Jamiyat
Tobutda qaytgan orzular: muhojir yigitning qissasi
Samarqandning Payariq tumani Do‘stlik mahallasi. Bu yerdagi cho‘ponlar hayoti tinch, ammo oxirgi yillarda “tinchlik” so‘zining ma’nosi ham o‘zgarib ketdi. Endigina maktabni bitirgan Ahror ish izlab Rossiyaga yo‘l oldi. Bir necha oydan so‘ng uning qamalgani, keyin urushga jo‘natilgani haqida xabar keldi. Yana bir muddatdan so‘ng yigit qishlog‘iga qaytdi… faqat tobutda.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Bu faqat bitta oilaning fojiasi emas – Rossiya qamoqxonalaridagi minglab o‘zbek muhojirlari taqdirining yorqin bir misoli.
18 yoshli Ahror hayotda yangi qadam tashlayotgan paytda yo‘ldan adashgan emas, u shunchaki tirikchilik izlab ketgandi. Maktabni bitirib, imtihondan o‘tolmagan yigit “bir yil ishlab, keyin o‘qiyman”, degan niyatda Rossiyaga yo‘l olgan.
Ahrorning onasi Nigora Ergasheva voqeani shunday hikoya qiladi: “O‘g‘lim Rossiyada yaxshi ishlab yurgandi. Bir muddat umuman aloqaga chiqmay qoldi, qattiq xavotir oldik. Ukam ham ishlashga borib, tanishlari orqali aniqladi: o‘g‘lim qamalib qolibdi. Bu xabarni eshitib, dunyom qorong‘i bo‘ldi. Bundan ortiq fojia yo‘q, deb o‘yladim. Keyin bilsam, bu hech narsa emas ekan…
Rossiyaga borib, sudda qatnashdim. Sudda bolamni bir marta quchoqlashga ham ruxsat berishmadi. Ruslarga yalindim, O‘zbekistondan keldim, bolamni bir marta quchoqlay, deb yig‘ladim. Ko‘z o‘ngimda bolamni kaltaklab olib chiqib ketishdi”.
Bola 8 yilga qamaladi. Izolyatorda qiynoqqa solinib, o‘pkasini shamollatib qo‘yadi. Qamoqda davolash o‘rniga, faqat og‘riq qoldiruvchi dori beriladi.
Advokatlar uchun sarflangan mablag‘, sudlar, safarlar… bu oila shundoq ham borini sotib bo‘lgandi.
“Oxirgi qoramolimizni ham sotdik, faqat bolamni sog‘-omon ko‘rishni orzu qilardim. Komaga tushib qolganini eshitib, pul jo‘natib yubordik”, – deydi Nigora opa.
Ahror ikki oy deganda tuzalib chiqadi, biroq yana tez-tez izolyatorga olinadi…
Urush mashinasi to‘xtamadi…
Ota-ona o‘g‘lining qamalishini uyushtirilgan deb hisoblaydi.
Ahrorning otasi Sanjar Hamroyev o‘zi kabi jabrlangan ko‘plab ota-onalar bilan gaplashganini aytmoqda. Uning xulosa qilishicha, o‘zbeklar qamoqda qo‘rqitilyapti.
“Urushga borsang bir yilda chiqasan, bo‘lmasa qamoq muddating ortib boraveradi, shu yerlarda o‘lib ketasan, deb qo‘rqitish odatiy holga aylangan. Bir yil urushda bo‘lasan, ham keraklicha pul ishlab olasan, deb targ‘ib qilinyapti. Ko‘pchilik bosim va qo‘rquv ostida rozi bo‘lib, urushga ketyapti. O‘g‘limga ham shunday bosim qilingan”, – deydi Sanjar aka.
Bu gapni eshitgan ona O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga borib, ariza qoldiradi. O‘g‘lining qayerda ekani va O‘zbekistonga qaytarish uchun yordam so‘raydi. Lekin natija bo‘lmaydi.
“Ahror o‘sha kunlarda aeroportdan videoqo‘ng‘iroq qildi. “Ona, meni duo qiling, boshqa choram qolmadi”, dedi. Keyin aloqa uzilib qoldi”, – deydi Nigora opa.
Ko‘p o‘tmay, cho‘ponlar qishlog‘iga temir tobut kirib keladi…
Bir xil “ssenariy” asosida qamalganlar ko‘p
Kun.uz surishtiruvlariga ko‘ra, bu kabi holatlar oxirgi vaqtlarda ko‘paygan. Rossiya qamoqxonalarida psixotrop moddalar bilan qo‘lga olinayotgan o‘zbek muhojirlari soni keskin oshgan. Ular qamalgandan keyin qog‘ozda “ixtiyoriy ravishda”, amalda esa majburan urushga jalb qilinmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qamoqxonalaridagi yurtdoshlarimizning 60 foizi aynan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qamalgan. Ammo ko‘plab oilalar bu holatlar uyushtirilayotgan deb ishonadi.
Jomboy tumanidagi Sulton Duvlanovning o‘g‘li ham Rossiyaga borganiga bir oy bo‘lmay qamalgan.
“O‘g‘lim hali yosh bola, yonimda ishlab yurardi. Narkotikni qayerdan bilsin? U bilan telefonda gaplashib turibman, podvalga olib kirib cho‘ntagiga psixotrop modda solib qo‘yishganini aytyapti. Endi urushga targ‘ib qilishayotgan ekan. Ahrorning ota-onasi, bu oilaning taqdiri bilan yaxshi tanishman. Mening o‘g‘lim bilan ham bu holat takrorlanishidan qo‘rqyapman”, – deydi u.
Qamoq va urush orasidagi “tanlov”
Surishtiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiya qamoqxonalaridagi muhojirlar oldiga ikki “tanlov” qo‘yilmoqda: birinchi yo‘l – qamoqda qolish va uzoq muddat azob chekish. Ikkinchisi – urushga borish, “bir yil xizmat qilib, ozodlikka chiqish” degan sarob va’dasi.
Qamoqdan urushga ketganlarning ko‘pchiligi orqaga qaytmayapti.
Jamiyat va davlat oldidagi savol
Ahrorning taqdiri – faqat ota-ona fojiasi emas, balki butun jamiyat uchun sinov. O‘g‘lining tobutini kutib olgan ona “mening dardim boshqalarga saboq bo‘lsin” deb aytmoqda. Ammo savol hamon ochiq qolmoqda: chet elda qiynalayotgan, qamalayotgan, urushga majburlanayotgan yurtdoshlarimiz huquqiy-ma’naviy yordam olyaptimi? Mas’ul idoralar bu holatlardan qanchalik xabardor? Bu kabi vaziyatlarning oldini olish uchun tizimli chora ko‘rilyaptimi? Fuqarolarni muhofaza qilish mexanizmlari ishlanyaptimi?
Bu savollarga javob topilmagunicha, Ahror va uning taqdiriga o‘xshash fojialar takrorlanaveradi.
Xulosa
Tirikchilik majburiyatidan chet elga yo‘l olgan o‘zbeklar davlatning muhofazasiga, huquqiy yordamiga muhtoj. Ahrorning taqdiri – shunchaki bir xabar emas, u butun avlod uchun ogohlantirishdir. Agar bugun chora ko‘rilmasa, ertaga yana bir oila tobut kutib oladi.
Isomiddin Po‘latov,
Faxriddin Hotamov.
Kun.uz
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Jamiyat14 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport24 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport14 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
