayni paytda aksariyat mamlakatlarda sun’iy intellekt tizimlarining shartnoma tuzish yoki tomon nomidan huquqiy harakatlar amalga oshirish vakolatiga egami yoki yo‘qligi masalasida aniq huquqiy me’yor yo‘q. Ushbu tadqiqot esa mavjud shartnoma huquqlari aynan qaysi jihatlarda, xususan, rozilik, vakillik va javobgarlik tamoyillari qaysi nuqtalarda sun’iy intellektga nisbatan yetarli emasligini aniqlash hamda ushbu an’anaviy talablar qanday rivojlanishi moslashish mumkinligini taklif qilishni o‘z ichiga oladi.
Qonun ishlab chiquvchilar ushbu tadqiqot natijalariga murojaat qilib, sun’iy intellektning rolini tan oladigan, biroq inson mas’uliyatini zaiflashtirmaydigan yangi huquqiy tizimlarni ishlab chiqish jarayonida undan taklif sifatida foydalanishlari mumkin. Amaliy jihatdan esa AI tizimlaridan har bir qaror qanday qabul qilinganini aniq qayd etib borishni talab qilish orqali shaffoflikni, adolatlilikni ta’minlash mumkin. Shuningdek, ushbu tadqiqot xalqaro uyg‘unlashtirish sa’y-harakatlariga, masalan, BMTning Elektron savdo bo‘yicha model qonunini yoki raqamli savdo kelishuvlarini moslashtirishda hissa qo‘shib, sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning turli mamlakatlarda ham yuridik kuchga ega bo‘lishi borasida amaliy natijalar taklif qilishi mumkin.
– Bu tadqiqotlar O‘zbekistondagi huquq tizimiga qanday yangilik kiritadi, ya’ni sun’iy intellekt va huquq sohasi kelajakda qay darajada rivojlanishi mumkin, deb o‘ylaysiz?
– Sun’iy intellekt O‘zbekiston huquq tizimining muhim bir qismiga aylanishi shubhasiz – bu shunchaki vaqt masalasi. Dunyo amaliyotiga nazar tashlasak, yuridik soha allaqachon sun’iy intellekt ta’sirida tubdan o‘zgarib bormoqda va O‘zbekiston ham bu yo‘ldan borishi tabiiy jarayon.
Sun’iy intellekt yanada qulay va mahalliylashgan shaklga ega bo‘lgach, u yuristlarning kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylanadi – shartnomalarni avtomatik tuzish, katta hajmdagi huquqiy ma’lumotlarni tahlil qilish, qonunlardagi nomuvofiqliklarni aniqlash kabi ko‘plab jarayonlarda ishtirok etadi. Bu faqat yuridik firmalar uchun emas, balki sudlar, vazirliklar va xususiy korxonalar uchun ham tez, aniq va ishonchli huquqiy tahlil tizimini yaratishgaa olib keladi. Yurtimizda elektron hukumat davlat xizmatlarini qanday qilib tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa, sun’iy intellekt ham yuridik amaliyotga yangicha, samaraliroq, ma’lumotga asoslangan va shaffof yondashuvni olib keladi.
Menimcha, O‘zbekiston aynan shu yangi bosqich arafasida turibdi va sun’iy intellekt tomonidan tuzilgan shartnomalarning huquqiy holati borasidagi tadqiqotim bu jarayon bilan bevosita bog‘liq.
Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt va huquq sohasidagi innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, bu yo‘nalishdagi tajribamni yurtimiz foydasiga safarbar qilish – men uchun katta mas’uliyat hamda shaxsiy maqsaddir.
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi
Mahalliy
Maktablarda qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi
Maktablarda qishki ta’til 28 dekabrdan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Hukumatning 2017 yil 15 martdagi 140-sonli qaroriga muvofiq, 2025-2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki ta’til 28 dekabrdan (boshlang‘ich 1-4-sinflarda 27 dekabr — shanba kunidan) boshlanadi.
Ta’til 2026 yil 10 yanvargacha (14 kalendar kun) davom etadi.
