Jamiyat
Depressiya, genetika yoki jamiyat bosimi: odamlarni suitsidga nima undaydi?
O‘zbekistonda o‘z joniga qasd qilish holatlari so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli darajada ortgani aytiladi. Masalan, 2022 yilga kelib maktab o‘quvchilari orasida suitsid 2-3 baravarga ko‘paygan. Bugun har 100 ming aholidan 8 nafari, ya’ni yiliga 3 mingdan ortiq kishi o‘z umriga o‘zi zomin bo‘lmoqda. Xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyo aholisining ruhiy salomatligi ham yildan yilga yomonlashib borayotgani haqida hisobotlar e’lon qilgan.
Xo‘sh, bu depressiyaning og‘ir ko‘rinishimi, jamiyat bosimi oqibatimi yoki genetik moyillik? Kun.uz studiyasida aynan shu mavzu muhokama qilindi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
O‘z joniga qasd qilish tasodifiy yoki birdaniga amalga oshiriladigan qaror emas. U uzoq davom etgan ichki iztirob, ruhiy og‘riq va turli tashqi bosimlar natijasidir. Suitsidning sabablari ko‘p qatlamli bo‘lib, ular shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy omillar bilan chambarchas bog‘liq.
Avvalo, psixologik omillar eng asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Depressiya, psixika buzilishi, o‘zini qadrsiz his qilish, travmatik holatlar yoki bolalikdagi ruhiy jarohatlar insonni chuqur ichki bo‘shliqqa olib kiradi. Ayrimlar uchun bu holat vaqtinchalik tushkunlik bo‘lsa, boshqalar uchun undan chiqish yo‘li yo‘qdek tuyuladi. Mazkur jarayonda “Meni hech kim tushunmaydi”, “men kerak emasman”, “hayotimning ma’nosi yo‘q” kabi fikrlar inson ruhiyatini yemirib boradi.
Psixiatr Zebiniso Ahmedovaning aytishicha, xalqaro tadqiqotlarda bir oilada bir necha avlod davomida suitsid yoki og‘ir depressiya holatlari kuzatilgani qayd etilgan. Bu holat olimlarni suitsidga nisbatan “genetik moyillik” mavjudligi haqidagi gipotezani o‘rganishga undagan. Masalan, Yaponiyada suitsidga moyillikda genetika ta’siri taxminan 35–48 foizga tengligi aniqlangan.
“Ilmda bunga sabab sifatida serotonin transporteri geni (5-HTTLPR) deb ataladigan genning ayrim variantlari tilga olinadi. Aynan shu gen miya faoliyatida muvozanatni saqlovchi serotonin moddasi darajasini boshqaradi. Agar bu gen faoliyati izdan chiqsa, insonda ruhiy beqarorlik, depressiyaga moyillik va o‘z joniga qasd qilish fikrlariga yaqinlashuv ehtimoli oshadi”, – deydi psixiatr.
Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshev fikricha, genlar inson hayot yo‘lini mutlaq belgilab bermaydi, aksincha bu jarayon “gen-muhitning o‘zaro ta’siri” deb ataladi. Ya’ni agar inson ruhiy kasalliklarga genetik moyil bo‘lsa ham, atrofida ijobiy muhit, sog‘lom oilaviy munosabatlar, psixologik yordam va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mavjud bo‘lsa, u suitsid fikridan yiroqlashishi mumkin. Stress, zo‘ravonlik, kamsitish va ijtimoiy bosim kuchli bo‘lgan sharoitda genetik omillar kuchayib, xavf real yuzaga keladi.
“Inson ruhiyati faqat biologik yoki genetik tizim emas, balki ijtimoiy muhitning ham mahsuli hisoblanadi. Odam o‘zini qanday his qilishi, hayotdagi muammolarga qanday munosabatda bo‘lishi ko‘p jihatdan uning atrofida kimlar borligi va jamiyat unga qanday munosabat ko‘rsatishiga bog‘liq. Qo‘llab-quvvatlovchi, tinglovchi va tushunuvchi muhit ruhiy sog‘liqning eng muhim himoya omillaridan biri bo‘la oladi”, – deydi u.
Ruhiyatshunos, hayot murabbiyi (life-coach) Dilrabo Norqulova (DeeHanim)ning ta’kidlashicha, suitsidga genetikaga qaraganda psixologik va ijtimoiy omillarning ta’siri ustun. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, xalqaro tadqiqotlarda o‘z joniga qasd qilish holatlarining 90 foizi ruhiy kasalliklar bilan bog‘liqligi tasdiqlangan.
