Connect with us

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlar va seriallar orqali qadrsizlanayotgan oila qadriyatlari

Published

on


Ommaviy madaniyat individualizm, virtuallashuv, «men» konsepsiyasi va nostandart axloqiy qarashlar kabi g‘oyalarni targ‘ib qiladi. Ushbu madaniyat shakli bir tomondan, keng ommani jalb qilishga qaratilgan, boshqa tomondan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘ziga xosligini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda. Endi «olomon madaniyati» faqatgina kiyinish madaniyatini targ‘ib etish bilan cheklanmay, oila, farzand, e’tiqod, or-nomus, shaxsni identifikatsiyalash, «men» konsepsiyasi, yangicha axloq, kiberjinoyatchilik, qurollanish poygasi, suitsid, rohatlanish sanoati, virtuallashuv kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Yana bir tomondan keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan «bizga o‘zi mafkura kerakmi» yoxud «ma’naviyat bizga nima berdi» qabilidagi savollarning ko‘payishi tufayli ushbu tushunchaning qadr-qimmati, jamiyatda mavjudlik mohiyatiga ta’sir o‘tkazmoqda.

Xo‘sh, jamiyat hayotini bu tushunchalarsiz tasavvur qilish oqibatlari qanday? Bizni qanday xavf-xatar va tahdidlar kutib turibdi?

Keling, oila qadriyatlari o‘zgarib borayotganiga nazar tashlaymiz. Chunki «ommaviy madaniyat»ning yangi ko‘rinishlari oila qadriyatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas. Endi erkak-erkak bilan, ayol-ayol bilan, hatto hayvonlar bilan nikoh qurishi kabi holatlar nafaqat G‘arbda, balki ayrim Osiyo davlatlarida ham uchramoqda. Ushbu yangi «oilaviy nikoh»larning rivojlanishi hamda ularning huquqiy va moddiy ta’minoti afsuski kuchli himoya ostida. Bu holatlar globallashuv jarayonlarining salbiy jihatlari hamda «olomon madaniyati»ning dunyo xalqlariga yetkazayotgan eng fojiali zararlaridan biridir. Ma’rifatparvar jadidlarimizdan Mahmudxo‘ja Behbudiy esa: «Ey qarindoshlar, sizlardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan na’muna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmog‘imiz lozimdur. Ovro‘paning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir – qul qiladur. Bundan saqlaningiz» kabi o‘zbek millati uchun muhim bo‘lgan milliy qadriyatlarni asrashga oid fikrlari qanchalik haqiqat ekanligini anglaymiz.

Oila haqida qarashlarning o‘zgarishiga albatta ijtimoiy tarmoqlar va OAV vositalari oilaviy muammolarga oid kontentlar bilan to‘lib-toshib ketayotgani ham sabab. Ya’ni saviyasiz kinolar, videofilmlar, seriallar haqiqiy «tarbiya» maktabini o‘tamoqda.

Ushbu, agar ijod deb atash mumkin bo‘lsa ijod namunalarida personajlarga e’tibor bering:  bloger kelin, o‘g‘ri kelin, noshukur kelin, bir kunlik kelin, chilim chekkan kelinchak, dovdir kelin, nafsi buzuq kelin, erkakshoda kelin, erkatoy kelin… yoki jodugar qaynona, shallaqi qaynona, kelinni quldek ko‘radigan qaynona, firibgar qaynona… xullas lug‘atimizdagi bor eng xunuk sifatlar, fazilatlar yopishtirilgan ayollar bugun qahramon qilib ko‘rasatilmoqda. Bu kabi personajlar yoshlar ongida hamma shunaqa ekanda va bu tabiiy degan tushunchani keltirib chiqarishi shubhasiz. Ya’ni nafaqat G‘arbdan kirib kelayotgan tahdidlar balki, ichki tahdid va xavf-xatarlar ham e’tiborni talab etadigan muammolarimiz aslida.

Jahon hamjamiyati oila oliy qadriyat ekanligini ifodalovchi kino va dramalar ishlab chiqarish orqali oilaviy qadriyatlarning qadrsizlanishini oldini olishga harakat qilayapti. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda ommalashgan «Hayot senga mandarin berganda» kabi filmlar oilaning muqaddasligi g‘oyalari targ‘ib qilinadi.

Bizga ham bugun mana shunday ruhdagi kino va seriallar kerak. O‘tmishga nazar tashlasak, bunday filmlar o‘zbekfilm arxivida ham yetarlicha. Ammo, bugungi zamonaviy «xomo sapiyens»ning yangicha qiyofadagi kino va media kontentlarga bo‘lgan talabi ortib borayotgani tashvishlanarli hol.