2026 yil 11 yanvar yakshanba dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani bois, III chorak darslari 2026 yil 12 yanvardan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, kuzgi ta’til 10 noyabr kuni nihoyasiga yetgan edi.
Mahalliy
«G‘oyalar» qanday tug‘iladi yoxud tandirga qarshi «ulug‘» jangning boshlanishi
Havo iflos. Osmon xira. U ham bu holatdan qattiq qayg‘uda edi. Qanday qilib buni to‘xtatish, ekologiyani qutqarishga qanday hissa qo‘shish mumkin? U tashabbus ko‘rsatgisi keldi, keyin sakrab o‘rnidan turdi. Bunday «qutqaruvchi» fikrlar odatda odamga oqshom, ko‘zini shiftga tikib, o‘zini hamma narsaga qodir deb o‘ylagan payti keladi.
– Tandir! – deb baqirib yubordi. Topdim, ha-a, mana havo nega iflos!
Hammasiga tandir aybdor!
Shu zahoti uning xayolida ulug‘ reja chaqnab ketdi: «O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman!»
Qilichini devorga ilib qo‘ygan Don Kixotday g‘urur bilan o‘z-o‘ziga shivirladi: «Bir marta qilichimni ishga solsam, hamma tandir yiqiladi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «topilma»dan shunchalar xursand bo‘lib ketganidan paypoqni teskari kiyib, ko‘chaga chiqdi:
– Hoziroq topshiriq berishim kerak!
Uning xayolida shundoq ulug‘ manzara paydo bo‘ldiki, hozirgina insoniyat taqdirini o‘zgartirib yubordi go‘yo. Ko‘zlari yonib, ichida g‘urur bilan yana o‘sha gapni qaytardi:
– O‘zbekistondagi barcha tandirlarni yo‘q qilaman! Qilichimni bir ishga solsam tamom! Havo tozarib ketadi!
Yo‘l-yo‘lakay ketarkan ichida yana bir ovoz unga tinchlik bermaydi: «Eh, qaniydi odamlar mening naqadar aqlli, hech kimnikiga o‘xshamaydigan topqir, kreativ fikrli ekanimni bilishsa edi…»
U xayoliga kelgan bu ulug‘vor va g‘ayritabiiy «kashfiyot»dan shu qadar xursand ediki, go‘yo Nyuton olmani emas, tandirni kashf qilgandek…
U barcha qo‘l ostidagi xodimlariga o‘ylagan g‘oyasini aytdi. «Biz nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak, biz havo ifloslanishiga befarq emasligimizni, tabiatni, insoniyatni ardoqlashimizni isbotlash vaqti keldi»…
Barcha bir ovozdan har doimgidek Uning fikrini ma’qulladi. Hatto bir-biriga qarab: «Juda olijanob odam bilan ishlaymiz, fikrlari har doim kreativ, hech kimnikiga o‘xshamaydi», deya faxrlanib ham qo‘yishdi.
Mana o‘sha tandir bilan kurashga otlanish sahnasi: Qo‘llar cho‘ntakda. Yelkalar kerilgan. Qadamlar og‘ir. Tandirbuzarlar non va somsa pishayotgan, issiq havosi odamning yuragini yumshatib yuboradigan tandirlar qarshisiga g‘olibdek chiqib kelishardi. Ular o‘zlarini topqir, vatanparvar, qo‘rqmas, jasoratli, tarix yaratyapmiz, deb his qilishardi.
Ana biri osmonga qarab xo‘mrayib turibdi – go‘yo u hozirgina asr kashfiyotini qilib qo‘ygandek, ko‘zlarida tantana….
Hammasi bir vaqtda o‘ljasi tashlangan sherdek olg‘a yurdi. Qadamlarida shoshqaloqlik yo‘q, faqat viqor bor. Go‘yo bu tandir emas, butun bir imperialistik tizim edi. Go‘yo bu dev edi. Go‘yo bu asrlardan beri yashab kelayotgan yovuzlik edi, xalqni uzoq yillar «zaharlab kelgan» maxluq edi. Go‘yo ular tandirga emas, butun bir yovuzlikka qarshi borayapti. Ha tandir ularga og‘zini ochib turgan ajdarhodek ko‘rinib ketdi.