“Jamiyatimizda ruhiy muammolar haqida gapirishdan qo‘rquv bor. Hammasini ichiga yutishga o‘rganib, moslashib qolganmiz. Ko‘pchilik hanuzgacha “psixologga borish”ni zaiflik, “depressiya”ni esa irodasizlik deb biladi va ichki og‘rig‘ini yashiradi, yordam so‘rashdan tortinadi. Bu esa ruhiy tushkunlik xavfini yanada oshiradi. Suitsidning ildizi ko‘pincha ichki og‘riqni yashirish va uni atrofdagilar eshitmasligida bo‘ladi. Insonni tinglamaslik, unga “boshqalar sendan ham yomon yashayapti, chida” deb tasalli berish aslida odamni yanada chuqurroq iztirobga tushiradi”, – deydi u.
Ekspert Mahmud Yo‘ldoshev jamiyat ma’naviy salomatlikni jismoniy salomatlik bilan teng darajada qadrlamasa, ruhiy nosog‘lomlikka moyillik kuchayib borishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suitsidni kamaytirish uchun davlat darajasida psixologik yordam infratuzilmasini rivojlantirish bilan bir qatorda, oilalar va ta’lim muassasalarida emotsional savodxonlikni ham oshirish zarur.
“Bolalarga kichik yoshdan o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etish, yordam so‘rash, xato qilishdan qo‘rqmaslik, o‘zini anglash madaniyatini o‘rgatish eng samarali yo‘llardan biridir”, – deydi u.
Ruhiyatshunos Dilrabo Norqulovaning aytishicha, oilaviy bosim, ota-onaning haddan tashqari yuqori talab va umidlari, jamiyatning “ideal” hayot standartlari, taqqoslash madaniyati insonni ichki inqirozga olib keladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi “mukammal hayot” tasvirlari ham ba’zida real hayot bilan mos kelmay, insonda “o‘zidan qoniqmaslik” tuyg‘usini kuchaytiradi.
“Oilaviy muhit ham suitsid xavfini oshiruvchi omillardan biridir. Jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, e’tiborsizlik, oilaviy nizolar, mehr yetishmasligi insonni yolg‘izlik va umidsizlikka olib keladi. Bolalik yoki o‘smirlik davrida mehrsiz muhitda o‘sganlar kattalikda ruhiy barqarorlikni yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, qaynona-kelin munosabatlaridagi kelishmovchiliklar, er-xotin o‘rtasida sovuq munosabatlar ham o‘z joniga qasd qilishga moyillikni oshiradi”, – deydi ruhiyatshunos.
Jamiyatshunosga ko‘ra, muammoga iqtisodiy omillar ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ishsizlik, moliyaviy qiyinchilik, qarz bosimi, oila boqish mas’uliyati ruhiy tazyiqni oshiradi.
“Ayniqsa, erkaklar orasida iqtisodiy bosim kuchli bo‘lib, jamiyat ularni doimo “ta’minlovchi” sifatida ko‘radi. Bu rolga javob bera olmaslik hissi o‘zini ayblashni kuchaytiradi”, – deydi u.
Psixolog Zebiniso Ahmedova fikricha, mazkur jarayonda axborot oqimi ham muhim rol o‘ynaydi. Internetda suitsid mavzusining noto‘g‘ri yoritilishi, “romantiklashtirilgan” kontentlar, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z joniga qasdni “qahramonlik” sifatida talqin qiluvchi postlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir qiladi.
“Suitsidning oldini olishda eng muhim omil eshitish va e’tibor berish madaniyatini shakllantirish hisoblanadi. Ruhiy og‘riqda yurgan odam ko‘pincha to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam so‘ramaydi, lekin uning harakati, so‘zi, holati signal beradi. Afsuski, ko‘p hollarda bu signallar e’tiborsiz qoladi. Jamiyatda “psixologga borish — zaiflik belgisi” degan stereotip mavjud, ammo aslida bu aksincha, insonning o‘zini tushunish va sog‘lom qolishga bo‘lgan harakatidir”, – deydi u.
Suhbat davomida ekspertlar suitsidning oldini olish uchun o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tushunchalar, xususan, jamiyatda shakllangan noto‘g‘ri qarashlar, oilaviy munosabatlarda e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar hamda bolaga sog‘lom tarbiya berish bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jurnalistlar: Shohrux Majidzoda, Diyoraxon Nabijonova
Operator: Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
