Jamiyat
«Biz o‘z uyimizda xavfda yashayapmiz…» — va’dalardan charchagan aholi (video)
Buxoro viloyati, Romitan tumani markazidagi ikki qavatli uylar ahvoli aholi yashash uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Mutasaddilar va’da bermoqda, ammo, amalda ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tilmayapti.
Bir nechta ikki qavatli «sovet» uylari 1965-yilda qurilgan. Tuzilishi bo‘yicha o‘tgan asr me’yorlariga mos. Bugun u namiqqan va yog‘ochlari chiriyotgan cherdak, devorlarida yoriqlar va sanitariyaga zid sharoitda «chidab» yashayotgan inshootga aylangan.
Aholi yillar davomida bir necha bor tuman hokimligi, mahalliy kengash va mas’ul tashkilotlarga murojaat qilib kelishgan. Ammo, murojaatlarga javob sifatida faqat «va’da»lar berilgan, xolos.
– Uyda kalamush, kaltakesak, hatto, ilonlar chiqayotganini ko‘rdik. Har kuni o‘zimiz va bolalarimiz salomatligidan qo‘rquvda yashaymiz. O‘ta ta’mirga muhtoj. Murojaat qilib bormagan joyimiz qolmadi. Rahbarlar ko‘zimizga qaramaydi, – deydi mahalliy aholidan biri.
Tahririyatimizga ushbu murojaat joriy yilning sentyabr oyi oxirlarida kelib tushgan edi. Mazkur murojaat yuzasidan manzil sari yo‘l oldik. «Qaysidir mahallaga kirishdan oldin eshigini taqillat» degan qoidaga amal qilib, yo‘ldayoq Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Murojaatga ko‘ra, aholi o‘z «domi» ahvolidan judayam norozi ekani, necha yillardan buyon turli tashkilot va idoralarga murojaat qilishmasin, ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotgani xususida bildirdik. Tuman hokimidan jo‘yali javob oldik: «Mas’ullarimni jo‘nataman. Agar holat haqiqatan ham shunday bo‘lsa, muammo hal etiladi», – dedi u.
O‘tgan asrning uyi, bugunning muammosi
Biz tuman markazida joylashgan Zarafshon MFY hududidagi Sadriddin Ayniy ko‘chasi 2- hamda 4-uylarga yetib keldik. Uy devorlari to‘kilib, suvoqlari eskirib ketgan. Ikki yon tarafdan temir armaturalari chiqib turgan devorlar, chirib ketgan cherdak, yorilib ketgan zinapoyayu tom usti shefirlari, qarovsizlikdan achinarli ko‘rinish kasb etgan uy orqa qismi … tahlikali holatni esga soladi. Bir qarashda, «hozirgi zamonda ham shunday «dom»lar qolganmi?» deb o‘ylash qiyin emas. Bu yerda bolalar o‘sayapti, qariyalar yashayapti. Hech qanday bolalar o‘yingohi yo‘q. «Dom» «tug‘ilganidan» boshlab, o‘z-o‘zini suv bilan ta’minlash (issiq va sovuq suv yetkazib beruvchi quvurlar yo‘q) tizimiga, ya’ni yer usti suvini to‘plab borish uchun qazilgan qo‘lbola o‘ralardan foydalanishga moslashgan. Suv ta’minoti yo‘qligi bois, odamlar haligacha qo‘lbola suv o‘ralaridan foydalanishga majbur. Afsuski, usti yopiq bo‘lishiga qaramay, bu o‘ralar ichida yig‘ilib qolgan suvlar anchadan beri to‘xtab qolgani uchunmi noxush hid tarqatadi. O‘ra chang va qum zarralari bilan qoplanib, turli hashorat va kasalliklar o‘chog‘iga aylangani ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Ammo, aholining ham o‘z e’tiborsizligi sabab tug‘ilayotgan muammolar yo‘q emas. Pod’yezlarda odamlarning o‘zboshimchaligi bilan tortilgan va xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagan holda osilib yotgan ochiq elektr simlarini ko‘rib, hayratimiz yanada oshdi. Kamiga ayrim fuqarolar uyning yon taraf devorlarini o‘yma-teshik qilib, undan qaysidir xizmatlari uchun foydalanishgan. Atrof tozalanmagan, begona o‘t va yantoqlar bosib yotibdi. Daraxtlarga ishlov berilmagan. Achinarli ahvolda.
Uydan ilon chiqsa, bu sanitariya emas, xavfsizlik muammosi!
Uydan ilon, kaltakesak, yurmonqoziq va hatto, kalamush chiqib turgan bir paytda, bu faqat sanitariya muammosi emas – bu inson xavfsizligi muammosidir. Aholi bu masalada bir marta emas, bir necha marta mutasaddi idoralarga, mahalliy hokimiyatga murojaat qilgan. Lekin, javob bitta: «O‘rganamiz», «Va’da beramiz», «Hal qilamiz». Va’dadan boshqa natija yo‘q.