So‘ng barchasi bir vaqtda tishlarini g‘ijirlatdi: «eh, toza havo kushandasi tandiiir»…
Va nihoyat botirlar, shavvozlar, kuchi bilan tog‘ni talqon qiladigan bahodirlar qo‘llariga cho‘kich, bolta, bolg‘a, tosh olib tandirlarni maydalashni boshlashdi. Bahodirlar tandirning issig‘idan, olovdan, achchiq tutunidan qo‘rqmadi, kuchi yetmasa ekskavatorlar gumburlab ishga tushdi.
Ular tandirlarni bo‘laklarga bo‘layotganda har tomondan nafratini oshkor qildi:
– Tandir sen hali havoni iflos qilganingni tan olasan…
– O, tandir, buzib kuningni ko‘rsataman!
– Changingni chiqaraman, tandir!
– O, tandir, sen bilan hisob-kitobim bor!
– Yer bilan yakson qilaman tandir!
Bu oddiy g‘azab emas edi. Bu «mafkuraviy» nafrat edi, bu hojasiga ko‘rsatilayotgan sadoqat, vafo edi. Bu xayoliy dushmanga qarshi haqiqiy jasorat ko‘rsatish zavqi edi.
Yozuvchi Migel Servantesning qahramoni Don Kixotni eslaysizmi? U shamol tegirmonlarini xayolida yovuz dushman deb ular bilan kurashga otlanadi. Tandir ham Don Kixot kurashgan shamol tegirmonlaridek jim edi. Tandirbuzarlar esa Don Kixotdek g‘alabadan masrur edi.
Ular haqida hamma bildi. Shu zahoti mashhur bo‘ldi.
Ular to‘g‘ri, zavodlarni to‘xtatmadi, mashinalarni kamaytirmadi, ko‘mir siyosatiga aralasha olgani yo‘q, chetga ketayotgan gazimizni qaytarish g‘oyasini o‘ylab topmadi…
Ular tandirga qarshi kurash ochgan qahramon sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Tandirlar, ya’ni havoni ifloslayotgan ulkan devlar yiqildi, nonlar har yoqqa sochildi. Hisobot tayyor: «Ekologiyani yaxshilash uchun tarixiy kurash olib borildi.»
Ha, «sher»lar g‘alaba qildi, yovuz devlar – tandirlar «o‘ldi».
Faqat osmon hali ham xira…
Barno Sultonova
Mahalliy
O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi mamlakatlar fuqarolari ta’lim olmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–oktyabr oylarida jami 33 287 nafar chet el fuqarosi ta’lim olish maqsadida O‘zbekistonga kelgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 11 307 nafarga yoki 51,5 foizga oshgan.
Joriy yilning 10 oyida O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan chet el fuqarolari soni mamlakatlar bo‘yicha quyidagicha:
Hindiston — 14 322 nafar
Turkmaniston — 8 348 nafar
Tojikiston — 2 323 nafar
Pokiston — 1 620 nafar
Xitoy — 1 254 nafar
Janubiy Koreya — 806 nafar
Qirg‘iziston — 696 nafar
Misr — 498 nafar
Filippin — 461 nafar
AQSh — 429 nafar
Turkiya — 333 nafar
Afg‘oniston — 280 nafar
Iordaniya — 175 nafar
Rossiya — 158 nafar
Buyuk Britaniya — 153 nafar
Boshqa davlatlar — 1 431 nafar
Mahalliy
Ertaklardagi «yaxshi bola»lar yoxud Qimmatni nega yomon ko‘ramiz?