Shu bois, bugun xorijda ham ommaviy madaniyatga qarshi kurashish faol harakatga aylangan. AQShda 1500 dan ortiq aql markazlari (ma’naviyat, ma’rifat markazlari) va ilmiy tadqiqot institutlari milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan g‘oyalar va mafkuralar bilan sug‘orilgan kinofilmlar ishlab chiqarish orqali peshqadamlik qilmoqda. Xitoy esa 4500 ga yaqin aql markazlari va tadqiqot institutlari hamkorligida Buyuk Xitoy madaniyati va tarixini rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalarni targ‘ib qilishga qattiq kirishgan. Qo‘shni mamlakatlarda milliy tiklanish, davlat tilining qadrini oshirish maqsadida blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari millat imijini targ‘ib qiluvchi kino, film, musiqa, raqamli kontentlarni yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. Demak, biz ham ommaviy madaniyatga qarshi tarbiyaviy ahamiyatga ega kontentlar va sifatli kinofilmlar orqali kurashishimiz kerak.

Chunki bugun ulg‘ayayotgan Zeta, Alfa va Beta avlodlarining shaxsiy va ijtimoiy identifikatsiyasi nafaqat biz yashayotgan dunyoga, balki virtual olamga ham bog‘liq. Virtual reallik, sun’iy intellekt yoki meta olamlarning rivojlanishi ularda real dunyodan ajralgan shaxsiylik va muhit to‘g‘risida yangi tushunchalarni shakllantiradi. Bu avlod vakillarining asosiy vaqtini ilm-fan yutuqlari tufayli animatsiyalangan kontentlar olamidan tashkil topgan kiber muhitda o‘tkazish imkoniyati juda katta.

Lekin yana bir tomondan bu avlod dofomin qaramligi (miyada «rag‘batlantirish» va «motivatsiya» signallarini uzatuvchi modda) tufayli virtual makonning ashaddiy mijozlariga aylanib borishi ehtimoli ham juda katta.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshu qarining favoritiga aylangan instayulduzlar tufayli avj olayotgan, urfga aylanayotgan milliy xususiyatlarni chetlab o‘tuvchi «red flag» yoxud «o‘zingni sev, o‘zgani qo‘y» kabi g‘oyalarning trend, mem, chellendjlarga aylanishi ham yoshlarning oilaviy munosabatlarga bo‘lgan qarashlarni tubdan o‘zgartirishi sir emas.  Bu ishlayotgan mexanizmlar esa jamiyatning tili, dini, e’tiqodi, qadriyatlari va an’analari asta-sekinlik bilan yo‘q qilishi mumkin.  Amerikalik siyosatshunos olim D.Derian ta’kidlaganidek, «Zo‘ravonlikni uzoq masofalarda minimal yo‘qotishlarsiz amalga oshirish imkoniyati zamonaviy dunyoning manzarasini o‘zgartirmoqda.»

Ha, biz uchun juda muhim oila, e’tiqod kabi qadriyatlar bugun himoyaga muhtoj. Bu himoya esa, albatta, g‘oyaviy-mafkuraviy tahlil va saralash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Respublikaning barcha hududlarida jamiyat ijtimoiy-ma’naviy muhitini va uni sog‘lomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid so‘rovnoma tashkil etildi. 35 mingga yaqin respondent qatnashgan ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, olib borilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy hayot yaxshilanib bormoqda (62,9%).  Respondentlarning 86,8 foizi o‘z turmushini o‘rta va yuqori darajada, deb biladi. Hamyurtlarimiz or-nomus, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, insof, insonparvarlik va e’tiqod bugungi kunda eng kerakli axloqiy qadriyatlar deb hisoblashadi.

Yana bir e’tiborli jihat: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ziyolilar – olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi. O‘quv va ilmiy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy tavsiya, ma’rifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratishdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellektning turli xil dasturlari orqali o‘zbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan ko‘plab milliy kontentlar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Nigora Husanova,

Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi

Ijtimoiy ma’naviy-tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimiz markazida barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu yirik loyiha Prezidentimizning 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil avgust oyida mazkur inshoot qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

Mamlakatimiz yetakchisi muzey hududida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari, obyektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajak intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan bo‘lishi ta’kidlandi.

Muzeyning me’moriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan, ekspozitsiya konsepsiyasi esa Germaniyaning “Atelier Brückner” tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino hamda 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi.

Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.

Ushbu madaniy maskan bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponatlari namoyish etiladi.

Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.

Fransiyaning Luvr, AQShning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etdi.

“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy budjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.

Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.

Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.

Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.

Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.

Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.

Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.

Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.

Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

Ushbu maskan 1976 yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.

Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy san’at, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimizga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.

Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi ta’kidlandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin

Published

on


Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.

Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar mazkur hududni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda poytaxtdagi davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud.

Davlat tashkilotlarini maqbul tarzda joylashtirish, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Mas’ullarga davlat idoralari binolarini xatlovdan o‘tkazib, maqbul maydonlarni tadbirkorlarga kafolatli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilishda davlat mulkini xususiylashtirish orqali yangi investitsiya va biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Birgina Olmazor tumanining o‘zida qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish budjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, aholining ko‘proq piyoda yurishi, sport bilan shug‘ullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soybo‘yi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar bo‘yini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Bo‘zsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha bo‘lgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yo‘lagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.

Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mahallalarda kichik biznes va xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarini savdo va servis faoliyatiga moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahrida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshiriladi.