– Biz charchadik, – deydi yana bir fuqaro. – Har yili uy uchun xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyaga belgilangan miqdordagi pulni to‘lab kelamiz. Uyning tashqi fasadi, tom qismi, zina va uning devorlarining ta’mirini talab qilsak, «senlar o‘zi qancha to‘laysanlar!» degan po‘pisani eshitamiz. Bu xizmat miqdorining oz yoki ko‘pligini biz belgilab qo‘ymagan bo‘lsak, axir. Shundoq tuman markazida yashaymiz. Tashlandiq va xarob manzarani ko‘rib turibsizlar. Necha marta hokim qabuliga ham kirdik. Natija yo‘q.
Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra, ikki qavatli bu uylarda amalga oshirib kelinayotgan ishlar sifatsiz va ko‘zbo‘yamachilikka asoslangan. Biror marotaba sidqidildan bajarilmagan. Hatto, bir necha bor ustalarning ham mehnat haqlari to‘lanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu uylarga «Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.
– Bizga bu servais kompaniya xizmati umuman kerak emas. Kompaniya rahbari Aslon Atoyev say’-harakatlaridan mutlaqo norozimiz. U hech qachon bizni eshitmagan, eshitgan taqdirda ham e’tibor qaratmay, muammolarni o‘z holiga qoldirib kelgan, – deydi keyingi fuqaro.
– Alam qiladigani nima, bilasizmi, pod’yezdlar oldiga o‘rindiqlar o‘rnatishdi. Biz «dom»imiz tarixidagi bu o‘zgarishdan rosa xursand bo‘ldik. Surat va videolarga olishdi. Afsuski, kun o‘tmay, o‘zlari o‘rindiqlarni olib ketishdi. Uyat, sharmandalik-ku, bu, axir! Bu qiliqlaridan o‘zlari kulgiga qolishdan uyalishmaydimi? – so‘zlaydi yana biri.
«Aslon Islom qurilish» boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Aslon Atoyev
Biz esa surishtiruv davomida aholining savoliga Aslon Atoyevdan javob kutdik. Kompaniya rahbari: «O‘rindiqlar bor, turibdi» – degan mujmal javobdan nariga o‘tmadi.
«Zamhokim» ogohlantirdi: «Kompaniya rahbarini daraxtga bog‘lab qo‘yaman!»
Surishtiruv davomida tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev ham hozir bo‘ldi. U dastlab, bu masala bo‘yicha intervyu berishdan bosh tortdi. «Meni olish shart emas, meni olib o‘tirmang!» deya kameraga olmasligimizni so‘radi. Biz esa uning tuman hokimi tomonidan savollarimizga javob berish uchun yuborilgani, agar javob bermasa, jarayonga ishtirok etishi ham shart emasligini eslatdik. Shundan so‘nggina hokim o‘rinbosari savollarimizga javob berar ekan, u aholi bilan yuzma-yuz muloqotda qayta-qayta «zamhokim» sifatida va’da beraman»dan to‘xtamadi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Jo‘raqul Mustafoyev
– Sevis kompaniya shu paytgacha nima xatti-harakat qilgan – bu bilan shug‘ullanishadi. Xalqning oldida aytayapman, biz halqimiz uchun kerak bo‘lsa, bunday rahbarlarning besh-o‘nta, kerak bo‘lsa, yuztasidan ham voz kechamiz. Men «zamhokim» sifatida aytayapman. Bugun 18 sentyabr bo‘lsa, 1 oktyabr sanasidan ishni boshlaydi. Bu dasturda bormi-yo‘qmi, kissasida puli bormi-yo‘qmi, qarz oladimi, chorvasini sotadimi, mashinasini sotadimi, bu menga qiziq emas. Men «zamhokim» sifatida talab qo‘yaman: 1 oktyabr sanasidan ishni boshlaydi. Bajaramiz. Davlat bu lavozimga bizni ishonib qo‘yibdimi, men sizlarni aldamayman. Va’da berganimdan keyin «zamhokim» sifatida so‘zimning ustidan chiqishim kerak. Oxirgi gapimni aytayapman: sizlar ishonmayapsizlar, ammo, 20 oktyabrdir balki, oxiri, o‘sha payt sizlar bilan gaplashamiz. 1 oktyabrdan shu yerda bo‘laman. Mas’ulimni olib kelaman. Kompaniya rahbarini ana bu daraxtga bog‘lab qo‘yaman (barmog‘ini bigiz qilib) 15 kun ketmaydi shu yerdan. Buni men «zamhokim» sifatida aytayapman: ustalar 2 oktyabrda kelmaydi, 1 oktyabrda keladi. Undan oldin kelsa keladiki, bir kun kechikmaydi. Ortiqcha gap kerak emas! – deydi Jo‘raqul Mustafoyev har ikki so‘zining birida «zamhokim»ligini eslatib qo‘yayotgandek.
Jurnalistik surishtiruvdan keyin… «remont»?
Jurnalistlar tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvning ertasigayoq tuman hokimi o‘rinbosari ushbu uyni ta’mirlash uchun ish boshlanganini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, ta’mirlash guruhlari ham kelgan. «Ta’mirlash ishlari avjida, kuch-g‘ayrat bilan bajarilayotgani» aks etgan surat va videotasvirlar jo‘natildi.