Sakkiz yoki o‘n yoshda edimmi, aniq esimda yo‘q, boshlang‘ich sinfda o‘qirdim. Maktab kutubxonasidan ilk olib o‘qiganim ustida quyonchaning surati bor, o‘rtasi titilib, yirtilib ketgani uchun katakli oq qog‘oz bilan yelimlangan ertak kitob edi.
foto:https://livejournal.com
Uni ko‘rsatilgan muddatda yetkazib berish kerak edi, ammo kitobni sira qaytargim kelmagandi. Ertak quyon qo‘rqoqligi uchun o‘zini aybdor his qilishi haqida edi. Bu kitobni yaxshi ko‘rib qolishimga esa…
Uyimizga qarindoshimizning men tengi o‘g‘li mehmonga kelgan va biz ikkalamiz yangi sandiq kataklari ichiga mix bilan suratlar chizgan kunimiz sabab bo‘lgan…
– Mana bu sandiqni kim tirnab tashladi?
Otamning qattiq ovozidan qo‘rqib ketdim.
– Qani bu yerga kel-chi, senam kel, dedi mehmon bolaga otam. Qo‘lida pashsha urgich bor edi. «Qurol»ni havoga sermagancha otam yana o‘sha savolni qaytardi:
– Kim qildi buni, tan olinglar bo‘lmasa xafalashib qolamiz.
Men otamning jahlidan qo‘rqib indamadim, mehmon bola esa sekin ovozda «biz» dedi. Otam keskin ohangda: – Sen qiz shunaqa ish qilishga uyalmasdan yana uning ustiga qo‘rqoq ham ekansan-ku, necha marta aytganman boshingga qilich kelsayam to‘g‘ri gapir deb…
Otam bizni urmadiyu… Ammo qattiq-qattiq gapirdi. Ochig‘i o‘sha kuni rosa xafa bo‘lganman. Axir doimo menga yaxshi qiz bo‘lish kerakligi uqtirilganda. O‘zimni ayblaganman… otam endi meni yomon ko‘rishini, «qizim» demay qo‘yishidan qo‘rqqanman. Yana qo‘rqoqligim, yolg‘onchiligim uchun o‘zimni ayblaganman. Shunday kunlarning birida qo‘limga shu kitob tushib qolgan. Ya’ni qo‘rqoq quyon, u qo‘rqoqligi uchun o‘zini yomon ko‘radi va ayblaydi… Balki o‘zim bilmagan holda bola ongim bilan qalbimdagi og‘riqqa davo izlagandirman. Esimda qolgan mazmuni ertak oxirida quyonchaga onasi: «mening dovyuragim, qo‘rqmasvoyimsan, qanday bo‘lsang ham eng yaxshi bolamsan», deydi…
O‘shanda quyoncha o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rganman. Qo‘rqoq va yolg‘onchi bo‘lsam ham ota-onam meni yomon ko‘rmasligiga ishongim kelgandir balki…
Bolalar adabiyoti bizning eng og‘riqli muammomiz. Chunki bolalar haqidagi kitoblarning ko‘pchiligi pand-nasihatlarga boy. Ammo bugun mutaxassislar nasihatli kitoblar bolalar uchun foydali emasligini isbotlamoqda.
«Bolani axloqqa chaqirish emas, ramz orqali qo‘rquvini yengishni ko‘rsatish kerak», deb hisoblaydi amerikalik psixolog Bruno Bettelxaym. Olimning fikriga ko‘ra, bola pand-nasihatli matnni qalbdan qabul qilmaydi, faqat «kattalar tili», deb hisoblaydi.
Jak Zipes (Breaking the Magic Spell) «Sehrli afsunni buzish: xalq ertaklarining radikal nazariyalari» kitobida esa bunday ertaklarni bolalarga ruhiy bosim o‘tkazish deb ta’kidlaydi.
Haqiqiy bolalar adabiyoti haqida gap ketganda Richard Amatoning so‘zlariga ko‘ra, tasavvur va ijodkorlikni rivojlantirish orqali bolalar yangi g‘oyalarni kashf etishlari, o‘z maqsadlariga erishish uchun shaxsiy motivatsiyani oshirishlari mumkinligiga e’tibor qaratadi.
Keyingi paytlarda bizning adabiyotshunoslar ham bolalar asarlari qanday bo‘lishi kerakligi haqida bong urishmoqda.
