Jamiyat
O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining yangi markaziga aylandi
Xalqaro ekspert, bir necha xalqaro loyihalar muallifi doktor Mehmud ul Hasan Xonning O‘zbekiston buyuk mutafakkirlar, donishmandlar va yaratuvchan shaxslar zamini sifatida tarixda alohida o‘rin tutgani, bilimga asoslangan jamiyat, mantiqqa tayangan ishonch, barqarorlik va farovon hayot ruhini e’tirof etgani haqidagi maqolasi Pokistonning “Pakistan Observer” nashrida e’lon qilindi.
Muallif maqolada bugun O‘zbekiston yana bir bor Markaziy Osiyoda tarixiy ahamiyat kasb etuvchi mamlakat sifatida e’tirof etilayotganiga e’tibor qaratarkan, “buning yorqin namunasi sifatida yangi barpo etilgan “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (ITsM)”ni ko‘rsatish mumkin”, deb yozadi.
Maqolada keltirilishicha, Toshkentdagi tarixiy Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan bu markaz madaniy va ilmiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega inshoot bo‘lib, ko‘p madaniyatlilik, etnik xilma-xillik, bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik va ilmiy tafakkur uchun mukammal maydon bo‘lib xizmat qiladi.
ITsMning bunyod etilishi O‘zbekiston Respublikasini dunyodagi eng yirik madaniyat markazlari — Parijdagi Luvr, Vashingtondagi Smitson instituti va Arab dunyosi instituti qatoriga qo‘shdi. U zamonaviy muzey, ilmiy tadqiqot majmuasi, islom sivilizatsiyasining yaratuvchanlik va muloqotdagi rolini namoyon etuvchi markaz, ilm, innovatsiyalar, kutubxona va ta’limni birlashtirgan yagona maskan sifatida yangi avlod olimlari, tadqiqotchilari va mutafakkirlarini ilhomlantiradi.
Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 iyundagi farmoni bilan tashkil etilgan. 2018 yil 15 iyun — Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan. 2025 yil noyabr oyida ommaga ochilishi rejalashtirilgan ushbu markaz O‘zbekistonning boy islomiy merosini asrab-avaylash va ulug‘lash borasidagi qat’iy irodasini aks ettiradi.
Markazdagi san’at asarlari tarixchilar, me’morlar va ustalar tomonidan puxta tanlab olingan bo‘lib, ular O‘zbekiston tarixiga sayohat qilib, islom olimlarining fan, madaniyat va ta’lim sohasidagi buyuk hissasini yoritadi. Shu bilan birga, markaz yoshlar orasida insonparvarlik, tarixga hurmat va bag‘rikenglikni targ‘ib etadi, tinchlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi UNESCO va ICESSO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritib, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqot uchun ideal platforma yaratadi. U har tomonlama ta’limni rivojlantirib, ekstremizmga qarshi tura oladigan, islomning tinchlikparvar mohiyatini, bag‘rikenglik, taraqqiyot va uyg‘unlik qadriyatlarini targ‘ib etadi.
Markazda besh asosiy bo‘lim mavjud:
– Qur’oni Karim zali
– Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari,
– Birinchi Renessans,
– Ikkinchi Renessans va Xonliklar davri,
– Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori.
Ular insoniyat taraqqiyotidagi uzviylik, madaniy va ilmiy izchillik hamda sivilizatsiyalararo muloqotni ifodalaydi.
Markazda restavratsiya laboratoriyasi, konferensiya zallari va UNESCO , ICESSO , Oksford Islom Tadqiqotlari Markazi kabi xalqaro tashkilotlarning ofislari joylashgan. Shuningdek, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyoning yuzdan ortiq ilmiy muassasalari, muzeylari va kutubxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
ITsM — Islom madaniy merosi uchun global markaz sifatida Malayziyadagi Islom san’ati muzeyi, Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasi, Qozog‘istondagi Azret-Sulton majmuasi va Italiyadagi Bolonya universiteti kutubxonasi kolleksiyalarini namoyish etuvchi xalqaro ko‘rgazmalarga mezbonlik qiladi. U zamonaviy ekstremizmga qarshi ma’rifat orqali kurashishda, tinchlikni targ‘ib etishda va global muloqotga zamin yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Shunday qilib, O‘zbekiston ITsM qurilishi orqali Islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatidagi rolini yanada mustahkamlamoqda. Bu markaz islom merosining qayta tiklanishi, Markaziy Osiyoning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasining ramziga aylandi. Shu sababli, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi milliy faxr va xalqaro muloqot oynasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat milliy o‘zlikni mustahkamlash, balki islomning bag‘rikenglik, ma’rifat va taraqqiyot qadriyatlarini butun dunyoga yoyish maqsadida strategik loyiha sifatida ilgari surgan.
Dunyodagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri — Usmon musxafining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanishi bu markazni oddiy muzey emas, balki islom sivilizatsiyasining ruhiy guvohiga aylantiradi.
