Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlar va seriallar orqali qadrsizlanayotgan oila qadriyatlari
Ommaviy madaniyat individualizm, virtuallashuv, «men» konsepsiyasi va nostandart axloqiy qarashlar kabi g‘oyalarni targ‘ib qiladi. Ushbu madaniyat shakli bir tomondan, keng ommani jalb qilishga qaratilgan, boshqa tomondan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘ziga xosligini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda. Endi «olomon madaniyati» faqatgina kiyinish madaniyatini targ‘ib etish bilan cheklanmay, oila, farzand, e’tiqod, or-nomus, shaxsni identifikatsiyalash, «men» konsepsiyasi, yangicha axloq, kiberjinoyatchilik, qurollanish poygasi, suitsid, rohatlanish sanoati, virtuallashuv kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Yana bir tomondan keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan «bizga o‘zi mafkura kerakmi» yoxud «ma’naviyat bizga nima berdi» qabilidagi savollarning ko‘payishi tufayli ushbu tushunchaning qadr-qimmati, jamiyatda mavjudlik mohiyatiga ta’sir o‘tkazmoqda.
Xo‘sh, jamiyat hayotini bu tushunchalarsiz tasavvur qilish oqibatlari qanday? Bizni qanday xavf-xatar va tahdidlar kutib turibdi?
Keling, oila qadriyatlari o‘zgarib borayotganiga nazar tashlaymiz. Chunki «ommaviy madaniyat»ning yangi ko‘rinishlari oila qadriyatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas. Endi erkak-erkak bilan, ayol-ayol bilan, hatto hayvonlar bilan nikoh qurishi kabi holatlar nafaqat G‘arbda, balki ayrim Osiyo davlatlarida ham uchramoqda. Ushbu yangi «oilaviy nikoh»larning rivojlanishi hamda ularning huquqiy va moddiy ta’minoti afsuski kuchli himoya ostida. Bu holatlar globallashuv jarayonlarining salbiy jihatlari hamda «olomon madaniyati»ning dunyo xalqlariga yetkazayotgan eng fojiali zararlaridan biridir. Ma’rifatparvar jadidlarimizdan Mahmudxo‘ja Behbudiy esa: «Ey qarindoshlar, sizlardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan na’muna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmog‘imiz lozimdur. Ovro‘paning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir – qul qiladur. Bundan saqlaningiz» kabi o‘zbek millati uchun muhim bo‘lgan milliy qadriyatlarni asrashga oid fikrlari qanchalik haqiqat ekanligini anglaymiz.
Oila haqida qarashlarning o‘zgarishiga albatta ijtimoiy tarmoqlar va OAV vositalari oilaviy muammolarga oid kontentlar bilan to‘lib-toshib ketayotgani ham sabab. Ya’ni saviyasiz kinolar, videofilmlar, seriallar haqiqiy «tarbiya» maktabini o‘tamoqda.
Ushbu, agar ijod deb atash mumkin bo‘lsa ijod namunalarida personajlarga e’tibor bering: bloger kelin, o‘g‘ri kelin, noshukur kelin, bir kunlik kelin, chilim chekkan kelinchak, dovdir kelin, nafsi buzuq kelin, erkakshoda kelin, erkatoy kelin… yoki jodugar qaynona, shallaqi qaynona, kelinni quldek ko‘radigan qaynona, firibgar qaynona… xullas lug‘atimizdagi bor eng xunuk sifatlar, fazilatlar yopishtirilgan ayollar bugun qahramon qilib ko‘rasatilmoqda. Bu kabi personajlar yoshlar ongida hamma shunaqa ekanda va bu tabiiy degan tushunchani keltirib chiqarishi shubhasiz. Ya’ni nafaqat G‘arbdan kirib kelayotgan tahdidlar balki, ichki tahdid va xavf-xatarlar ham e’tiborni talab etadigan muammolarimiz aslida.
Jahon hamjamiyati oila oliy qadriyat ekanligini ifodalovchi kino va dramalar ishlab chiqarish orqali oilaviy qadriyatlarning qadrsizlanishini oldini olishga harakat qilayapti. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda ommalashgan «Hayot senga mandarin berganda» kabi filmlar oilaning muqaddasligi g‘oyalari targ‘ib qilinadi.