Bolalar adabiyoti qanday bo‘lishi kerak?
Bu haqida «Mutolaa» loyihasi badiiy muharriri Sa’dullo Quronov facebook sahifasida shunday deb yozadi: «Zamonaviy bolalar adabiyoti nafaqat cho‘pchak aytishi, balki bolaning ruhiy quvvat manbaiga aylanishi, uni jamiyatga moslashtirishi, mustaqil fikrlash va ijtimoiy ko‘nikmalarini shakllantirishi kerak. Ayniqsa, unda ilmiy metodlarga tayangan ta’limiy yondashuv bo‘lishi zarur.
Shu ma’noda, biz ko‘pincha o‘zbek bolalar adabiyotida hanuz an’anaviy didaktika hukmron deb aytib kelyapmiz. Ya’ni asarlarimizda yaxshi qahramon tug‘ilgandan yaxshi, yomonlar esa o‘zi shunday… Yechim ham jo‘ngina, yomonlarning «boshi tanasidan judo etiladi». Kreativroq holatlarda ikki boshli ajdahoga yem bo‘ladi. Aslida bu bolaga hayotning murakkabligini emas, faqat soddalashtirilgan axloqiy formulani o‘rgatadi, xolos.
Masalan, hamon biz uning an’analaridan chiqib ketmagan «Zumrad va Qimmat» ertagini oling.
foto:Skids uz https://www.youtube.com/
Unda murakkab xarakterlar yo‘q: biri butkul «oq», biri «qora». Ertakdagi ziddiyatlar zamonaviy ijtimoiy munosabatlar va bola ruhiyatiga mos tarzda talqin qilinmaydi. Ya’ni real hayotda shu kabi oilada yashaydigan bolaga yordam bermaydi. Qaytaga, jazolash bola uchun muhim motivga aylanadi. Uning tasavvurida «yaxshi odamlar bor va ular doim yaxshi, yomonlar ham bo‘ladi va ular doim yomon» degan ibtidoiy adabiyotga xos tushuncha mustahkam shakllanadi.
Yo‘q, an’anaviy ertaklar kerak emas, deganim yo‘q, bu muhim! Faqat ular muzey eksponatlari kabi. Ya’ni o‘zligimizni, adabiyotimizni tushunish uchun ma’lum darajada kerak. Lekin zamonaviy bolani tarbiyalash, unga nimalarnidir o‘rgatishga deyarli yaramaydi. Buni farqlab olishimiz shart.
Agar biz «Zumrad va Qimmat» kabi ertaklarni romantizatsiya qilishni, bola o‘qishi zarur birlamchi adabiyot sifatida taqdim qilishni bas qilmas ekanmiz, zamonaviy adabiyot ham rivojlanmaydi. Shuncha ertagimiz bor, oldin shularni o‘qib olsin yoki shularni qayta-qayta nashr etaylik deb yuraveramiz. Eski an’analarga sodiqligimiz sabab, bolalar adabiyoti – bu faqat tarbiya vositasi degan gegemon tasavvurdan ham qutila olmaymiz…»
«Menimcha bu postni bolalar adabiyotiga aloqador har kim o‘qib chiqishi kerak», deb yozadi o‘z sahifasida Dinara Mo‘minova.