Bu orqali O‘zbekiston dunyoga aniq bir xabar yubordi: Markaziy Osiyo islom merosini asrovchisi bo‘lish bilan birga, intellektual uyg‘onish va jahon madaniyatining yangi drayveriga aylanmoqda.
Yaqinda dunyoning 100 dan ortiq xalqaro ekspertlari O‘zbekistonda to‘planib, islom merosini o‘rganish va asrash borasidagi ushbu muhim tashabbusni muhokama qildilar. Ularning barchasi bu markazni “Islom merosi namoyishi yo‘lidagi muhim burilish” deb e’tirof etishdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida Prezident Mirziyoyev markazni tarixiy ahamiyatga ega, asrlar davomida xalq xizmatida bo‘ladigan inshoot sifatida ta’riflab, uning har bir naqshi tarixga muhrlanishini ta’kidladi. U bu loyihani “Islomni ezgulik, insonparvarlik va ma’rifat dini sifatida namoyon etuvchi madaniy va ma’naviy tashabbus” deb atadi.
BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida esa Prezident Mirziyoyev shunday dedi:
“Jamiyatda bag‘rikenglik siyosatini izchil davom ettirar ekanmiz, islom ma’rifatparvarligi g‘oyalarini o‘rganish va ularni butun dunyoga targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz.”
Jamiyat
«Jaloliddin Manguberdi» poyezdining qatnov jadvali e’lon qilindi
«Toshkent – Xiva – Toshkent» yo‘nalishida «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Transport vazirligi mazkur poyezdning harakat jadvali bo‘yicha ma’lumot berdi.
Harakat jadvali:
Toshkent Markaziy vokzali — Xiva
Jo‘nash: 07:00
Yetib borish: 14:31
Xiva — Toshkent Markaziy vokzali
Jo‘nash: 07:20
Yetib kelish: 14:51
Qatnov kunlari:
Toshkent — Xiva: haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlari
Xiva — Toshkent: haftanig chorshanba, juma, yakshanba kunlari
Qatnov boshlanish sanalari:
– 3-may — Toshkentdan ilk qatnov
– 4-may — Xivadan ilk qatnov
Jamiyat
29 yoshli ayol va uning 5 yoshli qizi pichoqlab o‘ldirildi
Holat 29 aprel kuni Shirin shaharchasida sodir bo‘lgan: ayol va ikki qizini kundoshi rashk tufayli pichoqlagan. Oqibatda ona va 5 yoshli qizi vafot etgan. 3 yoshli qizaloq esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.
Sirdaryo viloyati Shirin shaharchasida qotillik jinoyati sodir etildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat 29 aprel kuni kechga yaqin sodir bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan M.S. o‘z xonadonida uy yumushlari bilan band bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘ining sha’riy nikohdagi ayoli 29 yoshli N.X. uyga bostirib kelib, u va ikki qizini pichoqlagan. So‘ngra voqea joyidan yashiringan. Qizaloqlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda bo‘lgan.
Oqibatda ayol va 5 yoshli qizi Sh.S. voqea joyida vafot etgan. 3 yoshli qizi I.S. esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda u jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Kun.uz marhumaning yaqinlari bilan bog‘landi. Ularning aytishicha, ayol Toshkent viloyatining Bekobod shahridan Sirdaryoga kelin bo‘lgan.
“U ayol bir necha bor kuyovimga borib xotiningni o‘ldiraman deb aytgan ekan. Kuyovim qo‘lingdan kelmaydi, degan. Mana, nima bo‘ldi, qizim va nevaramdan ayrildim. Qizimning 4 farzandi bor edi. 8 yoshli o‘g‘li va 20 kunlik chaqalog‘i qoldi.
Shifoxonadagi nevaram ham og‘ir ahvolda. Tegishli tashkilotlardan iltimos qilaman, ularni bizning qaramog‘imizga olib berishsin”, deydi ayolning otasi.
“O‘sha kuni opam uyida kir yuvib o‘tirgan bo‘lgan. U ayol borib, pichoq bilan tashlangan. Baqir-chaqirni eshitib, uydan ikki qizi yugurib chiqqan. Ularga ham pichoq urgan”, deydi marhumaning jiyani.
Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holatni Kun.uz’ga tasdiqladi. Unga ko‘ra, holat yuzasidan Sirdaryo viloyati o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan oam o‘ldirish) 2-qismi “a,v,j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi N.X. protsessual tartibda ushlangan.
