Iqtisodiyot
Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi
Humans’ning Singapurdagi ta’sischisi “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirmoqchi. Avvalroq kompaniyaga qarashli UPay to‘lov tashkiloti Markaziy bank sanksiyasiga uchragan, keyinroq Humans’ning o‘zi “O‘zbektelekom”ning qarzlarni to‘lash, aks holda tarmoqdan uzib qo‘yilishi haqidagi ogohlantirishidan keyin, Raqobat qo‘mitasiga shikoyat kiritgan edi.
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi.
Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu da’vo 30 may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan.
Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ishtirok etadi.
Da’vogar tomoni O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 2003 yilda tuzilgan “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni da’vo asosi sifatida ko‘rsatgan.
Xorij OAVda tarqatilgan press-relizga ko‘ra, Humans Mobile “adolat va qonun ustuvorligini tiklash maqsadida”, O‘zbekistonning “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirishni ko‘zlagan.
2024 yil sentabrida Markaziy bank Humans’ga qarashli “Maroqand” AJ to‘lov tashkiloti (UPay brendi) faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ygan edi. O‘shanda Markaziy bank Maroqand tomonidan qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib kelinganini bildirgan. Shu sabab, tashkilotning bank hisobvaraqlari orqali to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatlari 6 oy muddatga cheklab qo‘yilgandi.
“Maroqand to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida 3 marta chaqirib, ogohlantirganmiz. Biz ochiq aytdik, aholining pulini bukmekerlik kontoralariga o‘tkazib berish bilan shug‘ullandi, shuning uchun ham 6 oyga cheklab qo‘ydik”, – degandi Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmurodov 2024 yil 31 oktyabrdagi matbuot anjumanida.
2025 yil 26 mart kuni Markaziy bank Maroqand’ning ayrim to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Spot nashriga ko‘ra, Humans kompaniyasi 2025 yil 8 may kuni Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, “O‘zbektelekom” AJga nisbatan aksilmonopol ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.
Qo‘mitaga yo‘llangan xatda Humans o‘zining ma’lumot uzatish tarmog‘iga ega bo‘lmagan virtual mobil operator (MVNO) ekani, shu sababli kompaniyaning faoliyati 2020 yil 22 may kuni tuzilgan shartnomaga asosan “O‘zbektelekom” infratuzilmasiga bog‘liqligini qayd etgan. Humans’ning da’vosiga ko‘ra, 2021 yildan beri internet narxining sezilarli pasayganiga qaramay, “O‘zbektelekom” bazaviy tarifni pasaytirmasdan kelmoqda, Humans esa buni tashqi internet kanallari bozorida monopol mavqega ega “O‘zbektelekom” tomonidan monopol yuqori narx o‘rnatish deb hisoblaydi.
Virtual mobil operatorning Raqobat qo‘mitasiga shikoyatida bildirishicha, operator chakana bozordagi raqobat tufayli 2021 yildan beri mijozlari uchun narxlarni bir necha marta pasaytirishga majbur bo‘lgan, lekin “O‘zbektelekom” tomonidan tariflarning o‘zgartirilmasligi Humans xizmatlarining umumiy tannarxida infratuzilma xarajatlarining ulushi 58 foizgacha yetishiga olib kelgan. Bu esa Humans biznes modelini zararga ishlaydigan qilib qo‘ygan, shuningdek, erkin raqobatni amalda bloklab qo‘ygan.
“Shu tariqa, narxlarni avvalgi darajada saqlab turish uchun iqtisodiy asoslar mavjud emas, bu esa “O‘zbektelekom” tomonidan infratuzilma foydalanuvchilarining manfaatlarini buzish hisobiga asossiz foyda olinganidan darak beradi”, – deya Humans’ning Raqobat qo‘mitasiga arzidan parcha keltirgan Spot.
Bundan tashqari, Humans o‘z xatida “O‘zbektelekom” tomonidan “monopol yuqori narx” qo‘llanilgani hisobiga qarzdorlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Natijada davlat kompaniyasi Humans’ga ogohlantirish xati yuborib, taqdim etilayotgan internet tezligini 2025 yil 1 martdan boshlab pasaytirishi, qarzdorlik bartaraf etilmagan holda, 2025 yil 1 iyundan boshlab xizmat ko‘rsatishni to‘liq to‘xtatgan holda, sudga murojaat qilishini ma’lum qilgan.
Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” tomonidan Humans’ga yo‘llangan, 2024 yil 27 mart sanasi qo‘yilgan xat tarqalgan edi. Unda Humans’dan 532 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lash talab qilingan. Shundan 361,7 mlrd so‘mi – debitor qarzdorlik, 170,3 mlrd so‘mi penyalar ekani ko‘rsatilgan.
Avvalroq xalqaro arbitraj Turkiya tekstil kompaniyasining O‘zbekistonga nisbatan 700 mln dollarlik da’vosini rad etgandi.
Iqtisodiyot
Yevro va funt-sterling kursi keskin ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 15-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 15,28 so‘mga oshib, 12 141,38 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 141,7 so‘mga oshdi va 14 313,47 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 443,07 so‘m bo‘ldi (+157,72).
Rossiya rubli 160,26 so‘m etib belgilandi (+1,15).