Yozuvchi muallifning fikrlarini to‘ldirish asnosida bolalar adabiyotiga qanday mavzular yetishmayaptganini ham ta’kidlab o‘tadi:
«Bola kamchiligi bilan jamiyatda qabul qilinishi, ijtimoiy munosabatlarga qiynaladigan bolalarning ichki kechinmalari, otasining boshqa oilasi va bolalari haqida bilib qolgan, ota-onasi musofirchilikda pul topayotgan bolaning kechinmalari haqida kitoblar kerak. Bizda yana birinchi sevgi, o‘zini kamsitish, otasi doim kamsitgan o‘g‘il bola, onasi doim siltab, mehrsiz o‘sayotgan qizlar haqidagi asarlarga ehtiyoj bor. Uyida doim janjalga guvoh farzandlar, jismoniy muammosi (allergiya, qand kasalligi, autizmning dastlab ko‘rinishi, maxsus ehtiyojlarga egalik…) bor bolalar bilan maktabdagi munosabat haqida, kutilmagan o‘limga guvoh bo‘lgan bolalarning qalb kechinmalari va uyga borishga qo‘rqadigan bolalar, ota-onaning sovuq munosabatida qiynalayotgan, o‘zida kuch topa olmaydigan, onasi ruhiy muammolardan aziyat chekayotgan, yaxshi bo‘lishni istab, bo‘la olmayotgan bolalar yo‘qmi, ular o‘z muammosiga qayerdan javob topishi kerak? Bu mavzularning cheki yo‘q. Ular haqidagi kitoblar fantastika, fentezi, hikoya, komiks janrida bo‘lishi mumkin. Qahramonlar o‘zga sayyoraliklarmi yoki atrofimizdagi bolalar bo‘ladimi farqi yo‘q.
Dinara Mo‘minova fikrini davom ettirib shunday deydi: «Bunday kitoblar bolalarni ular dunyoda yolg‘iz emasliklarini, kechinmalarini hech bo‘lmasa mana shu muallif tushunayotganini, yordam so‘rashga haqli ekanliklarini anglashlari, ularning muammolari haqida suhbat qurishi va ulardan chiqib olish uchun yo‘l ko‘rsatishi kerak.»
Muallifning fikriga ko‘ra, yordamga muhtoj bolalarga faqat odobli qahramonlarga ega kitoblar tutqazilganda o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada pasayadi, o‘ziga bo‘lgan nafrat yanada oshadi. O‘zidan nafratlanadigan insondan xavfliroq inson yo‘q jamiyatda.
Tarbiya va chegaralar bolalarga kerak…
«Buni pedagog sifatida, ona sifatida ham ta’kidlayman. Chegaralar va tarbiya ko‘rmay o‘sgan bolalar jamiyatda juda qiynaladilar», — deydi Dinara Mo‘minova «Bolalar yozuvchisi» telegram kanalida bahs-munozaralarga o‘z munosabatiini bildirish asnosida. «Ammo didaktikadan hech voz kecha olmayotganimiz ham haqiqat. Misol uchun qadimgi ertagimizda Qimmatni ajdarho yeydi, lekin Qimmat aybdor emasku…. Axir muallif unga yordam berishi, nega Qimmat bunday bo‘lib qolgani haqida fikr yuritib ko‘rishi kerak emasmi?
Qancha muammosi bor bolalar o‘smirlik paytidan yomon yo‘lga kiradilar, yomon ishlar qiladilar…. ko‘pchiligi bunday yomon bo‘lishlariga hayot emas, balki ota-onalarning e’tiborsizligi sabab. Bu bolajonlarga muallif yaxshi bo‘l, desa ular shu kitobni o‘qiydilarmi? Balki muallif «seni tushunaman», «senga qiyin», «lekin sen kuchlisan», «sening oldingda mana bunday yo‘l ham bor», desa bola taskin topar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rar? Axir yomon yo‘lda yurgan bola yaxshi bo‘lishiga kuchi ham,bilimi ham yetmaydiku. Lekin har bir bola ich-ichida doim yaxshi bo‘lishni istaydi. Ota-onasi tomonidan yaxshi ko‘rilishni istaydi, lekin unda tajriba yo‘q, qanday qilib yaxshi bo‘lsin? Unga ota-onasi o‘rgatmagan, vaqtini, mehrini ajratmagan yoki qo‘rqitib tarbiyalagan bo‘lsa… Bugungi bolalarni qo‘rqitib tarbiyalab bo‘larmikin? Yoki bolaga «unday bo‘l, bunday bo‘l» deyishning biron pedagogik samarasi bormi?..
