Iqtisodiyot
Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritdi
Humans’ning Singapurdagi ta’sischisi “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirmoqchi. Avvalroq kompaniyaga qarashli UPay to‘lov tashkiloti Markaziy bank sanksiyasiga uchragan, keyinroq Humans’ning o‘zi “O‘zbektelekom”ning qarzlarni to‘lash, aks holda tarmoqdan uzib qo‘yilishi haqidagi ogohlantirishidan keyin, Raqobat qo‘mitasiga shikoyat kiritgan edi.
O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi.
Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu da’vo 30 may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan.
Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ishtirok etadi.
Da’vogar tomoni O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 2003 yilda tuzilgan “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni da’vo asosi sifatida ko‘rsatgan.
Xorij OAVda tarqatilgan press-relizga ko‘ra, Humans Mobile “adolat va qonun ustuvorligini tiklash maqsadida”, O‘zbekistonning “ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun” kompensatsiya undirishni ko‘zlagan.
2024 yil sentabrida Markaziy bank Humans’ga qarashli “Maroqand” AJ to‘lov tashkiloti (UPay brendi) faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ygan edi. O‘shanda Markaziy bank Maroqand tomonidan qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib kelinganini bildirgan. Shu sabab, tashkilotning bank hisobvaraqlari orqali to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish imkoniyatlari 6 oy muddatga cheklab qo‘yilgandi.
“Maroqand to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida 3 marta chaqirib, ogohlantirganmiz. Biz ochiq aytdik, aholining pulini bukmekerlik kontoralariga o‘tkazib berish bilan shug‘ullandi, shuning uchun ham 6 oyga cheklab qo‘ydik”, – degandi Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmurodov 2024 yil 31 oktyabrdagi matbuot anjumanida.
2025 yil 26 mart kuni Markaziy bank Maroqand’ning ayrim to‘lov xizmatlarini ko‘rsatishiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Spot nashriga ko‘ra, Humans kompaniyasi 2025 yil 8 may kuni Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, “O‘zbektelekom” AJga nisbatan aksilmonopol ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.
Qo‘mitaga yo‘llangan xatda Humans o‘zining ma’lumot uzatish tarmog‘iga ega bo‘lmagan virtual mobil operator (MVNO) ekani, shu sababli kompaniyaning faoliyati 2020 yil 22 may kuni tuzilgan shartnomaga asosan “O‘zbektelekom” infratuzilmasiga bog‘liqligini qayd etgan. Humans’ning da’vosiga ko‘ra, 2021 yildan beri internet narxining sezilarli pasayganiga qaramay, “O‘zbektelekom” bazaviy tarifni pasaytirmasdan kelmoqda, Humans esa buni tashqi internet kanallari bozorida monopol mavqega ega “O‘zbektelekom” tomonidan monopol yuqori narx o‘rnatish deb hisoblaydi.
Virtual mobil operatorning Raqobat qo‘mitasiga shikoyatida bildirishicha, operator chakana bozordagi raqobat tufayli 2021 yildan beri mijozlari uchun narxlarni bir necha marta pasaytirishga majbur bo‘lgan, lekin “O‘zbektelekom” tomonidan tariflarning o‘zgartirilmasligi Humans xizmatlarining umumiy tannarxida infratuzilma xarajatlarining ulushi 58 foizgacha yetishiga olib kelgan. Bu esa Humans biznes modelini zararga ishlaydigan qilib qo‘ygan, shuningdek, erkin raqobatni amalda bloklab qo‘ygan.
“Shu tariqa, narxlarni avvalgi darajada saqlab turish uchun iqtisodiy asoslar mavjud emas, bu esa “O‘zbektelekom” tomonidan infratuzilma foydalanuvchilarining manfaatlarini buzish hisobiga asossiz foyda olinganidan darak beradi”, – deya Humans’ning Raqobat qo‘mitasiga arzidan parcha keltirgan Spot.
Bundan tashqari, Humans o‘z xatida “O‘zbektelekom” tomonidan “monopol yuqori narx” qo‘llanilgani hisobiga qarzdorlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Natijada davlat kompaniyasi Humans’ga ogohlantirish xati yuborib, taqdim etilayotgan internet tezligini 2025 yil 1 martdan boshlab pasaytirishi, qarzdorlik bartaraf etilmagan holda, 2025 yil 1 iyundan boshlab xizmat ko‘rsatishni to‘liq to‘xtatgan holda, sudga murojaat qilishini ma’lum qilgan.
Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbektelekom” tomonidan Humans’ga yo‘llangan, 2024 yil 27 mart sanasi qo‘yilgan xat tarqalgan edi. Unda Humans’dan 532 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lash talab qilingan. Shundan 361,7 mlrd so‘mi – debitor qarzdorlik, 170,3 mlrd so‘mi penyalar ekani ko‘rsatilgan.
Avvalroq xalqaro arbitraj Turkiya tekstil kompaniyasining O‘zbekistonga nisbatan 700 mln dollarlik da’vosini rad etgandi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
