Jamiyat
Yurak amri bilan yozilgan kitob: «Istisno» haqida mulohaza
«Oltin meros» press nashriyotida iste’dodli yozuvchi Mastura Abduraimning «Qanot» loyihasi doirasida «Istisno» kitobi nashrdan chiqdi va respublika milliy matbuot markazida taqdimoti o‘tkazildi.
Xatirchi tumanida tug‘ilgan, yigirma yillik umri sog‘liqni saqlash sohasida o‘tkazgan Mastura Abduraim adabiy chiqishlarini 40 yoshdan keyin boshlaganiga qaramay, bu bebaho bo‘stonga juda katta samimiyat, kuchli ijodiy ishtiyoq va boy intellektual tafakkur va albatta ichki tabiiy ehtiyoj bilan kirib keldi. Bu olamda mudom o‘zini izlayapti, tiniq tuyg‘ularini va ichki qalb dunyosini chuqur tadqiq etyapti.
Asardan o‘rin olgan 35 ta esse, hikoya va drabllar bir nafasda o‘qiladi. Ular shaxsning ruhiyat chiziqlari falsafiy-ilmiy badiiy in’ikosi bo‘lib, muallif turfa hislarni, o‘z qarashlarini yuksak intellektual mahorat bilan yangicha talqinda tasvirlashga harakat qiladi. U inson deb atalmish xilqatning ruhiy-emotsional holatlarining asl sabablarini, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash falsafasini o‘rganishga harakat qiladi.
Tibbiyot, jahon adabiyoti, kino va rassomchilik san’ati, falsafa fanlari orqali har bir bermoqchi bo‘lgan umumbashariyatga daxldor g‘oyasini tasniflab-tasvirlab boradiki, oddiy o‘quvchi to‘plamdan badiiy qoniqish bilan birga, zaruriy ilmiy bilimlarni ham olishi mumkin.
«Quyosh bolalari» essesida taqdir taqozosi bilan ushbu murakkab holatga duchor bo‘lgan zurriyotlarning o‘ziga xos xususiyatlarini tibbiy asoslab, mehr-muhabbat bilan chiroyli tarzda ta’riflaydi: «Uyga qaytar ekanmiz, asta-sekin bostirib kelayotgan tun zulmatiga tikilganimcha amin bo‘lamanki, yer yuzidagi milliardlab quyoshchalar hayotimiz, ko‘ngillarimizga nur bag‘ishlash uchun atay kelganlar. Ular butun yer sayyorasidagi insoniyatga yaxshilik, go‘zallik, mehr-muhabbat bor ekan, har qanday yomonlik, qirg‘inbarotlar va qabohatni yo‘qqa chiqara olish mumkinligini ta’kidlab, barchani nurli yo‘llar tomon chorlab turibdi».
Mastura Abduraim o‘ziga qismat deb qabul qilgan oq qog‘oz qarshisida sof qalbi bilan so‘zlashayotgan yozuvchi o‘laroq har yerda va har doim inson qalbini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Faqat botiniy go‘zallik va tafakkur kamoloti uyg‘unligi mukammal shaxsning asl qiymati va tafakkurini belgilashini, aynan shu orqali yashamoqning boqiy mazmuni oydinlashishi haqida taassurot uyg‘otadi. Bu teran xulosa uning har bir ijod namunasi mazmunida bilvosita singdirilgan bo‘lib, qahramonlari tilidan hikoya qilib boriladi. Aynan shu haqiqatni mavzularning umumiy tayanch nuqtasi, deyish mumkin.
Mastura Abduraimning ijodi bilan tanishar ekansiz, uning o‘z o‘ylari va o‘z anglashlarini so‘z halqasiga qanchalar mohirlik, sof muhabbat va nafosat bilan dur kabi terganiga guvoh bo‘lasiz.
U qahramonlari idrok-sezishlarining juda chuqur qatlamlarigacha, kichik hujayralarigacha sho‘ng‘ib, tabiati tobora o‘zgarayotgan insonning (bir qarashda barcha obraz va voqealar G‘arb olamida sodir bo‘layotganday taassurot uyg‘otadi, lekin barcha xalqlar va ellardagi har bir kishiga xos) ko‘ngil kechinmalari, evrilayotgan qiyofalarining tiniq ranglarini rassom kabi ohorli shaklda ochib berishga harakat qiladi. E’tirof etish kerak bo‘lgan yana bir jihati shundaki, muallif yozar ekan, o‘quvchining mudroq fikrlarini chertib, uyg‘otadi, bir ramzdan ikkinchi ramzga balet raqqosalari kabi nihoyatda oson va yengil sakrab o‘tadi.
Barchamiz uchun eng yaqin va mo‘’tabar inson bo‘lmish Ona haqida bir essesida yurakni to‘lqinlantirib ta’rif beradi:
«Qayerda bo‘lmay, Onamning g‘amgin, mehrga yo‘g‘rilgan allasi quloqlarim ostida musiqa kabi jaranglab turaverardi. Xuddi shu ohang, shu musiqa mening qalbimni zabt etgan ilk musiqa bo‘lib qoldi va musiqaga bo‘lgan ulkan muhabbatimning debochasi bo‘ldi… Qalbimga musiqa va adabiyotga bo‘lgan ilk muhabbat urug‘ini qadagan ham Onam bo‘ldilar. Onam meni hech qanday izohlarsiz va gap-so‘zlarsiz tushuna olgan yagona dardkashim bo‘lgan. Yo‘q, biz hech mahal bir-birimizga dardlarimizni aytib yig‘lashmaganmiz. Onam va menga nigohlar kifoya bo‘lgan».
Bir qarashda g‘ayrioddiy holatlar, favqulodda holatlar, notabiiy va barchadan ajralib turadigan kishilar obrazlari orqali o‘zgacha fikrlar paralleli to‘qmog‘i bilan oliyjanoblik, ezgu fazilatlar ulug‘lanadi.
Asardan o‘rin olgan ijodiy ishlarining ayrimlari, shuningdek, tarjimalari, turli davrlarda «Bekajon», «Intellekt», «Ma’naviyat sarchashmalari», «Samarqand yoshlari», «Ulug‘ yo‘l», «Tibbiyot va hayot» gazetalari, «Sharq yulduzi», «Mushtum», «Jahon adabiyoti», Turkiyaning «Gunchel Sanat», Ozarbayjonning «Yazarlar» jurnallarida, «Ziyo.uz», «Nodirabegim.uz», «Muzaffar.uz», Bangladeshning «Humayuns Editorial» elektron adabiy nashrlarida chop etilgan.
Albatta, katta salohiyatga ega, mehnatkash, jahon adabiyotini ko‘p o‘qiydigan, muntazam tarjimalar mashq qilib kelayotgan, lekin imkoniyatlarini hali to‘liq ishga solib ulgurmagan Mastura Abduraimning ushbu ilk nashri – «Istisno» keng jamoatchilikda o‘zining munosib aks-sadosini berishiga, kelgusida uning yuksak badiiylikka yo‘g‘rilgan ijodiy ishlari xalqimizga qayta-qayta tuhfa etilishiga ishonchim komil.
Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Siyosat1 day ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