E’tiborsiz qolgan bolalarni odobga chorlashdan foyda yo‘q, samara yo‘q, ularga yozuvchilar yordam bera olishi mumkin. Bu esa faqat suhbat orqali bo‘ladi. Bola, ayniqsa o‘smir muallif unga yuqoridan qarayotganini sezsa, uning kitobini o‘qimaydi, u bilan suhbatlashmaydi. Asarlarni faqat e’tibor va mehrda o‘sgan bolalar o‘qisa boshqa gap, lekin jamiyatda turli xil oilalar bor va ularda o‘sayotgan har bir bola kitob o‘qishi va yordam olishi kerak, deb o‘ylayman. Koreyada milliondan ortiq adad bilan sotilgan, ko‘plab tillarga tarjima qilingan «Bodom» nomli kitob haqida internet orqali o‘qib ko‘ring, balki ko‘zingizga yosh keladi…»
Ushbu muhokama va mulohazalarni kuzatish asnosida «Bodom» kitobini o‘qishga kirishdim…
«Bodom» nima haqida?
Koreyalik yozuvchi Son Von Pxyonning ilk romani «Bodom» asari to‘rt qismdan iborat bo‘lib, har biri bosh qahramon hayotining muayyan bosqichini aks ettiradi. Birinchi qism qahramon bilan tanishuv, uning bolalik xotiralari bilan boshlanadi. Asar qahramoni 18 yoshli Yun Chje hikoyani boshlar ekan, uning oxiri baxtlimi yoki qayg‘ulimi o‘zi ham aniq bilmasligini ta’kidlaydi. Olti yoshida unga «aleksitimiya» (insonning miyasida his-tuyg‘ularga javob beradigan bodomcha) tashxisi qo‘yiladi – bu inson his-tuyg‘ularni his qilish va tanib olishda qiynaladigan ruhiy holat.
foto: https://www.aladin.co.kr/events/
Yun Chjening oilasi uni jamiyatga moslashtirish uchun bor kuchini ishga soladi. Uy bo‘ylab stiker-eslatmalar yopishtirilgan: qaysi holatda qanday emotsional reaksiya qilish kerakligini o‘rgatish uchun. Chunki koreys jamiyatida yaxshi yashash uchun eng muhimi – hech kimdan farq qilmaslik, «normal» bo‘lish, «faqat ajralib turmasang bo‘ldi», degan qarash bor.
Ikkinchi qismda Yun Chje kattalar hayotining og‘ir haqiqatlari bilan yuzma-yuz keladi, uni doim qo‘llab-quvvatlagan, ertak o‘qib berib, qo‘lidan ushlab yurgan yaqinlaridan ayriladi. Endi uning asosiy maskani kitoblar do‘koni bo‘lib qoladi.
Katta sinfga o‘tganida u ilk bor do‘st orttiradi. Gon — taqdiri og‘ir, hissiyotli, o‘z ichki «men»iga qarshi kurashayotgan yigit bilan. Ular munosabatining paradoksi shundaki, ikkalasi bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydi, ammo har biri o‘zida yo‘q narsani orzu qiladi. Gon his-tuyg‘usiz bo‘lishni orzu qiladi, chunki u his tuyg‘ularini boshqara olmaydi. Yun Chjega esa qo‘rquv notanish his. Ammo aynan qo‘rquvning yo‘qligi uning ko‘plab tavakkalchiligiga sabab bo‘ladi.
Uchinchi qism eng ta’sirlisi. Chunki hislarni taniy olmaydigan bola uchun ham shunday on keladiki, u oqibatini o‘ylamay kimgadir ishonmoqchi bo‘ladi ya’ni go‘yoki sevib qoladi.
«Bodom» fasllar bilan uyg‘un tarzda rivojlanadigan asar. Qahramonning eng yoqimli holatlari quyoshli yoz kunlari bilan bog‘liq. Qorli dekabrda esa uning hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan fojea ro‘y beradi. Bahor Yun Chje uchun o‘zining boshqalardan farqini eng qattiq his qiladigan davr. Kech kuz esa, aksincha, uning tamoman yangi qiyofada namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi – u ilk bor chindan yig‘lay oladi va chindan kulganday bo‘ladi.
Yaxshi bola bo‘lish qiyinmi?