Olmazor tumanida ushbu imkoniyatlardan foydalanib, joriy yilning o‘zida 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash va 1 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Mazkur tajribani poytaxtning boshqa tumanlariga ham kengaytirib, yil yakunigacha 20 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Miskin va Ibrohim ota mahallalari hududidagi 305 gektar sanoat zonasida 504 ta tadbirkorlik obyekti mavjud. Ularning aksariyati 1-2 qavatli binolarda joylashgani sababli hududning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti.

Bu yerda ish o‘rinlarini hozirgi 35 mingdan 100 mingga, eksport hajmini esa 600 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlarga sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi qulay moliyaviy instrumentlarni taklif etib, sanoat hududida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yangi loyihalar boshlanishi belgilandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Kelasi yil barcha OTMlarda yangi nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Published

on


Yig‘ilishda Olmazor tumanining ta’lim va ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, talabalar uchun xavfsiz va zamonaviy muhit yaratish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bu yerda bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil oladi. Shu bois, ularning o‘qishi va yashash sharoiti, bandligi, tadbirkorligi, madaniy hayoti va xavfsizligini qamrab oladigan yaxlit boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

“Yoshlik” shaharchasi hokimligi tizimida talabalarning ta’lim-tarbiyasi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti va xotin-qizlar masalalari bilan ishlaydigan alohida mas’ullar faoliyati tashkil etiladi.

Tumanda 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi. Ularning yashash sharoitini yaxshilash, yotoqxonalar atrofini obod saqlash, yashil hududlar va “buk-kafe”larni ko‘paytirish, madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etish uchun alohida Direksiya tuziladi.

Talabalar shaharchasida tashkil etilgan Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish amaliyoti yaxshi natija berayotgani qayd etildi.

Mazkur tizimni yil yakunigacha Toshkent shahrining boshqa tumanlariga, kelgusi yili esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Hozir Olmazor tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 67 foizni tashkil etmoqda. Aholisi zich hududlarda mavjud bog‘chalar quvvatini kengaytirish orqali bu ko‘rsatkichni sezilarli oshirish mumkinligi ta’kidlandi.

441-sonli bog‘cha hududida mavjud 385 o‘ringa qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino qurilishi natijasida mahallaning ehtiyoji to‘liq qoplangan. Ushbu tajriba asosida yil yakuniga qadar Olmazorda kamida yana 5 ta shunday loyihani boshlash belgilandi.

Poytaxtning boshqa tumanlarida ham aholisi zich mahallalar aniqlanib, bog‘cha infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.

Shu bilan birga, Toshkentda transport tirbandligi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi. Bugun poytaxt ko‘chalarida kuniga 1,5 millionta transport vositasi harakatlanmoqda.

Tirbandlikni faqat yo‘llarni kengaytirish, ko‘prik va tunnellar qurish bilan hal etib bo‘lmasligi ta’kidlanib, piyodalar va avtomobillar harakatini xavfsiz va samarali boshqarish uchun intellektual transport tizimlarini joriy etish bo‘yicha ishlarni yil yakuniga qadar boshlash vazifasi qo‘yildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

77 ta chiqindi poligonida saralash xizmati bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

Published

on


Chiqindilarni boshqarish agentligi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan chiqindilarni saralash xizmatini tashkil etish uchun 77 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni davlat xaridlarining elektron platformasiga tanlov joylashtirilganini ma’lum qiladi.

​Hududlar kesimida lotlar quyidagicha taqsimlangan:

Buxoro viloyati – 8 ta;

Jizzax viloyati – 11 ta;

Qashqadaryo viloyati – 4 ta;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 2 ta;

Navoiy viloyati – 7 ta;

Namangan viloyati – 6 ta;

Samarqand viloyati – 2 ta;

Surxondaryo viloyati – 6 ta;

Sirdaryo viloyati – 2 ta;

Farg‘ona viloyati – 6 ta;

Xorazm viloyati – 9 ta;

Andijon viloyati – 8 ta;

Toshkent viloyati – 6 ta.

​Mazkur tanlovlar orqali chiqindilarni saralash xizmatini yo‘lga qo‘yish, ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish va qayta ishlashga yo‘naltiriladigan chiqindilar hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.

​Ma’lumot uchun: Davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-yanvardagi 5-son hamda 2025-yil 24-martdagi 56-son farmonlarida chiqindilarni saralash va qayta ishlash jarayonlariga xorijiy hamda mahalliy investorlarni jalb etish, shuningdek, chiqindilarni saralash faoliyatini amalga oshiruvchi investorlarni belgilangan tartibda tanlab olish vazifalari belgilangan.

​Unga muvofiq agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi davlat muassasasining tegishli buyrug‘i bilan hududiy boshqarmalarga chiqindi poligonlarida chiqindilarni saralash ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan bo‘lib, jadal amalga oshirilmoqda.

​Ta’kidlash joizki, ayni chora-tadbirlar mamlakatimizda poligonlarda saralash tizimining joriy etilishi chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.