Bizga ham bugun mana shunday ruhdagi kino va seriallar kerak. O‘tmishga nazar tashlasak, bunday filmlar o‘zbekfilm arxivida ham yetarlicha. Ammo, bugungi zamonaviy «xomo sapiyens»ning yangicha qiyofadagi kino va media kontentlarga bo‘lgan talabi ortib borayotgani tashvishlanarli hol.
Shu bois, bugun xorijda ham ommaviy madaniyatga qarshi kurashish faol harakatga aylangan. AQShda 1500 dan ortiq aql markazlari (ma’naviyat, ma’rifat markazlari) va ilmiy tadqiqot institutlari milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan g‘oyalar va mafkuralar bilan sug‘orilgan kinofilmlar ishlab chiqarish orqali peshqadamlik qilmoqda. Xitoy esa 4500 ga yaqin aql markazlari va tadqiqot institutlari hamkorligida Buyuk Xitoy madaniyati va tarixini rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalarni targ‘ib qilishga qattiq kirishgan. Qo‘shni mamlakatlarda milliy tiklanish, davlat tilining qadrini oshirish maqsadida blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari millat imijini targ‘ib qiluvchi kino, film, musiqa, raqamli kontentlarni yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. Demak, biz ham ommaviy madaniyatga qarshi tarbiyaviy ahamiyatga ega kontentlar va sifatli kinofilmlar orqali kurashishimiz kerak.
Chunki bugun ulg‘ayayotgan Zeta, Alfa va Beta avlodlarining shaxsiy va ijtimoiy identifikatsiyasi nafaqat biz yashayotgan dunyoga, balki virtual olamga ham bog‘liq. Virtual reallik, sun’iy intellekt yoki meta olamlarning rivojlanishi ularda real dunyodan ajralgan shaxsiylik va muhit to‘g‘risida yangi tushunchalarni shakllantiradi. Bu avlod vakillarining asosiy vaqtini ilm-fan yutuqlari tufayli animatsiyalangan kontentlar olamidan tashkil topgan kiber muhitda o‘tkazish imkoniyati juda katta.
Lekin yana bir tomondan bu avlod dofomin qaramligi (miyada «rag‘batlantirish» va «motivatsiya» signallarini uzatuvchi modda) tufayli virtual makonning ashaddiy mijozlariga aylanib borishi ehtimoli ham juda katta.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshu qarining favoritiga aylangan instayulduzlar tufayli avj olayotgan, urfga aylanayotgan milliy xususiyatlarni chetlab o‘tuvchi «red flag» yoxud «o‘zingni sev, o‘zgani qo‘y» kabi g‘oyalarning trend, mem, chellendjlarga aylanishi ham yoshlarning oilaviy munosabatlarga bo‘lgan qarashlarni tubdan o‘zgartirishi sir emas. Bu ishlayotgan mexanizmlar esa jamiyatning tili, dini, e’tiqodi, qadriyatlari va an’analari asta-sekinlik bilan yo‘q qilishi mumkin. Amerikalik siyosatshunos olim D.Derian ta’kidlaganidek, «Zo‘ravonlikni uzoq masofalarda minimal yo‘qotishlarsiz amalga oshirish imkoniyati zamonaviy dunyoning manzarasini o‘zgartirmoqda.»
Ha, biz uchun juda muhim oila, e’tiqod kabi qadriyatlar bugun himoyaga muhtoj. Bu himoya esa, albatta, g‘oyaviy-mafkuraviy tahlil va saralash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Respublikaning barcha hududlarida jamiyat ijtimoiy-ma’naviy muhitini va uni sog‘lomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid so‘rovnoma tashkil etildi. 35 mingga yaqin respondent qatnashgan ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, olib borilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy hayot yaxshilanib bormoqda (62,9%). Respondentlarning 86,8 foizi o‘z turmushini o‘rta va yuqori darajada, deb biladi. Hamyurtlarimiz or-nomus, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, insof, insonparvarlik va e’tiqod bugungi kunda eng kerakli axloqiy qadriyatlar deb hisoblashadi.
Yana bir e’tiborli jihat: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ziyolilar – olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi. O‘quv va ilmiy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy tavsiya, ma’rifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratishdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellektning turli xil dasturlari orqali o‘zbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan ko‘plab milliy kontentlar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Nigora Husanova,
Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi
Ijtimoiy ma’naviy-tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat1 day ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat7 hours ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