Jamiyat
«Dom»lar atrofidagi yashil hududlarni o‘zboshimchalik bilan qisqartirish taqiqlandi
Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, shu turdagi uylar va unga tutash yer uchastkalarida quyidagilar taqiqlanadi:
tegishli ruxsatnomasiz daraxtlar va butalarni boshqa joyga ko‘chirib ekish yoki kesish;
ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini metall parchalari, qurilish va maishiy va boshqa chiqindilar bilan to‘ldirish;
daraxtlarga arqon va simlarni bog‘lash, belanchaklar osish, reklama taxtalarini yopishtirish;
gulzorlar, maysazorlar va yo‘laklarni chiqindilar bilan ifloslantirish;
ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, bolalar va sport maydonchalari, katta yoshdagi aholining dam olishi, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan joylardan avtoturargoh sifatida foydalanish;
ko‘kalamzorlashtirilgan hududlarni o‘zboshimchalik bilan qisqartirish (beton yoki boshqalar bilan qoplash);
yashil o‘simliklar bilan band bo‘lgan maydonlarga har qanday materiallarni to‘plash;
yashil o‘simliklar yaqinidagi yo‘laklarga yashil o‘simliklar uchun zararli bo‘lgan kimyoviy moddalarni sepish yoki ushbu moddalar bilan sug‘orish.
Jamiyat
Qishloq xo‘jaligi yerlari yangicha tartibda ijaraga beriladi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi yangilandi. Bu Prezidentning PF–68-sonli farmoni bilan belgilandi va 2026-yil 1-maydan kuchga kirdi.
Hujjatga ko‘ra, yerlar endi avval belgilangan yagona tartib asosida, asosan auksion savdolari orqali taqsimlanadi. Bu yerdan foydalanishda shaffoflik va raqobatni oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyat hokimlari taklifi asosida 50 gektardan 500 gektargacha yerlar sanoat usulidagi plantatsiyalar va chorvachilik uchun ajratilishi mumkin. Bu holda yerlar faqat belgilangan maqsadda foydalanish sharti bilan auksionga chiqariladi.
Yer uchastkalarini ijaraga berish jarayonida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, resurslardan samarali foydalanish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, auksionga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi ularning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Agar lot birinchi savdoda sotilmasa, har bir takroriy auksionda uning narxi bosqichma-bosqich 10 foizga pasaytirib boriladi. Birinchi auksion yer haqidagi e’lon berilganidan so‘ng 15 kun ichida o‘tkaziladi. Takroriy savdolar esa qisqa muddatda — 1 kun ichida tashkil etiladi.
Yaylovlar, pichanzorlar va lalmi yerlar uchun alohida tartib joriy etildi. Ularning boshlang‘ich narxi yer normativ qiymatining 1 foizi darajasida belgilanadi.
Shu bilan birga, auksionga tayyorlash, yer tuzish loyihalari va ijara huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ham ushbu narxga qo‘shiladi.
Jamiyat
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026 yil 28 aprel kuni taniqli jurnalist va olim Beruniy Alimovning «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va «Yoshlar ovozi» gazetasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimot davomida mazkur qo‘llanmaning dolzarbligi, unda ilgari surilgan ilmiy yondashuvlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining bugungi media makoniga ta’siri keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, raqamli transformatsiya sharoitida jurnalistika tubdan o‘zgarib, axborot uzatish tezligi, auditoriya talablari va kontent yaratish uslublari yangicha bosqichga ko‘tarilmoqda. Kitobda aynan shu jarayonlar chuqur tahlil qilinib, zamonaviy jurnalistika oldida turgan yangi vazifalar yoritilgan. Muallif sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng ochib berar ekan, uning jurnalist faoliyatidagi o‘rni, kontent yaratishdagi roli va media sohadagi transformatsiyalarni ilmiy asosda izohlaydi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, taniqli olim va jurnalistlar — Xurshid Do‘stmuhammad, Fayzulla Mo‘minov, Salim Doniyorov, Amrullo Karimov, «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Hamza Abdullayev kitobning ilmiy va amaliy ahamiyatiga yuqori baho berib, uni nafaqat nazariy manba, balki kundalik faoliyatda foydalanish mumkin bo‘lgan muhim qo‘llanma sifatida e’tirof etishdi. Ta’kidlanganidek, kitob jurnalistlar, blogerlar, PR mutaxassislari hamda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun dolzarb bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, jurnalist Beruniy Alimov so‘zga chiqib, kitobning yuzaga kelishi va nashrga tayyorlash jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Muhim jihatlardan biri shundaki, asarda sun’iy intellektning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, uning ehtimoliy xavf-xatarlari ham e’tibordan chetda qolmagan. Xususan, muallif mualliflik huquqi, faktcheking, axborot xavfsizligi, etik me’yorlar hamda jurnalist kasbining kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘taradi. Bu esa kitobni nafaqat nazariy, balki tahliliy va amaliy ahamiyatga ega manbaga aylantiradi.
Tadbirda, shuningdek, sun’iy intellektning matbuot, televideniye, radio va internet jurnalistikadagi o‘rni, uning global tendensiyalar fonidagi rivoji hamda milliy jurnalistika uchun yaratayotgan yangi imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari jurnalistika mazmunini o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, ijodkorlik va inson omili har doim ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, kitob yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Bu esa mavzu atrofida ochiq va mazmunli muloqot shakllanganini ko‘rsatdi.
Mazkur nashrni ommaviy axborot vositalari tahririyatlari hamda jurnalist kadrlarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa kitobning keng jamoatchilik orasida ommalashishi va uning amaliy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
-
Siyosat4 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Mahalliy3 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