Iqtisodiyot
Qurilish sohasida ayrim xodimlar maoshi 3 karra oshiriladi
Davlat buyurtmasi asosidagi qurilishlarda loyihachilar va buyurtmachilarning nazoratchilari faoliyati to‘liq KPI’ga bog‘lanib, ularning oyligi 3 karra oshiriladi. Obektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudratchi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘riladi, loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi pasaytiriladi.
2025 yilda O‘zbekistondagi qurilish obektlarida loyihachi va buyurtmachilarning nazoratchilari 42 mingta kamchilikni qayd etgan, Qurilish inspeksiyasi esa yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlagan.
Sabab – loyihachi hamda buyurtmachilarda mualliflik va texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik yo‘q, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda.
Shu bois, joriy yil 1 iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPI’ga bog‘lanishi, xodimlarning oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi.
Loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun obekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ beriladi. Mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, endi texnik nazorat yoki mualliflik nazoratchisi mas’ul bo‘lgan obektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudrat korxonasi bilan birga nazoratchilarga ham qat’iy chora ko‘rish zarurligi qayd etildi. Loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi ham pasaytiriladi.
O‘tgan yili 400 nafar qurilish nazoratchisi yonkamera bilan ta’minlandi, 1221 ta ijtimoiy va infratuzilma obektiga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Endilikda budjetdan quriladigan qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli uy, yirik savdo va sanoat korxonasi, mehmonxona, turizm obektlari qurilishi ham onlayn nazorat kameralari bilan qamrab olinadi.
Urbanizatsiya qo‘mitasiga shaharsozlik qoidalarini qo‘pol buzganlik bo‘yicha moliyaviy sanksiya joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Iqtisodiyot
Qurilish sohasi mutaxassislariga xalqaro tenderlarda ishtirok etish o‘rgatiladi
O‘zbekistonda qurilish sohasi bo‘yicha mahalliy mutaxassislar: loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratilishi kutilmoqda. Bu haqda 14 aprel kungi selektorda so‘z bordi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, xalqaro moliya tashkilotlari bilan 20 milliard dollardan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, lekin kichik va o‘rta quruvchilar uyoqda tursin, hatto yuqori reyting, yetarli mablag‘ va texnikaga ega bo‘lgan mahalliy korxonalarimiz ham ushbu bozorga to‘liq kira olmayapti. Kirgani ham subpudratchi bo‘lib ishlayapti.
Mutasaddilar, buyurtmachi vazirlik va idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda quruvchilarimiz imkoniyatlarini ko‘rsatib bera olmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda mahalliy pudratchilar manfaatlarini himoya qilmayotgani, xalqaro tenderlar shartlarini o‘rgatmagani uchun eng arzon narx bergan korxonalarimiz ham tenderda raqobat qila olmayotgani tanqid qilindi.
Shu bois, mahalliy loyihachi, quruvchi va konsultantlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, quruvchilarimiz qo‘shni davlatlardagi xalqaro loyihalarda bosh pudratchi bo‘lib qatnasha boshlagani yuqori baholandi.
Iqtisodiyot
Bo‘lib to‘lashga sotilgan obektlar bo‘yicha ustama hisoblash to‘xtatiladi
Bundan tashqari, xususiylashtirish dasturining qator jabhalarida hokimlarning javobgarligi Davaktiv bilan tenglashtirilmoqda.
Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
O‘zbekistonda xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi. Bu haqda 14 aprel kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, xususiylashtirish dasturiga obektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi ham belgilandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20-25 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilmoqda.
Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat obekti bir yildan beri sotilmay turibdi.
Chunki xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, obektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayapti, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayapti. Aslida har obektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak, deya ta’kidladi prezident.
Iqtisodiyot
Ko‘p qavatli uy qurish bo‘yicha tayyor loyihalar auksionga qo‘yiladi
1 oktyabrdan boshlab Toshkent va Samarqandda ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlar tayyor loyiha shaklida auksionga qo‘yiladi. Bunda qurilishga ruxsat allaqachon olingan, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi ham tayyor holda bo‘ladi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini ta’minlash doimiy diqqat markazida bo‘lishi shart. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivining infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m mablag‘ berilgan. Joriy yil ushbu maqsadlarga yana 1 trillion 400 milliard so‘m ajratilmoqda.
Lekin 2025 yilda Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta, Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qurilishi davom etayotgan massivni kengaytirishga o‘sha hududdagi 85 foiz kvartirani egasiga topshirganidan keyingina ruxsat berilishi belgilandi.
Poytaxt va Samarqand tajribalari asosida investitsiya kompaniyalari tashkil qilindi. Bu kompaniyalar 1 oktyabrdan boshlab ko‘p qavatli uylar qurish uchun yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va dastlabki loyihasi bilan birga tayyor holda auksionga chiqaradi.
-
Dunyodan4 days agoArablar Putindan g’azablanishdi – nima uchun biz bilamiz
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Dunyodan4 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Turk dunyosi5 days ago2026 yilda Turkiyadagi 10 ta eng yaxshi soch koʻchirib oʻtkazish klinikalari uchun narxlar boʻyicha qoʻllanma
-
Jamiyat5 days ago
Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi
-
Dunyodan5 days agoInsoniyat yarim asrdan beri kutgan surat.