Ammo, aholining ta’kidlashicha, ta’mirlash ishlari faqat rang berish, bir necha devorni chala bo‘yash va qisman og‘riqli joylarni yopish bilan cheklangan.
– Ularning ishlari ham, gaplari ham yolg‘on. Faqat siz jurnalistlar kelganda, biroz harakatga tushishdi. Keyin yana hammasi avvalgidek tinch va jim bo‘lib qoldi.Bu –ta’mir emas, ko‘zbo‘yamachilik. Hammasi sifatsiz, materiallar arzon, ishlar chala. Yuza qatlami ko‘chib tushayotgan devorlariga qisman qo‘l tekkizilgan. Yoriqlar ham o‘sha-o‘shaligicha qolgan, – deya tasvirlar orqali izohlab, bizga yana qayta murojaat qilishdi fuqarolar. Rahbarlar esa javob berish o‘rniga – va’dalar bilan cheklanmoqda, – deyishadi odamlar kuyinib.
Yengil-yelpi, shunchaki, «yuring, ketaylik»ka qilingan ta’mirlash ishlariga jalb etilgan ustalarning ham mehnat haqlari berilmagan. Devorlar tagiga oddiy rang surtilib, «bitta qatlam bo‘yoq» bilan ta’mirlandi, deb hisoblangan.
– Bizga sifatsiz va yaroqsiz qurilish mahsulotlarini keltirib berishsa, nima qilaylik. Cho‘ntagimizdan xarid qilmaymiz-ku! Bir kun o‘tgach, supirib, artilsa, o‘chib ketadigan moybo‘yoqlardan boshqa nimani kutish mumkin?! – deyishadi ustalar.
«Buyog‘iga bir yordam qiling, jurnalist opa… »
Ushbu holatlar yuzasidan aniq amaliy yechim ko‘rsatilmagan. Mahalliy aholi tuman hokimi o‘rinbosari o‘shandan buyon ko‘rinmagani, o‘sha kuni umumiy va’dalar bilan osongina «qutilib» olganini iddao qilishdi. Shirkat raisi esa aholi bilan muloqotdan qochayotgani, murojaatlarga javob bermayotganini bildirishdi.
Biz esa mas’ullardan: «Kirish yo‘llarini tugatib berdik. Fasad qismini ham boshlayman… Buyog‘iga bir yordam qiling, jurnalist opa, qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz», – degan javob oldik.
«Buyog‘iga bir yordam qiling» – jurnalistlar uchun tanish iboraga aylanib qolgan. Shunga qaramay, biz ularga «bir yordam» qildik: ijobiy natijani roppa-rosa bir oy kutdik. Aholiga berilayotgan va’dalar bajarilmas, «ta’mirlandimi-ta’mirlandi» qabilidagi harakatlar davom etaverar ekan, xalqning ishonchi so‘nib boraveradi. Muammolar esa yechim emas, bahona tagiga ko‘milib ketaveradi. Javobgarlik esa «buyog‘iga bir yordam qiling» degan jumla ichida yo‘qolib ketmasligi kerak. Jamiyat o‘zgarishi uchun birinchi navbatda mas’ullar o‘z qarashini o‘zgartirishi, va’dalarni emas – amalni tanlashi lozim.
Masalaning yechimi bor, lekin, mas’uliyat kerak
Bugun zamon bilan hamnafas yashash uchun kurash kechayotgan bir pallada «sovet» uylarini to‘liq rekonstruksiya qilish – ichki va tashqi tuzilishini zamonaviy talablarga moslashtirish haqida o‘ylab ko‘rilmagan. Hokim o‘rinbosari esa yechimni «dom»ning «openbudjet»ga tushmayotgani muammosiga taqamoqda.
Bunday vaziyatlarda balki, ta’mirlash jarayonini mahalla va fuqarolar ishtirokida tashkil etish hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash kerakdir, nazarimizda. Shuningdek, mas’ul shaxslarning javobgarligini belgilash hamda amalga oshmagan va’dalar uchun hisobot berish tizimini joriy etishda tuman hokimi shaxsan aralashuvi eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Bu og‘riqli masala faqat bitta uy yoki bir mahallaga xos emas. Fuqarolarning ovozi yetib bormayotgani, va’da berib, bajarilmay, ayrim mas’ullarda o‘zini oqlash amaliyoti keng tarqalgani, shaxsiy javobgarlikning yo‘qligi muammolarning yechimsiz qolishini ta’minlayveradi.
Vaqt keldi: mas’ullar mahalliy muammolarni yuzaki emas, yechimli yondashuv bilan hal qilish, aholiga sharoit yaratish, xalq manfaati oxirgi o‘rinda qolmasligini ta’minlashni unutilmasligi lozim.
1965 yilda qurilgan uy bugun faqat «eski bino» emas, balki, muammolarning jonli namunasidir. Agar biz bu uyning ta’miriga faqat bo‘yoq bilan yopishtirish, deb qarasak, ertaga yana shunday o‘nlab uylar, yuzlab fuqarolar minglab va’dalar ostida qolib ketaveradi.
Va’da emas, amaliy harakat kerak!
Laylo Hayitova
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