Bolalar uchun yozilgan kitoblarimiz «ota-onani hurmat qil», «yolg‘on gapirma», «yaxshi bola bo‘l», «kattalarga quloq sol»ishga undaydi, ya’ni avvalida xulosa, keyin shunga moslab hayotdan misol keltiriladi. Ko‘pincha bolaga qanday gapirish, qanday yurish, qanday o‘ylash kerakligi o‘rgatiladi. Lekin zamonaviy bola shu qadar oddiy o‘ylaydimi? Uni pand-nasihat yoki qoralash, maqtash bilan tarbiyalab bo‘ladimi? Qahramonlar juda aniq ikkiga bo‘linadi – bu yaxshi, bu yomon. Yaxshi bola hech qachon adashmaydi, yomon bola hech qachon tuzalmaydi. Holbuki, hayotda inson hamisha ikki oraliqda yashaydi.
«Bodom kitobida» aksincha avvalida hayot, oxirida xulosa. Bu yerda hech kim senga: «Sev, lekin me’yor bilan sev» demaydi. «Qo‘rquv yaxshi yoki yomon», deb ham tushuntirmaydi. Va aynan shu bolalar adabiyotining zamonaviy tamoyili. Asar bolaga «qanday yashashni» emas, «qanday his qilishni» o‘rgatadi, his qilmaslik qanday og‘ir ekanini, sevgi qanday tug‘ilishini, qo‘rquv nega kerakligini ichidan ko‘rsatadi. Bu mutaxassislar tili bilan aytganda empatiya orqali tarbiya.
Yun Chjeni shunchaki yaxshi bola deb tan olmaysiz, u shunchaki his qilmaydigan bola. Gon yomon bola emas, u ichki og‘riqlar bilan yashaydigan, hissiyotlarini yashirmaydigan bola. Ular bir-biriga qarshi qo‘yilmagan, balki bir-birini to‘ldirib turadigan ikki inson sifatida berilgan. Bola bu yerda shunday xulosaga keladi: insonni «yaxshi» va «yomon»ga ajratib bo‘lmas ekan-da…. Bu esa bolani hayotga soxta qarashdan saqlaydi.
Asar davomida tayyor xulosa yo‘q. Lekin kitob tugagach, o‘quvchi qalbida og‘ir-og‘ir savollar qoladi: His qilmaslik baxtmi yoki fojea? Qo‘rquv haqiqatan ham keraksizmi? Sevgi insonni qutqaradimi yoki uni orqaga tortadimi? Aynan shu savollar bolada empatiyani paydo qiladi, ya’ni boshqalarni va o‘zini tushunishni o‘rgatadi. Aynan shu tarbiya usuli orqali bola faqat qoidalarni bajaradigan itoatkor emas, balki boshqani tushunishga qodir inson bo‘lib shakllanadi.
***
Yoshligimda o‘qigan o‘sha quyonlar haqidagi ilk kitobdan keyin qanchadan- qancha ertaklar, asarlar o‘qidim. Ammo hali-hanuz o‘sha titilib ketgan kitob muqovasidagi surat — shalpangquloq quyonning mungli qarab turgan ko‘zlarini unutolmayman…
Barno Sultonova
Mahalliy
10 oyda ta’lim xizmatlari uchun 30 trln so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan
O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar-oktyabr oylarida ta’lim sohasidagi bozor xizmatlari hajmi 30,4 trln so‘mni tashkil etgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davri bilan solishtirganda 6,8 foizga oshgan.
Bu jami ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining 3,7 foizini tashkil etadi.
Mazkur davrda ta’lim sohasidagi xizmatlarning umumiy hajmida oliy ta’lim sohasidagi xizmatlar ustunlik qilib, ulushi 46,6 foizni tashkil etgan.
-
Jamiyat5 days agoСаида Мирзиёева атмосфера ҳавосининг ифлосланиши бўйича йиғилиш ўтказмоқда
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat4 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Dunyodan4 days agoIndoneziyada bir necha kun ichida 700 dan ortiq kishi halok bo’ldi.
-
Siyosat3 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Sport3 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Sport4 days agoShavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi
